XX asr boshlaridagi oʻzbek milliy matbuotida Julqunboy imzosi bilan bosilgan maqolalarni oʻqigan kishi muallifini darrov anglaydi. Abdulla Qodiriy XX asr yangi oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi, 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisidir.
Bugungi kungacha adabiyotshunoslikda Abdulla Qodiriyga oid tadqiqotlar juda koʻp qilindi. Uning faoliyati hamda asarlari koʻplab olimlar tomonidan oʻrganilgan. Hozirgacha Qodiriyga atab qator biografik asarlar va koʻplab maqolalar mavjud boʻlsa-da, u haqidagi izlanishlar toʻxtagani yoʻq. Topilgan yangi manbalar Abdulla Qodiriyga oid maʼlumotlarni toʻldirish bilan birga mavjudlarini asoslab kelmoqda.
Bu jihatdan Abdulla Qodiriy taʼlim olgan muassasalar haqida maʼlumot beruvchi tarixiy manbalar alohida ahamiyatga ega. Adabiyotshunos olimlar Naim Karimov va Bahodir Karimovlar shu mavzuda izlanish olib borib, adibning 1924-1925-yillardagi Moskva taʼlimi haqida bir qancha faktlar asosida xulosalarini beradi.
Qodiriyning yaqinlari va zamondoshlari xotiralariga asoslanib yozilishicha, u dastlabki taʼlimni mulla Olim, mulla Ziya, Yusufxon kabi domlalardan eski usul maktabida olgan[1]. Eski usulda 2-3 yil taʼlim olgach, oiladagi sharoit bois otasi uni bir boyga yiliga 50 soʻm maosh evaziga xizmatga beradi. Bu boy savdogarning rus tilida yozishni biladigan kishiga ehtiyoji bor edi. Shu sababli u Qodiriyni rus maktabiga yuboradi. Bu esa Abdulla Qodiriyga rus tilini chuqur bilish imkoniyatini yaratdi. Habibulla Qodiriy kitobida bu rus-tuzem maktabi “Samarqand darvoza mahallasida Akrom savdogarning tashqi hovlisida joylashgan boʻlib, 7-sonli rus-tuzem maktabi” deb atalganligini yozadi [1]. Maktab toʻrt yillik boʻlgan. U maktabga 1908-yilda kirib, 1912-yilda bitirgan. Oʻqish bilan birga boyning uyida xizmatini ham davom ettirdi. Abdulla Qodiriyning keyingi tahsili 1915-yil qish oylarida Beshyogʻochdagi Abulqosim Shayx madrasasida davom etadi[2]. Darxon mahallasidan boʻlgan Usmonqori domladan arab tili sarf nahvi va fors tillaridan dars oladi[3]. 1917-1918-yillardagi siyosiy jarayonlar uning hayotiga ham taʼsir koʻrsatadi[4].
XX asrning 20-yillarida turkistonlik bir guruh iqtidorli yoshlar mamlakatdagi fan, madaniyat, qishloq xoʻjaligi va texnika kabi sohalarning taraqqiy etishi va ushbu sohalarga malakali kadrlar tayyorlash uchun xorij mamlakatlariga yuborila boshlandi. Bu harakat dastlab iqtidorli mahalliy yoshlar tashabbusi bilan tuzilgan “Koʻmak” nomli jamiyat doirasida amalga oshirildi[5]. Jamiyatning keyingi faoliyati Turkiston Respublikasining Xalq Maorif Komissarligi qoshidagi “Bilim hayʼati” tarkibida davom etib, Turkiston yoshlarining koʻpchiligi Germaniya, Ozarboyjon va Rossiyaning markaziy shaharlariga oʻqishga yuborildi. Hukumat tarafidan yuborilgan talabalarni dastlab oʻlka hukumati taʼminlab turdi. Bu taʼminotlar respublikadagi turli tashkilotlar tomonidan amalga oshirildi.
Xususan, Germaniyaga oʻqishga yuborilgan 11 nafar talabaning 1923/24-oʻquv yili uchun taʼminotini Xalq xoʻjaligi, ipakchilik, paxtachilik, yer ishlari va maorif komissarliklari oʻz homiyligiga olgan[6]. Talabalarni moddiy mablag‘ bilan taʼminlashda Turkistonda tashkil etilgan Vaqf idoralari ham tashabbus koʻrsatgan. Bu haqida XX asrning 20-yillarida milliy matbuot sahifalarida yoritilgan. Jumladan: “Qizil Oʻzbekiston” gazetasining 1926-yil 17-fevral sonidagi maqolada Ozarboyjon oʻquv muassasalarida taʼlim olayotgan Oʻzbekiston talabalarining moddiy taminotiga toʻxtalinib, Samarqanddagi Eski shahar vaqf shoʻbasi qaramogʻidagi 30 nafar talabaning 14 tasiga vaqfdan stipendiya ajratilishi haqida maʼlumot beriladi[7].
Adabiyotshunos olim Bahodir Karimov “Julqunboyning Moskvaga joʻnashi” nomli maqolasida “Turkiston” gazetasining 1924-yildagi 15-sonida bosilgan “Taqdir etarlik bir ish” deb nomlangan xabar-maqolani keltirib oʻtadi. Unda: “Eski shahar vaqf boʻlinmasi Julqunboyni oʻz taʼminotiga olib, Maskovga oʻqushgʻa yubordi. Joʻnatish oldidan besh oylik maoshini qoʻligʻa naqd berub, bir oylik mukofot ham berdi. Iqtisodiy idoralarimizning shunday qadr qilib qilgʻon himmatlarigʻa ofarin deymiz va oʻrtogʻimiz Julqunboygʻa muvaffaqiyat tilab, oʻzi uzoq ketsa ham, qalamining yaqinda turishini umid qilamiz”, deb yoziladi[8]. Bu maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, xorijda taʼlim olgan talabalar Vaqf idoralari tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan.
Abdulla Qodiriyning 1924-1925-yillardagi Moskvadagi taʼlimida vaqfdan yordam olganligini oʻzi yozgan ariza ham tasdiqlaydi. Ushbu ariza Oʻzbekiston Milliy arxividagi “Maorif Xalq komissarligi”ga oid 94-fondda saqlanadi. Ariza arab imlosidagi eski oʻzbek yozuvida qalam bilan yozilgan. U 1926-yil 3-sentyabrda Toshkent shahar Beshyogʻoch dahasi toʻrtinchi Eshonguzar mahallasida yashovchi Abdulla Qodiriy tomonidan Oʻzbekiston Markaziy Ijroqoʻmi (SIKS)ga yozilgan[8]. Unda dastlab muallif 1924-1925-yillarda Toshkend Vaqf shoʻbʼasining stipendiyasidan Moskvadagi Valeriy Bryusov nomi bilan ochilgan adabiyot instituti*da tahsilda boʻlganini keltirib oʻtadi. Bu maʼlumot orqali Qodiriyning ushbu yillarda Moskvadagi taʼlimiga Toshkent Vaqf shoʻbʼasi homiylik qilgani va qaysi taʼlim dargohida oʻqigani aniqlashadi.
Shuningdek, maktubda u 1926-1927-yillarda Moskvaga borib taʼlim olishi uchun stipendiya oluvchilar tarkibiga qabul qilishlarini soʻragan. Shu bilan birga, “Oilali boʻlgʻonim uchun yordamni oliy daraja bilan belgilanishi tinch tahsilimga yoʻl ochar”, deb qoʻshimcha qiladi[8]. Abdulla Qodiriy Maorif Komissarligi tomonidan talabalarga stipendiya berish tartibidan xabardor boʻlgan. Arxiv hujjatlarida stipendiya oluvchi talabalarning ijtimoiy ahvoli hamda markaziy stipendiya komissiyasi belgilagan tartiblardan kelib chiqib ularga toifa (katigoriya 1, 2.) va avval ishlagani hisobidan malaka darajasi (razryad 17, 15,12,10) ga qarab Oʻzbekiston hukumati tomonidan stipendiya ajratilgan [10]. Qodiriy ham ana shu jihatlarni hisobga olgan holda yuqori darajada stipendiya berishlarini soʻrab murojaat qilgan boʻlishi mumkin.
Qodiriy arizasida keyingi oʻqish davri haqida ham toʻxtaladi va “Arizam qabul qilingʻon taqdirda Maskov maktablarining adabiyot, ijtimoiyot va falsafa shoʻbaʼlarinda some (tinglovchi – Y.A.) boʻlub davom etarman”, deb koʻrsatadi[8]. Arizaga izoh koʻrinishida uning javobi uchun manzil koʻrsatgan va unda: “Toshkent davlat nashriyotida. Samadovga, Julqunboyga topshirilsin”, deb yozilgan[8].
Ariza 1926-yil 21-sentyabrda №14531 raqami bilan Markaziy Ijroiya qoʻmitasi tomonidan roʻyxatga olingan va siyoh yozuv bilan “Maorif komissarligina tegishli chora koʻrishi uchun”[8], deb yozilib, imzo qoʻyilgan. Imzoning kimga tegishliligi koʻrsatilmagan.
Ushbu arizaga bevosita bogʻliq boʻlgan yana bir hujjat Markaziy Ijroiya qoʻmitasi tomonidan Maorif Xalq komissarligiga yozilgan xatdir. Hujjat yozuv mashinkasida arab imlosidagi eski oʻzbek yozuvida yozilgan. Unda Abdulla Qodiriyning stipendiyaga qabul qilishlarini soʻrab yozgan arizasida Oʻzbekiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi oʻrinbosari Qosim Xoʻjayevning rezolyutsiyasiga muvofiq tegishli chora koʻrilishi soʻralgan. Uning javobidan arizachini ham (koʻrsatilgan manziliga) xabardor qilish taʼkidlangan[11]. Maorif xalq komissarligiga yuborilgan xatda Oʻzbekiston Markaziy Ijrokom Rayosat kotibiyatining oʻrinbosari Ilyos oʻgʻli hamda kotib Rasulzoda tomonidan imzo qoʻyilgan.
Abdulla Qodriyning arizasi markaziy stipendiya komissiyasining 1926-yil 28-oktyabrdagi 2-sonli yigʻilishida koʻrilgan. Ushbu yigʻilish bayonnomasida adibning shaxsiy stipendiya olish uchun yozgan arizasiga “Adabiy asarlari bilan Oʻzbekiston uchun ahamiyatli boʻlgan A.Qodirovning arizasi inobatga olinib markaziy qoʻmitaning kotibiyatiga yuborilsin”, deya qaror qabul qilinadi[11].
Markaziy stipendiya komissiyasining 1926-yil 13-dekabrdagi 6-sonli yigʻilishida* koʻrilgan 15 ta masala qatorida Abdulla Qodiriyning arizasi ham koʻrib chiqiladi. Unga koʻra “Markaziy Stipendiya komissiyasining 28-oktyabrda oʻtkazilgan 2-sonli yigʻilish bayonnomasining 7-bandida koʻrilgan Qodiriyning murojaati rad etiladi va stipendiya ajratilmaydi[12].
Abdulla Qodiriy keyingi taʼlimni davom ettirish uchun Moskvaga keta olmagan. Bu toʻgʻrida Habibulla Qodiriy ikki xil sabab koʻrsatadi. Birinchi sababi otasining yozganlaridan kelib chiqib, Moskvaga oʻqishga borishidan avval Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti matbuot boʻlimi mudiri boʻlgan Komiljon Alimov tomonidan olib qolingan. U Qodiriy bilan Moskvada 6 oy birga yashagani va uni yaxshi bilganligini yozadi. Ikkinchisiga esa uy-roʻzgʻor tashvishlari sabab qilib koʻrsatadi[13]. Oʻsha vaqtda Qodiriyning qaramogʻida: turmush oʻrtogʻi Rahbar (30 yosh), qizi Nazifa (9 yosh), oʻquvchi oʻgʻli Habibulla (7 yosh), qizi Adiba (3 yosh) va onasi Josiyat bibilar (65 yosh) bor edi[14].
Adibning yuqoridagi arizasiga eʼtibor qaratsak, u Moskva talabalariga beriladigan stipendiyani yuqori miqdorda ajratishlarini soʻragan. Oilasi hamda oʻzining oʻqish davridagi ehtiyojlari uchun yetishini taxmin qilgan boʻlishi mumkin. Chunki arxiv hujjatlarining Moskvada taʼlim oluvchi talabalarga oid – arizalarida oila taʼminoti uchun javobgarligi, oilada oʻzidan boshqa ishga yaroqli erkak kishi yoʻqligi sabab qilib koʻrsatilgan murojaatlar uchraydi[8].
Moskvada oʻqishini davom ettirish uchun Abdulla Qodiriyning bormaganini ushbu hujjatlar tahlili moddiy taʼminotning yoʻqligi hamda oilani tebratish mas’uliyati bilan izohlaydi. Yangi tadqiqotlarda shunday manbalarning oʻrganilishi adib hayot va faoliyatining chalkash, mavhum tomonlarini yoritishda muhim ahamiyatga egadir.
Abduvali YOʻLDASHEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
1. Qodiriy H. Otam haqida: Xotiralar. Toʻldirilgan ikkinchi nashr. Toshkent 1983. 10, 12-betlar.
2. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild T., 2000. 23-bet.
3. Qodriy H. Otam haqida: Xotiralar. Toʻldirilgan ikkinchi nashr. Toshkent 1983. 23-33-betlar.
4. Salimxon. Koʻmakning javobi // Turkiston, 1923-yil 29-iyul.
5. Oʻz MA 34-fond, 1-roʻyxat, 1382-ish, 251-varaq.
6. Yoʻldosh M. Ozorboyjonda Oʻzbekiston oʻquvchilari // Qizil Oʻzbekiston, 1926-yil 17-fevral.
7. Karim B. Julqunboyning Maskovga joʻnashi. http://uza.uz/oz/culture/zhul-unboyning-maskovga-zh-nashi-06-09-2019
8. Oʻz MA 94-fond, 1-roʻyxat, 482-ish, 14-varaq.
9. Oʻz MA 94-fond, 1-roʻyxat, 185-ish, 1-varaq.
10. Oʻz MA 94-fond, 1-roʻyxat, 482-ish,13-varaq.
11. Oʻz MA 94-fond, 1-roʻyxat, 482-ish,12-varaq.
12. Oʻz MA 94-fond, 1-roʻyxat, 482-ish, 11-varaq.
13. Qodriy H. Otam haqida: Xotiralar. Toʻldirilgan ikkinchi nashr. Toshkent 1983. 52-bet.
14. Qodiriy: iymonim tazyiqi ostida soʻzlayman. //“Yosh leninchi” 1988-yil 4-fevral.