Ilgari jahonning qay bir oʻlkalarida yuz berib, internetda xush xabari tarqalib, koʻzimizni quvnatadigan xayriyalar bugun kundalik hayotimizda voqelikka aylanmoqda. Masalan, respublikamizda non tekin ulashiladigan doʻkonlar koʻpayib boryapti. Ayrim mahsulotlar arzonlashtirilgani yoki bepul tarqatilayotgani kabi eʼlonlarga ham koʻzingiz tushadi.
Masalan, supermarketlardan birida “Bolajonlar uchun koʻz haqqi” degan yozuv bilan savatchada meva-chevalar terib qoʻyilgan. Samarqanddagi Osiyo-uz supermarketida pensionerlarga non bepul beriladi. Forish tumanidagi ayrim savdo doʻkonlarida “Xayriya rastasi” tashkil etilib, “Imkoniyatingiz boʻlsa qoʻying”, “Ehtiyojingiz boʻlsa oling” degan yozuv bitilgan.
1.png)
Quva tumani Chaman qishlogʻidagi novvoyxonaga “Pulingiz boʻlmasa, xijolat tortmang, sizga non bepul” degan bitik ilingan. Baxmal tumanidagi “Abdusalom ota” savdo markazida esa har kuni tushlik mahali 20 kishilik xayriya ovqati ulashiladi. Toshkent shahridagi Mirobod bozorida ehson muzlatkichi oʻrnatilgan. Saxovatpesha insonlar oziq-ovqat qoʻyib ketadi, muhtojlar esa oʻziga keraklisini oladi. Sergeli tumani Doʻstlik-2 mavzesidagi doʻkonda har juma kuni bepul non ulashilmoqda. “HalalMarket-Korasuv” va “HalalMarket-Gorodok”da ham soat 12:00 dan boshlab bepul non peshtaxtaga chiqariladi.
“Mehrli qoʻllar” loyihasi doirasidagi bepul kiyimlar doʻkonlaridan ehtiyojmandlar kiyishga yaroqli liboslarni olib ketishlari mumkin. Manzil: Chilonzor tumani Qatortol oziq-ovqat bozori 3-qavat 77-doʻkon hamda Toshkent viloyati Nazarbek poyezd yoʻli yonidagi bino. Oyina.uz muxbiri “Mehrli qoʻllar” bepul kiyim doʻkonida boʻlib, xizmat koʻrsatuvchi va talabgorlar bilan suhbatlashdi.

Shahlo Shermatova,
xizmat koʻrsatuvchi:
– “Mehrli qoʻllar” loyihasi doirasida koʻplab ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ogʻir kasallikka chalingan bolalarni davolash, uy-joyga muhtoj nogiron insonlarni boshpanali qilish maqsadida xayriya yoʻli bilan pul yigʻilib, koʻmak koʻrsatiladi. Muhtojlarga bepul kiyimlar ulashuvchi doʻkonlar ham ishlab turibdi. Qatortoldagi ushbu doʻkonimiz ochilganiga toʻrt yil boʻldi, kuniga yuzga yaqin ehtiyojmand insonlar keladi. Saxovatli hamyurtlarimiz ham tez-tez kiyim-kechaklar tashlab ketishadi.
Ismi sir qolishini soʻragan xaridorlardan biri doʻkon faoliyatidan mamnun ekanini bildirdi:
– Shu atrofdagi qurilishda ishlayman. Doʻkonga ikkinchi marta kelishim. Oʻtgan safar manavi oyoq kiyimni olib ketgandim, sifati yaxshi. Bu yerda ayollar va bolalar liboslari koʻp, erkaklar uchun topish mushkulroq. Bilasiz, qurilish ishlariga yangi kiyim olish yaramaydi, tezda urinib eskiradi. Koʻpchilik oʻziga kichik kelib qolgan yoki urfdan qolgan kiyimlarini nima qilishni bilmaydi, tashlab yuborish uvol, saqlab turish esa befoyda. Biz kabi poytaxtda vaqtincha mehnat qilayotgan odamlarga esa juda asqotadi.
Xayr-ehson ulashayotgan doʻkonlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda hamkasblarimiz ham oʻz fikrlarini qoldirmoqda.
Sharofiddin Toʻlaganov,
jurnalist:
– Bir ish bilan Nazarbek tomonga oʻtgandim. «Mehrli qoʻllar» peshlavhasi qiziqtirib qoʻydi. Doʻkon sharlar bilan bezatilgan edi. Surishtirb bilsak, bugun ochilish marosimi boʻlayotgan ekan. Odamlar bilan suhbatlashdik.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir xorijiy mamlakatda saxovat peshtaxtalari haqidagi xabar ancha shov-shuvga aylangan edi. Ayni shu tajriba Toshkentda ham qoʻllanilayotgani haqida koʻp eshitganmiz. «Mehrli qoʻllar» doʻkoniga kiraverishda ham ixchamgina jihoz oʻrnatishibdi. Saxovatli insonlar bu yerga oziq-ovqat mahsulotlarini qoldirishi, ehtiyojmandlar esa olib ketishi mumkin ekan.
«Mehrli qoʻllar» doʻkonida faoliyat yurituvchilar zarariga ishlaydimi? Ular ham foyda koʻrishi kerak-ku, degan savol tugʻilishi tabiiy. Shu toʻgʻrisida soʻraganimizda boshqa savdo nuqtalaridan topilgan daromad hisobiga xizmatchilar maosh bilan taʼminlanishini aytishdi.

Chori Latipov,
jurnalist:
– Juma kuni mahallamizdagi doʻkondan ikkita tandir nonni qoʻlimga olayotsam, sotuvchi: “Aka, bugun bepul buxanka bor”, dedi. Ikki oʻy oraligʻida qoldim. “Yoʻq, pulimga olaman”, desam, iltifot qilgan yigitga nisbatan nopisandlik boʻlib tuyuldi. Soʻng doʻkonchiga maslahat berdim: “Ukajon, rahmat, biz oʻzi uyda kamchilikmiz, non koʻp ketmaydi. Ammo shu gapingizni peshtaxtaga yozib qoʻysangiz, yanayam savob boʻladi. Odamlar oʻzi bilib olaversa yaxshi-da. Noqulaylik ham tugʻilmaydi”. “Rahmat, aka, xuddi shunday qilamiz”, dedi mamnun...
Togʻaymurod Ortiqov,
jurnalist:
– Yangiyer shahri bozoriga kirishda juma kuni saxovatli tadbirkorlar bepul qolipli non tarqatishni yoʻlga qoʻyibdi. Tahsinga sazovor ish. Ammo bir holat oʻyga toldiradi. Tashqi koʻrinishidan oʻrtahol qatlamdan boʻlgan 30-35 yoshlar atrofidagi juvon yetti-sakkiz yoshlardagi bolasi bilan birvarakayiga sakkizta non olib ketganini koʻrdim. Har yelkasiga bir qopdan un qoʻysangiz pinagini ham buzmaydigan soqolli yigit ikki nonni qoʻltigʻiga qistirib, “Ha, bugun juma namozida duo qilib qoʻyamiz-da”, dedi.
Myeva rastasi tomon yurdim. Olma sotayotgan yigit sherigiga qarab: “Tekin non tarqatyapti, olish kerak”, degani qulogʻimga chalindi. Rosti gap, oʻzimni toʻxtata olmadim:
– Ehson nonlar muhtojlar, nogironlar uchun-ku! Syen ham borib olsang uyat boʻlmaydimi?!
Odatda oriyatli muhtoj odam chindan qiynalsa ham, bepul narsani olishga tortinadi, hamiyatsiz ochkoʻz esa hech narsadan tap tortmaydi. Yurtimizda endi-endi qanot yozayotgan xayriya harakatlarini esa mana shunday nafsi hakalak otgan kaslar barbod qilishidan qoʻrqaman.
Aziz vatandosh, sizning hududingizda ham shu kabi saxovat rastalari bormi, bu haqida izohlarda yozib yuboring.
Nodira IBROHIMOVA,
oyina.uz