Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 94-ishtirokchisi kinorejissyor va ssenariynavis Yusup Roziqov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
1. Shekspir tragediyalari va dramalari;
2. Vasiliy Aksyonov va Xulio Kortasarning barcha romanlari;
3. Uilyam Folkner, “Трилогия о Сноупсах” (“Деревушка”, “Город”, “Особняк”) (“Snops” (“Qishloq”, “Shahar”, “Qo‘rg‘on”) trilogiyasi;
4. Deni Didro, “Жак-фаталист и его хозяин” (“Fatalist Jak va uning xoʻjayini”) asari;
5. Tornton Uaylder, “Avliyo qirol Lyudovik koʻprigi” romani;
6. Yuriy Olesha romanlari va Ferens Shanta hikoyalari;
7. Vlentin Katayev, “Алмазный мой венец” (“Mening olmos tojim”) asari;
8. Abdulla Qodiriy, “Oʻtkan kunlar” romani;
9. Erkin Aʼzam asarlari;
10. Usmon Azim sheʼrlari;
Yusup Roziqov 1957-yil 5-iyunda Toshkent shahrida harbiy xizmatchi oilasida tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning filologiya, Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)ning ssenariychilik fakultetlarida oʻqigan.
U birinchi oʻzbek seriallari – “Domla” (1994) va “Burch” (1997) rejissyori hamda ssenariy muallifi sanaladi. Shuningdek, “Olov ichidagi farishta”, “Qilich oʻyini”, “Sohildagi tushlik”, “Ona va oʻgay ona”, “Qaygʻu iskanjasi”, “Qora mushuk niqobi ostida”, “Soʻnggi daqiqa”, “Qochoqlar”, “Generalim” nomli yuzga yaqin film va seriallarning rejissyori hamda ssenariy muallifidir.
Rejissyorning “Voiz”, “Oʻrtoq Boykenjayev”, “Gastarbayter”, “Dard”, “Isnod”, “Kerosin”, “Turk egari”, “Moskvaboddan qochish” kabi qator kartinalari nufuzli va xalqaro mukofotlarga loyiq topilgan.
Kinorejissyor 1999–2004-yillar “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi direktori, badiiy rahbari sifatida faoliyat olib borgan. U 2001-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unvoni bilan taqdirlangan.