Ehtimol, bizning xalq ilm-u maʼrifatni, tarbiya va taʼlimni, hunar va sanoatni yaxshi koʻrar, deb oʻylaydurgʻondursiz? Yoʻq, bu fikringiz yong­lish. Eshonlarimiz toat va ibodat, pand-u nasihat, zikr-u tasbeh oʻrnigʻa toʻylardan toʻn kiyub, koʻb oshab, koʻp uxlashni yaxshi koʻrurlar. Ulamolarimiz dars-u taʼlim oʻrnigʻa, bir-birlari ila oʻrun talashib, mukarrir va mudarris boʻlishni, oʻzlari boʻlolmay qolsalar, eshikma-eshik yurub saylovni buzishni yaxshi koʻrurlar. Imomlarimiz, xaloyiqgʻa vaʼz va nasihat oʻrnigʻa, toʻy va janozalarda yurub, joma kiyishni yaxshi koʻrurlar. Boylarimiz orqa-oʻnglarigʻa qaramasdan, foyda va zararlarini oyirmasdan bir-birlarigʻa raqobat qilaman deb, “bonka” va “kridit”larini koʻpayturub, doʻffilari tor kelganda rus va yahudiylar­ning mollarini bukub-sinishini yaxshi koʻrurlar. Moʻysafidlarimiz namoz va ni­yoz oʻrnigʻa, masjid eshigiga yigʻilub oʻturub, har kimni gʻiybat va shikoyat qilishni yaxshi koʻrur­lar. Muallimlarimiz bir-birlaridan qiz­gʻonishub, bolalarni arzon oʻqi­taman deb, bir oʻzlariga yuz, yuz­dan ortuq bola yigʻub, oʻzlari toʻy va maʼrakalarda bolalarning umri­ni bekor oʻtkarishni yaxshi koʻrur­lar. Savdogarlarimiz: “Toʻy­likni toʻyi oʻtar, toʻysizni kuni oʻtar” de­gan soʻzga amal qilmay, qaysi mahallada toʻy boʻlsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi koʻrurlar. Muazzinlarimiz azonni yaxshilab adoyi maxraj qilub aytishni oʻrganmay, bir joyda toʻy boʻlub qolsa, “Falonchinikiga oshga-ho!” deb qiroat ila qichqirishni yaxshi koʻrurlar. Doʻkondorlarimiz ishlarini tar­tibga solmay, zamonagʻa muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolgʻon eski doʻkon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi koʻrurlar. Onalarimiz bilim va tarbiya oʻrnigʻa erlari ila urushub-tala­shub qizlarigʻa mol qilmakni yaxshi koʻrurlar. Otalarimiz bolalarigʻa oʻqutmak va taʼlim bermak oʻrnigʻa “Oʻgʻlum emdi kattakon yigit boʻl­ding, shuncha oʻquganing yetar, pul top!” – deb “tashishka” – hammollik qildirishni yaxshi koʻrurlar. Kosiblarimiz bir-biridan mol­larini arzon sotaman deb, tezgina yirtiladurgʻon, tikishlar undan urub, mundan chiqgʻon, suvni yetti chaqirim yerdan chaqiradurgʻon mahsi va etiklar tikub, sotishni yaxshi koʻrurlar. Zargarlarimiz yigirma ti­yinlik kumush, oʻn tiyinlik tillo orasigʻa mum va saqichlar joylab, ismini “qiz hayron”, “zebigardon” qoʻyub, besh-oʻn soʻmga sotishni yaxshi koʻrurlar. Tabiblarimiz dolchin, zanjabil, hubbul malik, filfil kabi bir necha attorni qutisida yoʻq narsalardan murakkab doru va maʼjunlar ­yasab, bechora nodon xalqni pulini olishni yaxshi koʻrurlar... Savodxonlarimiz jarida va jur­nallar, tarix va roʻmonlar oʻrnigʻa Daqyonus zamonidan qolgʻon, xurofotlar ila toʻlgʻon “Andog‘ urdilarki, gard-gard boʻlub ketdi”, deb loflar yozilgʻon kitoblarni ogʻiz­larini qufurturub oʻqumoqni yaxshi koʻrurlar... Yoshlarimiz ilm va maʼrifatli boʻlishni, hunar, sanʼat oʻrgonishni oʻrnigʻa, oʻzlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qoʻyishni yaxshi koʻrurlar. Ishchilarimiz ilm va hunardan mahrumligi sababli boshqa millatlar ilm-u maʼrifatlari soyasida kuniga 4-5 soʻm ishlab turgan bu zamonda kuniga uch tangagʻa mardikorlikni, oyigʻa oʻn besh soʻmgʻa qorovullikni, yigirma soʻmgʻa fanar yoqishni, oʻn soʻmgʻa koʻnka yoʻlini tozalashni va shularga oʻxshash eng past va ogʻir xizmatlarni yaxshi koʻrurlar. Bolalarimiz otalarimizning ilm qadrin bilmagan, ilm uchun pulni koʻzlari qiymaganlik sababli oʻqumoq va oʻrganmoq oʻrniga “Oh pul, jonim pul”, deb “tashishka” – hammollikni yaxshi koʻrurlar. Muharrirlarimiz koʻb-koʻb oqcha olib, oz-oz yozishni yaxshi koʻrurlar. Mushtariylarimiz foydali ma­qo­la­lar oʻrnigʻa xabarlarni yaxshi koʻrurlar. Dumalarimiz majlisga kelub, ustulga suyolub farogʻat qilub tur­gʻon vaqtlarida, bir tarafdan qattigʻroq tovush chiqsa, choʻchib uygʻonishni yaxshi koʻrurlar. Shoirlarimiz milliy sheʼr va adabiyot yozishni oʻrnigʻa muvashshahmi yoki “qoshingdan, koʻzing­dan”, – deb, juvonlarni maqtab fasod axloqgʻa sabab boʻladurgʻon sheʼrlar yozishni yaxshi koʻrurlar. Ammo men boʻlsam, hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi koʻrurman.

Abdulla AVLONIY
1913-yil Husan SODIQOV  chizgan rasm.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son