Harbiy xizmatda kitobxonlikni ragʻbatlantirish: milliy yuksalish, vatanparvarlik va intellektual salohiyat uygʻunligi
Mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash faqat zamonaviy qurol-yarog‘, ilgʻor harbiy texnologiyalar va jangovar tayyorgarlikni takomillashtirish bilangina cheklanmaydi. Zero, har qanday armiyaning eng katta boyligi bu – Vatan taqdiri uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir, mustaqil fikrlaydigan, yuksak maʼnaviyatli va mustahkam irodali insonlardir. Shu maʼnoda, respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natija koʻrsatgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirishni nazarda tutayotgan qonun loyihasida bu masalaga faqat imtiyoz berish nuqtayi nazaridan emas, balki armiyada maʼnaviy-maʼrifiy muhitni rivojlantirish, yoshlar tafakkurini yuksaltirish va vatanparvarlik gʻoyalarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbus sifatida qarash toʻgʻri boʻladi.
Bu yerda gap faqat bir oylik muddat toʻgʻrisidagina emas, balki davlatning bilimga, mutolaaga, intellektual salohiyatga va inson kamolotiga boʻlgan munosabatini ragʻbatlantirish mexanizmi orqali ifoda etish haqida bormoqda. Agar qonun loyihasi belgilangan tartibda qabul qilinib, amaliyotga joriy etilsa, u harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Davlat mudofaasi – harbiy salohiyat va tafakkur qudrati uygʻunligi
Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda milliy xavfsizlik tushunchasi keng mazmun kasb etmoqda. Zamonaviy armiyadan nafaqat jismoniy baquvvatlik va harbiy intizom, balki axborotni tahlil qilish, vaziyatni toʻgʻri baholash, tezkor va asoslangan qaror qabul qilish, turli mafkuraviy taʼsirlarga nisbatan ongli munosabatda boʻlish ham talab etiladi.
Axborot oqimlari keskin kuchaygan, yolgʻon xabarlar va manipulyativ taʼsirlar jamiyat ongiga daxl qilayotgan bir paytda harbiy xizmatchining intellektual tayyorgarligi ham milliy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismidir. Chunki oʻz fikriga, bilimga va mustahkam dunyoqarashga ega inson har qanday axborotni koʻr-koʻrona qabul qilmaydi, aksincha voqea-hodisalarning mohiyatini anglashga intiladi.
Kitobxonlik esa ana shu qobiliyatlarni rivojlantirishning muhim vositalaridan biri. Tarixiy asarlar xalqning bosib oʻtgan yoʻlini anglashga, badiiy adabiyot inson ruhiyatini tushunishga, ilmiy va tahliliy kitoblar mantiqiy fikrlashga, maʼnaviy-maʼrifiy meros esa qadriyatlar va hayotiy mezonlarni teran idrok etishga yordam beradi.
Shu bois harbiy qismlarda mutolaaga qiziqishni oshirishni faqat madaniy tadbirlar doirasidagi vazifa deb emas, balki shaxsiy kamolot, axborot madaniyati va masʼuliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bilan bogʻliq jarayon sifatida baholash kerak, nazarimda.
Maʼnaviyat – vatanparvarlikning ichki tayanchi
Vatanparvarlik faqat Vatanni sevish haqidagi balandparvoz soʻzlardan iborat emas. U insonning oʻz burchini anglashida, xalq va davlat oldidagi masʼuliyatini his etishida, qiyinchiliklar qarshisida sabot koʻrsatishida va umumiy manfaatni shaxsiy manfaatdan ustun qoʻya olishida namoyon boʻladi.
Maʼnaviyat ana shu fazilatlarga mazmun beradi. U insonga nima uchun xizmat qilayotganini, nimani himoya qilishi kerakligini va oʻz vazifasini qanday bajarishi zarurligini anglashga yordam beradi.
Armiyada intizom maʼlum talab va qoidalar orqali taʼminlansa, ichki intizom insonning vijdoni, eʼtiqodi va masʼuliyat tuygʻusi bilan mustahkamlanadi. Kitobxonlik aynan shu ichki mezonlarni boyitishga koʻmaklashishi mumkin. Albatta, kitob oʻqishning oʻzi avtomatik ravishda yuksak maʼnaviyatni kafolatlamaydi. Muhimi, oʻqilgan asar mazmunini anglash, undan xulosa chiqarish va hayotda toʻgʻri qoʻllay bilishdir.
Shu nuqtayi nazardan, harbiy xizmatchilarning kitobxonlik tanlovlaridagi ishtiroki ularning faqat bilim darajasini emas, balki izlanishga intilishi, oʻz ustida ishlashi va maʼnaviy kamolotga munosabatini ham namoyon etishi mumkin.
Demak, maʼnaviy tarbiyani armiya hayotining qoʻshimcha yoʻnalishi sifatida emas, balki harbiy-professional tayyorgarlikni toʻldiruvchi muhim omil sifatida koʻrish zarur. Jismoniy tayyorgarlik tanani chiniqtirsa, harbiy bilim kasbiy mahoratni oshiradi, maʼnaviy tarbiya esa insonning burch va masʼuliyat haqidagi tasavvurlarini mustahkamlaydi.
Qonunchilikdagi ragʻbat – bilimga munosabatning ifodasi
Kitobxonlik tanlovida yuqori natija koʻrsatgan muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat muddatini bir oyga qisqartirish imkoniyatini berish taklifi ragʻbatlantirishning oʻziga xos shaklidir. Uning ahamiyatini imtiyozning miqdori bilan oʻlchash toʻgʻri boʻlmaydi. Masalaning muhim jihati – bilim olish, mutolaa qilish va intellektual rivojlanish natijalarini aniq mezonlar asosida eʼtirof etish imkoniyatidir.
Davlat siyosatida ragʻbatlantirish mexanizmlari muayyan qadriyatlarni qoʻllab-quvvatlash vositasi boʻlib xizmat qiladi. Agar harbiy xizmatchi oʻzining bilimga intilishi va kitobxonlikdagi yutugʻi eʼtirof etilayotganini koʻrsa, bu unda yanada koʻproq oʻqish, izlanish va oʻz salohiyatini rivojlantirishga qiziqish uygʻotishi mumkin. Shu bilan birga, bunday yondashuv boshqa xizmatchilar uchun ham ijobiy namuna yaratadi.
Biroq qonunchilikdagi har qanday imtiyoz kabi, mazkur taklifning ham samaradorligi uni amalga oshirish tartibiga bogʻliq. Tanlovda yuqori natija tushunchasi aniq belgilanishi, baholash mezonlari ochiq boʻlishi, ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi va natijalar xolis tarzda aniqlanishi muhim.
Shuningdek, xizmat muddatini qisqartirish bilan bogʻliq qaror harbiy xizmatni oʻtashning belgilangan talablari, intizom va tayyorgarlik darajasi bilan uygʻun holda qoʻllanishi lozim. Zero, ragʻbatlantirish adolatli va shaffof boʻlsagina jamoada ishonchni mustahkamlaydi.
Bunday yondashuv qonun loyihasining maqsadini ham toʻgʻri belgilaydi: imtiyozni shunchaki muddatni qisqartirish vositasiga aylantirish emas, balki kitobxonlikni qadrlaydigan, bilimli va tashabbuskor harbiy xizmatchini qoʻllab-quvvatlaydigan muhitni shakllantirish.
Maʼnaviy-maʼrifiy siyosatning amaliy natijasi qanday boʻlishi kerak?
Kitobxonlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan tashabbus bir martalik tanlov yoki alohida imtiyoz bilan cheklanib qolmasligi kerak. Agar maqsad harbiy xizmatchilarning maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish boʻlsa, bu borada izchil tizim zarur.
Avvalo, harbiy qismlardagi kutubxonalarning kitob fondini boyitish, zamonaviy adabiyotlar, tarixiy manbalar, ilmiy-ommabop asarlar va milliy adabiyot namunalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish lozim. Kitob faqat javonda saqlanadigan boylik emas, balki har kuni inson tafakkurini boyitadigan maʼnaviy manbaga aylanishi kerak.
Ikkinchidan, kitobxonlik tanlovlarini mazmunan boyitish muhim. Asarni oʻqish bilan birga uning gʻoyasini tushunish, mustaqil fikr bildirish, tarixiy voqealarni tahlil qilish va ulardan xulosa chiqarish qobiliyati ham ragʻbatlantirilishi maqsadga muvofiq.
Uchinchidan, harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini zamonaviy axborot madaniyati bilan uygʻunlashtirish zarur. Bunda mediasavodxonlik, tanqidiy fikrlash, milliy tarixni bilish va turli axborot manbalarini xolis baholash kabi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish mumkin.
Toʻrtinchidan, kitobxonlikni jamoaviy madaniyatga aylantirish lozim. Kitob muhokamalari, adabiy uchrashuvlar, tarixchi va adiblar bilan muloqotlar, harbiy xizmatchilar oʻrtasida fikr almashish maydonlari mutolaani majburiy tadbir emas, balki mazmunli ehtiyoj sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Milliy qadriyatlar va zamonaviy armiya: maʼnaviy vorislik masalasi
Oʻzbekistonning tarixiy tajribasi, milliy adabiyoti va maʼnaviy merosi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun katta imkoniyatlarga ega. Xalqning ozodlikka intilishi, yurt mustaqilligi yoʻlidagi kurashlari, ilm-fan va maʼrifatga qoʻshgan hissasi haqidagi bilimlar yoshlarda tarixiy xotira va milliy oʻzlikni anglash tuygʻusini mustahkamlaydi.
Biroq milliy qadriyatlarni asrash ularni faqat oʻtmish bilan bogʻlab qoʻyishni anglatmaydi. Aksincha, tarixiy merosni zamonaviy bilimlar, texnologik taraqqiyot va tanqidiy tafakkur bilan uygʻunlashtirish muhim. Milliy gʻurur bilimga ochiqlik, boshqalar tajribasini oʻrganish va oʻz imkoniyatlarini rivojlantirish bilan birga borgandagina mazmunan boyiydi.
Shu maʼnoda, armiyada kitobxonlikni qoʻllab-quvvatlash milliy maʼnaviyatni zamonaviy taraqqiyot talablari bilan uygʻunlashtirishga xizmat qilishi mumkin. Bilimli askar oʻz tarixini biladi, bugunini anglaydi va kelajak oldidagi masʼuliyatini chuqurroq his etadi.
Maʼnaviyatning kuch-qudrati ham shunda: u insonni faqat muayyan vazifani bajaruvchi ijrochiga emas, balki oʻz harakatining maʼnosini anglaydigan, qarorlari uchun masʼuliyatni his qiladigan shaxsga aylantirishga koʻmaklashadi.
Shu bois kitobxonlikni ragʻbatlantirish masalasiga oddiy imtiyoz yoki tanlov doirasidagi tadbir sifatida emas, balki inson kapitali, milliy xavfsizlik va maʼnaviy taraqqiyot oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik nuqtayi nazaridan qarash zarur.
Zero, Vatanni himoya qilish uchun qoʻlda qurol boʻlishi muhim, ammo uning masʼuliyatini anglash uchun ongda bilim, qarorlariga yoʻl koʻrsatish uchun tafakkur, xizmatga mazmun bagʻishlash uchun esa qalbda sadoqat boʻlishi kerak. Kitobxon askar — bu faqat koʻp oʻqiydigan harbiy xizmatchi emas, balki oʻrganishga intiladigan, fikrlaydigan va oʻz burchini anglaydigan shaxsdir.
Bahora Ahmedova
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
rahbar maslahatchisi