Oyina.uz respublikamizdagi oʻziga xos tarixga ega maskanlar haqida maxsus maqolalar turkumini berib boradi. Birinchi manzilimiz – Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻldi.
Xoʻjayli tumanining gʻarbiy chekkasi. Koʻz oʻngimizda qadimiy Mizdakxon shahri yastanib yotibdi. Bir qarashda yemirilib borayotgan nuroniy tepaliklar, koʻhna devorlar tuproq bagʻriga singib ketgan xarobalardek koʻrinadi. Miloddan avvalgi IV–III asrlarda paydo boʻlgan ushbu shahar xarobalari bugungi kunda turli nomlar bilan ataladi: “Xoʻjayli Govur qalʼasi”, xalq tilida “Bevafolar qalʼasi”, yana bir manbada esa “Kofir qalʼa”.
Qalʼaning bunday nomlanishining sabablari haqida bir qancha qarashlar bor. Ilmiy izlanishlarda “Govur qalʼa” miloddan avvalgi I ming yillikning oʻrtalaridayoq paydo boʻlgani va milodiy XI asrga qadar Mizdakxon deb atalgani qayd etiladi. Zardushtiylik dinining bosh xudosi Axura Mazda nomi qalʼaning shunday atalishiga asos boʻlgan boʻlishi mumkin.
Biroq tilshunoslik nuqtai nazaridan qaraganda, “Mizdakxon” toponimiga Axura Mazdadan koʻra Mazdak ismining asos boʻlgani ehtimoli yuqoriroqdek koʻrinadi. Mazdak ibn Hamdodon (milodiy 470–529-yillarda yashagan) dastlab otashparastlarning diniy maskanlaridan birida, keyinchalik esa Erondagi bosh kohin (diniy rahbar) lavozimida faoliyat yuritgan. U asos solgan taʼlimot keyinchalik mazdakiylik nomi bilan tarixga kirdi.