1991-yilning noyabri oxirlarida xizmat safari bilan Buxoroning Romitan tumaniga bordim. Kuz adoqlab, qish oyoqlayotgan kezlar. Suv ham, yer ham sovib boʻlgan. Muz yalagan yel burunni chimchilaydi. Koʻk toqiga osilib qolgan erinchoq quyosh choʻgʻi qochgan oʻchoqday jilla isitmaydi. Tiyramoh yomgʻirlari dalalardagi sargʻaygan oʻt-oʻlanlar va bogʻchalardagi chiriyotgan xazonlarni qoraytirib, hazin manzara hosil qilgan.
Bir qishloqda mashinadan tushib, oyoqlarim chigilini yozib turganimda, biroz narida menga tikilib qarayotgan cholga koʻzim tushdi. Quyosh xira tortgan esa-da, chol oʻng qoʻlini manglayiga soya qilib, singalab qarardi. Ozgina hangomalashay deya salom berib, uning qoshiga bordim. Oʻrtaboʻy, etining suvi qochib qolgan chol bir salomimga ikki marta alik oldi. Yetmish yoshlardagi qariyaning kalta va siyrak soqoli toʻqay shoqolining juniday pataklab ketgan; sargʻish aftiga, qosh-u kipriklariga chang oʻtirib qolgan; moy bosib, guli titilib ketgan doʻppisi girdiga chiyib qoʻyilgan oq qiyiqcha kirlanib rangini yoʻqotgan. Negadir menga bu odamning koʻz kosalariga ikki dona yongʻoq tiqib qoʻyilganday tuyuldi.
Cholning egnidagi kulrang yaktagi moy shimib, qoramtir tusga kirgan, yengi va etagidan matoning ipi sitilib idray boshlagan. Oyogʻidagi kirza etikning ultoni sichqon kemirib tashlaganday yemirilib ketgan.
Ust-boshi har qancha abgor boʻlmasin, qariyaning yuzi kulib turar, gap-soʻzlari-yu harakatlari yosh bolaning qiliqlarini eslatar edi. Gapirganda “men shundayman-da” deganday, bir yumalab moʻysafid qiyofasiga kirib olgan boladay mamnuniyat bilan oʻzini alqab gapirardi.
Suhbatdoshim shu qishloqdagi moyjuvozning “xoʻjayini” ekan. Men undan moyjuvozini koʻrsatishni soʻradim. U maqtanishga imkon topilganidan xursand boʻlib, oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib, chap qoʻli bilan yurishimiz kerak boʻlgan tarafga imo qildi va hakkalab-hakkalab meni yoʻlga boshladi.
Oʻttiz qadamcha yurib, naq yer tagiga tushib ketadigan goʻr ogʻziday kattakon tuynuk qoshiga bordik. Tuynuk ogʻziga taqalgan baquvvat yogʻochdan yasalgan qiya zina uch quloch quyiga enib ketgan. Zina qabatlari ancha keng, bir koʻrpaning enicha bor.
Cholning yigirma besh yillik ishxonasi manzarasi bunday: katta xonadek keladigan chuqur yertoʻla, uni zaifgina elektr lampa yoritadi. Balchiq sachrab qotib qolgan kabi pashsha oʻligi qoplagan lampaning xiraligi dilni ham xira qiladi. Oʻrtada aylanasi yarim quloch keladigan qayragʻoch kunda. Kundaning dubulgʻa uchiday torayib borgan past qismi yerga koʻmilib, yer ustiga chiqib turgan yuza qismi oʻgʻir shaklida oʻyilgan – u yukxona deyilarkan. Yukxonaga zigʻir yoki chigit solinadi. Yukxona oʻrtasida oʻq uchi singari konussimon yana bir oʻyiq. Bunisi – gʻazna. Oʻqning betoʻxtov aylanishi natijasida chigitdan sizib chiqqan moy xuddi shu gʻaznada yigʻiladi. Oʻqni aylantirish uchun uning uchiga gajak biriktirilgan. Gajakning uzunligi bir yarim metrcha, uning pastki uchi qayiq oʻrtasidagi yogʻochmoʻmiqqa biriktiriladi (qayiq – moyjuvoz qismi, uzunligi bir metr keladigan, yoʻgʻon yuzasining bir tomoni oʻyilib, ichiga tosh toʻlatilgan, ikki yonidagi teshiklariga kundani oʻrab turgan toʻgʻa uchlari qoqilgan qurilma). Juvozga qoʻshilgan ot yurganida qayiqni oldinga suradi, qayiq – gajakni, gajak esa oʻz navbatida oʻqni aylantiradi. Oʻq xomashyoni ezib, undan chiqqan moyni gʻaznaga haydaydi. Gʻazna moyga toʻlgach, juvozkash juvozni toʻxtatib, moyni oladi.
Yertoʻlada bir xil “musiqa”: gʻichir-gʻichir... gʻichir-gʻichir... moyjuvoz oʻqining ovozi, tuyoqlarning tovushi, otning ogʻir hansirashi...
Ot menga – begona odamga piyoladay koʻzlari kattarib, hayron qaraydi. Goʻyo xurillaganday zaif pishqirib qoʻyadi.
Allaqachonlar qirchangʻiga aylangan saman bir maromda oʻqni aylantiradi. Otning mallarang sagʻrisi yagʻir boʻlib ketgan, qoʻymichi qoʻtirlashgan, yollari qoramtir poʻstak holiga kelib, manglayidagi qashqasi ter va yogʻdan sargʻaygan.
Shoʻrlik ot qir-adir va yashil kengliklar havosining ajib taʼmi, badaniga xush yoqib, yollari orasidan oʻynab oʻtadigan shamollar gashtini butunlay unutgan; oyoqlarini kerib, qaddini gʻoz tutib, boshini baland koʻtarib pishqirish, oʻynoqlab kishnash sururidan tamomila mahrum... Bechora yersiz va osmonsiz; yertoʻla rutubati uning ruhi-yu badaniga urib ketgan. Jonivorning soʻnik koʻzlariga qarab uning qonidagi bobomeros alanga allaqachon soʻnganini ilgʻaysiz...
Boshi yer qadar egilib, oʻqni inqillab tortayotgan otga tikilib qolganimni koʻrgan chol bunday tomoshani umrida koʻrmagan odam uchraganiga quvonib ketdi va ogʻzining suvi qochib, tamshanib maqtana ketdi:
– Bu ot oʻz ishiga shunchalar oʻrganib ketganki, qamchi urib oʻtirishga hojat yoʻq, “chuh” deb qoʻysangiz boʻldi, moyjuvoz atrofida aylanaveradi, aylanaveradi. Koʻp esli jonivor. Suvi bilan yemini vaqtida berib, qornini toʻydirib tursangiz bas.
Chindan ham, bu xoʻrlik otning qon-qoniga singib ketgan edi. Cholning aytishiga qaraganda, baʼzan toʻxtatish uchun “Drrr!” deb jilovidan tortib qoʻysangiz ham toʻxtamas, hatto chaqiriqqa javoban boshini burib ham qoʻymas, balki kiprik qoqmay oʻz vazifasini bajaraverar ekan. Eshak yo xachir, hatto tuyaning ham bu holga tushishiga koʻnmoq mumkin, lekin qonida erk gurillagan otning ayanch ahvoli...
Chol menga otini maqtab yana koʻp narsalarni gapirdi. Gaplari qulogʻimga kirmadi. Men fojiaviy “bir aktyor teatri”ni koʻrayotganday, xira yertoʻla sahnasida tinmay aylanayotgan otning qaygʻuli tomoshasi bilan band edim.
Gaplarini eshitmayotganimni sezgan chol sekin qoʻlimga turtib qoʻydi va soʻradi:
– Toshkanda nima gaplar, uka?
Xayolim boʻlindi:
– Hozir hamma gap mustaqillik haqida...
– Ha, eshitib yotibmiz. Televizorda, radioda faqat shu gap.
Muxbirligim tutib choldan soʻradim:
– Oʻzingiz mustaqillikka qanday qaraysiz?
Chol yuzidagi oʻsha tabassum bilan javob qildi:
– Endi, balam, kattalar nima desa shu-da. Mustaqil boʻlinglar desa boʻlamiz, boʻlmanglar desa boʻlmaymiz. – U biroz jim qoldi, yuzi gʻamginroq tusga kirdi, oʻkinganday yelkasidan nafas oldi-da, soʻng atrofga bir qur nazar solib, asta gapirdi: – Kattalar nima desa shu, balam...
Men shu tobda bir ogʻiz “chuh”ning malayiga aylangan, bir joyda tinmay aylanaveradigan otga qaradim. Shoʻrlikning butun hayoti shundan iborat: xira yertoʻla, eski moyjuvoz, soʻngsiz gʻichir-gʻichir, yoqimsiz ter va moy hidi, yemirilgan tuyoqlarning bejarang dupuri.
Chol ham umr boʻyi bir joyda, goʻrvash yertoʻlada moyjuvoz tegrasida aylangan otning oʻzginasi edi. Uning bir juft yongʻoqday turtib chiqqan koʻzlariga yertoʻla nuqsi urib ketgan...
Eshqobil SHUKUR
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.
“Moyjuvoz” maqolasi