Yigirma yetti davlatni yagona bayroq ostida birlashtirgan, salkam 450 million nufusga ega Yevropa ittifoqi (YI) hududida siyosiy iqlim keskin oʻzgarmoqda. Soʻnggi yillarda Avstriyadan Italiyagacha, Vengriyadan Fransiyagacha – koʻplab davlatlarda oʻta oʻng qanotga mansub siyosiy partiyalar va harakatlarning taʼsiri oshdi. Bu xavfli tendensiya siyosatshunoslik ilmiga “oʻngga burilish” (ingl. right turn) degan istiloh bilan kirdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa mamlakatlarida oʻta oʻng yoʻnalishdagi siyosiy partiyalar davlat boshqaruvidan butkul chetlatilgan edi. Zero, millionlab insonlarning yostigʻini quritgan qirgʻinbarotga aynan ashaddiy oʻnglar boshlagan millatchilik vasvasasi sabab boʻlgani maʼlum. “Koʻhna qitʼa” kechagi kun saboqlarini unutdimi, “tarix qabristoniga dafn etilgan” partiyalar yana qayta bosh koʻtarmoqda.

Fashizm atalgan vayronkor taʼlimotdan koʻp va xoʻb aziyat chekkan Italiyada 2022-yilgi saylovda Jorja Melonining millatchilikka moyil “Italiya birodarlari” (Fratelli dʼItalia) partiyasi hokimiyatga keldi. J. Meloni nafaqat Italiyaning ilk ayol bosh vaziri, Ikkinchi jahon urushidan keyin Gʻarbiy Yevropada hukumat rahbarligini egallagan ilk oʻta oʻng partiya yetakchisi hamdir.

YIning lokomotivlaridan biri Fransiyada muhofazakor oʻta oʻng qanotga mansub “Milliy birlashuv” (Rassemblement national) partiyasining nufuzi yil sayin oshib bormoqda. 1972-yilda tashkil etilgan siyosiy harakatning globallashuv, migratsiya va islomiy qadriyatlarga qarshi qaratilgan doktrinasi oʻn yilliklar mobaynida jamiyatning ongli qatlami tomonidan rad etilgan. Ammo fransuz jamiyatining siyosiy tafakkuri turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar taʼsirida evrilishga uchramoqda. Yaqingacha “Milliy birlashuv”ning millatchi va populist deb qoralangan yetakchisi Marin Le Pen 2017 va 2022-yilgi prezident saylovida Emmanuel Makronga asosiy raqib boʻldi. 2024-yil iyun va iyul oylarida boʻlib oʻtgan parlament saylovida mazkur partiya 143 ta deputatlik mandatini qoʻlga kiritib, qonunchilik idorasidagi uchinchi yirik fraksiyaga aylandi.

Ikkinchi jahon urushining asosiy sababchisi boʻlgan Germaniyada millatlararo munosabat oʻta hassos mavzular sirasiga kiradi. Natsizm balosining oqibatlarini oʻz tanasida his etgan olmonlar hatto millatparvarlik tashabbuslariga ham juda ehtiyotkorlik bilan yondashib kelgan. Ammo keyingi yillarda mazkur mamlakatda ham oʻta oʻng yoʻnalishdagi partiyalarning taʼsir doirasi kengayib borayapti. Xususan, 2013-yilda tashkil etilgan “Germaniya uchun muqobil” (Alternative für Deutschland) partiyasi muhojirlar, qochqinlar va musulmonlarga nisbatan “temir musht” siyosati tarafdoridir. 2017, 2021-yilgi parlament saylovida uchinchi hamda beshinchi oʻrinni egallagan partiya 2025-yilgi saylovda hatto federal kansler lavozimi uchun kurashmoqchi.

2024-yil 6–9-iyun kunlari boʻlib oʻtgan Yevropa parlamenti saylovida ham oʻta oʻng yoʻnalishdagi partiyalar Fransiya, Germaniya va Italiyada koʻp sonli ovoz toʻplab, deputatlik mandatlarining qariyb chorak qismini qoʻlga kiritdi (“Milliy birlashuv” – 81 ta oʻrindan 30 ta, “Germaniya uchun muqobil” – 96 ta oʻrindan 15 ta, “Italiya birodarlari” – 76 ta oʻrindan 24 ta).

Parlamentda oʻta oʻng qanot fraksiyalar safining kengayishi YI uchun juda muhim ahamiyat kasb etgan yashil iqtisodiyot, migratsiya kabi yoʻnalishlarda qonunlar qabul qilishni qiyinlashtiradi. Bu – “oʻngga burilish”ning huquqiy oqibati, xolos. Ushbu tendensiyaning jamiyat uchun siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy asoratlari bir necha karra xatarliroqdir.

Oʻta oʻng kategoriyaga mansub siyosiy partiyalar dasturida anʼanaviy ravishda milliy oʻzlik muhofazasiga katta oʻrin ajratiladi. Ular oʻzi mansub dominant yoki titul millat oʻzligini birinchi oʻringa qoʻygani holda, boshqa milliy hamda etnik jamoalarning qadriyat va anʼanalarini cheklash, umuman, taqiq va tabu usullarini yoqlaydi. Siyosiy mezonlarga muvofiq markazga yaqin oʻnglar milliy oʻzlikni moʻtadil kurash uslubi orqali himoya qilishga intilsa, ashaddiy oʻnglar bu borada hatto kuch ishlatishni maʼqul koʻradi.

Yevropadagi oʻta oʻng partiyalar ham millatlararo nizo qoʻzgʻab, jamiyatdagi birlikka raxna solayotgani bilan xavotir uygʻotmoqda. Mohiyat eʼtiboriga koʻra “biz – ustun, ular – ostin” tamoyilini bayroq qilgan ashaddiy oʻnglar aksar muammolar uchun muhojirlarni aybdor deb biladi.

1990-yillarda Yevropa davlatlari taraqqiyotning postindustrial bosqichiga qadam qoʻydi. “Koʻhna qitʼa” ahli yangi taraqqiyot mevalaridan toʻla-toʻkis bahramand boʻlib ulgurmay, 2008 yili jahon iqtisodiy boʻhroni roʻy berdi. Bir necha yilga choʻzilgan inqiroz jarohati hali bitmasdan koronavirus pandemiyasi boshlandi. Yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladigan pallalarda esa har qanday jamiyatda ishsizlik kuchayadi.

Millatlararo munosabatlar katta siyosatda hamisha tosh bosadigan masala boʻlib kelgan. Oʻta oʻng partiyalar “Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning asosiy aybdori – muhojirlar” degan qarashni ilgari suradi. Dolzarb muammolarga yechim topa olmayotgan omma bu kabi populistik bayonotlarga ishonadi. Pirovardida jamiyatda millatchilik, etnik ayirmachilik, ksenofobiya, islomofobiya kabi illatlar yanada chuqur ildiz otadi.

Yevropa hamjamiyatida oʻta oʻngchi partiyalarning millatchilik ruhini kuchaytirishga urinayotgani oʻt bilan oʻynashish demakdir. Chunki bu hol ijtimoiy parokandalikka olib keladi. 2021-yilda Fransiya aholisining 7 millioni yoki 10,3 foizi muhojirlar boʻlgan. Taʼkidlash joizki, ularning salmoqli qismi Fransiya fuqaroligiga ega. Germaniyada esa migrantlar ulushi yanada yuqori: 2022-yilda 83,8 million aholining 20,2 millioni muhojirlik oʻtmishiga ega boʻlgan yoki olmon zaminida muhojirlar oilasida tugʻilgan fuqarolardir. YIning boshqa mamlakatlarida ham muhojirlar salmogʻi katta ekani inobatga olinsa, oʻta oʻng partiyalarning dasturlari birlik va totuvlikka qanchalik ulkan ziyon yetkazishini tasavvur qilish mumkin.

Tanganing ikkinchi tomoni boʻlganidek, mutaassib kayfiyatdagi partiyalarning kuchayishida meynstrim yoʻnalish, moʻtadil oqimga mansub siyosatdonlarning ham aybi bor. Yaʼni elektoratni qiynayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga oʻz vaqtida, qoniqarli yechim taklif etilmagani oʻta oʻng qanot partiyalariga qulay  imkoniyat tugʻdirmoqda.

Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida Gʻarb davlatlarida tatbiq etilgan multikulturalizm siyosati muayyan mamlakatda turli etnik guruhlarning oʻz anʼana va qadriyatlarini saqlagan holda hayot kechirishini taʼminlashga qaratilgan. Multikulturalizm kichik etnoslarning katta millatlarga qoʻshilib ketishini yoqlovchi assimilyatsiya siyosatining muqobili, muxolifidir.

Multikulturalizmga xos haddan ziyod bagʻrikenglik sabab Yevropa mamlakatlarida muhojirlar mezbon jamiyatga moslasha olmagani, zamonaviy gettolar yuzaga kelganini rad etib boʻlmaydi. Ammo, bizningcha, ushbu siyosatga xos kamchilik va xatolarni isloh etgan holda, undan millatlararo ixtiloflarni hal etishning maqbul usuli sifatida foydalanish maqsadga muvofiq. Chunki hozirgi vaziyatda “Yevropa uyi” uchun etnik va madaniy plyuralizm suv bilan havodek zarur.

Aksar olim va tadqiqotchilar taʼkidlayotganidek, qaltis dilemmaga duch kelgan Yevropa hamjamiyati milliy masalada ziddiyat, mujodalani bas qilib, murosa yoʻlini tanlashi, sogʻlom tafakkur oʻzaniga qaytishi kerak. “Oʻzimiznikilar va oʻzgalar” tarzidagi yanglish mezon qutblashuvni yanada kuchaytirishi aniq.

Sobirjon YOQUBOV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti

mustaqil tadqiqotchisi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Dilemma: mujodalami yo murosa?” maqolasi