Sohibqiron Amir Temur maʼnaviyati, xususan, uning odob-axloq va taʼlim-tarbiyaga oid nasihatlari toʻgʻrisida “Zafarnoma” (Nizomiddin Shomiy hamda Sharafiddin Ali Yazdiy), “Muntaxab ut-tavorixi Muʼiniy” (Muʼiniddin Natanziy), “Mujmali Fosihiy” (Fosih Ahmad Havofiy), “Tuzuki Temuriy”, “Malfuzoti Temuriy”, “Voqeoti Temuriy” kabi asarlarda qimmatli maʼlumotlar bayon etilgan. Ularga koʻra, buyuk hukmdor raiyat, amaldorlar, ayniqsa, oʻz vorislarini poklik hamda halollikka daʼvat etib, qimorbozlik, sudxoʻrlik, kashandalik, ichkilikbozlik kabi illatlardan yiroq boʻlishga chorlagan.

Fransuz olimi Marsel Brionning yozishicha, “Amir Temur lafzini sharob bilan makruh qilmagan, qimor oʻynamagan, shariatda nimaiki taqiqlangan boʻlsa, baridan tiyilgan” (Brion M. Menkim, sohibqiron – jahongir Temur. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2018. 41-bet). Sohibqiron bilan yuzma-yuz muloqotda boʻlgan yepiskop Ioann ham bu haqda oʻz esdaliklarida yozib qoldirgan: “Men uning sharob ichganini koʻrmadim. Garchi mayxoʻrlik va ishratparastlikni yoqtirmasa-da, bu narsaga ayovsiz emas... Agar Temurbek mehmon qabul qilsa-yu, mehmoni nasroniy boʻlsa, unga sharob quyib beriladi, ammo oʻzi ham, farzandlari va lashkarboshilari ham kayf beruvchi ichimlikdan tiyiladi” (oʻsha manba, 22-bet).

Amir Temur farzandlarini mayxoʻrlikdan tiyilishga chaqirgan: “Ehtiyot boʻling, sharob, may va boshqa kayf beruvchi narsalardan saqlaning! Agar unga ruju qoʻysangiz, bilingki, mulkingiz barbod boʻladi, hokimiyatingiz qulaydi” (oʻsha manba, 71-bet). Afsuski, Sohibqiron ogoh etgan illatlar uning ayrim vorislari boshiga ogʻir kulfatlar keltirgan. Donishmand hukmdorning pandiga amal qilmagani oqibatida Mironshoh, Sulton Husayn Mirzo, Pirmuhammadlarning hokimiyati qulagan. Misol uchun, Mironshoh Mirzo lavozimini suiisteʼmol qilgani, fuqarolar manfaatlari bilan bogʻliq ishlarda sovuqqonlikka yoʻl qoʻygani, jabr-zulmni haddan oshirgani va aysh-u ishratga berilgani bois otasi tomonidan qattiq jazoga tortilgan. “1399-yilda Mironshohning katta xotini Xonzodabegim eridan yashirincha Samarqandga, qaynotasi Amir Temurning huzuriga borib, Mironshohning kirdikorlaridan shikoyat qiladi. Amir Temur kelinidan ushbu ahvolni eshitib, qattiq iztirobga tushadi. Oʻsha davr tarixchilarining yozishicha, Amir Temur bir hafta davomida yigʻlab, hech kimga koʻrinish bermagan” (Fayziyev T., Fayziyev X. Sulton Abusayid Mirzo. Toshkent, “Zamin nashr”, 2022. 6-bet).

Amir Temur Tabrizga borgach, avvalo, oʻgʻlini yomon ishlarga boshlagan kishilarni jazolashni buyuradi. Sharafiddin Ali Yazdiyning shohidlik berishicha, “Hazrat eshittikim, shahzoda aysh-u ishratigʻa bois bir jamoat sozandalar boʻlgʻon ermishlar, alar jihatidin shahzoda ishratqa mashgʻul ermish. Bu jihatdin viloyatqa tashvishlar paydo boʻlgʻon turur. Hukm boʻlib erdikim, alarni tutib yasoqqa yetkurgaylar” (Zafarnoma. 1-kitob. Toshkent, “Fan”, 2020. 224-bet). Mavlono Kohiy, Qutb Noiy deganlar tutib kelinib, darhol qatl etiladi. Oʻz davrining katta olim va sanʼatkori Xoja Abdulqodir qochib qutuladi. Oradan bir qancha vaqt oʻtganidan keyin Xoja Abdulqodir Iroqda Amir Temur huzuriga keltirilganida u chiroyli va baland ovozda Qurʼon tilovat qilib Sohibqironning gʻazabini yumshatishga muvaffaq boʻladi. Sohibqiron unga rahm qilish bilan birga oʻz fikrini sheʼrda ifoda etadi va uni yana koʻp yil oʻz dargohida olib qoladi (Amir Temur – jahon tarixida. Toshkent, “Sharq”, 2001. 166-167-betlar).

Amir Temur sogʻlom oila, sogʻlom avlod toʻgʻrisida qaygʻurgan. U bunday oʻgit beradi: “Oʻgʻillarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni man etdim. Zero, sharobning taʼsirida bunyodga kelgan farzand nasl-nasabining buzilishiga taʼsir etgay debon shu pokiza yoʻlni tutdim” (Amir Temur oʻgitlari. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2007. 58-bet). “Uning baxtiyor noiblari tasarrufi doirasiga kirgan jamiki mamlakatlardagi mayfurushlik doʻkonlari va mayxonalar yopildi. Holbuki, Bagʻdodning “Suk us-sulton”i, shuningdek, Tabrizdan, Sultoniyaning uzun, Sherozning “Dor-ul-lataf”i, Kirmonning quyi koʻchalari va Xorazmdagi mayxonalardan har kuni bir necha tuman mablag‘ yigʻilardi”, deb yozadi Muʼiniddin Natanziy (Muntaxab ut-tavorixi Muʼiniy. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2011. 105-bet). Demak, ulug‘ hukmdor aholi salomatligini moddiy manfaatdan ustun qoʻygan.

Bagʻdodda ichkilikbozlik va turli buzuqliklar avj olgani haqida xabar topgan Soibqiron farmon chiqarib, barcha mast qiluvchi ichimliklarni Dajla daryosiga toʻktiradi, shaharda keng tus olgan fohishaxonalarni zudlik bilan yoptiradi (“Amir Temur – jahon tarixida”, 114-bet).

Oʻzgalar nigohida Sohibqiron qanchalik ulugʻvor boʻlmasin, hayotda kamtar boʻlgan. Oʻz lashkarining qozonidan taom yegan, odmi kiyingan. Yevropalik sayyoh Klavixoning yozishicha, Chin Mochin-u Xoʻjandning ipak liboslari turganida, u koʻpincha Shahrisabzning oddiy matosidan tikilgan olacha libos kiygan. Yarim dunyo tasarrufida boʻlishiga qaramay, oyoqlari ona zamindan uzilmagan.

Temur oʻz gʻanimlariga nisbatan ham hurmat koʻrsatgani natijasida dushmanlik doʻstlikka aylangani manbalarda muhrlangan: “Menga yomonlik qilib, boshim uzra shamshir koʻtarib, ishimga koʻp ziyon yetkazganlarni ham, iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelgach, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan oʻchirdim, martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yoʻl tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubha-yu qoʻrquv boʻlsa, unut boʻlardi” (Temur tuzuklari. Toshkent, 1991. 55-bet).

“Amir Temur kitob mutolaa qilishni hech kanda etmagan” (Ibn Arabshoh. Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur. Toshkent, “Mehnat”, 1992. 70-bet). “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aqlidrok, ilm-u donishning asosidir, hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir” deb bilgan Sohibqiron.

Insoniyat tarixida oʻtgan koʻplab hukmdorlar kitob va qoʻlyozmalarni yoqib, asosan moddiy boyliklarni toʻplab, oʻz yurtiga olib ketgan. Temur esa, aksincha, qaysi yurtda boʻlmasin, kitob va qoʻlyozmalarni jamlab, asrab-avaylagan holda Samarqandga joʻnatgan. Shu tariqa Samarqand dunyoning eng yirik madaniy markaziga aylangan.

Sohibqiron insoniyat tarixida nafaqat mohir sarkarda, yetuk diplomat, balki ilm-fan, madaniyat va sanʼat rivojiga hamda jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk davlat arbobi sifatida oʻchmas iz qoldirgan. “Millatning dardlariga darmon boʻlmoq vazifangizdir”, “Zaiflarni qoʻring, yoʻqsillarni boylar zulmiga tashlamang”, “Adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz boʻlsin” kabi qimmatli oʻgitlar bugun ham yoshlar maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, ularni xalqparvar va vatanparvar qilib tarbiyalashda muhim manba vazifasini bajarmoqda.

Komil SULTON,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.