Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “koʻcha” soʻzi fors tilidan oʻzlashgan, deb berilibdi[1]. Ammo nimaga asosan? Izohli lugʻatni tuzayotganlar qaysi manbaga tayanishgan?

Men koʻcha turkiy soʻz ekanini his qilgan holda, qardosh tillardagi variantlarining tahlili orqali uning maʼnosini oʻrganishni niyat qildim. Eʼtibor bering, turkiy tillarning uch lahjasida ham bu soʻz bor: qozoqcha kөshe; qirgʻizcha kөchө; oʻzbekcha koʻcha, ozarbayjoncha küçə.
Forsiy tillardagisiga eʼtibor bering: forscha خیابان; pushtun tilida خیابان; tojikcha roh, koʻcha;
Endi koʻcha maʼnosini beradigan turkiy soʻzlarning tahliliga diqqat qaratamiz: Koʻchaning arxaik shakli oʻram deyilgan. Nega?
Qadimda, aniqrogʻi hali shaharlar va qishloqlar paydo boʻlishidan oldin kishilar oʻtovlari tartibsiz joylashtiriladigan ovullarda yashashgan[2].

Oʻtovlar orasidagi koʻchalarni esa tartibli, tekis va toʻgʻri oʻtkazish imkoni boʻlmagan. Natijada, oʻtovlar orasidagi yoʻllar oʻrama shaklda tushgan. “Oʻram” oʻralmoq, oʻrol, oʻrim, oʻroq soʻzlari bilan oʻzakdosh. Bu soʻz koʻplab turkiy tillarda saqlangan: oltoycha orom[3]; boshqirdcha uram[4]; chuvashcha uram[5]; xakascha oram[6]. Oʻzbek tili shevalarida ham bu soʻz saqlangan. Jumladan, oʻzbek tilining qipchoq shevalarida oʻrama shaklida saqlangan: – bolang qayerda? – shu oʻramada yuruvdi. Bu gapdan bolam shu atrofda yuruvdi, degan maʼno anglashiladi.
Ikkinchi shakli yoʻl (jol) yoki yoʻlka (joʻlka) varianti barcha turkiy tillarda saqlangan.
Koʻcha soʻzi – turkiy. Buni isbotlash uchun oʻzbek adabiy tilidagi ayni oʻzakdan yasalgan boshqa soʻzlarni aniqlab olamiz: koʻcha-kuy, koʻch – koʻchish paytida tashiladigan yuk; koʻcha – koʻcha oshi (goʻja), koʻchat, koʻchim, koʻchirgich, koʻchish, koʻchirma, koʻchmoq, koʻchki, koʻchma, koʻchmanchi va hokazo. Endi bu soʻzlarning maʼnosini abstraktlash orqali umumiy maʼnosini topamiz. Va aniqki, bu soʻzlarni koʻchish maʼnosi birlashtiradi.
Koʻch oʻzakli soʻzlarning hammasi koʻchishni, aniqrogʻi bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga oʻtishni bildiradi. Demak, koʻchat koʻchirib oʻtqaziladigan oʻsimlikni, koʻchki tepalikdagi tosh, tuproq yoki qor qatlamining oʻz oʻrnidan koʻchishini, koʻchma koʻchirib oʻtkazish mumkin boʻlgan narsani, koʻchirish biron narchani nusxalashni, koʻchirgich narsani yoki yozuvni koʻchirib oʻtkazadigan vositani, koʻchirma koʻchirilgan yozuvni, koʻch koʻchish paytida tashiladigan yukni, koʻchim koʻchirib oʻtkaziladigan yuk hajmini (bir koʻchim yukimiz qoldi, olib keling!) bildiradi, koʻchmanchi esa chorvani oʻtlatish uchun yillik sikl boʻyicha koʻchib yuradigan aholi vakilini anglatadi. Koʻchmanchining koʻchkin va koʻchar shaklidagi sinonimlari ham bor. Koʻchkinning maʼnosi esa toʻgʻri talqin qilinmagan. Ammo koʻchar garchi oʻzbeklarda ayni shakldagi ism saqlanib qolgan boʻlsa-da izohli lugʻatga kiritilmay qolgan. Darvoqe, turkiy xalqlarda azaldan Koʻchar, Koʻchkin, Koʻchkinchi, Koʻchim kabi ismlar ham koʻp boʻlgan.
Koʻcha-koʻy juft soʻzining maʼnosini aniqlash uchun koʻy soʻzining maʼnosini topish kifoya qiladi. Koʻy turkiy tillarda mahalla maʼnosida ishlatilgan. Ammo, afsuski, izohli lugʻatda koʻy ham forscha, deb berilgan. Biroq izohda uning koʻcha, yoʻl, qishloq, mahalla maʼnolarida ishlatilishi koʻrsatilgan. Bu esa toʻgʻri emas, undagi koʻcha va yoʻl ortiqcha[7].

Turk tilida va butun Qoradengiz boʻyi turkiylarida koʻy (köy) – qishloq maʼnosini bildiradi va uning koʻcha maʼnosi yoʻq.
Endi koʻcha soʻzining maʼnosiga eʼtibor qaratamiz. Yuqoridagi koʻch oʻzakli soʻzlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, koʻcha dastavval koʻch (yuk) A nuqtadan B nuqtaga olib oʻtiladigan yoʻl maʼnosida paydo boʻlgan.

Turkiylar oʻtroqlashishi bilan esa oʻram oʻrniga qishloq va shahar ichidagi yoʻllarga nisbatan ham qoʻllanila boshlagan. Tojik tiliga bu soʻz turkiy tillardan oʻzlashgani aniq. Chunki ayni soʻz boshqa hind-yevropa tillarida uchramaydi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, rus tilidagi “кочевник” soʻzi ham turkiy tillardan oʻzlashgan[8].
Maʼlumki, oʻzbek tilida transport maʼnosida qoʻllaniladigan soʻz yoʻq. Shevalarda va boshqa turkiy tillarda bu soʻz bor. Misol uchun, oʻzbek tilining qipchoq shevalarida koʻlik soʻzi saqlangan. Ayni soʻz qozoq, qoraqalpoq tillarida transport maʼnosida faol qoʻllaniladi. Qozoq tilida transport allaqachon ishlatilmaydi, uning oʻrnini koʻlik egallagan[9]. Katta ehtimol bilan koʻlik soʻzi ham koʻchlik soʻzining buzilgan shakli boʻlishi mumkin.
Xulosa oʻrnida
Turkiy, umuman oltoy tillari oilasiga mansub soʻzlarning ajoyib bir xususiyati bor. Unda soʻz yasalishi jarayonida maʼno yuklangan oʻzak soʻzning shakli oʻzgarmaydi. Bu qaysidir jihatdan oʻz qatlam soʻzlarni aniqlashda identifikator vazifasini ham oʻtaydi va soʻzlarimiz notoʻgʻri talqin qilinayotganda undan dalil sifatida foydalanish mumkin.
Ushbu maqola, oddiy bir tahliliy mulohaza, xulosa emas. Xulosa uchun yana boshqa faktlar bilan boyitilgan maqola tayyorlash niyatimiz bor. Ammo tilimizning boyligi boʻlgan soʻzlarimizni begonalar oʻziniki qilib olayotganda bir oʻzbek oʻlaroq “qizgʻanishimiz” axloqdan tashqari boʻlmasa kerak. Agar shunday qilmasak, avval soʻzlarimizni, soʻng tilimizni boy beramiz.
Anvar BOʻRONOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
[1] Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – Тошкент: ЎМЭ. 2020. – Б. 476
[2] Ҳозир ҳам шундай овуллар бор.
[3] Алтай-орус сöзлик. Горно-Алтайск. НУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», 2018. С. 509.
[4] Башкирско-русский словарь: – М.: Дигора,Рус. яз., 1996. С. 679.
[5] Чувашско-русский словарь: – М.: изд. Рус. яз.,1985. С. 510..
[6] Хакасско-русский словарь. – Новосибирск: Наука, 2006. – С. 310.
[7] Oʻzbek tilining izoҳli luғati. – Toshkent: OʻME. 2020. – B. 449
[8] Фасмер Макс . Этимологический словарь русского языка. Т. 2. – Москва: Изд. Прогресс. 1986 – С. 357
[9] Бектуров Ш., Бектурова А. Қазақша-орысша создік: – Астана: «Фолиант», 2001. – Б.123.