Oʻzbek xalqi ming yillar davomida shakllanib, sayqallanib kelayotgan boy madaniyatga ega. Madaniyat oʻzida moddiy va maʼnaviy boyliklarni mujassam etadi. Moddiy madaniyat  inson hayot faoliyatining barcha jabhalarini qamrab olgan holda, uning qobiliyatlari va ijodkorligining natijasi sifatida inson tomonidan yaratilgan moddiy neʼmatlarni oʻzida namoyon etadi. Maʼnaviy madaniyat esa bilim, estetik qadriyatlar, xulq-atvor normalari, dunyoqarash, axloq, diniy eʼtiqodimiz, anʼanalarimizni qamrab oladi. Moddiy va maʼnaviy madaniyatning bir koʻrinishi sifatida  milliy  liboslar shu qadar koʻp qirrali va noyob hodisa boʻlib,  u xalqning etnik tarixi va madaniyatini, oʻziga xos estetik qarashlari, didi va anʼanalarini oʻzida aks ettiradi. Til madaniyati, xalq ogʻzaki ijodi, anʼana va urf-odatlar bilan birga milliy liboslar maʼlum bir millatning  muayyan hayot tarzi haqida  eʼtiborli maʼlumotlar  beradi.

Anʼanaviy milliy liboslar oʻziga xos belgi, timsol sifatida maʼlum bir maʼnoga ega boʻlishi mumkin. Bular  amaliy, utilitar, estetik, yosh, ijtimoiy-jins (turmushga chiqqan ayol libosi) va u bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan axloqiy funksiya, shuningdek, bayramona libos, marosimlar uchun, kasbiga bogʻliq boʻlgan, diniy  liboslarni ajratib koʻrsatadi (Богатырев П.Г. Вопросы теории народного искусства. М.: Искусство, 1971. 544 с.).  Liboslarda inson yashagan joy va zamon, uning hayoti, turmushidagi quvonchli yoxud qaygʻuli kunlari aks etadi. Milliy liboslar muayyan madaniyatning oʻziga xos xususiyatlarini ifodalovchi ijtimoiy belgi sifatida madaniyatlarning oʻzaro taʼsiri va moslashuvchanligini taʼminlaydi, va shu bilan birga, turli davrlarda turli etnik guruhlarning madaniyatlar muloqotini amalga oshiruvida vositachi boʻlib,  ushbu madaniyat uchun muhim boʻlgan  muayyan axborot assimilyatsiyasini tashkil qiladi.

Kiyim va libos tushunchalari mazmun-mohiyati jihatdan bir-biri bilan mushtarak koʻrinsa-da, ushbu tushunchalar oʻrtasida birmuncha farqlar ham mavjud. Kiyim deganda, avvalo, inson tanasining turli qismlarini berkitish uchun zarur boʻlgan, uni tashqi muhitning turli taʼsirlaridan himoyalaydigan buyumlar tushuniladi. Kiyimning qator turlari mavjud. Bular: ichki kiyim, ustki kiyim, turli uzunlikdagi paypoqlar, poyabzal, bosh kiyimlari. Mana shu predmetlar turli vazifalarni bajaruvchi aksessurarlar, bezaklar, soch turmagi, pardoz bilan birga libosni tashkil etadi. Libos yaxlit kompozitsiyadir. Aynan libos insonning ijtimoiy kelib chiqishi, uning oʻziga xos xususiyatlari, yoshi, jinsi, xarakteri va estetik didini namoyon etadi (Liboslar tarixi.  D.Rahmatullayeva, U.Xodjayeva, F.Ataxanova// http://milliycha.uz/kr/liboslar-tarixi/).

Xalqimizning yorqin va oʻziga xos urf-odatlari asrlar davomida shakllanib kelgan, shu bilan birga anʼanaviy liboslarimiz ham uzoq davrlardan beri rivojlanish bosqichini oʻtagan. Liboslarning tarkibi oʻzgargan, unga kiritilgan buyumlardan tortib, ularning shakli, kesimi, matolari va ranglari, kiyinish uslubi oʻzgarib borgan. Aytish joizki, qadimdan liboslar uchun matolarni asosan ayollar ishlab chiqarganlar. Avvalo jundan, keyinchalik esa boylik ramzi hisoblangan ipak, paxta, zigʻir tolalaridan matolar toʻqilgan.

Oʻzbek milliy liboslarining birinchi oʻziga xos xususiyati, hokimiyat va badavlatlik belgisi boʻlmish oltin kashtachiligidir. Arxeologlar Toshkent viloyatidagi qazishmalar paytida oltin kashta izlarini topganlar: kiyimning bunday bezagi ipak paydo boʻlishidan oldin ham maʼlum boʻlgan degan faraz mavjud. Asl matolar gulli, ayrim hollarda geometrik bezaklar bilan bezatilgan. Bunday liboslar ijtimoiy mavqeʼning yorqin belgisi boʻlgan. Masalan, hukmdor va  saroylardagi mulozimlar oltin naqshinkor liboslar kiyishi urf boʻlgan, ushbu qimmatbaho qiyimlarni hukmdorlar oʻz mulozimlariga  sovgʻa qilganlar. Lekin qadimdan oddiy kishilarning kiyimi ham oddiy boʻlgan. “Anʼanaviy oʻzbek libosi asosan, ustki koʻylak, ishton va chopondan, boshga doʻppi, oyoqqa mahsi-kalish yoki etikdan iborat boʻlgan. Erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari bichimining deyarli bir xilligi ularning qadimiyligidan darak beradi. Bunday liboslar oddiy usulda, baʼzan qaychisiz va ulgusiz, yaxlit matodan yirtib tikilgan. Bir parcha gazlamani ikkiga buklab, yelka tomonga koʻndalangiga ikki yeng bilan bir parcha toʻrt burchak xishtak (qoʻltigʻiga solingan) tikib kiyilavergan” (J.S.Ergashev O.B. Mamadaliyeva M.A.Nazarova. Kostyum tarixi. Oʻquv qoʻllanma. Namangan Muhandislik-texnologiya instituti, 2020.). Erkaklarning koʻylak-ishtoni, odatda, bir rangda, asosan, oq rangda, ayollarniki rang-barang matolardan tikilgan. Ayollarning milliy liboslari ichki, ustki va kishilik kiyimdan iborat boʻlgan. Ustki kiyimlar – kamzul, yengil xalat (mursak, kaltacha), yengsiz nimchalardir. Ayollarning oʻziga xos chopon shaklida bichib tikilgan ust kiyimi – mursak ilgari juda keng tarqalgan. Ular Buxoro, Xorazm va Qashqadaryoda yengi tirsakkacha kalta va kengligi bilan, Samarqand va Toshkentda uzun, yengsiz, bilakkacha yengi boʻlgani bilan farqlangan. Mursak astarli qavima qilib tikilgan, qishki mursakka esa paxta solingan.

Bugungi kunda ham xalqimiz katta bayramlarda va ayniqsa muhim tadbirli kunlarda milliy liboslarni afzal koʻradilar. Masalan, kuyov toʻyda  oltin naqshli choponlar, ayollar esa atlas-u adraslar, tilla naqshli baxmal choponlarni xush koʻradilar. Albatta, bunday hashamat uchun boy matolar – ipak, baxmal ishlatiladi. Kiyim nafaqat tabiiy ehtiyojni taʼminlovchi bir vosita, shu bilan birga u amaliy sanʼat namunasi hamdir. U amaliy sanʼatning barcha namunalari singari goʻzallik hamda maʼlum bir maqsadga yoʻnaltirganlik bilan ajralib turadi. 

Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda.  Buni nafaqat kiyinishda, yurish-turishimizdan tortib muomalamizda, balki zamonaviy texnikalardan foydalana olish, mehnat samaradorligini oshirish maqsadida  eng soʻnggi uskunalarni ishlatishga boʻlgan ishtiyoqda sezishimiz mumkin. Zamonaviy kiyimlarda milliy anʼanalar bilan Yevropa uslubi qoʻshilib ketgan. Milliy matolardan zamonaviy ruhdagi turli bichimlardagi koʻylak va kostyumlar xotin-qizlar oʻrtasida urf boʻlgan. Albatta, oʻzbek ayollarini iffatli sharq ayoli timsolida koʻrsatadigan muhim belgilaridan biri –  ularning milliy kiyimlaridir. Azal-azaldan milliyligimiz jozibasiga aylangan oʻzbek ayollarining kiyinish madaniyati, boshlariga roʻmol oʻrashlari sharq xalklariga xos yuksak maʼnaviyat ifodasi desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Bugungi kunda chet ellik sayyohlar ham  egnida bizning milliy atlas va adraslarni, boshlarida oʻzbekcha doʻppilarni koʻrib, koʻngillarda gʻurur tuygʻusi uygʻonadi.  Atlas va adrasdan tikilgan zamonaviy liboslar Yevropa podiumlarida ham jilolanib, koʻzni qamashtirgancha milliy liboslarimiz butun dunyoga tanilmoqda va bu juda quvochli holat.

Xulosa qilib shuni taʼkidlash mumkinki, koʻp asrlar davomida yaratilgan xalq liboslari moddiy va maʼnaviy   madaniyatning ajralmas qismidir. Xalq ijodiyoti namunalarini oʻrganish  shuni koʻrsatadiki, liboslarda maqsadga muvofiq tarzda funksional va estetik fazilatlar birlashtirilgan. Xalq sanʼati uzoq tarix davomida shakllanar ekan, mavjud ijod namunalarining  eng qimmatli va hayot bilan oqlangan zaruriylari saqlangan.  Tasodifiylari inkor etilgan, natijada oʻzida barcha zaruriy xususiyatlarni mujassam etgan milliy liboslargina olib  qolingan. Zamonaviy kiyinishda sharm-hayo meʼyorlariga amal qilib, oʻzbekona kiyinish madaniyatini targʻib qilish, shu orqali urf-odat va qadriyatlarimizni saqlash, albatta milliy madaniyatimizni, milliy oʻzligimizni asrashga xizmat qiladi.

Nodira ALIMUHAMEDOVA,

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot

 universiteti katta oʻqituvchisi