AQSH statistikasiga koʻra, har 10 mahbusdan taxminan 7 nafari maʼlumotni birlashtirish yoki sintez qilishni talab qiladigan vazifalarni bajarishda qiynaladi.
Biron jinoyatga qoʻl urgan voyaga yetmaganlarning 85 foizi oʻqish va tushunishda qiynaladi, bu esa savodxonlik darajasi pastligi va jinoyatchilik darajasi oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼkidlaydi.
Maktabgacha yoshda erta oʻqish amaliyotiga jalb qilingan bolalarning jinoyat olamiga aralashish ehtimoli kamroq boʻlar ekan.
Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, xususan, bolalar begʻaraz isteʼmol qilayotgan internet maʼlumotlari mazmuni taʼsirida ham kuchayishini tadqiqotlar koʻrsatmoqda. Bizning bolalarni juda ham ijobiy, ham salbiy taʼsir koʻrsatadigan internet oʻrab olgan. Bugungi kunda bolalarni axborot oqimidan jismonan ajratib qoʻyishning maʼnosi ham, imkoniyati ham yoʻq. Ilgari televizor, kino, kitoblar, kutubxonalar, maktablar va bolalar bogʻchalari bunga masʼul boʻlib, bolalarga taqdim etiladigan kontentni tartibga solar edi.
Bugungi kunda taqiqlar va toʻsiqlar bu muammoni hal qila olmaydi! Jamiyat bolalarda maʼlumot kompetensiyasini rivojlantirishi kerakligini tushunishi kerak. Maʼlumot kompetensiyasi deganda bolaning maʼlumotlarni tushunish, tanqidiy tahlil qilish va saralashni oʻrganishi va undan masʼuliyat bilan foydalanish qobiliyatiga aytiladi. Inson maʼlumotlarsiz yashay olmaydi.
Savol va qiziqishlariga ota-onasidan koʻra internetdan tezroq javob olish mumkinligi sababli bola koʻproq internetga yuzlanishni boshlaydi. U topayotgan maʼlumotlar toʻgʻri va sifatli ekanidan xotirjam boʻlsak boʻladimi? Agar bolada kerakli darajadagi maʼlumot kompetensiyasi rivojlanmagan boʻlsa, u yuqori ehtimol bilan internetdagi unga salbiy taʼsir etadigan maʼlumotga duch keladi.
“Bolalardan boshlaylik!”, Yella Lepman. Xalqaro bolalar kitoblari kongressi – IBBYning asoschisi urushdan keyingi davrda goʻzal mamlakatni faqat bolalar yaratishi mumkinligiga ishongan.
Aynan kitob bolani savol berishga, izlanishga, maʼlumotni saralashga, tahlil qilishga va javob topishga oʻrgata oladi. Ammo bugun Oʻzbekiston bolalarida kitobdan javob topish va shunga odatlanishga imkon mavjudmi?
Birinchi navbatda shunday savol tugʻiladi: Bizda kerakli javoblarni bera oladigan kitoblar yetarlimi? Masalan, urush, munosabatlar, oʻlim, sevgi, his-tuygʻular, menga nima boʻldi, onamga nima boʻldi, nima uchun qushlar uchadi, filga xartumi nima uchun kerak, nega men yigʻlayman, nega meni urdi, qachon quyosh botadi kabi savollarga. Yoki bizning farzandlarimiz va ularning ota-onalari oʻqiganlarini tushunish, kitobning mohiyati va gʻoyasini topish uchun zarur koʻnikmalarga egami? PISA natijalariga koʻra, bunday koʻnikmalar bizda yoʻq.
Oʻqilgan narsani tushunish, mohiyati va gʻoyasini tahlil qilish koʻnikmalarini shakllantirishni juda erta – bolalik davridan boshlash kerak. Aynan maktabgacha yoshda onasi rasmli kitob oʻqib berayotgan bola uni onasi bilan muhokama qilib, tushunish va tahlil qilishni oʻrganadi. Bu jarayon erta yoʻlga qoʻyilsa, kelajakda u odatga aylana oladi. Shunda majburiy emas, balki haqiqiy kitobxonlik madaniyati shakllanadi, bunda bola sifatli materialni izlashga, tanlashga va oʻqishga odatlanadi. Aks holda, bola shunchaki axborot axlatining isteʼmolchisi boʻlib ulgʻayadi.
Bolalarga moʻljallangan kitoblar bolaning tasavvuri, nutqi va muloqot qobiliyatini ragʻbatlantirishi kerak, shunda syujet ular uchun qiziqarli boʻladi, yaʼni ularning psixologik va kognitiv rivojlanishiga mos keladi. Bu esa bolaning fikrini oziqlantirishi, u nima haqida gapirayotganini tushunishi va gapira olishiga yordam beradi. Bola harflarni tanimagan paytidan kitobni sevishga ulgurishi kerak.
Erta bolalik davrida rasmli kitoblar bilan ishlagan bolalar maktabdagi tengdoshlariga qaraganda ancha muvaffaqiyatli boʻladi hamda tushunish koʻnikmalariga ega boʻladi (tushunish koʻnikmalari – bu oʻquvchi matndan maʼno yaratish va maʼlumot olish uchun foydalanadigan strategiyadir). Yaʼni, PISA reading testida baholanadigan koʻnikmalar. Rasmli kitoblar bolalar tafakkurining eng samarali stimulyatorlaridan biridir. Yuqori sifatli rasmli kitoblar bolaning kognitiv, hissiy, ijodiy va til rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi. Ota-onalarning bolalarga kitob oʻqishi bolaning oʻzini oʻqishga, harflar va rasmlar, harflar va tovushlar oʻrtasidagi munosabatlarga, shuningdek, atrofdagi dunyoga qiziqishini oʻstirib beradi. Bolalarda tasniflash, taqqoslash, tahlil qilish, tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish kabi koʻnikmalar yigʻiladi, bu shaxsiyat, oʻzini oʻzi qadrlash va tasavvurni shakllantirishda juda muhimdir. Aynan bolalar kitoblari bolalarga kundalik tashvishlar, his-tuygʻular va vazifalarni qanday yengish kerakligini koʻrsata oladi. Ular bolalarga boshqa odamlarni va oʻzlarini tashqaridan koʻrishga yordam beradi. Shunga koʻra, aynan bolalar kitoblari bolalikdan boshlab kuchli va kognitiv rivojlangan va XXI asrda zarur boʻlgan maʼlumot kompetentsiyasiga ega boʻlgan shaxsni yuzaga keltiradi.
Ertaga farzandlarimizni salbiy va baʼzan shafqatsiz maʼlumot axlatlaridan himoya qila olamizmi? Savodsiz yoshlarimiz koʻpayaversa, ular orasidagi jinoyatchilikni, kamaytira olamizmi? Hozir 5-6 yoshga toʻlgan bolalar esa 10 yildan soʻng internet mahsulotiga aylanmasdan, internet va boshqa bosma materiallardan erkin va oʻziga ziyonsiz foydalana oladimi?
Bizda shunday kitoblar bormi? Oʻzbekistonda “Oʻyinchogʻimni qaytarib ber”, “Dadam qayerda?”, “Buvim qayerga ketgan?”, “Nega doʻstim meni bogʻchada urdi?”, “Semizman”, “Chiroyli emasman”, “Nega mening ikkita koʻzim bor?”, “Raketa nima?”, “Dinozavrlar qayerda yashaydi?”, “Panda qayerda yashaydi?”, “Nega sinfdoshim yura olmaydi?”, “Nega onam meni urishdi?”, “Men yaxshimanmi?”, “Men yomonmanmi?” va hokazo yana minglab mavzulardagi kitoblar nashr etilyaptimi? Yoki yana 50 yil davomida faqat folklor ertaklari bilan qanoatlanamizmi?
Bizda “Beshik toʻy”ga tagliklardan tort yasashning oʻrniga qimmatbaho bolalar kitoblar toʻplamini sovgʻa qiladigan boylar bormi? Bolaning tugʻilishi uchun bolalar kitoblarini sovgʻa qilishni kim urfga chiqaradi?
Baʼzi odamlar xayoliy dunyoni izlaydi, boshqalari haqiqiy dunyoni xohlashadi. Bolaligidan unga tushunarsiz va qiziqish uygʻota olmagan sheʼr yod olishga mahkum boʻlgan bola, uning maʼnosini tushunmaganligi uchun kitobni mutlaqo yomon koʻrib qolishi mumkin.
Bolaning psixologik, kognitiv rivojlanishiga mos keladigan, uning tasavvurini, qiziqishini uygʻotadigan kitoblarni tanlashda oʻqituvchilar va ota-onalarning oʻrni katta.
Bugun biz oliy taʼlimga eʼtibor qaratyapmiz, treninglar tashkil qilmoqdamiz, internet oʻzbekcha materiallarga toʻlmoqda, ammo agar bolalik davridayoq maʼlumotni mohiyatini idrok etish va anglash, uni tushunish koʻnikmasi shakllanmagan boʻlsa, bugungi yaratilayotgan materiallarning barchasi bugungi bolalar ulgʻayganida foydasiz, baʼzan hatto zararli boʻlishi mumkinligini tushunamizmi?
Kitob arzon emas. Bolalar kitobi – yanada qimmatdir. Chunki u yuqori texnik va badiiy sifatni talab qiladi. Masalan, Janubiy Koreyada bitta bolalar rasmli kitobi taxminan 10–12 dollar turadi. Bunday kitob atigi bir necha marta oʻqilishi mumkin, shuning uchun har qanday ota-ona har 2 kunda yangi rasmli kitob sotib ololmaydi. Shu maqsadda Koreyada bolalar kutubxonalari faol ishlaydi. Ular juda koʻp va har bir uydan piyoda masofada joylashgan boʻlib, bolalarga xohlagancha kitobdan foydalanish imkonini yaratib beradi. Bundan tashqari, bolalar bogʻchalari va maktabda ham kutubxonalar tashkil etilib, ular mamlakat nashriyotlarida chop etilgan barcha bolalar kitoblarini fondiga oladi va bolalar orasida targʻib qiladilar. Bolalar adabiyotiga soliqni bekor qilishgan. Koreyada erta bolalikdan (3 yosh) bolalar kutubxonadan foydalanishni oʻrganadilar va kitob tanlashni va ijaraga olishni biladilar. Bolalar kutubxonalari fondi asosan milliy mualliflarning kitoblaridan tashkil topgan. Eng muhimi, Koreyada bolalarga kitob sovgʻa qilish zoʻr odat hisoblanadi.
Masalan, AQShda kam taʼminlangan va ijtimoiy zaif oilalarning farzandlarini oʻqishga jalb qilish maqsadida pediatrlar bola tugʻilganda, emizish yoki jismoniy rivojlanish boʻyicha maslahatlardan tashqari kitob oʻqishning foydasi haqida ham gapiradilar va kitobxonlikka oid tavsiyalar beradilar, bolalar kitoblarini sovgʻa ham qiladilar.
Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish oson emas, lekin erta kitobxonlik madaniyatini shakllantirish oson. Buning uchun aynan erta kitobxonlik qanchalik muhim ekanligini barchamiz tushunishimiz kerak.
1. Kattalar bilan bolaning birgalikda rasmli kitob oʻqishi uning fikrlashini ragʻbatlantiradi. Bola mutolaani eshitishi jarayonida uning miya hujayralari ragʻbatlanadi, neyronlar aloqasi yuzaga keladi, kelajakda oʻrganish va intellektual qobiliyatlar uchun poydevor yaratiladi;
2. Bolalar hayotiga kitbolarning erta kirib kelishi ularda oʻqish va oʻrganishga boʻlgan muhabbatni kuchaytiradi, diqqatni jamlash qobiliyatini, ogʻzaki nutq va savodxonlik koʻnikmalarini yaxshilaydi;
3. Bolalar kitobi bolalarda ijodkorlik, qiziquvchanlik, mustaqillik, oʻziga ishonch tuygʻusini beradi, tasavvurni rivojlantiradi, empatiya, muammoni yechish kabi koʻnikmalarni rivojlantiradi;
4. Bolalarga rasm va soʻzlar real narsalarning timsoli ekanligini tushunishga yordam beradi, ularning soʻz boyligini kengaytiradi va kitob konsepsiyalari bilan tanishtiradi;
5. Bolaligida erta kitobxonlik amaliyoti (ota-onalar bilan birgalikda kitob oʻqish, rasmli kitoblar bilan oʻynash, rasmli kitoblarni koʻrish)ga jalb qilinmagan bolalar keyinchalik oʻqish koʻnikmalari boʻyicha ortda qoladi va maktab yillarida oʻrganishda qiyinchiliklarga koʻp duch keladi.
Nima qilsa boʻladi?
Biz hali katta kitob bayramlari, ulkan taqdimotlar va millionlab nusxalarga ega kitoblar chiqishiga tayyor emasmiz. Bolalar kitobxonligini mahalliy darajada kichik qadamlar bilan rivojlantirish samaraliroq.
· Rasmli kitoblar bilan ishlashni maktabgacha va boshlangʻich maktab taʼlimi dasturiga, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash dasturiga kiritish zarur. Rasmli kitoblar bolaning kichik yoshidan taʼlimda integrallashgan yondashuvni rivojlantirish uchun yordam beradi. Masalan, kaktuslar haqidagi rasmli kitobni oʻqib, biz bulling (bulling ijtimoiy termin: birovning ustidan kulish, zoʻzaronlik, haqoratlash) mavzusini ham, kaktuslar mavzusini ham tabiatshunoslik nuqtai nazaridan muhokama qilishimiz mumkin.
· Bolalar kitoblari trendga aylanishi kerak. Men kitob doʻkoniga kirib, farzandi uchun kitob sotib olishdan xursand boʻladigan juda kam blogerlarni taniyman. Million kuzatuvchiga ega yulduzlar farzandlariga bolalar kitobi sovgʻa qilishni trendga aylantirsalar, koʻpchilik ulardan oʻrnak oladi. Bolalar internet gadosiga aylanib qolmasliklari uchun kattalar bir-birining farzandiga qimmatbaho kitoblarni sovgʻa qilish odatini kiritishi va bundan maqtanishi kerak.
· Teleseriallar va filmlar kadrlari fonida hech boʻlmasa rasmli kitoblarni oʻqib mazza qilayotgan bolalarni muntazam ravishda koʻrsatish kerak.
· Beshik toʻyidagi yoki tugʻruqxonadan olib chiqish bayramlaridan chiqqan videolarda nafaqat chang bosgan oʻyinchoq qahramonlarni yoki lentaga oʻralgan tagliklarni, balki bolalar kitoblarini ham koʻrsatish kerak.
· Tuman hokimligi, mahallalar har yili mahalliy nashriyotlar bilan joylarda kitob yarmarkalarini oʻtkazishi kerak. Mualliflarni taklif qilish lozim. Bu “Maʼrifat va maʼnaviyat” boʻlimi uchun qoʻshimcha ish boʻlsa-da, kitob targʻiboti tufayli ular kelajakda maʼlumot kompetensiyasiga ega boʻlmagan internetga gʻarq boʻlayotgan oʻsmirlar bilan ishlamaydi. Kitobxon bolalardan kitobxon oʻsmirlar oʻsadi.
· Davlat darajasida Oʻzbekistonda alohida “Bolalar kitobi kuni” eʼlon qilinishi kerak, bu kun har kim oʻzining yoki birovning farzandiga kitob sovgʻa qiladi. 1-iyun – Bolalar kunida emas, 1 aprel – Xalqaro bolalar kitobi kunida ham emas, balki alohida boshqa bir kunda.
· Bolalar bogʻchalarida va maktablarda kitob sovgʻa qilish kunlarini eʼlon qilish. Bu kunda bolalar bir-birilariga kitob ulashadilar. Bu shunchaki pulni ishlatish emas, balki kitob qimmatli narsa ekanligini anglab ulgʻayadigan bola uchun sarmoyadir.
· Telekanallarda har kuni kech payt bolalarga rasmli kitob oʻqib berish va har bir ota-onani shunga undash kerak.
· Oʻzbekistonda faoliyat yurgazayotgan IBBY seksiyasi har yili mamlakatda nashr etilayotgan eng yaxshi kitoblar va tarjimasu zarur boʻlgan kitoblar roʻyxatini eʼlon qilishi kerak. Boshqa koʻplab mamlakatlarda IBBY boʻlimlari buni amalga oshiradilar.
Kitoblarga pul yoʻq deb ayta olmaymiz. Talab taklifni shakllantiradi. Bugun, bilishimcha, masalan, “Akademnashr” nashriyotida bolalar uchun 10 ming soʻmdan boshlanadigan sifatli kitoblar bor. Qimmatbaho kitoblarni esa biz maxsus sanalarda yaqinlarimizga sovgʻa qilishimiz mumkin.
Har birimiz kitobxon millatning rivojlanishi uchun masʼulmiz. Chunki 12 yoshgacha boʻlgan bolaning faoliyatiga biz – ota-onalar, katta yoshlilar javobgarmiz.
Bugun Milliy gvardiya maktabda davomatni tekshiradi, lekin oiladagi zoʻravonlik yoki boshqa voqealar (sababchisi savodsiz ota-onalar) tufayli ertaga bogʻchadagi davomatni tekshirishga oʻtishidan koʻra bolalar kitobxonligini rivojlantirish osonroq emasmi?
Dinara MOʻMINOVA,
pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori