Atamashunoslikdagi xaos

Bugun jamiyatimizda ona tilining taqdiri muhokama qilinsa, jamoatchilik bahslarining markazida koʻpincha bitta dolzarb masala – globallashuv va raqamlashtirish davrida chetdan shiddat bilan kirib kelayotgan tushunchalarni qanday qabul qilish masalasi turadi. Raqamli integratsiya sharoitida oʻzbek tili har kuni yuzlab ijtimoiy-texnologik atamalar bilan toʻqnash kelmoqda. Biroq aniq ilmiy mezonlarning yetishmasligi milliy atamashunoslikda lisoniy xaosni yuzaga keltirmoqda. Chuqur lingvistik ekspertizasiz, vaziyat taqozosi bilan qabul qilinayotgan stixiyali qarorlar til maydonini oʻzaro murosasiz ikki qutbga boʻlib yubordi.

Birinchi qutbda chetdan kirgan har qanday yangi soʻzga yovqarash bilan qarab, xalqaro miqyosda oʻrnashgan ilmiy-texnik tushunchalarni ham zoʻrma-zoʻraki oʻzbeklashtirishga urinuvchi radikal purizm (soxta soflik) xavfi turibdi. Bunday sunʼiy va gʻaliz yasama birliklar muloqotni qiyinlashtiribgina qolmay, ilmiy va ommabop matnlarni oʻquvchiga tushunarsiz qiladi.

Ikkinchi qutbda esa oʻzbek tilida tayyor, boy va aniq muqobillari boʻla turib, nutqqa oʻrinsiz ajnabiy soʻzlarni tiqishtirayotgan varvarizm (yuzaki ajnabiyparastlik) ildiz otmoqda. Reklama lavhalaridan tortib rasmiy idoralargacha fikr-mulohaza oʻrniga fidbek, oxirgi muddat oʻrniga dedlayn, foydalanuvchi hisobi oʻrniga akkaunt kabi soʻzlarning oʻrinli-oʻrinsiz qoʻllanilishi shuning yaqqol misolidir.

Chalkashliklarning bosh sababi – qatʼiy xalqaro invariant hisoblangan termin bilan ijtimoiy-amaliy nom sanalgan atama chegarasining qorishib ketishidir. Fan va texnologiyaning fundamental invariantlarini oʻrinsiz tarjima qilish xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan axborot almashinuvini murakkablashtiradi. Aniq va tabiiy fanlar, tibbiyot formulalari yoki global dasturlash kodlaridagi tushunchalarni mexanik tarzda oʻzgartirish amaliy samara bermaydi, aksincha, integratsiyaga toʻsiq boʻladi.

Biroq ommaviy muloqot, maishiy hayot, maʼmuriy hujjat va davlat xizmatlari sohalaridagi birliklarni oʻz holicha chet tilida qoldirish milliy tilning ichki taraqqiyoti hamda ifoda qudratini zaiflashtiradi. Foydalanuvchi interfeyslari va kundalik ish yuritish tili milliy mezon asosida ravon boʻlmas ekan, ona tilimiz jamiyatda ikkinchi darajali vositaga aylanib qolish xavfi tugʻiladi.

Ona tilimizning taqdiri shaxsiy his-tuygʻu yoki quruq shov-shuv bilan emas, chuqur lingvistik tahlil, kognitiv-semantik asoslar va koʻp bosqichli filtrlash tizimi yordamida hal etilishi shart. Tilimizni zamon bilan hamnafas etish uchun xalqaro andoza va milliy lisoniy imkoniyat orasidagi “oltin oʻrtaliq”ni topishimiz shart.

Milliylashtirish shart boʻlgan atamalar toifasi

Har qanday tilning amaliy nufuzi va yashovchanligi oddiy inson hayotida qay darajada qulay, tushunarli va funksional ekani bilan oʻlchanadi. Bugungi raqamli muhit, davlat xizmatlari, elektron tijorat va bank sektori millionlab kishilarning har kundagi asosiy muloqot maydoniga aylandi. Aynan shu nuqtada atamalarni oʻzbeklashtirish kechiktirib boʻlmaydigan ijtimoiy ehtiyoj sifatida kun tartibiga chiqadi.

Birinchi toifa – ommaviy muloqot, maʼmuriy ish yuritish va foydalanuvchi interfeyslari qatlamidagi birliklar. Raqamli xizmatlardan jamiyatning barcha qatlamlari – talaba ham, nafaqaxoʻr ham birdek foydalanadi. Agar dasturiy taʼminot yoki davlat portali foydalanuvchiga tushunarsiz ajnabiy iboralarni taqdim etsa, bu kishilarni raqamli muhitdan lisoniy jihatdan chetlatishga olib keladi. Jumladan, smartfon yoki elektron xizmatlar tilida:

autentifikatsiya emas, shaxsni tasdiqlash;

notifikatsiya emas, bildirishnoma;

avtorizatsiya emas, vakolat berish;

log-in emas, tizimga kirish;

verifikatsiya emas, haqqoniylikni tekshirish;

podpiska emas, obuna boʻlish;

otmenit emas, bekor qilish.

Ikkinchi qator birliklar oʻzbek tilida aniq, tushunarli va bir maʼnoli shaklga ega.

Ikkinchi toifa – ichki shakli, yaʼni maʼno asosi oʻzbek tilining boy leksik-semantik va morfologik imkoniyatlari orqali toʻliq ochiladigan tushunchalar. Nega tilimizda soʻz birikmasi yoki yasama soʻz vositasida mazmunni toʻliq ifodalash imkoni boʻla turib, inglizcha qoliplarga koʻr-koʻrona ergashishimiz kerak?

fidbek oʻrniga fikr-mulohaza yoki qayta aloqa;

dedlayn oʻrniga oxirgi muddat yoki yakuniy muddat;

keshbek oʻrniga qaytarma toʻlov;

vorkshop oʻrniga amaliy mashgʻulot yoki mahorat darsi;

keys oʻrniga amaliy holat yoki voqelik tahlili;

treking oʻrniga – kuzatib borish.

Uchinchi toifa – tilimizning lugʻat fondida azaldan yashab kelayotgan, ammo “moda” va sunʼiy nufuz ilinjida chetga surilayotgan varvarizmlarni tozalash vazifasi kiradi. Marketing va biznes muhitida tez-tez uchraydigan skidka oʻrniga chegirma, dostavka oʻrniga yetkazib berish, lokatsiya oʻrniga manzil yoki joylashuv, rasprodaja oʻrniga arzongarov birliklarini qoʻllamaslik tilga nisbatan beparvolikdan boshqa narsa emas. Bu kabi sunʼiy oʻzlashmalar tilning tabiiy “toʻqima”sini yemiradi.

Milliylashtirish harakati lisoniy qulaylik va aniq tushuncha hosil qilishga xizmat qilishi zarur. Oʻzbek tilining ichki derivatsion (soʻz yasash) salohiyati zamonaviy maʼnolarni ifodalashga toʻliq qodir. Asosiy masala – tilimiz imkoniyatlariga ishonish va jamiyatning barcha sohasida izchil qoʻllashda qatʼiyat koʻrsatish.

Tilga asossiz aralashuvdan tiyilish

Har qanday til tirik organizm kabi himoya qobigʻiga ega. Ammo bu qobiq tashqi olamdan foydali unsurlarni qabul qilib, asl mohiyatni asrashni anglatadi. Atamashunoslikdagi eng katta xatolardan biri – xalqaro ilmiy-texnik va iqtisodiy maydonda oʻz oʻrnini topgan tayyor tushunchalarni asossiz ravishda oʻzbeklashtirishga urinish. Bunday sunʼiy aralashuv tilni boyitmaydi, aksincha, uning amaliy qulayligiga putur yetkazadi va muloqotda lisoniy toʻsiq paydo qiladi.

Birinchi jiddiy xato – bitta soʻzdan iborat ixcham xalqaro terminni 2–4 soʻzli noqulay sintaktik tavsifga (deskripsiyaga) aylantirib qoʻyishdir. Terminning asosiy vazifasi – tushunchani eng qisqa va aniq shaklda ifodalash. Masalan:

brifing – rasmiy vakilning OAV uchun qisqa axborot berish uchrashuvi. Uni “qisqa axborot berish yigʻilishi” deb oʻzgartirish matnni ogʻirlashtiradi;

vebinar – internet orqali oʻtkaziladigan interaktiv seminar. Uni “onlayn masofaviy oʻquv seminari” deyish amaliyotda noqulaylik tugʻdiradi;

xakaton – dasturchi va mutaxassislarning qisqa muddatda muammoga dasturiy yechim topish musobaqasi. Buni “dasturiy yechimlar yaratish boʻyicha jamoaviy bellashuv” deb atash terminning lakonizm qonuniyatiga zid keladi.

Ikkinchi toifa – Gʻarb madaniyatining metaforik tafakkuriga tayangan tushunchalar. Bunday birliklarni soʻzma-soʻz tarjima qilish gʻaliz va kulgili holatlarni yuzaga keltiradi. Masalan, moliyaviy texnologiyalardagi kroudfanding (crowdfunding) birligini soʻzma-soʻz “olomon tomonidan moliyalashtirish” deb tarjima qilish investitsiyaviy mohiyatini ochib bermaydi, notoʻgʻri maishiy boʻyoq beradi. Xuddi shuningdek, reklama va kadrlar sohasidagi hedhanting (headhunting) tushunchasini “bosh ovlash” deb oʻgirish sof kulgidan boshqa narsa emas. Bu kabi birliklar global tizimda yaxlit tushuncha sifatida shakllangan va ularni xalqaro invariant tarzida qoldirish eng toʻgʻri lisoniy yoʻldir.

Uchinchi toifa – global tizim bilan uzviy bogʻliq iqtisodiy va texnologik qatʼiy terminlar:

startap – oddiy yangi qadam emas, innovatsion gʻoya asosida tez oʻsishga moʻljallangan yuqori riskli loyiha. Uni oddiy “boshlangʻich qadam” deyish iqtisodiy noaniqlik tugʻdiradi;

demping – bozorni egallash maqsadida tovarlarni tannarxidan past narxda sunʼiy ravishda arzon sotish strategiyasi. Uni “narxni pasaytirish” deb soddalashtirish huquqiy va iqtisodiy salbiy mohiyatini yoʻqotadi;

brend – oddiy belgi yoki tamgʻa emas, isteʼmolchi ongida shakllangan obro‘, qadriyat va huquqiy himoyalangan nom majmuyi.

Tilni himoya qilish uni dunyodan uzib qoʻyish degani emas. Qatʼiy xalqaro terminlarni oʻz holicha qabul qilish oʻzbek tilida soʻzlashuvchilarning jahon ilmiy-texnik taraqqiyotiga tez va toʻsiqlarsiz integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

Atamalarni saralash “elag”i

Har bir yangi atama til eshigini taqillatganda, unga hissiyot bilan emas, qatʼiy mezonlar asosida yondashish kerak. Dunyodagi nufuzli til markazlari yangi soʻzlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilmaydi yoki birdaniga tarjima qilib tashlamaydi. Maxsus lingvistik filtrlardan foydalanadi. Oʻzbek tilining boy ichki salohiyatini saqlab qolish va xalqaro muloqotdan uzilmaslik uchun besh bosqichli koʻp qatlamli filtrlash mexanizmi zarur.

Kognitiv-semantik filtr. Bu filtr yangi taklif etilayotgan milliy muqobil atamaning tub mohiyatini aynan ifoda etishini, unga ortiqcha maishiy yoki notoʻgʻri konnotatsiya yuklanmasligini tekshiradi. Masalan, lokatsiya soʻziga “joylashuv” muqobili semantik jihatdan toʻliq mos keladi. Ammo kroudfandingni xalqona pul yigʻish deb oʻgirish zamonaviy investitsiyaviy mohiyatini xiralashtirib, maishiy tus beradi.

Lakonizm va derivatsion (soʻz yasash) filtr. Termin ixcham boʻlishi (koʻpi bilan 1–2 soʻz) va undan oʻzbek tili qoʻshimchalari orqali yangi soʻzlar yasash oson boʻlishi lozim. Masalan, investitsiya – sarmoya, investor – sarmoyador, investitsiyalash – sarmoyalash. Bu yerda derivatsion salohiyat toʻliq ishlaydi. Aksincha, brifing oʻrniga “qisqa axborot berish uchrashuvi” birikmasini qoʻllasak, soʻz yasash amalda imkonsiz boʻlib qoladi.

Fonetik-ortoepik qulaylik filtr. Yangi birlik oʻzbek tilining talaffuz meʼyorlari va ohangdorligiga mos tushishi lozim. Talaffuzi ogʻir va sunʼiy yasalmalar nutqda yashab qolmaydi. Masalan, internet tarmogʻi uchun vaqtida taklif qilingan “oʻrgimchak toʻri” birikmasi oʻrniga ixcham tarmoq yoki internet soʻzining oʻzi tabiiy qabul qilindi.

Madaniy-konseptual filtr. Atama milliy tafakkur tarzi va qadriyatlarga zid kelmasligi lozim. Gʻarb metaforasi asosidagi hedhanting (headhunting) birligini soʻzma-soʻz “bosh ovlash” deb tarjima qilish milliy nutq odobiga ham, mantiqqa ham toʻgʻri kelmaydi. Uni “malakali kadrlar tanlash” (yoki “ovlash” oʻrniga “mutaxassis jalb etish”) tarzida oʻgirish yoki xalqaro sohada atamaning oʻzini qoʻllash maqsadga muvofiqdir.

Sotsiopragmatik filtr. Yangilikning soʻnggi hakamlari – soha mutaxassislari va jamoatchilik. Agar taklif etilgan milliy birlik darslik, OAV va amaliyotda 3–6 oyda tabiiy qoʻllay boshlansa, sinovdan oʻtgan hisoblanadi. Masalan, samolyot oʻrniga tayyora, kompyuter oʻrniga hisoblagich kabi yasamalarni isteʼmolchi qabul qilmadi, ammo onlayn oʻrniga masofaviy, sayt oʻrniga sahifa/portal soʻzlari tabiiy singib ketdi.

Bu besh bosqichli “elak” tasodifiy, pala-partish qarorlarga chek qoʻyadi. Tilimizni zamonaviy fan va texnologiya tiliga aylantirish uchun har bir yangi atamaga xuddi mana shunday lisoniy laboratoriya mezonlari asosida yondashishimiz shart.

Tajriba saboqlari

Til – tirik va nihoyatda sezgir ijtimoiy tizim. Unga maʼmuriy buyruq bilan biror soʻzni majburlab kiritib boʻlmaydi. Atamashunoslik tariximizga nazar tashlasak, amaliyotga tabiiy singib ketgan yutuqlar bilan birga, jamiyat va mutaxassislar tomonidan keskin rad etilgan yuzlab muvaffaqiyatsiz tajribani ham koʻramiz. Xoʻsh, nega ayrim yangi atamalar bir zumda oʻzlashib ketadi-yu, boshqalari lisoniy isteʼmoldan surib chiqariladi?

Soʻnggi oʻn yilliklarda oʻzbek tilining lugʻat xazinasiga muvaffaqiyatli kirib borgan va bugun oʻzimizniki boʻlib ketgan oʻnlab yangi birliklar mavjud. Masalan:

reyting oʻrniga – nufuz yoki baholash koʻrsatkichi;

onlayn xizmat oʻrniga – masofaviy xizmat;

personal oʻrniga – xodimlar;

sayt oʻrniga – sahifa yoki portal;

diler oʻrniga – savdo vakili.

Bu birliklarning qabul qilinish siri shundaki, ular tushunchaning ichki mantigʻini toʻliq ochib berdi, ortiqcha yuklama hosil qilmadi va, eng muhimi, xalqning jonli nutq intonatsiyasiga yot boʻlmadi. Mavhum emas, aniq tasavvur uygʻotgani uchun ham oʻzbekona tafakkurga tez va ogʻriqsiz singib ketdi.

Aksincha, tilimiz tarixida sof milliy soʻz yasash ilinjida oʻta arxaik (eskirgan) qatlamga yopishib olish yoki rus va ingliz tilidagi iboralarni koʻr-koʻrona (kalka qilib) koʻchirish oqibatida kulgili holatlar ham koʻp uchradi. Masalan, oʻtgan asrning 90-yillarida:

samolyot oʻrniga kiritilmoqchi boʻlgan tayyora soʻzi badiiy uslubda qisman saqlangani bilan, rasmiy va texnik muloqotda oʻrnashmadi;

kompyuter oʻrniga taklif qilingan hisoblagich birligi apparatning universal mohiyatini toraytirib qoʻygani uchun isteʼmoldan chiqdi;

rayon oʻrniga taklif qilingan “nohiya” sunʼiy atama oʻlaroq qogʻozda qolib ketdi.

Bunday yasamalarning “magʻlubiyat”iga sabab sunʼiyligi, talaffuzdagi ogʻirligi va soha mutaxassislari ehtiyojini hisobga olmagan holda kabinetlarda oʻtirib oʻylab topilganidir.

Bugun yangi atamalarning taqdirini darsliklardan koʻra koʻproq raqamli muhit – mobil ilova, yangiliklar saytlari, ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalari hal qilmoqda. Foydalanuvchi har kuni smartfon ekranida skachat oʻrniga yuklab olish, otpravit oʻrniga yuborish, nastroyka oʻrniga sozlamalar tugmasini koʻrar ekan, bu birliklar uning ongida tabiiy meʼyorga aylanadi. Demak, zamonaviy tahririyatlar, jurnalist va dasturchilar shunchaki axborot yetkazuvchi emas, milliy atamalarni ommalashtiruvchi asosiy lisoniy maydondir.

Lisoniy masʼuliyat va istiqbol

Tilning taraqqiyoti va davlat tili sifatidagi nufuzi amaliy hayot – taʼlim, ish yuritish, raqamli texnologiya va fan sohasida qay darajada aniq hamda qulay ishlayotgani bilan oʻlchanadi. Atamashunoslikdagi pala-partishliklarga barham berish, bir tomondan, keskin purizm, ikkinchi tomondan, oʻrinsiz ajnabiyparastlikka chek qoʻyish uchun tizimli ilmiy filtrlarga tayanish vaqti keldi.

Yangi atamalarni qabul qilish va milliylashtirish jarayoni turli sohada tarqoq holda kechmoqda. Bir vazirlik qoʻllagan atamani boshqa tashkilot inkor etyapti, darsliklardagi terminlar bilan ommaviy axborot vositalaridagi til oʻrtasida jiddiy tafovutlar koʻzga tashlanyapti. Bu muammoni bartaraf etish uchun mamlakatimizda “Idoralararo terminologik ekspertiza kengashi”ni doimiy asosda yoʻlga qoʻyish zarur. Bunday kengash tarkibiga nafaqat tilshunos olimlar, bevosita soha mutaxassislari – axborot texnologiyalari muhandislari, bank-moliya sohasi tahlilchilari, huquqshunoslar, jurnalist va tarjimonlar jalb etilishi lozim. Shunda yangi taklif etilayotgan har bir birlik real soha ehtiyoji va lingvistik mezonlar asosida har tomonlama muhokama qilinadi.

Tarixiy tajriba koʻrsatadiki, til siyosatida maʼmuriy buyruqbozlik va quruq taqiqlar hech qachon kutilgan natijani bermaydi. Inson oʻzi uchun tushunarli, ixcham va ifodali boʻlgan soʻzni tabiiy ravishda tanlaydi. Agar chetdan kirib kelayotgan tushunchaga oʻzbek tilining boy imkoniyatlari asosida qulay, ohangdor va loʻnda muqobil taklif eta olmasak, odamlar baribir ajnabiy soʻzni ishlatishda davom etaveradi. Shu sababli davlat tili siyosati sunʼiy toʻsiqlar qoʻyishga emas, foydalanuvchi, dasturchi, oʻqituvchi va ish yurituvchilar uchun qulay, ochiq va doimiy yangilanib turadigan raqamli terminologik bazalarni yaratishga qaratilishi shart.

Tavsiya etilayotgan besh bosqichli ilmiy filtr tizimi oʻzbek tilining lugʻat boyligini tizimli ravishda oshirishga, taʼlimdagi tushunarsiz formulalarni soddalashtirish va davlat idoralarida ish yuritish sifatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi:

taʼlimda: oʻquvchi va talabalar murakkab, chalkash tarjima tufayli fanni oʻrganishdan bezmaydi, aksincha, bilimlarni ona tilida oson oʻzlashtiradi;

hujjat yuritishda: maʼmuriy matnlar ortiqcha soʻzamollikdan xalos boʻlib, ixcham, aniq va bir maʼnoli shaklga keladi;

raqamli maydonda: milliy interfeyslar foydalanuvchiga yaqinlashadi, axborot texnologiyalari tili oʻzbekcha jaranglay boshlaydi.

Ona tilimiz koʻp asrlik boy merosi va cheksiz soʻz yasash salohiyati bilan zamonaviy fan va taraqqiyot talablariga toʻliq javob berishga qodir. Asosiy vazifa – unga befarq qaramaslik, har bir yangi soʻzga masʼuliyatli lisoniy elak bilan yondashish. Bugun biz tanlayotgan, sayqallayotgan va qonuniylashtirayotgan har bir atama kelajak avlodning ilmiy tafakkuri va dunyoqarashini shakllantiradi. Ona tilimizni jahon ilm-fani bilan erkin tillasha oladigan baquvvat muloqot quroliga aylantirish har birimizning fuqarolik va insoniy burchimizdir.

Baxtiyor MENGLIYEV,

TAFU tadqiqotchi-professori