Savol dabdurustdan gʻalati tuyulishi mumkin. Ammo yeb-ichish, mehnat qilish, harakat, uxlash, dam olish inson uchun qanchalar zarur boʻlsa, ruhiy-maʼnaviy intilishlar, tuygʻularni muntazam oziqlantirish ehtiyoji ham undan kam ahamiyatli emas. Insoniyatning ongli hayot tarzi shakllana boshlaganda ibtidoiy taqlidiy ohang – musiqa, harakat – raqs, devoriy suratlar; keyinroq qiziqchilik, ashula, muqallidlik, tomosha oʻyinlar; yozuv va toshbosma kashf etilgach – kitob, gazeta-jurnallar shu xil ehtiyojga javob oʻlaroq paydo boʻlgan. Hozir esa bu vazifa asosan televizor, qoʻltelefon, planshet, noutbuk va hokazolar zimmasida. Ular beshikdan tor qabrga qadar insoniyatning ajralmas yoʻldoshi boʻlib qolgandek.
Bugun mazkur vositalar orqali inson bahramand boʻlmogʻi talab etilgan, moddiyat mezonlari ila oʻlchanmaydigan sanʼat oʻrnini moʻmay daromad manbayiga aylantirilgan sanʼatning olqindisi – ommaviy, aniqrogʻi, olomon madaniyati hodisasi egalladi; bu hodisa daqiqa sayin ming-millionlab koʻpayib boradigan virus kabi olamni qamrab olmoqda. U endilikda qonga batamom soʻrilib, butunboshli jamiyat kori-aʼmoliga aylanarak, insondek zoti sharifni ne bir abgorlik suvratida sharmisor etmoqda. Shahrimiz markaziga olib boradigan shohkoʻchalar boʻylab asta yursangiz, oʻng-u soʻldagi anvoyi reklamalardan koʻzingiz qamashadi: “Basta”, “Million”, “Millenium” va hokazo. Bularning bari tomosha-ermak, shou choʻpchak, koʻngilxushi. “Mana senga olam-olam gul, etagingga siqqanicha ol!”
Endi asosiy mavzuga qaytsak: xoʻsh, kino sanʼatmi yoki?..
Harqalay, mengacha va men mansub avlod kinoni sanʼat hodisasi deb bilardik. Yigʻlardik, kulardik; ekrandagi voqealarni hayajon ichra, yurak oʻynogʻida kuzatardik. Aytishingiz mumkin: hozirgilaridan ham xuddi shu holga tushadi-ku! Toʻgʻri, yigʻlatishi, kuldirishi, hayajon uygʻotishi mumkin. Ammo... ammo asl sanʼat beradigan taassurot shamoldek yelib oʻtuvchi holat emas. U qalbni oʻrtab, ongda talotoʻp yasaydigan va oʻsha kechinmalardan butun jism-u joningizda yuksak maʼnaviy mulk, ruhoniy bisot barpo etadigan hodisa. U oʻrni-oʻrni bilan yurish-turishingiz, gap-soʻz va muomala-munosabatingizda, har turli faoliyatingizda namoyon boʻladi. U sizning tiynat-tabiatingizga taʼsir koʻrsatib, magʻrurroq qiladi, ilmda, ijodda, harakatda yangi-yangi izlanish, intilishlarga undaydi. U goʻyo togʻlarning sof havosiga, chashmalarning ziloliga oʻxshab – ruh, qoʻr, quvvat va qudrat bagʻishlaydi; hayrat koʻzlarini ochib, dunyoga teran va tiyrak nazar bilan qarashga oʻrgatadi...
Ne baxtki, biz asl sanʼatga oshufta, oshno boʻlib, shunday sanʼat muhitida tarbiya topdik. Garchi endi biroz eskicharoq, biroz joʻn va biroz kulgili, uvadaroq koʻrinsak-da, shuni hayot va sanʼat aqidasiga aylantirib olganmiz. Kamina komil ishonch bilan tasdiq etamanki, ha, kino – sanʼat, sanʼat boʻlganda ham chin insoniy fazilatlarni tarbiyalaydigan, badiiy tafakkur va didni shakllantiradigan, maʼrifat hamda ibrat tashiydigan, inson qalbini yumshatib, fikratga mayoq beradigan, qiyosi kam, takrori dushvor sanʼat!
Endi shu mezonga tayanib soʻnggi yillarda oʻzimizda yaratilgan tarixiy-badiiy filmlarga nazar solaylik. Ikki-uch yil oraligʻida “Islomxoʻja”, “Imom Iso at-Termiziy”, “Berlin–Oqqoʻrgʻon”, “Elparvar”, “Said bilan Saida”, “Qoʻqon shamoli”, “Avloniy”, “Isʼhoqxon Ibrat”, “Ilhaq”, “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi”, “Rangsiz tushlar” kabi badiiy filmlar tomoshabin eʼtiboriga havola qilindi; “Muhabbat bahori” (Hamid Olimjon va Zulfiya) filmi deyarli tayyor boʻlib qoldi. Sanab oʻtilganlarning aksariyati eshiklar turmini buzadigan ommaviy tomoshabin nuqtayi nazaridan, balki oʻziga ohanrabodek tortavermaydigan kamtarona tajribalardir. Navbatdagilarini ham, ehtimolki, shunday qismat kutayotir. Ularning barini katta sanʼat meʼyorlari bilan tahlil etib, baholash biroz mushkul; ustiga ustak, tomoshabinning koʻp-kamligini mezon biladigan munaqqidlar urchiganida rost. Biroq, unutmaylikki, mazkur filmlarning oʻz tomoshabini bor, ijtimoiy tarmoqlardagi baland-past gaplar ham mezon emas. Qolaversa, jahon kinosi buyuklari – Tarkovskiydan Abuladzegacha, Parajanovdan Sokurovgacha – ne-ne ulugʻlar yaratgan durdonalar ham, harchand reklama qilinmasin, oʻrtamiyona estrada xonandasi yo biron bachkana shou yigʻadigan auditoriyani yigʻolmasligi bor gap.
Ishonchim komilki, “Islomxoʻja” badiiy-publitsistik filmidan soʻng “Ilhaq”qa kirishgan va uni bir yillik zahmatli mehnat samarasi oʻlaroq yakunga yetkazgan kinorejissyor Jahongir Ahmedov oʻz ijodiy guruhi bilan dastlabki tajribadan keraklicha saboq olib, ijodiy mahorati yuksala borayotganini koʻrsatdi.
Buyuk muhaddis Imom Termiziy, Amir Umarxon-u Nodirabegim, Islomxoʻja, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Said Ahmad-u Saida Zunnunova nomlari bugun badiiy film shaklida oʻzbek xonadoniga kirib borayotgan ekan, uning millat maʼrifati va maʼnaviy dunyosi uchun nechogʻli zarur, nechogʻli muhim ekanini izohlab oʻtirishga ortiqcha zarurat yoʻqdir-u, lekin oʻylayman: biz millat, xalq oʻlaroq oʻz tariximizni bor buyukligi, bor murakkabligi bilan idrok eta olish darajasiga yetdikmi? Soʻzdan ishga, nazariyadan amaliyotga oʻta oldikmi? Oʻtmish voqeligini, shu manzarada ijtimoiy oʻzlikni anglash maʼrifati tomon yuz burdikmi?
Ha, bu soʻroqlar ogʻriqli, ularga yorug‘ yuz bilan baralla ijobiy javob aytish hozircha xiyla dushvor. Sabab shuki, tarixni anglash uchun maʼrifiy chora-tadbir, vositalarimiz hali ancha takomil topmogʻi zarur. Shunday ekan, nega maʼrifat kasb etishning sanʼatkorona yoʻllarini izlamay, ommaviy madaniyat yoʻsinidagi ur-sur, ot, qoch-quvla, yoqalash-tepalash... kabi hollivudona usullarga tanda qoʻyishimiz kerak?
Hollivud-ku buning obdon hadisini olgan, ularga tenglashish dushvor; unga koʻr-koʻrona ergashish esa beoʻxshov taqlid boʻlib qolaveradi. Buning yorqin va achchiq misoli – Bollivud. Biz maʼnaviy bahra olib, sanʼatidan mutaassir boʻlib, koʻzyoshlar toʻkkan; his-tuygʻular chandon joʻsh urib, qani edi shunday muhabbat sohibi boʻlsam, shunday doʻst boʻlsam, deya ibrat olgan “Bavju Bavra”, “Devdas”, “Daydi”, “Janob 420”, “Sangam”, “Simladagi muhabbat”, “Changda qolgan gul”, “Yangi Dehli”, “Tosh va gul”, “Hamroz”, “Sadoqat” kabi oʻnlab mumtoz hind filmlari oʻrniga faqat tijorat maqsadlarini koʻzlagan minglab taqlidiy blokbasterlar butun hind kino olamini ishgʻol etdi. Bu filmlarning tomoshabinni xayoliy manzaralar bilan chalgʻitib, vaqtini oʻldirib beradigan, koʻngilochar ermaklar ekani hech kimga sir emas. Ha, yoqimli ermak mablag‘ talab etadi; koʻngil ochib, huzurlanish uchun pul toʻlash kerak. Kino dunyosi bir toʻda ishbilarmonning boylik orttirish uchun tushgan raqobat maydoni – serhasham kino saroylari, kino shaharchalari, kino bozorlari boʻlib qoldi...
Xoʻsh, biz qaysi yoʻldan boramiz? Buyuk Shekspir qahramoni aytmoqchi, “Yo hayot, yo mamot: masala shundoq!” Bu savolga javob izlab uzoqqa borish shart emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida aniq javobni aytdi: “Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan soʻzlarini takror va takror aytishdan charchamayman. Nega deganda, bu fikr bugungi kunda har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz lozim...”
Tarix – buyuk murabbiy. Har qanday millat tarixni anglasa, oʻzini anglaydi. Hazrat Navoiy aytadilarki, olamdan nokomil oʻtish – hammomga kirib, nopok chiqmoqqa oʻxshaydi. Sanʼat, jumladan, kino sanʼatiga oshnolik ham insonni maʼrifat va hayrat tuygʻusi bilan poklaydi, kamolot sari yetaklaydi. Arastu aytmoqchi, har qanday sanʼatning pirovard maqsadi – katarsisdir (tozarish). Aks holda, odam sanʼatdan, kinodan noravo xulosa chiqarib, masalan, gʻanimni oʻldirish, raqibni sindirish, harom pul topish, oʻzidan soxta qahramon yasash, gʻorat etish... darslarini oʻrganadi. Muhabbat – oniy lazzat, vatan – qayerda huzur topib yashasa, oʻsha makon-maʼvoga mustahkamroq oʻrnashish istagi oʻlaroq anglanadi.
Tasavvur etingki, kompyuter texnologiyalarini haddi aʼlosida oʻrgangan zoʻr mutaxassisga vatan, millat tuygʻusi begona. Oʻsha ilm-u taʼlim nimaga yoki kimga xizmat qiladi? Albatta, koʻproq aqcha tutqazganga. Aqchani esa dunyo oʻziniki boʻlmogʻi uchun intilayotgan manfur niyatli har qanday puldor kas ham taklif qilishi mumkin. 1945-yilda Xirosima va Nagasakini vayron qilgan, oʻtgan asrning 80-yillarida Chernobil fojiasini sodir etganlar (bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin) aynan oʻsha – vatan va millat tuygʻusidan; mehr-muhabbat, qadriyat, oqibat, olijanoblik fazilatlaridan batamom mahrum bilimdonlar va mulkdorlardir. Bu – odamda butun Yer kurrasini agʻdar-toʻntar qilishga yetarli bilim, salohiyat boʻlsa-yu, mehr-muruvvat, hamiyat, bunyodkorlik hissi boʻlmasa, har qanday ilm-u isteʼdod vayronkor kuchga aylanishining yorqin isbotidir.
Yana bir gap: bir zamonlar Albert Eynshteyn, Nils Bor, Andrey Saxarov kabi buyuk olimlarning umuminsoniyat taraqqiyoti yoʻlida qilgan kashfiyotlari gʻayriinsoniy maqsadlar – urush, ommaviy qirgʻinbarot, zulm, zoʻrlik, istibdod uchun xizmat qildirilgan edi. Oʻshanda ular chuqur ruhiy iztiroblar girdobida qolib, oʻz kashfiyotidan pushaymon boʻlgani ham bor gap. Bu – oʻsha zotlarning maʼnaviyati, odamiyati qanchalar yuksakligidan dalolat. Andrey Saxarovning oʻtgan asr 80-yillari SSSR xalq deputatlarining syezdida minbarga koʻtarilib, har qanday zoʻrlik, kuch ishlatishga qarshi turli ommaviy qirgʻin qurollarini yoʻq qilish xususidagi nutq irod etgani bizning avlod xotirasidan hali oʻchgani yoʻq. Bu toifa odamlar nafaqat daho darajasidagi olim, balki buyuk gumanist boʻlib ham jahon tarixiga kirdilar. Sanʼat esa aynan oʻsha insondoʻstlikni – yoʻq joyda uygʻotadigan, bor joyda mukammallashtiradigan, yuksaltiradigan kuchdir.
Shu oʻrinda kinoning gʻoyaviy-badiiy tarbiya vositasi oʻlaroq koʻrsatgan taʼsiriga bir tarixiy misol. Bugungi oʻrta va katta yoshdagi kino ishqibozlari yaxshi eslaydiki, oʻtgan asr 30–80-yillari oraligʻida Pushkin, Lermontov, Gogol, Belinskiy, Lev Tolstoy, Gorkiy kabi rus adabiyoti klassiklari; Musorgskiy, Rimskiy-Korsakov, Chaykovskiy kabi buyuk kompozitorlar; Surikov, Repin kabi musavvirlar; Popov, Mendeleyev, Siolkovskiy, Korolyov kabi ulug‘ olimlar hayoti, ijodi, faoliyati aks etgan badiiy-maʼrifiy filmlar sovet xalqi, ayniqsa, ruslarda umummaʼrifiy madaniyatni tarbiyaladi. Hozir bu filmlar qoʻyilmaydi, hatto eslanmaydi ham. Ammo oʻz davrida zarur xizmatini bajardi. Bajardigina emas, Ikkinchi jahon urushida gʻolib boʻlgan, dasht-u qoʻriq yerlarni oʻzlashtirgan, fazoni zabt etgan avlodlarni tarbiyaladi; mohiyati imperiyachilik, istibdod boʻlgan shoʻro saltanatini 70 yil barqaror qildi.
Hozir-chi? Soʻnggi yillarda suratga olingan Sergey Yesenin, Vladimir Mayakovskiy, Maksim Gorkiy, Fyodor Dostoyevskiy kabi adabiy siymolar; marshal Jukov va Tuxachevskiy kabi harbiy sarkardalar; Brejnyev, Furseva kabi davlat arboblari; Lyudmila Zikina, Aleksandrov va Orlova, Vera Fyodorova, Vladimir Visoskiy, Lyudmila Gurchenko kabi sanʼatkorlar haqidagi kinoseriallar rus xalqida, ayniqsa, yoshlarda vatanparvarlik ruhiyatini shakllantirish va mustahkamlashda hazilakam ahamiyat kasb etyaptimi?! Bu filmlarni milliy vatanparvarlik tarbiyasi emas, sof sanʼat yoki kassaboplik nuqtayi nazaridan oʻrganib tahlil qilib, baholab koʻring-chi, qanday manzara namoyon boʻlarkan? Yoki shularni katta kinoteatrlarda namoyish etib koʻraylik-chi, qancha tomoshabin chiqib ketib, qanchasi qolarkan?
Albatta, manzara, real holat voh deyarlik boʻlmaydi. Ammo... ammo oʻntadan, hattoki yuztadan bitta tomoshabin koʻrsa ham, bu filmlar oʻz vazifasini bajaradi, sarf-xarajatni oqlaydi. Chunki mamlakat va xalqning taqdiriga daxldor vaziyatda oʻsha bir-ikkita sabr-toqatli yoki fikrlashga, oʻzligini anglashga intilayotgan ziyoli tomoshabinda koʻpchilik zerikib, koʻrmay chiqib ketgan film hosil qilgan maʼrifat favqulodda hal qiluvchi rol oʻynashi yoki umummanfaatga doxil biron bir loyihaning tugʻilishi, amalga oshishiga turtki berishi shubhasiz. Shu maʼnoda atoqli kinodramaturg va kinorejissyor Andron Mixalkov-Konchalovskiyning fikrlari eʼtiborga molik: “Faqat tentaklar oʻzgarmaydi... Globallashuv davlatlarning mustaqilligini mahv etmoqda... Bizning tomoshabinlar esa taassufki, borgan sari kinoamerikaliklarga aylanib borayotir. Ular kino namoyishi paytida bodroq yeydi. Nima uchun kinoda hozir shovqin koʻp? Chunki hamma kavshanib, nimadir chaynab oʻtiradiganlar uchun kino yaratadi. Men esa kitob oʻquvchilar uchun film suratga olaman. Men oʻgʻlimga taʼkidlab turamanki, kitob oʻqimayotganlarni kitob oʻqiyotganlar boshqaradi...”
Aynan shuning uchun ham kino vaqt oʻldirar ermak emas, sanʼat, tarbiya va maʼrifatdir. Kinoda qiziqarlilik maʼnaviy foydalilik tushunchasidan keyinroq kelsa va hatto ancha orqaroqda tursa-da, ziyon emas. Estrada yoki eng zamonaviy rep namunalariga ishqiboz muxlis mumtoz klassik musiqani eshitmasa, bu sanʼatdan voz kechilmaydi-ku?! Shu maʼnoda sanʼatni biznes, tadbirkorlik, tijorat manbasiga aylantirish noravodir. Bu isteʼmolchilik kayfiyatini kuchaytiradi va oxir-oqibat insonlik shaʼn-sharafiga nomunosib harakatlar eshigini ochadi, bora-bora insoniyatni ruhiy tanazzul sari boshlaydi.
Shu kunlarda butun insoniyatni tahlikaga solayotgan tojsimon virus ilohiy tartib-nizomlarga amal qilmaslik, hatto unga zid borish oqibati ekani ayon boʻlmadimi? Endi ham koʻzi ochilmasa, bani basharni yana ne xavf-u xatarlar kutayotgan ekan? Teran mushohada qilmoq, samimiy istigʻforlar aytmoq fursati yetdi. Ana shu pallada Olloh aql-u tafakkur, til, qalb, tuygʻu, ijodkorlik kabi neʼmatlarni baxshida etgan mavjudot – odamzodga borliqdagi oʻrni va vazifasini maʼrifiy kinolar vositasida ham anglatmoq darkor.
Alqissa, kino ermak ham, suvdek oqib keladigan daromad manbai ham emas. Kino – sanʼat, maʼrifat va ibratdir. U – tarbiyadir: fikr tarbiyasi, koʻngil tarbiyasi, tuygʻular tarbiyasi; olamlarni tutib turuvchi muvozanat mezonlaridan biri.
Qiziq, “Kino sanʼatmi yoki...” degan savolni qayta-qayta takrorlayapman-u, joʻn bir mashgʻulot bilan vaqtini behuda oʻtkazib oʻtirgan odam kayfiyatiga tushyapman. Nega? Negaki, bir yuz yigirma besh yil avval paydo boʻlgan hodisaning alifbosiga bugun qaytib oʻtirishdan ne naf? Kimga kerak bu taxlit oʻy-mushohada?
Aka-uka Lyumerlar kashfiyoti biznesning batamom yangi shakli oʻlaroq maydonga kelib, ne-ne takomil yoʻllarini bosib oʻtdi va tasavvur qamrab olishi dushvor miqyos kasb etdi. Kimdir uni koʻngilochar ermakka yoʻnaltirib, million-million daromad topdi. Kimdir insonni va dunyoni tozartirmoq, tarbiyalamoq usuli oʻlaroq yondashdi – ana shunda kino tasavvur, pokiza tuygʻular hosilasi oʻlaroq mardlik, jasorat, olijanoblik, muruvvat madhiyasiga aylandi; boyidi, yangi mazmun va badiiyat ila jilolandi.
Yunon dramaturgiyasi antik mifologiya negizida tugʻilib-rivoj topganidek, keyingi asrlardagi buyuk adabiy-badiiy obidalarning bari ertaklardan oʻsib chiqdi. Badiiy tafakkur ibtidoiy tasavvurdan koinot qadar yuksaklikka koʻtarildi; ertaklarcha qiziqarlilikdan tuygʻular tahliliga, ruhiy holatlar tadqiqiga koʻchdi; qalb atalmish xilqat cheksizliklarini kashf etdi. Inson koʻz quvonchidan – qalb safosiga, vaqt oʻldirishdan – vaqt qadrini his qilishga oʻtdi; oʻzini maʼnan taftish etib boyidi; ruhiy takomil tufaylidan oʻzini va Robbini tanidi; eʼtiqodga yuz burib, umr mazmunini tayin etdi. Komillikni sogʻinib, Oliy xilqatga zarra oʻlaroq qoʻshilib ketish umidini mahkam tutdi...
“Kino sanʼatmi yoki...” degan savolni boshqacharoq – “Inson koʻz quvonchini tilaydimi yoki koʻngil safosinimi?” shaklida qoʻymoq va javobini har bir odamning oʻz ixtiyoriga qoldirmoq maʼqul koʻrinadi. Yaʼni yangi Oʻzbekistonni bunyod etayotgan xalqqa qay biri muhim: Navoiy bobomiz aytmoqchi, hammomga kirdingmi – kirding qabilida ish tutmoqmi yoki poklanib, murod hosil etmoqmi?
Kundalik turmushda bir marta ishlatiladigan buyumlar bor. Bir gal ishlatasiz-u chiqindi qutiga tashlaysiz. Ulardan farqli ravishda koʻp bora ishlatiladigan rasmona buyumlardan foydalanilgach, yuvib-tozalab olib qoʻyiladi. Ular baʼzan qimmatli atiqa oʻlaroq tarix, qadriyat sifatida ham eʼtiborda boʻlib, asrab-avaylanadi. Yillar osha qadr-qiymati ham oʻsib boradi. Badiiy filmlarni ham shunga mengzash mumkin. Ur-sur, oldi-qochdi filmlar; achchiqichak misol uzun, yoʻlakay toʻqib boriladigan yengil maishiy seriallar oʻsha bir marta ishlatilib, chiqindi chelakka tashlanadigan anjomlarga oʻxshaydi. Binobarin, ota-bobolardan qolgan yoki oʻzim falon payt imkoniyatga ega boʻlganimda sotib olganman deya qadrlanadigan, avloddan avlodga oʻtib boradigan buyumlar kabi asl sanʼat namunasi boʻlgan kinofilmlar ham madaniy, ruhiy-maʼnaviy qadriyatdir. Ularni kelajak avlodga beziyon, bezavol meros sifatida qoldirish, vaqt-vaqti bilan eng qadrli tantana va yigʻinlarda namoyish etish va mudom hayrat va hayajon manbayi oʻlaroq eʼzozlash lozim.
Tuygʻularni qitiqlaydigan oldi-qochdilarni koʻrasiz, vaqtingiz goʻyo xush-xursand oʻtadi, unutasiz... Asl sanʼat esa koʻngil va tafakkurni sarosar etadi, oʻylatadi, yigʻlatadi-kuldiradi, xotiraga muhrlanadi, maʼnaviy bisotga aylanadi... Endi siz avvalgidek emas, boshqasiz; bu oʻzingizga ham, oʻzgalarga ham asta-asta seziladi. Vaqti va oʻrni bilan oʻsha maʼnaviy unsurlar hayotingizning ajralmas boʻlagiga aylanar ekan, xayrli amallarga vasila boʻladi.
Shuhrat RIZO
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son