Oyina.uz portalida chiqqan “Ilmiy ishlardagi yolgʻonlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili” maqolasi qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Shundan soʻng mavzu yuzasidan “Professor Baxtiyor Mengliyevning siri nimada?” degan suhbat eʼlon qilindi. Maqolada tilga olingan yana bir shaxs – filologiya fanlari doktori Zavqiddin Suvonovning munosabatini eʼtiboringizga havola qilmoqdamiz.
Xolislikning bahosi ancha(mi?)
Jarayonda dissertatsiyalarning soxtaligi xususidagi gaplar virtual olamning oʻzbek segmentida oʻziga xos aks sado berdi. Bunga asosiy sabab qilib kaminaning ishi koʻrsatilyapti. Tadqiqotimiz mavzusi “Oʻzbek badiiy matnlarini filologik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” deb nomlanadi.
Dissertatsiyada soha ilm-fani doirasidagi zaruriy muammo koʻtarilgan. Tadqiqotga koʻra, badiiy matnning filologik ekspertizasi: talab, ehtiyoj, imkoniyat, isbotlanishi kerak boʻlgan vaziyatlarda bahsli materiallarni aniqlashga yondashuv, badiiy matnni filologik ekspertiza qilishning metodologik asoslari tanlanishi va izchil qoʻllanishi kutilgan natijaning aniqligi va ahamiyatini koʻrsatadi.
Dissertatsiya sistema sifatida: adabiy turlar matnining filologik ekspertizasi, badiiy matnning filologik ekspertizasi ilmiy muammo sifatida, aynan shu muammoning oʻrganilishi, oʻzbek adabiyoti va maktab (adabiyot) darsliklarini filologik ekspertiza qilish zarurati, unda qoʻllanadigan asosiy tushunchalar sharhi, bahsli materiallarni aniqlash tamoyillari, badiiy matnni filologik ekspertiza qilishda metodologiya muammosi, umumiy metodologik asoslarning oʻrni, badiiy matn filologik ekspertizasining xususiy metodologik asoslari, epik asar tahlilida konfliktli matnni aniqlash va filologik ekspertiza qilish, lirik asardagi obraz tabiatini filologik ekspertiza qilish, dramatik asar haqiqatining badiiy evolyutsiyasi filologik ekspertizaning predmetini qamrab oladi.
Badiiy matn filologik ekspertizaning umumiy qonuniyatlari, shuningdek, tafakkur va nutq omili birlamchi hodisaga aylanishi, amaliy tilshunoslik oʻz obyektiga yangi nigoh bilan qarash orqali ekspertiza muammolarini chuqurroq tekshirish yoʻlidan bordik. Bularni ishim haqidagi yigirmaga yaqin xalqaro va respublika miqyosidagi taqrizlar, tegishli tashkilotlarning xulosalari ham tasdiqlab turibdi.
2024-yilning 5-yanvar kuni Oyina.uz saytida eʼlon qilingan “Ilmiy ishlardagi yolgʻonlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar” maqolasini oʻqib, ochigʻi, hayron qoldim. Ilmi, salohiyatiga shubha boʻlmagan ustozlarga nisbatan munosabatni koʻrib ranjidim ham. Muallif maqolaning oltinchi xatboshisidan boshlab kaminaning ishiga toʻxtaladi.
Muallifning “Adabiyotdan arang PhD yoqlagan Zovqiddin Suvonov bir yumalab tilshunoslikdan DSc himoya qilgani hech kimni shubhalantirmayaptimi?” degan iddaosi bir savol va bir olimani esga soldi. Savol shuki, muallif tilshunoslik boʻyicha PhD yoqlagan ekan, men oldin adabiyotshunoslik boʻyicha PhD yoqlaganman, bu ishim haqidagi ushbu “haqiqat”ni qaydan bildi ekan?
Gulnoz Sattorova 2023-yil 31-martda Feysbuk sahifasidagi postida shunday yozgan edi: “Bizda kadrlar masalasi qiziq-da, 90 foiz ilmiy darajaga ega boʻlgan filologiya fakultetining dekani ilmiy darajasiyam yoʻq matematik, kecha adabiyotdan bazur PhD yoqlaganlar tilshunoslikdan bugun fan doktori. Mantiq degani shumikin”. Ikki iddaoda mazmun va obyekt bir xilligiga eʼtiborni tortmoqchiman. Bu tasodifiy emas, menimcha.
Maqola muallifi tadqiqotimizni anchadan buyon kuzatib kelayotgan shaxs sifatida menda taassurot uygʻotdi. Afsuski, bu qiziqishning nosamimiy ekanligini muallifning oʻzi oshkor qilibdi: tadqiqotimizning kafedra muhokamasi bosqichidagi nomlanishi “Oʻzbek badiiy matnlarini lingvistik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” tarzida edi. Vaholanki, soha mutaxassislari, kengash aʼzolari boʻlgan ustozlarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari asosida dissertatsiyamiz “Oʻzbek badiiy matnlarini filologik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” degan nom ostida Ilmiy kengash muhokamasidan oʻtgan va OAKga topshirilgan edi. Maqolada esa ushbu ikki xil nomlanish qayd qilingan.
Feruzaning “Adabiyotdan arang PhD yoqlagan Zovqiddin Suvonov bir yumalab tilshunoslikdan DSc himoya qilgani hech kimni shubhalantirmayaptimi?” degan iddaosi kaminaning gʻashini keltirgani rost. Muallif yozadi: “Axir odamlar bitta dissertatsiya yozishga butun umrini bag‘ishlaydi-ku. Qanday qilib bir yilda DSc dissertatsiyasini tayyorlash mumkin? Oddiygina – ko‘chirib”.
Nega bunchalik ishonch? Axir bu mavzu atrofidagi masala va muammolar, ularning yechimlari borasidagi qiziqish va izlanishlarimning 2019-yillarda ustozim professor Baxtiyor Mengliyev gʻoyalari bilan boshlanganini muallif qayoqdan ham biladi, deyman-u, lekin bunday beandishalik bilan iddao qilishini hazm qila olmayman.
Tadqiqotimiz, albatta, bir yil davomida rasmiy bosqichda amalga oshirilgan boʻlishi tabiiy, lekin har qanday sogʻlom odam ham biladiki, tadqiqotlar uchun ikki-uch yillik muddat yetarli. Darvoqe, doktorantura muddatining ham uch yil qilib belgilanishi bejiz emas, axir. 3 yil+bir umr, bu muddat orasida farq seziladimi? Oʻsha bir umr yozadigan tadqiqotchi ham ishni yozishga, oʻsha bir umrning uch yilini sarflaydi, xolos.
Tadqiqotimizga qiziqib yurgan muallif mavzumizning dolzarbligi, muammo yechimi doirasida amalga oshirilgan tahlil va natijalar, xulosa va tavsiyalar, ilmiy-amaliy ahamiyati kabi muhim masalalarga eʼtibor qaratmagani kishini ajablantiradi. Menimcha, uni tadqiqotimizning bu kabi masalalari qiziqtirmaydi yoki ularni anglay olmagan yoxud bu qobiliyatdan mahrum. Chunki buning uchun sogʻlom fikr talab qilinadi.
Muallif nosogʻlom yondashish yoʻlidan borib, ayrim texnik xatolarimizni katta va jiddiy kamchilik deb ayyuhannos solibdi. Asossiz iddaolarini davom ettirib, tadqiqotimiz boʻyicha eʼtirozlarini jadvalga solib, boshqa manbalardan olingan iqtibos, fikrlarga havola koʻrsatilmaganlikda ayblaydi.
Jadvalda “oʻzlashtirilgan”, “koʻchirilgan” deya qayd qilingan 3-, 5-, 6-, 7-bandlardagi eʼtirozlar asossiz, chunki dissertatsiyamiz matnida ularning oʻzga manba materiali ekaniga ishora sifatida 95-, 76-, 77-, 78-raqamlar ostida havola berilgan-ku. Eʼtirozlarning asossizligiga oʻzingiz ham guvoh boʻlishingiz uchun ana shu oʻrinlar dissertatsiya matnidan aynan olinib hukmingizga havola qilinmoqda. Quyidagilarga eʼtibor qarating:




Keltirilganlardan ayonki, oʻzgalarga tegishli fikr-mulohazalar manbalari tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Ishimizdagi ayrim holatlar yuzasidan yuqoridagi kabi eʼtirozlarni rad qiluvchi dalillar, yaʼni havolalar, olingan manbalarga ishora qiluvchi belgilar avtoreferatimiz va dissertatsiyamizda aks etgan. Hayronman, yana nima qilishim kerak edi, mavjud manbalarga murojaat qilmasligim yoki ilmiy doirada mavjud fikr-mulohazalarga umuman munosabat bildirmaslikni istayaptimi muallif?!
Mazkur eʼtirozsimon izohlar uning uydirma va tuhmatidan, alamzadaligidan boshqa narsa emas. Darvoqe, oʻzga tildagi matn tarjimasidagi mazmun mening talqinimda shunday yoki uni muallif tarjima qilishi kerakmikin? Xullas, maqola muallifining maqsadi hasad libosiga burkanib olganga oʻxshaydi. Men oʻzga tildagi matnlarni soʻzma-soʻz tarjima qilmaganman, shuning uchun “qarang” yoki havola ishorasini berganman. Bunda men iqtibos-havola qoidalariga toʻliq rioya qilganman. Muallif bunday qoidani bilmaydi. Koʻchirib olish, oʻzlashtirish bilan bogʻliq boshqa eʼtirozlari ham asossiz, dissertatsiyada bu kabi oʻrinlarga havolalar raqamlarda koʻrsatilgan. Maqola muallifining asossiz eʼtirozlari shaxs nomini badnom qilish, tirnoq ostidan kir qidirish bilan barobar. Muallifning menga va mening tadqiqotimga nisbatan bildirgan munosabati xolis emas.
Hali oʻz muddao va maqsadini yorqin anglay olmay turgan muallifning OAK kengashiga buyruqnamo takliflar kiritishini ham tushunsa boʻladi, unga rahmi kelayotganlar ham boʻlishi mumkin. “Plagiat” deb atalmish noxolislikka botirib olingan aybnomaga munosabatim hozircha shu.
Eng achinarlisi, maqola egasining soha mutaxassislari va ustozlar faoliyatiga nisbatan munosabatida nosamimiylik, alamzadalik sezilib turibdi.
Muallifga shoshmaslikni, xolislikka yoʻgʻrilgan fikrlarni yozishni maslahat beraman, uning yuzaki yozilgan, asossiz maqolalarini shosha-pisha ulashayotganlarga ham javobim shu. Ushbu munosabatimni tegishli huquq-tartibot organlariga, Oliy attestatsiya komissiyasi kengashiga ham taqdim etaman. Muallif maqolasi batafsil tahlil qilingan oʻn sahifalik raddiya mavjud. Zarurat boʻlsa uni ham eʼlon qilaman.
Zavqiddin SUVONOV