Bugun sanani taqvimda baxt va shukrni anglatuvchi rang bilan belgilab qoʻyish kerak edi. Ammo bunday odatim yoʻq ekan. Nashriyotimizning maktablarda kitob koʻrgazmalari va bayramlari oʻtkazish anʼanasi bor. Bugun Yunusobod tumani 265-maktabda koʻrgazma oʻtkazdik. Bu ishlarga masʼul xodimimiz Adiba Meyliyevadan xabar kelib qoldi.

Oʻtgan yili shu maktabda oʻtkazgan koʻrgazmamizda bir qizaloq “Aqlni charxlovchi oʻyinlar” kitobini koʻrib qolgan. Kitobni varaqlagan, qiziqarli mashqlar va oʻyinlarga uzoq tikilgan, lekin sotib olmagan. Nisbatan qimmatgina kitob uchun yetarli pul boʻlmagan yonida. Uyiga qaytgach bir yil davomida keyingi koʻrgazmani kutgan va oʻziga berilgan tanga pullarni yigʻib yurgan. Bir yil davomida maqsadi oʻzgarmagan. Turli xil muzqaymog‘-u shokoladlar, oʻyinchog‘-u taqinchoqlar orzusidan chalgʻita olmagan.

 

Va nihoyat bugun orzusiga yetgan.

Bu oddiy voqeada Umid bor, Kelajak bor, Yorugʻlik bor. Bu voqea menga oʻzining boshqalarnikidan farqli yoʻlini  tanlagan pingvin voqeasidan ham taʼsirliroqdek tuyuldi.

Sanjar NAZAR