Turk ellari deganda koʻpchilikning koʻz oldiga ming-minglab otliq qoʻshinlarga ega, kundalik turmushi chorvachilikka asoslangan el-uluslar keladi. Xitoy, tibet, kavkazliklar kabi boshqa koʻplab qoʻshnilaridan farqli oʻlaroq turklar Yevrosiyo kengliklarida yashab, qoʻshni Yevropaning kunchiqar oʻlkalari, Yaqin Sharq, Fors va Hind, Uzoq Sharqda oʻzlarining oʻnlab sulolalari hukmronligini oʻrnatar ekan, ota-bobolaridan oʻzlashtirgan qurol-yarogʻlar, kiyim-kechaklar, yalpi olganda, mingyillarda qozonilgan urush sanʼati koʻnikmalari qoʻl keldi. Qadimgi turklarning boshqalardan ustun tomoni – jamiyatdagi har bir kishi, yigit-yalanglar, oʻrni kelganda, xotin-qizlar ham el-yurtni saqlash uchun yovga qarshi kurasha olganliklarida edi. Boshqa oʻlkalarnikiga oʻxshamaydigan iqlim: qishi qattiq sovuq, yozi esa jazirama boʻlgan Markaziy Osiyo va unga tutash yerlarda yashab kelgan turk el-uluslari qiyinchiliklarga chidamli, turli ob-havoga moslashuvchan boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda, ona tabiat ularni shu yoʻsinda tarbiyaladi.

Turkistonliklar  toʻrt tomondan turli tillarda soʻzlashuvchi elatlar bilan ming yillar boʻyi qoʻni-qoʻshni boʻlib yasharkanlar kimlardandir yangi yutuqlarni oʻzlashtirdi, kimlargadir oʻz koʻnikmalarini oʻrgatdi. Bu ularning tilida ham aks etdi – ular bir-biridan yangi soʻzlar oʻzlashtirdi. Bugungi turkiy tillarda minglab arabcha, forscha soʻzlar uchrashi, fors va slavyan tillarida esa koʻplab turkcha soʻzlar borligi gapimizning dalili. Harbiylikda yetakchi boʻlgan turkiylardan slavyan tillariga, ayniqsa, rus tiliga “полк” (boʻluk, harbiy boʻlinma), “фуражка” (boʻrk, harbiy bosh kiyim), “атаман” va yana oʻnlab soʻzlar oʻtgan. Koʻchmanchi chorvachi boʻlgani uchun chorvachilik bilan birga ekin-tikinchilikka tegishli soʻzlar-da koʻp uchrashi eski turklar dehqonchilikda ham ilgʻor boʻlganini koʻrsatadi. Moʻgʻul va venger (mojor) tillaridagi oʻnlab dehqonchilik bilan bogʻliq atamalarning negizi eski turkchaga borib taqaladi: moʻg‘. “tarialan”, veng. “tarlo” (eski turkcha “tariqlig‘ – ekinli dala”); veng. “arok” (eski turkcha “arig‘ – ariq”). Shuningdek, ushbu tillardagi “alma” (olma), “arpa”, moʻg‘. “buuday”, veng. “buza” (bugʻdoy) soʻzlari ham eski turkchadan oʻzlashgandir. Shunga oʻxshash suv tarmoqlari, dengiz bilan bogʻliq soʻzlarning koʻpi vengercha va moʻgʻulchaga turkchadan oʻtgan deb qaraladi. Boshqa tomondan esa bu oʻxshashlik har uchala tilning kelib chiqishi, negizi bir deyishga undaydi. Har uchala tilda “dengiz” – tengiz (turk.), tenger (veng.); “koʻl” – nuur, gol (moʻg‘.)...

Qizigʻi shundaki, turkiy elatlar yashagan ilk yurtlar – Oltoy, Sibir, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi, Volga – Uralboʻyi, Qoradengiz va Shimoliy Kavkaz tegralari sersuv boʻlib, bu yerlar yirik irmoqlarga, dengiz-u koʻllarga boy edi. Uzoq ota-bobolarimiz oʻzlari va mollarining ehtiyoji uchun oqar suv manbalari boʻyida oʻtov tikkan. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: “suv yoʻli turkiy elatlarga yana nima uchun kerak boʻlgan, ular dengiz-u daryolar orqali uzoq yurtlarga yoʻl olishmaganmi, koʻl va irmoqlardagi baliqlar ularga yegulik boʻlmaganmi, koʻprik va boshqa suv usti qurilmalar bormidi, ota-bobolarimiz urush va savashlarda kemalardan foydalanmaganmi?”. Bu kabi soʻroqlarga javobni yozma manbalardan izlasak, eski turkchada suv va suv tarmoqlari, suv usti qurilmalari, dengiz bilan bogʻliq oʻnlab soʻz va atamalar uchrashiga guvoh boʻlamiz. Quvonarlisi, bunday soʻzlarning koʻpchiligi tub turkcha soʻzlar. Demak, ota-bobolarimiz uzoq chogʻlardan beri dengizlar osha yoʻlga chiqqanlar, dunyo kezganlar, oʻzlari uchun yangi-yangi oʻlkalarni ochgan.

VII–VIII yuzyilliklarga tegishli Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida “taluy” soʻzi uchrab, maʼnosi “dengiz” yo boʻlmasa “okean” boʻlgan [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 89, 92]. Bu soʻz ota-bobolarimiz tushunchasida eng yirik suv manbasi “taluy ~ talay” deb nomlanganini koʻrsatadi. Bugungi kunda u oʻzbek, qozoq va yana bir necha qardosh tillarda “koʻp”, “oʻta koʻp” anglamlarida “talay” koʻrinishida saqlanib qolgan. Bitiktoshlarda “koʻl” deb keltirilgan soʻz esa deyarli barcha tillarda, shuningdek, qoʻshnimiz tojiklarda koʻp uchrashini bu yerdagi suv tarmoqlari bilan bogʻliq oʻnlab atamalar – gidronimlar koʻrsatib turibdi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Tojikistonda Qora-koʻl, Iskandar-koʻl, Zoʻr-koʻl, Koʻli-kalon, Rang-koʻl oʻlkadagi eng yirik koʻllardir.

Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”ida dengiz, koʻl va daryolardan foydalanish bilan bogʻliq quyidagi soʻzlar uchraydi:

1.                “kemi – kema. Oʻgʻuzlardan boshqa turk qabilalarida qoʻllanadi. Sheʼrda shunday kelgan:

“Kemi ichra oʻldurup,

Ila suvin kechtimiz.

Uygʻur taba bashlanip,

Minglaq elin achtimiz.”

Kemaga oʻtirib, Ila suvidan kechdik (Ila katta bir anhordir). Soʻng uygʻurlar tomonga boshlab, Minglaq elini ochdik” [Koshgʻariy 1963, III: 253; DLT 2014]. Koshgʻariy “oʻgʻuzlardan” – bugungi Onadoʻli va Ozarboyjon turklari, turkmanlarning ota-bobolaridan tashqari qarluq, qipchoq va boshqalar “kemi” soʻzini qoʻllaganlar. Qizigʻi shundaki, bugungi kunda bu soʻz har uchala oʻgʻuz turklarida “gemi”, “gämi” koʻrinishida uchrab, oʻzbekcha va boshqa qardosh tillarda “kema”, “keme” – turkcha variantiga yaqin koʻrinishda saqlanib qolgan. Koshgʻariy keltirib oʻtgan Ila daryosi esa bugungi kunda ham shunga yaqin – Ili deb yuritilib, turkiy ellarning qadim yurti Sharqiy Turkistonning shimolidan oqib oʻtadi. Uning qirgʻoqlarida uygʻur, qozoq, qirgʻiz qardoshlarimiz yashab keladi.

2. “sal (sol) – novda yoki meshlardan yasalgan yengil qayiqcha, sol. Tar (tor) soʻzi ham shu maʼnodadir” [Koshgʻariy 1963, III: 171]. Bugungi turkiy tillarning koʻpchiligida “sal” (qattiq “a” bilan), oʻzbek tili va shevalarida “sol” va “sal” koʻrinishlarida saqlangan bu soʻz Koshgʻariy zamonidagi maʼnosida qoʻllanilmoqda.

3. “tar (tor) – kichik suvlarda qoʻllanadigan oddiy qayiq. Bu shundayki, biri necha meshlar damlanib shishiriladi. Soʻng ogʻzi bogʻlanib, bir nechasi bir-biriga birlashtiriladi. Suv ustida tomga oʻxshash bir narsa hosil qilinadi. Soʻng uning ustiga oʻtirib, suvdan oʻtiladi. Shuningdek, qamish va shoxlardan ham shunday narsa yasaladi (yaboqu va tatarlar soʻzi)” [Koshgʻariy 1963, III: 362]. Bugungi turkiy tillarda deyarli uchramaydigan “tar” (qattiq “a” bilan) soʻziga Koshgʻariy “kichik suvlarda qoʻllanadigan oddiy qayiq” deb ochiqlama berishi qiziq. Demak, oʻsha kezlarda turkiy elatlar yirik va kichik suv tarmoqlaridan unumli foydalanishgan. “Devonu lugʻatit turk”dan anglashinicha, har ikkala elatdan farqli oʻlaroq boshqa turk elatlari bunday qayiq turini “sal” (sol) deb ataganlar. Yana qiziq jihati shundaki, Koshgʻariy “tar”ni “yaboqular va tatarlar soʻzi” deb urgʻu berishi bu soʻzning doirasi tor boʻlganini koʻrsatadi. Oʻsha kezlarda yaboqu, tatar elatlari Turon oʻlkasining kunchiqar tomonlarida – Sharqiy Turkiston va bugungi Moʻgʻuliston tomonlarda yashab, turk tilida soʻzlashganlar. Bu esa bugun turkiylarning bir tarmogʻi boʻlmish tatarlarni “ular eski chogʻlarda Moʻgʻulistonda ham kunchiqarda yashab, moʻgʻul tilida soʻzlashgan, XIII yuzyillikda Chingiziylar bilan Volgaboʻyiga kelgach, turklashib ketgan” degan qarashni yoʻqqa chiqaradi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, tatarlar bilan qoʻshni yashagan yaboqu urugʻining izlari bir necha turkiy ellarda uchrab, oʻzbek urugʻlari orasida “javogʻi” koʻrinishida saqlanib qolgan [Nafasov 2009: 103].

4. “oʻchan – ikki yelkanli qayiq (qipchoqcha)” [Koshgʻariy 1960: 144]. Bu soʻz turk ellari orasida birgina qipchoqlarda uchrab, ikki yelkanligi bilan ayricha ajralib turgan. Oʻsha kezlarda qipchoqlar bulgʻor, suvor, bajanak kabi Volgaboʻyidan kunbotarga – Sharqiy Yevropa oʻlkalariga tutashgan yerlarda yashab, ular yirik suv tarmoqlari – Don, Dnepr daryolari, Kaspiy va Qora dengiz bilan yaqindan tanish boʻlgan. Ular bilan qoʻshni boʻlgan slavyan, rumin, german elatlari esa yaxshigina dengizchi ellar boʻlib, yirik daryolar orqali turklar bilan savdo-sotiq qilishgan.

Koshgʻariy “oʻchan”ning qipchoqcha soʻz ekaniga urgʻu berishi bunday moslamaning boshqa turklarda boʻlmagani yoki ular uni boshqacha nomlagani bilan bogʻliq boʻlsa kerak.

5. “koʻrgak – kemachilarning eshkaklari va har bir narsaga qoʻllanadigan belkurak” [Koshgʻariy 1963, II: 335]. Bugungi kunda koʻplab turkiy ellarda “kurak”, “kurek” deb aytiladigan mazkur soʻz bundan ming yilcha ilgari ham turk el-uluslarining kemachilikni yaxshi bilganliklarini koʻrsatadi. Oʻzbekchada “eshkak” soʻzi bilan teng qoʻllaniladigan “kurak” soʻzi Onaduli turklari, qozoq va yana bir necha turklarda shunga yaqin – “kurek” koʻrinishida uchraydi. Boshqa tomondan esa Koshgʻariy bu soʻzni “va har bir narsaga qoʻllanadigan belkurak” deb ochiqlashi oʻsha kezlarda ushbu moslama yer chopish, qor kurash kabi yumushlarda ham qoʻllanilgan degan xulosaga undaydi.

Ushbu oʻrnaklardan koʻrinadiki, turkiylarning ota-bobolari ming yillar boʻyi yirik suv manbalaridan foydalanar ekan, ham yirik qurilmalar (kema), ham kichik moslamalar (sol), tar yasashni yaxshi bilishgan. Kemi, sol, tar (tor), koʻrgak (kurak) kabilar tub turkchadan yasalgani esa eski turklar bunday soʻzlarni boshqalardan, aniqrogʻi, xitoy, fors, slavyanlardan oʻzlashtirmaganini koʻrsatadi.

Kezi kelganda aytib oʻtish kerak, bugungi turkiy tillarning koʻpchiligida boʻlganidek, eski turkchada ham “qayiq” degan soʻz uchrashi kutilgan edi. Biroq negizida “qay – toymoq, suzmoq, siyrilmoq” anglami yotadigan bu soʻz na “Devonu lugʻatit turk”da va na boshqa eski soʻzliklarda uchraydi. Toʻgʻri, Koshgʻariy “қаδық – yogʻoch idish (argʻucha)” degan soʻzni keltirib oʻtadi, biroq uning oʻsha kezlarda bugungi kundagi “qayiq” bilan bitta negizdan yasalgani yoki boshqacha ekani aniqlanmagan [Koshgʻariy 1960: 356]. Eski turkcha “yogʻoch idish” keyinchalik koʻl va irmoqlarda suzishga asqota boshlagach, “qayiq” deb atalgan, chamasi. Boshqa tomondan esa Koshgʻariy “argʻucha” deb ochiqlagan mazkur soʻz bundan ming yilcha ilgari isteʼmolga kirgan, koʻp oʻtmay turkiylarning Kichik Osiyo va tegralariga, shuningdek, Sharqiy Yevropa tomonlarga borib oʻrnashuvidan keyin “qayiq”, “kayik”, “gayiq”, “kaek” koʻrinishlarida ishlatila boshlagan boʻlsa kerak.

Qizigʻi shundaki, bugun deyarli butun dunyo tillarida uchraydigan suv sporti turlaridan biri – “kayak” ham aytilishi va yozilishi, maʼnosi boʻyicha turkiy tillardagi “qayiq” soʻziga yaqin. Amerikaning tub aholisi – aleutlar va alyaskalik yupiklarga tegishli deb qaraladigan bu soʻzning turkiy tillarda ham shu koʻrinishda uchrashi va har ikkala til oilasida uning negizi “qay-” feʼliga borib taqalishini shunchaki oʻxshashlik deb qarash qanchalik toʻgʻri. Aleut va alyaskaliklarda bu feʼl “sirt, yuza; yuqori”ni bildirsa, eski turklar va ularning bugungi izdoshlarida “toymoq, suzmoq” anglamida qoʻllaniladi. Qolaversa, eski turkchadagi feʼldan ot yasovchi qoʻshimcha “-ak; -aq” uzoq Amerika yerlilariga qanday borib qoldi ekan?

Yana bir qiziq oʻrnak, suv usti qurilmasi boʻlmish “koʻprik”ning eski turkchadayoq keng qoʻllanilganidir. Ilk eski uygʻur Turfon bitiklarida (IX–XI yuzyilliklar) va “Devonu lugʻatit turk”da “koʻprug” deb tilga olingan bu soʻz [Koshgʻariy 1960: 443] bugungi kunda ham turkiy tillarda shu va shunga yaqin koʻrinishda saqlanib qolgan. Oʻzbekchada “koʻprik”, uygʻurchada “koʻpruk”, qozoq va qoraqalpoqchada “koʻpir”, Onadoʻli va Ozarboyjon turklarida “koʻpru” (ozarb. “koʻrpu”), turkmancha “koʻpri”, tatarcha-boshqirdchada “kuper” (koʻpir) oʻlaroq qoʻllaniladigan bu soʻzning etimologiyasini koʻpchilik izlanuvchilar eski turkcha “koʻpur- – shishmoq, qavarmoq” feʼli bilan bogʻlab tushuntiradilar. Ayrim izlanuvchilar esa uni shu anglamdagi yunoncha “gefira” soʻzi bilan ochiqlashga urinishgan. Biroq “koʻprik” soʻzining moʻgʻul tilida “koʻgerge – 1. koʻprik; 2. shishirilgan teri, tulum” deb qoʻllanilgani koʻzda tutilsa, bu ochiqlama ishonchsiz boʻlib chiqadi. Demak, turklar va moʻgʻullar irmoq va daryolardan kechib oʻtish uchun shishirilgan terilar – tulumdan foydalangan boʻlib, keyinchalik shu negizda “koʻprug ~ koʻgerge” deb ataladigan suv usti qurilmasi yasalgan. Har ikkala tilning qarindoshligini koʻrsatadigan koʻplab feʼl va otlar bor boʻlib, eski turkcha “qapug‘” (eshik, darvoza) soʻzining moʻgʻulchada “qagʻalgʻa” deb atalgani ham bunga oʻrnak boʻla oladi: koʻprug ~ koʻgerge; qapug‘ ~ qagʻalgʻa.

Eski turklarda kemachilik, suv usti oʻtkazgichlari qanday atalgani-yu, bu bilan bogʻliq soʻz va atamalarning kelib chiqishiga koʻz tashlash shuni koʻrsatdiki, ota-bobolarimiz qadimdan bu sohani yaxshi bilgan, turli moslama va qurilmalarni oʻzlari yasab, ularni oʻz tilidagi soʻzlar bilan atagan.

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

Qoʻllanilgan adabiyotlar

1. Abdurahmonov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.

2. Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu lugʻotit turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M. Mutallibov. 3 tomlik. – Toshkent: Fan, 1960–1963.

3. Nafasov T. Qashqadaryo qishloqnomasi. Toshkent: Muharrir, 2009.