Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 95-ishtirokchisi taniqli jurnalist, adabiyotshunos Safarali Qurbonov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

Mutolaa haqida

Mutolaadan avvalo oʻzimizga, imkoni boʻlsa jamiyatga ham naf boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Ayrim oʻzlari kitob oʻqimaydigan doʻstlarimiz aytayotganidan koʻra kitobxonlik borasidagi vaziyatimiz yaxshiroq. Odamlar ommaviy ravishda kitob oʻqimayotgan boʻlishi mumkin, lekin soʻnggi yillarda kitob savdosi ancha jonlanib qoldi. Demak, kitob oʻqilyapti. Kitobga ehtiyoj bor!

Bugunning yoshlari, asosan, ijtimoiy ahamiyati boʻrtib turadigan asarlarni oʻqishga harakat qilyapti. Shu talabdan kelib chiqqan holda Erkin Aʼzam taʼbiri bilan aytganda, “Joys, Prust yoki Dos Passos degan mashhuri jahonlardan mutlaqo xabarsiz bir “lodon” boʻlmasak-da, bugunning nafasi ufurib turgan asarlar haqida gapirishga harakat qilamiz.

1. Idris Shomiydan ogoh boʻling!

Romanda tarixiy voqealar, jarayonlar qatida Hazrati Imom siymosi, “Olimning farogʻati dinning halokatidur” aqidasiga amal qilib yashagan allomaning betakror xulqi goʻzal tasvirlangan. Asar asil ustaning qoʻli bilan bitilgani sezilib turadi. Qoqilmasdan maza qilib oʻqiysiz. Voqealar rivoji shiddat bilan ilgarilaydi va kitobxon oldiga murakkab tugunlarni tashlab ketadiki, yechimi tomon qanday odimlaganingizni sezmay qolasiz.

Aronning qanday qilib Idris Shomiyga evrilishi-yu uning Samarqand shahri qozisiga aylanishigacha boʻlgan tahlikali yoʻli, musulmonlar oʻrtasida nizo chiqarish uchun qilgan fitnalari ishonarli tasvirlangan. Kommunikatsiya masalalari qiyin boʻlgan paytlarki, shunday qingʻir ishlarning qalovini topgan qavm bugun undan ham ogʻir ishlarni qilishga-da tayyor. Bugun ham Aronning maslakdoshlari fitna urugʻini ekish bilan ovora. Fitna urugʻi olimlar tomonidan ekilgan boʻlsa, ularning gʻavgʻosidan omon qolish mushkul. Bunday fitnalarga ishonib qolmaslik uchun ham “Imom Moturidiy” singari asarlardan xabardor boʻlishimiz kerak.

Bugungi tahlikali zamonda dinimiz dushmanlari tegirmoniga suv quymaslik uchun ham bunday kitoblarni oʻqishimiz zarur.

Erining rutbasini koʻtarish uchun bir umr “yalmogʻiz kampir” qiyofasida yashashga oʻzini oʻzi mahkum qilgan Maston bibi obrazini olamizmi yoki minglab jang-u jadallardan omon chiqqan, lekin riyokor olimlarning kichik bir fitnasiga laqqa tushgan Xolid Xalaj obrazinimi, deyarli barcha obrazlar, personajlar puxta ishlangan. Ularning badiiy xususiyatlarini, yozuvchining mahoratini keng va chuqur tahlil qilish, taʼriflash adabiyotshunoslarimiz tomonidan turli tarzdagi tadqiqotlarga tortilgan va tortilajak.

2. Oʻyindan tashqari holatda qolib ketmaylik!

Soʻnggi paytdagi baʼzi holatlarni koʻrib, Piter Hopkirkning “Katta oʻyin”i bilan ham tanishib qoʻyishimiz kerak ekan, degan xulosaga keldim. “Chimxoʻr” kitobxon asarni oʻqishga qiynalishi mumkin. Bu tarjima bilan bogʻliqmi yo muallifning uslubi (balki uslubsizligi) bilan bu haqida aniq xulosaga ega emasman. Chunki kitobni asl tilida oʻqimaganman, lekin nima boʻlganda ham bu asar bilan bugungi oʻzbekistonlik tanishib qoʻyishi shart.

Bundan ikki asr oldin ham “Oʻrus oʻz ichimizdan chiqadirgʻan fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qoʻr toʻkib yot”gan “mashhar kabi bir kunda” hokimlarimiz xalq bilan hukumatni birlashtirish oʻrniga odamlar boshiga “chayon soligʻi” solib bor kunini ham yoʻq qilgan edi. Bugun ham ayrim qudratli davlatlar turli bahonalar bilan dunyoni qayta boʻlib olish harakatiga tushib qolgan bir paytda amaldorlarimiz xalqni ruhlantirish, biz shunchaki kecha yo bugun paydo boʻlib qolgan millat emasligimizni anglatish oʻrniga xalq boshiga “chayon (yoki “chang”) soligʻi solish” bilan ovora.

Kitob bizga vaziyatga real qarashni oʻrgatadi. Yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga hisoblanganda hatto yuzlik roʻyxatga ham kirmayotgan paytimizda dunyobexabar Amir Muzaffar kabi “yaqinda oq otim bilan Peterburgga kirib boraman” deydigan gaplarni yigʻishtirib jiddiyroq ishlashimiz lozimligini koʻrsatadi.

 Kitobni oʻqigan odam imperiyalar oʻz-oʻzidan barpo boʻlib qolmasligini va hech bir davlat boshqa davlatga taʼmasiz yordam qoʻlini choʻzmasligini yanada aniqroq his qiladi.

3. Tilni tiyib turish sanʼati yoxud Raim oqsoqolning sukuti (ga muhtojmiz)

“Katta oʻyin”dan soʻng “Galatepaga qaytish”ni ham oʻqish kerak, degan fikr xayolimga keldi. Ikki asarni bir-biriga bogʻlab turadigan jihatlari koʻpmasdir, lekin butunlay ayro ham emas.

Murod Muhammad Doʻst ijodi haqida gap ketganda avvalo “Dasht-u dalalar” bilan “Lolazor” tilga olinadi. Nari borsa sanoqqa “Mustafo”-yu “Isteʼfo” qoʻshiladi. Lekin Gʻaybarovning dardi boshqacha. Balki, birinchi yirik asari boʻlgani sabab muallif oʻzining butun boshli xotira xirmonidan bemalol foydalana olgani uchun ham yurakka yetib boradigan oʻrinlari koʻpdir.

Asar boshidanoq otasining janozasida hamma qatori yigʻlay olmayotganidan noqulay ahvolga tushgan Gʻaybarovga hassakashlik qilasiz. Uning qalbidagi soʻzga aylanmasdan sukut shaklida yuz koʻrsatayotgan iztiroblariga sherik boʻlasiz. U bilan eski yozuvdagi qoʻlyozmalarni xatm qilaroq oʻtmishga oyoq tirab qaddingizni tiklamoqchi boʻlasiz. Lekin muallif shunchalik beshafqatki, eng nozik joylaringizni topib zarba beraveradi. Zarbaki toʻqson ikki tomiringni qaqshatadi...

“Galatepaga qaytish”ning bugunimizga eng “dahldor”[1] oʻrinlaridan biri bu – Raim oqsoqolning iqrori:

– Men ham koʻp gapiradigan boʻlib qoldim. Ilgari ogʻzimdan gap chiqmasdi. Qancha kam gapirsam, shuncha koʻp choʻchishardi. Endi tilni tiyib turolmayman...

Ikkala oyogʻi bilan ham kechagi kunda turib, bugunga hatlashni istamayotgan Raim oqsoqolning iztiroblari bizga koʻp hikmatlarni anglashga yordam beradi. Rost soʻzni aytolmayapmizmi, hech boʻlmasa jim turishga kuch topishimiz kerakligini, lekin bu katta kuch talab qilishini anglatgandek boʻladi.

4. “Yo ota, deb koʻtar, ey Yodgor!”[2]

Kitobxonlik haqida gap ketganda “Alpomish”ni chetlab oʻtolmayman. Dostondagi ramzlar va timsollarini tahlil qilishga bir odamning umri yetmasa kerak. Baxshini tinglar (dostonni oʻqir) ekansiz, Boychiborni minib or talashasiz, qalmoqlar bilan yor talashasiz, baʼzan gunoh-u savobdan naql qiluvchi eski kitoblarni agʻdarasiz, choh tubida yotib dunyoning tubiga yetmoq istaysiz. Bu hislar Alpomish ishqibozlariga tobin. Asarda esa Ultondan Sultongacha, Sultondan qirq chiltongacha boʻlgan yuzlab obrazlar borki, ularning har biri alohida mavzu. Har birining qismati bir doston boʻlgulik. Etnos hayot ekan epos ahamiyatini yoʻqotmaydi.

Talabalik paytlarimizda Alpomishning tilidan aytiladigan: “Oltoychalik yoʻlda boʻlsa, qalmoqning elida boʻlsa, zoʻr yovning qoʻlida boʻlsa, bir xotin olamiz deb, sandirab oʻlamizma” jumlasini turli xil vaziyatlarda oʻzimizga moslab koʻp ishlatardik. Baʼzan “Alpomishki shunday degan boʻlsa...” – deya oʻzimizni oqlardik ham. Dars davomidagi tahlillarda esa bu gapning aytilishiga qahramonning biologik tuzilishi sabab boʻlishi mumkinligi haqidagi ilmiy farazlargacha keltirilardi. Dostondagi birgina mana shu holatning oʻzini ham turli yoshda turlicha talqin qilish mumkin ekan.

Bugun Baxshi bobo menga Alplar ham baʼzan sust holda boʻladi. Ular ham gohida turtkiga, qoʻllovga ehtiyoj sezadi degandek boʻlyapti.

Dostonda Alpomishning birinchi passivlik holati qalmoq elida talashda qolgan Barchindan (“Oltoychilik yoʻlga keldim. Toʻqson alpda toytalashda qoldim. Olti oyga muhlat oldim. Mendan umidi boʻlsa, Alpomish kelsin, boʻlmasa, javobimni bersin” mazmunidagi) xat kelgan paytga toʻgʻri keladi. Barchindan kelgan xatni topib olgan Qaldirgʻoch akasiga “Checham qalmoq elida yovning qoʻlida qolibdi, desa. Alpomishning alplarga xos boʻlmagan (bizning nazarimizda) javobi yangraydi: “Oltoychilik yoʻl boʻlsa, qalmoqning elida boʻlsa, zoʻr yovning qoʻlida boʻlsa, bir xotin olamiz deb, sandirab oʻlamizma?”

Bu javobni oʻqigan (tinglagan), oddiy kitobxon (tinglovchi) “Alpomish ham oʻzimiz tengi odam ekan-ku”, – deyishi hech gap emas. Biroq shu narsani unutmasligimiz kerakki, baʼzan Alplar ham qoʻllovga, turtkiga ehtiyoj sezadi. Agar mana shunday vaziyatda oqsoqollar oʻzini chetga tortsa, yana Yortiboylar oʻrtaga chiqadi. Yortiboylarning qutqusi esa Alpomishni muqarrar chohga boshlaydi...

5. Qullikni istovchilar boʻlmasa, quldorlar ham boʻlmaydi...

Menga Ejen Ionesko, Semyuel Bekket singari dramaturglarning asarlari yoqadi. Karkidonlashib borayotgan jamiyatda inson boʻlib qolish naqadar ogʻir ekanini anglash (E.Ionesko “Karkidon”) yoki qadam tovushidan-da zabun inson umri haqidagi hikoyani tinglash (S.Bekket, “Qadam tovushlari”) orqali aqlni zoʻriqtirishni xush koʻraman. Muallif timsollar ortiga yashirgan biror maʼnoni tushunganimda oʻzimda yoʻq xursand boʻlaman. Lekin bunday asarlar kitobxon (tomoshabin) hislariga emas, tafakkuriga taʼsir qiladi. Baʼzan jamiyatning shuncha ogʻriqlarini aytayotgan odam davrani bir oz kengroq olsa boʻlmasmidi, deya oʻylab qolasan kishi...

“Godoni kutish” asarining bosh qahramonlari Estragon va Vladimir YOLGʻIZOYOQ YOʻL chetidagi qurigan YAKKA DARAXT ostida GODOni kutishyapti. Asar syujeti sodda, Qobil (Abel) va Hobil (Kain) voqeasining yangicha talqini deyish ham mumkin. Oradan asrlar oʻtdi, odamzod goʻyo dunyoning barcha ilmlarini egalladi, lekin hamon Qobillar Hobillarni mavh etishga, oʻzlarining haq ekanini koʻrsatib qoʻyishga harakat qiladi. Qobil naslidan biror yorugʻlik kutish dushvor. Umid faqat GODOdan...

“Godoni kutish” va “Kursilar” asarlarida Godo hamda gung-u kar Notiqni kutish magʻzidagi gʻoya talqini tuyqusdan “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr”dagi qushlar sayri gʻoyasini yodga soladi. Sharq va Gʻarb badiiy tafakkurini qiyoslab fikr yuritishga gardishsiz imkoniyat maydonini beradi. Qiyosda gap koʻp. Biz bu asarlardagi ramz va timsollar sharhida umumiyliklar topish barobarida ularning SHAXSni taftish etishdagi badiiy kuchi oʻrtasidagi tafovutni ham anglab yetamiz...

Pyesada alohida eʼtiborga molik jihatlar koʻp, xususan, qullikka koʻngan, fikr bildirishni, mustaqil yashashni, isyon qilishni xohlamaydigan, oʻzining hozirgi holatini oʻzgartirishni istamaydigan odam obrazida ayrim ziyolilarni ham koʻrish mumkin. Umuman, bu asar, undagi obrazlar, timsollar tahlillari haqida alohida kitoblar yozsa arziydi.

Oʻylab oʻqiladigan – oʻqib oʻylanadigan asar. Kerak boʻlsa, muallifning kutubxonasi bilan biroz tanishishga majbur qiladigan asar. Bugun uchun ham, erta uchun ham xizmat qilaveradi, istalgan payt nimadir olish mumkin.

6. Izlash azobining totlari...

Choʻlpon aytganidek, hammayoq “bir xil, bir xil, bir xil...” boʻlsa, odamni zeriktirishi tayin. Gapimiz qanchalik muhim boʻlmasin, odamlar tinglamasa, biz oʻylagan mazmun nishonga yetib bormasa, demak, shakl haqida ham oʻylab koʻrishga toʻgʻri keladi. Shu maʼnoda Faxriyorning soʻnggi yillardagi ijodiy izlanishlari “bir xil...”likdan “zerika boshlagan” adabiyot ixlosmandlariga ayni muddao boʻldi, deyish mumkin.

Insonni moddiyatdan, uni oʻrab turgan olamdan ajratib olib tadqiq qilish zamonaviy oʻzbek adabiyotning asosiy belgilaridan biriga aylanib ulgurdi. Endilikda adabiy qahramonning qimmati uning faolligi yoxud ijtimoiy mavqe bilan emas, balki insonlik maqomini toʻgʻri anglab yetishi, mifologizmni, tasavvur kengliklarini oʻz fikratida qay darajada sintez qila olishi bilan oʻlchanmoqda. “Izlam” to‘plamidan oʻrin olgan sheʼr va dostonlar kitobxonni borliqqa yangicha nigoh bilan qarashga undaydi. Dunyoning naqadar mukammal ekani-yu insoniy xulosalarning qanchalik notugalligini koʻrsatadi. Shoir oʻz xulosalarini ramz va timsollar tilida soʻylaydi. Nazar Eshonqul Semyuel Bekket ijodiga bagʻishlangan maqolasida “Tasavvur qilishga zakovati yetmaganlari uchun Bekket asarlari shunchaki choʻpchak boʻlib tuyuladi” tarzida xulosa bergan. Bu zalvorli xulosani “Izlam” toʻplamidan oʻrin olgan koʻplab ohori toʻkilmagan tashbehlarga nisbatan ham qoʻllash mumkin.

Faxriyor ijodiga diqqat qilinsa, u xalq orasida mavjud boʻlgan metafora va oʻxshatishlarni olib oʻzi idrok etganidek, mavjud qoliplarga sigʻmaydigan koʻrinishlarda kitobxonga havola qiladi. Shoirning tafakkur mahsuli boʻlgan topilmalar asosan noodatiy shakllar orqali oʻquvchi diqqatini tortadi. Sheʼrlarida “Oy yuzing dogʻlariga qarab yigʻladim”, “Yigʻi, seni qandoq kuldiray?”, “Ajin tusha boshlar koʻzgu yuziga”, “Gullab yotar shu moʻjaz Vatan, Qoʻllardagi kishani bilan”, “Yurak poʻst tashlaydi”, “Tong oʻrniga qaygʻular otar” kabi oʻnlab ohori toʻkilmagan topilmalari borki, asrlar davomida shakllangan poeziyaning mezonlari (assotsiativ tafakkurga tayanish) buzilayotgan (aniqrogʻi, poeziya darajasiga koʻtarila olmayotgan) bir paytda bunday metaforalarning oʻrni beqiyos.

7. Gʻarbiy frontda hamon oʻzgarish yoʻq!

Bugungi yoshlar uchun ham, ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻryapmizki, yoshi kattalar uchun ham kerak boʻlgan bir asar. Bizning urushlarga boʻlgan munosabatimizni, bugungi bosqinchiliklarga boʻlgan qarashlarimizni aniqlashtirish uchun kerak boʻlgan roman.

Asarda juda pafosli jihatlar yoʻq; u millatning azoblari, urushga borgan odamning iztiroblari – hammasini juda chiroyli tarzda yetkazadi. Urushda siz-u bizdek inson qurbon boʻlayotganini his qilishga imkon beradi. Urushlarni qoʻllab-quvvatlamaslikni, vatanparvarlik bilan shovinizmni farqlay bilish uchun, urushda bir tomon gʻolib, bir tomon magʻlub emas, ikkala tomon ham magʻlub ekanini tushunish uchun shu va shu kabi asarlarni oʻqish kerak.

Roman shunday ohistalik bilan dahshatli tarzda boshlanadi: oldingi marradan toʻqqiz chaqirim berida turibmiz. Kecha bizni almashtirishdi; hozir qornimiz toʻq – goʻshtli loviya boʻtqaga burnimizdan chiqquncha bukkanmiz, OGʻZIMIZ QULOGʻIMIZDA. Urushning dahshati shundaki, har qanday insonni ezgu fazilatlardan mosuvo qilishi, ayni paytda tirik va qorni toʻq ekanidan oʻzini baxtiyor his qiladigan, erta tongda birga janggga otlangan safdoshlari qirilib ketgani uchun ularga atalgan oziq-ovqat oʻzlariga qolganidan ham xursand boʻladigan qavmni paydo qilishi mumkin. Urushdagi qonxoʻrliklar va urushboshilarning adolatsizliklari befarq va loqayd avlodni shakllantiradi.

Tinch-omonlikda aytiladigan umuminsoniylik haqidagi gaplar urush avlodi uchun begonalashib ketishi hech gap emas.

8. Asil “Usta”ning iztiroblari

Bulgakov ijodi haqida gap ketganda, birinchi navbatda, “Usta va Margarita” tilga olinadi. “Usta va Margarita” klassik roman, lekin Sharikovlar zamoni qaynayotgan paytda “Ityurak”dan oʻtadiganini topish ham mahol. Har ikkisi ham qayta-qayta oʻqishga arziydigan asar. Ammo bugun “Usta va Margarita” haqida ikki ogʻiz:

Eʼtiqodsizlar va eʼtiqodsizlik targʻib qilinayotgan jamiyatning fojialarini shu jamiyat ichida turib fosh qilish, amaldagi hukumatning xatolarini roʻy-rost yoza olish katta qahramonlik. Mixail Bulgakov shunday qahramonlik qila olgan ijodkor. Bulgakov eʼtiqodsizlik davlat siyosatiga aylangan, Xudo inkor etilgan, milliylik masxara qilingan jamiyat ichida turib, aynan shu jamiyatning fojiasini fosh qildi. Amaldagi hukumat xatolarini toʻgʻridan-toʻgʻri ayta olish imkoni boʻlmagan sharoitda, u badiiy ramzlar, fantastika va tarixiy qiyoslar orqali haqiqatni aytdi. Shu maʼnoda, “Usta va Margarita” – senzurani aylanib oʻtgan roman emas, senzurani magʻlub etgan asardir.

Asarda eʼtiqodsizlik insonni nimalarga olib borishi, eʼtiqodsiz inson va Xudosiz jamiyat qanday tanazzulga yuz tutishi, natijada bunday jamiyat adolatli qaror qabul qilishga irodasi yetmaydigan, ezgulik sari yoʻl boshlaydigan Ha Nosrilardan koʻra kallakesar Varavvanlarning jonini saqlab qolishni muhim deb biladigan Pontiy Pilatlarni yetishtirib chiqarishini, eʼtiqodsiz jamiyatning oxiri yoʻq ekanini dahshatli tarzda koʻrsatib bergan.

Asardagi 2000-yil nari-berisidagi voqealar qiyosi ham maromiga yetkazilgan. Oʻzimizcha, insoniyat juda taraqqiy etdi, deymiz. Lekin romanda insonning eʼtiqodga, erkinlikka, umuman insonlikka boʻlgan munosabati ikki ming yil davomida qanchalik taraqqiy etdi, degan ogʻriqli savol oʻrtaga qoʻyiladi hamda juda goʻzal va ayni vaqtda juda shafqatsiz javob beriladi – shakl jihatdan nimadir oʻzgargandir, lekin mohiyat hamon oʻsha-oʻsha. Hamon Pontiy Pilat kallakesar Varavvanni jazolash oʻrniga odamlarni toʻgʻri yoʻlga boshlayotgan “Iso”ni “chormix” qilish bilan ovora.

Ha Nosri nima uchun oʻldirildi? Faqat Iuda uchunmi – yoki undan qoʻrqqan, undan foydalangan va unga qarshi jim turgan jamiyat uchunmi?

Asarda Ha Nosrini oʻldirish – bir insonni jazolash emas, balki ezgulikni chetga surish, haqiqatdan qochish demakdir. Shu sababli uning oʻlimi bilan hech narsa hal boʻlmaydi. Aksincha, jamiyat yanada ogʻir maʼnaviy inqirozga botadi…

9. “Buzrukning kuzi”

Markesning ushbu romani bugungi tahlikali global vaziyatda, goʻyoki erkinlik va “demokratiya” niqobi ostida shishirilgan siyosiy pufaklar birin-ketin yorilayotgan ayni zamonlarda qayta-qayta oʻqitilishi kerak, nazarimda. Roman – muayyan mamlakat yoki aniq bir diktator haqida emas. Bu asar – diktatura degan illatning badiiy ensiklopediyasi. Romanda Lotin Amerikasida goʻyo yuz yilga yaqin hukmronlik qilgan yakka shaxs taqdiri tasvirlanadi, lekin uning prototipi aniq emas. Chunki Markesning oʻzi aytganidek, diktatorlarning barchasi bir-biriga juda oʻxshaydi.

Romandagi Buzruk (Patriarx)ga bir tomondan qarasangiz – Gitlerning soyasini koʻrasiz, boshqa tomondan – Stalinni. Yana boshqa qirrasidan esa XX asrda Lotin Amerikasida hukmronlik qilgan sanoqsiz “umrbod prezidentlar” namoyon boʻladi. Muallif shu orqali bitta fikrni uqtiradi: diktaturaning millati, qitʼasi, tili boʻlmaydi – uning faqat qiyofasi oʻzgarib turadi.

Asardagi eng xavfli illat – xushomad va qarsakbozlik. Kechagina adolat uchun kurashgan, xalq kelajagi deb jonini tikkan isyonkor ham, agar uning atrofida bosh-keti yoʻq maqtovlar boshlansa, sekin-asta oʻz yoʻlidan ogʻishi muqarrar. Cheksiz hokimiyat, har bir gaping qonunga aylanishi, hech kim senga qarshi fikr aytolmasligi insonni nafaqat buzadi, balki loqayd va behayo qilib qoʻyadi.

Romanda juda kuchli badiiy timsol bor: diktatorning besh mingga yaqin farzandi mavjud va ularning deyarli barchasi nosogʻlom. Bu shunchaki grotesk emas. Markes shu orqali bir dahshatli haqiqatni aytadi: diktatura bor joyda sogʻlom fikr tugʻilmaydi. Bunday jamiyatda inson jisman tirik boʻlishi mumkin, lekin ruhan mayib boʻladi.

Yozuvchi yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratadi: diktatorning uzoq yashashini koʻpincha uning oʻzi emas, atrofidagi malaylari xohlaydi. Chunki diktatura – ular uchun manba, soya, imkoniyat. Ular diktatorning hatto soyasidan ham diktator yasab, undan foydalanishni biladi. Oqibatda diktatorning oʻzi ham hokimiyatning qoʻgʻirchogʻiga aylanib qoladi. Shu maʼnoda, diktatura faqat millat uchun emas, diktatorning oʻzi uchun ham ulkan fojia.

Bugungi yoshlar uchun “Buzrukning kuzi” ayniqsa muhim. Chunki bu asar diktaturani qahramonlik sifatida emas, chirish, yalqovlik va maʼnaviy tanazzul sifatida koʻrsatadi. Asar ogohlantiradi: agar jamiyat mustaqil fikrdan, savol berishdan, tanqiddan voz kechsa – Buzrukning avlodlari albatta yana sahnaga chiqadi. Va, afsuski, ularni bugun ham uchratish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, “Buzrukning kuzi” – oʻtmish haqidagi roman emas. Bu – hokimiyat va inson munosabati haqidagi dahshatli ogohlantirish. Shu sababli bu asarni oʻqish – faqat adabiy bilim emas, balki fuqarolik immunitetini shakllantirishdir.

10. KASHKULSIZ DARVESH

Otam va katta akam yaxshi kitobxon boʻlgani sabab uyimizda chogʻroqqina kutubxonamiz boʻlardi. Biz darsxona deb atardik. Darsxonamizda gazeta-jurnallar bilan birga asosan tarixiy asarlar jamlangan edi. Kitoblar orasida Sotiboldi Yoʻldoshev tomonidan tarjima qilingan (bolalar uchun moʻljallab qisqartirilgan) “Don Kixotning sarguzashtlari” kitobi ham bor edi. U paytlarda kitobni “bir ovsar ritsarning ahmoqona sarguzashtlari” sifatida nimtabassum bilan oʻqiganimiz, janob Kixanoga qanday yashashni oʻrgatganimiz, rost.

Norvegiyadagi Nobel instituti tomonidan dunyoning ellik toʻrt mamlakatidan tanlab olingan yuz nafar yozuvchi ishtirokida jahon adabiyotining yuzta eng yaxshi asarini aniqlash boʻyicha tanlov oʻtkazilgani, birinchi oʻrinni Servantesning “Don Kixot” romani egallagani hamda bu roman ikkinchi oʻrinni olgan Marsel Prustning “Zavol topgan vaqt izidan” romanidan ellik foiz koʻproq ovoz toʻplagani haqidagi maʼlumot eʼlon qilingandan soʻng asarni qaytadan oʻqishga ehtiyoj paydo boʻldi.

Servantesning mashhur romanining turli nashrlariga ilova qilingan boshsoʻz-u soʻngsoʻzlarning aksariyatida “Don Kixot” oʻrta asrlardagi ritsarlarning qahramonliklari madh etilgan jangnomalariga parodiya oʻlaroq bitilgani urgʻulangan. Aslida esa, mazkur asar, nafaqat ritsarlik romanlariga, balki oʻz mayogʻidan chalgʻib borayotgan real hayotga nisbatan ham ironiya sifatida yozilgan.

Alonso Kixano (Don Kixot) yoshi bir joyga borib, oq-u qoraning farqiga yeta boshlagandan soʻng shunday xulosaga keladi: “qadimda mavjud boʻlgan, bugungi kunlarga kelib yoʻqolib ketgan oliyjanob, fidoyi ritsarlar maktabining anʼanalarini tiklash kerak, dunyoda haliyam mazlumlar va zolimlar, kambagʻallar va ularning qonini ichib mol-davlat orttirayotgan boylar, tutqunlikda azob chekayotgan asiralar, madadga muhtoj qoʻli kalta kimsalar bor ekan, demak ularga yordam qoʻlini choʻzadigan, beva-bechoralarni farovon hayot sari yetaklaydigan, qullarni qutqarib, asira qizlarni ozod qiladigan joʻmard va oliyjanob ritsarlar ham boʻlishi lozim!” Bu oʻrinda Don Kixot adolatli jamiyat va haqiqiy insonlar bajarishi kerak boʻlgan amallar haqida gapiryapti. Lekin zamon shu darajada teskari evrilmoqdaki, haq soʻzni aytadiganlar, adolat istaydiganlar savdoyiga chiqariladigan boʻldi. Biz hammaning oʻzimizday boʻlishini xohlaymiz. Bir oz ortiqroq boʻlsa, koʻrolmaymiz. Kam boʻlsa, nazarga ilmaymiz. Oʻzimizdan biroz boshqacharoq yashamoqchi boʻlgan odamga tobi toqatimiz yoʻq.

Muallif Don Kixotning qanday qilib bu toʻxtamga kelganini ham yaxshi asoslagan. U ritsarlar haqidagi romanlar va tarixiy asarlarni koʻp oʻqigani natijasida zamonasining mavjud tutumlariga qarshi koʻnglida isyon paydo boʻladi. Natija esa kitobxonlarga maʼlum.

Ertaklar, ezgu orzu-umidlar xayolida ulgʻaygan avlod oʻqiganlarining aksi boʻlgan hayotga duch kelsa Kixanoligicha qolmaydi. Don Kixotga evriladi. Shiorlarimiz, aytayotgan gaplarimiz mavjud holatdan ayricha boʻlmasligi kerak. Aks holda, Servantes aytmoqchi, shamol tegirmonlariga qarshi jang boshlanadi.

Romanning birinchi qismida Don Kixot yovuz dushman deb oʻylab, shamol tegirmoniga qarshi jang qiladi. Romandagi shamol tegirmoni adibning oʻziga xos topilmasi boʻlib, bu obrazni ayrim adabiyotshunoslar abadiylik belgisi sifatida talqin qilishgan. Charxi kajraftor aylanishda davom etar ekan Shamol toʻxtamaydi. Shamol bor ekan tegirmon aylanaveradi. Shamol tegirmoniga – nafsga, oxiri yoʻq yovuzliklarga, yolgʻiz Don Kixot bas kela olmaydi. Agar u butun bir jamiyatni ortidan ergashtira olmas ekan gʻalabadan umid yoʻq.

Argentinalik yozuvchi va faylasuf Xorxe Anxel Livraga Don Kixot va shamol tegirmoni masalasini yaxshi talqin qilgan ekan: “gigantlar ularga hujum qilishga jurʼat etganingizda oddiy shamol tegirmoniga aylanib qoladi”. Bu talqini bilan faylasuf inson hamisha olgʻa intilishi lozimligi, xohlaganimizdek hayot kechirishimizga halaqit beradigan oʻz qoʻrquvlarimizni yengish uchun ortga chekinmaslik kerakligini uqtiradi. Servantesning oʻzi ham hayoti davomida koʻp qiyinchiliklarga, turli toʻsiqlar va adolatsizliklarga duch keladi. Bu toʻsiqlar oldida adib baʼzan ojizlik qiladi. Tuzumdagi nopokliklar tufayli aziyat chekadi. Hukumatning beparvoligi sabab besh yilga yaqin qaroqchilar qoʻlida asirlikda yashaydi. Shunda ham irodasi bukilmaydi. Romanda keladigan “Sehrgarlar meni omaddan judo qilishi mumkin, ammo ular meni jasorat va erkdan mahrum qila olishmaydi” jumlasi adibning ham shiori boʻlgan boʻlsa, ajabmas.

Romanda Don Kixot barcha yaxshi narsalarni sehrgarlar sehrlab qoʻygani haqida gapiradi. Bu “sehr” nima, “sehrgarlar” kim? Buning oʻzi alohida tadqiqot talab qiladi. Bizningcha, Don Kixotning “sehrgarlari” dunyoning mavjud qonun-qoidalarini oʻz mafaatlari yoʻlida osonlikcha oʻziga oʻnglab oladigan, nafs yoʻlida hech qanday razillikdan qaytmaydigan odamlarning timsoli.

Eng yomoni bilasizmi, nimada? Qahramonning na oʻzi, na ulovi va na qurol-yarogʻi qahramonlarga monand emas. Bir zamonlar Alpomishlar, Gerakllar qutqargan dunyoni, tiklagan adolatni asrab qolish yangi davrga kelib, zanglagan nayza bilan qurollangan choʻbir otli Don Kixotgina qolgandek. Bizning esa negadir unga ishongimiz kelaveradi.

Ammo Don Kixotni abgor qilgan shamol tegirmoni hamon aylanib turibdi. Bugun ham biz bu yovuz mahluqqa qarshi biror chora topolmayapmiz. Hanuz Don Kixotning gʻalaba qozonishiga umid bogʻlayapmiz, knyaz Mishkinning (adabiyotshunoslar knyaz Mishkin obrazi Don Kixot taʼsirida yaratilganini taʼkidlashadi) adolatli soʻz aytishini kutyapmiz. Oʻzimiz esa yaroqbardorlikka ham yaramayapmiz.

Shu oʻrinda Dostoyevskiyning roman haqidagi fikrlarini eslamasdan oʻtish nojoiz boʻlardi: “Dunyoda bundan chuqurroq va kuchliroq asar yoʻq. Bu inson tafakkurining hozircha eng soʻnggi va buyuk soʻzi, bu odamzotgina ifodalashi mumkin boʻlgan eng achchiq istehzodir... Qiyomatga qadar inson oʻzi bilan olib ketishi kerak boʻlgan qaygʻuli kitobdir”.

Dostoyevskiyning “Qiyomatga qadar inson oʻzi bilan olib ketishi kerak boʻlgan qaygʻuli kitob” taʼrifi romanga berilgan eng yuksak baho boʻlsa kerak. Bundan oʻtkazib bir soʻz aytish mushkul. Mana shu taʼrifga uyqash bir holat: atoqli folklorshunos Asqar Musaqulov vafot etishidan bir oz oldin betob boʻlib yotganida doʻst-u birodarlari koʻngil soʻrab borishganida. “Don Kixot”ni oʻqigim kelyapti”, degan ekan. Don Kixotning oʻz adolati yoʻlidagi kurashlari umrini ilmga bagʻishlagan zahmatkash olimning ezgu istaklari bilan vobasta boʻlgan ersa, ne ajab.

Shunday ekan, Don Kixot obrazi oʻz-oʻzini yenga olgan, bashariyat kelajagi uchun jon fido qila oladigan, beminnat xizmat qilishga bel bogʻlagan ShAXS timsolidir, deyishga haqlimiz.

Don Kixotning yarogʻbardori Sancho Pansaning Baratariya “oroli”ga gubernator qilib tayinlanishi bilan bogʻliq epizod ham diqqatga sazovor. Sancho Pansa qanchalik sodda va savodsiz bir omi boʻlib koʻrinmasin, u oʻziga yuklatilgan vazifalarga aql-farosat ila yondashadi hamda adolatli va halol boshqaruv qanaqa boʻlishini boshqalarga chin maʼnoda koʻrsatib qoʻyadi. Hech qanday qonun buzilishlarisiz hokimiyatni oʻn ikki kun mobaynida sharaf bilan boshqargan Sancho Pansa gubernatorlikka qanday kelgan boʻlsa, yana oʻshanday – qashshoq-kambagʻal holida isteʼfoga chiqib ketadi. Adib mana shu kichik voqelik orqali ham mavjud tuzum ustidan kuladi. Adolat bilan ishlamoqchi boʻlganlarga hech qachon oson boʻlmagan.

Oʻsha davrning qahramonlari ritsarlar edi. Ritsarlarning hayoti faqat kitoblardagina goʻzal boʻlib, aslida, juda maʼnisiz edi. Jamiyat esa feodalizmning ahmoqona qoidalari, cherkovning noinsoniy xurofotlari natijasida izdan chiqqan edi.

Roman haqida oʻz davrining deyarli barcha mutafakkirlari mulohaza bildirgan. Xususan, I.S.Turgenev oʻz maqolasida Gamlet va Don Kixot obrazlarini tahlil qilib, ikkinchisini faol va sodda tabiat, birinchisini esa chuqur mulohazali va pafos tabiatli deb atagan.

Nazarimda, bugungi hayotimizda Gamletlar yetarli. Ammo haqiqat uchun, mazlumlar huquqi tiklanadigan adolat uchun, oxir-oqibat zabt etiladigan saodat – muqaddas murod-maqsad uchun xonumonini fido etadigan Don Kixotlarga ehtiyoj bordek.

Safarali Qurbonov 2007-yilda Qarshi davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini, 2009-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining adabiyotshunoslik yoʻnalishini tamomlagan. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida uzoq yillar davomida turli lavozimlarda ishlagan. 2017-yildan beri Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va maʼrifat” telekanali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



[1] “Lolazor”dagi dahldorlik bilan bogʻliq oʻrin

[2] Shahriyor Shavkat misrasi