XX asrda yuz bergan keskin taraqqiyot sanʼat va madaniyatga ham katta taʼsir koʻrsatdi, koʻplab yangi oqimlar vujudga keldi. Garchi ularning barchasi rivojlanib ketmasa-da, ayrimlari keng yoyilib, taʼsirchan koʻrinishga ega boʻlib bormoqda. Ular orasida koʻcha sanʼati (street art) eng koʻp muhokamalarga sabab boʻladigani va eng ommabopidir. Katta shaharlar binolariga tushirilgan suratlar kishi eʼtiborini tortmay qolmaydi. Boʻm-boʻsh va oddiy devorda qandaydir tasviriy ifodaning paydo boʻlishi, boz ustiga uning satirik, yumoristik yoki oppozitsionistik (norozilik) koʻrinishdaligi uning qiymatini yanada oshiradi. Bugungi kunda ayniqsa turli ijtimoiy masalalarga nisbatan norozilik mazmunida chizilgan koʻcha suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tezda ommalashib, muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ularning ayrimlari auksionlarda juda yuqori narxlarga sotilmoqda. Masalan, koʻpchilikka maʼlum va mashhur Benkisning “Zararkunandalar bilan kurash” asari 1,9 million dollarga sotilgan. Umuman olganda koʻcha sanʼati haqida gap ketganda bir qator ziddiyatli va eʼtiborli jihatlari mavjud, shuningdek ayrim savollar ham tugʻiladi. Oyina.uz kolumnisti mazkur mavzuni oʻrgandi va qiziq tahlillar bilan boʻlishdi.

Koʻcha sanʼatining vujudga kelgan vaqtini aniq aytish imkonsiz. Paleolit davridayoq insonlar qoyatoshlarga surat chizishni boshlagan. Qadimgi Yunoniston va Rimda devorlarga turli yozuvlar va suratlar chizilgani haqida manbalar bor. Buyuk fransuz inqilobi davrida Fransiyada, keyinroq AQShda, ayniqsa “buyuk depressiya” paytida graffitilar urchib ketgan. Biroq tahlilchilar asosiy ishlar Ikkinchi jahon urushi vaqtida va undan keyingi dastlabki oʻn yilliklarda qilingan deb hisoblashadi. Urush vaqtida toʻgʻri kelgan joyga chizib ketilavergan “bu yerda Kilroy boʻlgan” deb nomlanuvchi tasvir orqali graffitini ommalashib ketishi koʻcha sanʼatining rivojlanishida muhim nuqtalardan biri boʻlishi mumkin.

AQShdagi Ikkinchi jahon urushi milliy yodgorligiga oʻyib chizilgan “bu yerda Kilroy boʻlgan” nomli surat

Devor, binolarga chizilgan graffiti va boshqa suratlarning koʻcha sanʼatiga oʻtishi bosqichi esa oʻrganishlarga koʻra oʻtgan asrning 60-yillariga, shaharlarda odatiy holga aylanishi esa 80-yillarga toʻgʻri keladi. Koʻcha sanʼatini maqsadi va uslubidan kelib chiqib “postgraffiti”, “neograffiti”, “metro sanʼati”, “partizan sanʼati” va shu kabi boshqa nomlar bilan atashadi. Koʻcha sanʼati ommaviylashib, rivojlanib ketgach ham graffitilar yoʻqolib qolmadi. Aytish joizki, bu ikkisi bir narsa emas. Ikkalasi alohida yoʻnalish va mohiyatga ega harakat, ularni farqlash muhim va kerak. Biroq bu oson emas, “mana bu suv, mana bu quruqlik” deganday ajratib boʻlmaydi.

Graffiti XX asrning 20-30 yillaridan boshlab AQShda rivojlana boshlagan, asosan purkagichli va boshqa ashyolar yordamida chiziladigan, tushiriladigan yoki oʻyiladigan soʻzlar, tasvirlar, shakllar va chizmalardir. Metro vagonlari va devorlaridagi graffitilar dastavval norozilik, shahar maʼmuriyatiga isyon, noqonuniylik bilan xarakterlangan. Shuningdek, ular AQShdagi jinoiy toʻdalarning ishi, oʻz hududini belgilash vositasi hisoblangan. Bugungi kungacha shakllangan koʻrinishiga qarab xulosalasak graffiti chizish noqonuniy harakatdir. Uning muallifi ham aksariyatda noaniq boʻlib qoladi, hatto ishoralar ham boʻlmaydi (agar imzosi boʻlmasa). Graffiti muallifiga jamoatchilikning uning chizmasiga boʻlgan munosabati qiziq emas, u chizgan tasvir butunlay subyektiv istak, maqsad, fikr va maylga taqaladi. Yosh bolalar, oʻsmirlar yoki kattalar ham shunchaki vaqtichogʻlik, zerikish va turli istaklar bilan binolarga bunday narsalarni chizib ketaverishi mumkin. Ularga buning oqibati va boshqalarga moddiy yoki maʼnaviy taʼsiri qiziq emas. Shuning uchun xususiy va jamoat binolariga oʻzboshimchalik bilan chizib ketilgan bunday tasvirlarga avval boshidan va hozir ham vandalizm sifatida qarovchilar topiladi. Masalan, Rim imperiyasi davridagi devoriy surat va yozuvlarni (ularda asosan qargʻishlar, laʼnatlar yozilgan) oʻsha davr tarixchisi Plutarx yoqtirmagan va qoralagan.

Koʻcha sanʼati aniq maqsad hamda ijtimoiy yoki estetik ahamiyatga ega tasvirlardir. Texnik jihatdan chizma va tasvirlarda tasviriy sanʼatning ayrim qoidalariga rioya qilinadi, tasvirlar shunchaki koʻngil yozish yoki shoʻxlik uchun chizilmaydi. Tasvir ham murakkabroq va yaxshigina rassomlik mahoratini talab etadi. Mazmun jihatdan ham koʻcha sanʼati suratlari oddiy garffitilardan ancha baland turadi. U bir qancha tarmoq va yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan keng tushuncha. U nafaqat chizish, balki yopishtirish, boʻrtma, haykallar yoki yogʻochlar yordamida ham yaratilishi mumkin Mazmun-mohiyatini saqlagan holda qogʻozga va boshqa materialli yuzalarga ham chizilishi mumkin. Graffiti va koʻcha sanʼatidagi aniqroq farqlar 70-80 yillardan boshlab koʻzga tashlanadi. Ushbu sanʼatning dastlabki yirik vakillari sifatida Keyt Haring, Rene Monkada, Buyuk Franko kabilarni qayd etish joiz. Muvaffaqqiyatli koʻcha rassomlari mamlakat va dunyo boʻylab anchagina mashhurlikka erishgan, ayrimlarining shaxsi nomaʼlum boʻlib qolayotgan boʻlsa-da, taxallus bilan suratlar chizishmoqda. Ular suratlarida siyosiy va ijtimoiy muhim voqealarga nisbatan qarashlarini ifoda etadi. Koʻcha sanʼatini varvarlik, vandalizm, bezorilik deb baholaydiganlar hozir ham bor. Qisqa qilib aytganda, koʻcha sanʼati graffitiga nisbatan teranroq, murakkabroq, mazmunliroq va goʻzalroq yoʻnalishdir.

Koʻcha sanʼatidan asosan estetik zavq yoki maʼlum bir ijtimoiy, siyosiy ishora tarqatish uchun foydalaniladi. Hozirgi zamonda insonlar roʻznomalar, televizorga vaqt ajratmay qoʻygan, tezlashgan va moddiylashgan zamonda shoshilib yashayotgan odam telefoni orqali ham barcha voqealardan xabardor boʻlmasligi yoki eʼtibor bermasligi mumkin. Biroq binolar va devorlarga chizib ketilgan antiqa, oʻziga xos uslub va ishoralarga ega suratlar odamlarni bosh qotirishga majburlay olishi bor gap. Shuningdek, koʻcha suratlariga qayta va qayta duch kelaverish sizga yuz bergan salbiy voqealarni unutmaslikka, ichingizda bu voqeaga nisbatan norozilik, qarshilik harakatlarini davom ettirishga chaqiradi. Ijtimoiy munosabatning sanʼat bilan birikuvi taʼsirli qurolga aylanadi. Suratlarning noqonuniyligi, boy kompaniyalar va davlatga tegishli binolarga chizilishi, axloqiy va tasviriy qoidalardan uzoqlik, ochiq va qattiq ifoda ulardan olinadigan taʼsirni yanada kuchaytiradi. Shuning uchun, koʻcha sanʼati siyosiy, ekologik, ijtimoiy muammolarga qarshi kurashishda eng taʼsirli usullardan biri hisoblanadi.

Ayrim misollar keltirsak. Mashhur anonim koʻcha rassomi Benksi koʻcha sanʼatini kapitalizmning katta tezlik va hadsizlik bilan rivojlanish ortidan qoʻlga kiritilgan sanʼat deb atagan. Uning asarlarida olamda tobora ustunlikka erishayotgan moddiy qiymatlar, kuch va pulga tayanuvchi zoʻravonliklar ortidan boy berilayotgan bolalik hamda eng asosiysi insoniylik tasvirlanadi. Uning eng olamshumul ishlaridan biri bu “Pufakli qizaloq” traffaretidir. Unda kichkina qizning uchib ketayotgan pufakka qoʻl uzatib achinish bilan qoʻl uzatib turgani ifodalangan. Fon oq rangda, qizning soyasi esa qora rangda. Tasviriy sanʼatda bunday oq-qora tasvirlar rangsizlik hisoblanadi yaʼni qizaloq tasvirlangan surat “boʻshliq”dir, faqatgina pufak qizil rangda va yurak shaklida. Qizcha rangsiz va mazmunsiz hayotidagi yagona narsa – muhabbati, umidi va mehr qoʻygan bor-u yoʻgʻidan ajralmoqda. 2018-yilgi Sothebyʼs auksionida ushbu surat sotilganda yaʼni “sotildi” bolgʻasi urilganda, polotno ichiga muallif tomonidan joylashtirilgan moslama yordamida boʻlaklab tashlanadi. Va shu paytdan boshlab, Benksining shaxsiy talabiga binoan qayta nomlandi – “Axlat qutisidagi muhabbat”.

“Pufakli qizaloq” yoki “Axlat qutisidagi muhabbat”, Benksi

Koʻcha sanʼati yordamidan qarshilik koʻrsatiladigan yana bir narsa bu marketing va reklamalardir, juda katta tijoriy kompaniya va ishlab chiqaruvchilarga nisbatan norozilik graffiti endi rivojlanayotgan vaqtdan beri mavjud. Koʻcha sanʼatida esa bu yanada taʼsirliroq, kuchliroq koʻrinishga kirdi. Zevs taxallusi ostidagi fransuz koʻcha rassomi Agire Shvarts “Oqayotgan logotiplar” nomli seriyali ishlarini amalga oshirdi. U Shanel, Armani, Makdonalds kabi kompaniyalarning logotiplarini buzib tasvirladi. U Fransiyaning oʻsha paytdagi madaniyat olamida eng buzgʻunchi koʻcha rassomi sifatida tanilgan.

Urush koʻcha sanʼatida doimiy mavzulardan biri boʻlib kelgan. Zamonaviy dunyoda harbiy qudrat oʻz chegarasidan chiqib, hatto tinch aholi vakillarining qurbon boʻlishiga olib kelmoqda. Quyidagi surat Benksining Falastinda yaratgan, Falastin va Isroil oʻrtasidagi qurolli mojaroga bagʻishlangan ishlaridan biridir (2008), nomi “Zirhli tinchlik kabutari”. Tasvirdan koʻrinadiki, hatto tinchlik va osoyishtalik ramzi boʻlgan oq kabutar maxsus zirhli nimcha kiygan, shuningdek uni oʻq otuvchi harbiy qurol nishonga olib turibdi.

Koʻcha sanʼati faqat qandaydir hodisalarga ijtimoiy munosabat sifatida tushunilmasligi lozim. Uning yordamida shaharga koʻrkamlik va antiqalikni berish mumkin. Asarlardagi noodatiy uslublar, tasvirlar shahar aholisining kayfiyatiga ijobiy taʼsir qilishi mumkin. Bugungi kunda ayni shu kabi estetik maqsadlarga xizmat qiluvchi koʻcha sanʼati namunalari uchun turli festival, koʻrgazmalar tashkil etiladi.

Koʻcha sanʼatining vujudga kelishi tarixi haqida gap ketganda Birinchi jahon urushi davri muhim ahamiyat kasb etadi. Urush dunyo aholisining katta qismiga qattiq taʼsir qilgandi, bu sanʼatga ham taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Yangi yoʻnalishlar paydo boʻldi, avvaldan bor boʻlgan modernistik oqimlar mavzularida oʻzgarishlar kuzatildi. Avangardchilar, futuristlar, dadaistlar urush va uning oqibatlari, insoniyatning ayni ahvoli toʻgʻrisida chiza boshlashdi. Ular yaratgan asarlar qaysidir maʼnoda odamlarni ogoh qilishi, yangi jahon urushlarini oldini olishi kerak edi. Afsuski, dastlabki jahon urushidan yigirma yil oʻtib yangisi boshlandi, yanada dahshatliroq, qonliroq, kattaroq urush edi. Bu davr va undan keyin norozilik yanada kuchaydi. Endi oddiy odamlarning noroziligi ham boshqacha koʻrinishga kira boshlagandi. Devorlarga surat chizish yoki nimadir yozib ketish deyarli doim va hamma joyda taʼqiqlangan ( hozir ham agar ataylab maxsus joy qilinmagan boʻlsa bu ish noqonuniy hisoblanadi). Norozi, alamzada, tizimga qarshi odam qandaydir taqiqlangan ishni qilishga urinadi. XX asr boshlaridagi AQShda jinoiy toʻdalarning graffitini oʻzlarining mashgʻulotiga aylantirib olgani ham balki shundandir. Xullas, Birinchi jahon urushidan soʻng sanʼatda urushga turli qarshiliklar koʻrsatildi. Biroq urinishlar foydasiz boʻlib chiqdi Yangi fikrga koʻra, muzey va galereyalardagi sanʼat ijtimoiy muammolar yechimida ojizdir. Urush va qolgan boshqa barcha nohaqliklar, adolatsizliklarga qarshi sanʼat barcha joyda va omma uchun ochiq boʻlishi kerak. Shuningdek sanʼatdan bahra olish, uni yaratishga barchaning haqqi bor. Tasviriy sanʼat faqat boylar yoki oʻrtahollar uchun emas. Shunday qarashlar ortidan koʻcha sanʼati yaraldi va ommalashdi. U gʻarbda norozilikning eng ommaviy koʻrinishiga aylandi. Oʻz soʻzi, fikrini bildirish ehtiyoji kabi yana bir qancha subyektiv sabablar ham bor edi. Oddiy insonning urush, soliqlar, irqchilik, kapitalizm haqidagi fikrlari hech kimga kerak emas, jiddiy qabul qilinmaydi ham. Tunda tashqariga chiqasiz, shahringizdagi biror gavjum yerdagi binoga qandaydir muammo haqidagi noodatiy surat chizasiz va oʻz belgingizni qoʻyasiz. Qarabsizki minglab odamlar sizni tanib qoladi va fikringizga eʼtibor qaratiladi. Omadingiz kelib, sizni hech kim koʻrib qolmasa bu uchun jazolanmaysiz ham.

Oʻzbekiston hududida avvaldanoq graffitilar mavjud boʻlgan. Nafaqat poytaxtda balki boshqa shaharlardagi uy, binolarning devorlarida purkaluvchi va qurilish boʻyoqlari bilan yozib, chizib ketilgan ismlar, soʻkinishlar, turli izhorlarni koʻp uchratamiz. Koʻcha sanʼati esa hali rivojlanib ketmadi. Hozirda bizga faqat Inkuzart taxallusi ostida suratlar ishlaydigan anonim koʻcha rassomigina maʼlum. Inkuzartni birinchi oʻzbek koʻcha rassomi deyish ham mumkin, chunki shu paytgacha anonim koʻrinishda boʻlsa-da bizga birorta koʻcha rassomi maʼlum emasdi. Uni aholi orasida “Tungi rassom”, “Chilonzorlik Benksi” ham deb atashmoqda. Inkuzart dastlabki ishini Covid-19 sababli joriy etilgan karantinga bagʻishladi, unda himoya niqobi taqqan Mona Liza tasvirlangandi. Undan keyin bir qancha estetik qiymatga ega, shaxsiy ijtimoiy-siyosiy munosabati tasvirlangan ishlar ham yaratdi va ijtimoiy tarmoqlarda juda keng muhokamalarga sabab boʻldi. U tomonidan yaratilgan asarlar turli kishilar tomonidan oʻchirib tashlandi. Bu, albatta, kutilgan ish, chunki dunyoda koʻcha sanʼati asarlarining yoʻq qilinishi odatiy holga aylanib qolgan qolgan.

Inkuzartning yoqilgʻi quyish shahobchalarining birining yaqinida chizgan surati 

Koʻcha sanʼati oʻzining rivoji davomida sezilarli darajada ijtimoiy oʻzgarishlarga sababchi boʻldi va bu davom etmoqda. Biroq ortiqcha hayo-huytlar, uning mohiyatiga mos boʻlmagan harakatlar oqibatida oʻz qiyofasini yoʻqotib bormoqda. Koʻcha sanʼati kapitalizmning shafqatsiz ogʻir oqibatlariga qarshi kurash uchun yaralgani boʻlsa-da bugunga kelib oʻzi ham unga xizmat qiluvchiga aylanib qolmoqda. Unga boyib ketish uchungina qadam qoʻygan va oʻz atrofida shov-shuv koʻtargan koʻcha rassomlari ham uchrashi tabiiy hol. Koʻcha sanʼatiga tasviriy sanʼatning oldingi yoʻnalishlaridan yaxshiroq deb qarashni va uning tabiatiga xos boʻlmagan holatlarni vujudga keltirishni bas qilish kerak. Bizning zamonimizda eʼtibor haddan oshgan har narsa pul bilan sotib olinishga yoʻliqadi, bu esa bora-bora uning kuchini oʻtmaslashtiradi.

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz