Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek HASANOV bilan suhbat.
– Ulug‘ jadid Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida Otabek Shamayga boribkelgach, talabga javob bermay qolgan maʼmuriy tartibotni yangilash ishqida yonadi. Gapning nishabi ismingizga qarab ketayotganini sezgandirsiz. Suhbatni noodatiy savoldan boshlamoqchiman: agar Sizga maʼrifatparvar bobolarimiz bilan zamondoshlik nasib qilganida, qaysi jadidning etagini tutgan boʻlar edingiz yoki ularning qaysi tashabbuslariga bosh qoʻshardingiz?
– Soʻzni eng sevimli kitobimdan boshladingiz. “Oʻtkan kunlar”ni oʻn marta oʻqidim esimni taniganimdan buyon. Har gal yangi bir maʼno, fakt va hikmat olaman. Savolga keladigan boʻlsak, jadidlarning “Koʻmak” loyihasi meni doim hayratga solib keladi. Tasavvur qilaylik: XX asrning birinchi choragida Germaniyada oʻqimoqchi boʻlgan boshqalarning farzandlari uchun Chorsu bozorida xalqdan pul soʻrab yurishgan. “Ey, musulmonlar, ertaga ular kelib hayotimizni oʻzgartiradi. Toʻylardagi xarjni kamaytirib, isrofdan qochib, shu aqchalarni kelajagimiz uchun beraylik. Ilm olish – oʻgʻil boʻlsin, qiz boʻlsin, har bir musulmonga farz”, deya boylarning xonadonlariga, majlislariga kirib borgan. Oʻzi uchun emas, bolasi uchun emas, xalqning bolasi uchun jon kuydirgan. Jadidlar bilganki, dunyoning ilgʻor davlatlari tajribasini oʻrganmasak, Vatan va xalq istiqboli mavhumlikda qoladi.
Endi bir gap aytay, muhtaram Prezidentimiz 2018-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasini tashkil etish haqidagi farmonga imzo chekdi. Davlatimiz rahbari oʻsha vaqtdayoq taraqqiyot ufqimizga nazar tashlay olgan, uning asoslaridan biri sifatida jadidlar yoʻlini tutgan. Bir raqam keltiraman, mazkur Jamgʻarma orqali 2018–2025-yillarda 2 300 nafarga yaqin stipendiat 45 ta mamlakatga taʼlim olishga yuborilgan. Bu hali hammasi emas, bugungi kunda 1 400 nafardan ortiq bitiruvchi Oʻzbekistonga qaytib kelib, iqtisodiyot, taʼlim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda. Mana sizga natija, mana, Behbudiylar, Fitratlar, Choʻlponlarning ushalmagan orzulari bir asr oʻtib roʻyobga chiqmoqda. Quvonarlisi, bu jarayon davom etmoqda, ayni vaqtda 740 nafardan ortiq stipendiat TOP-300 talik reytingiga kiruvchi universitetlarda tahsil olmoqda. Agar jadidlar bilan bir davrda yashaganimda, ana shu “Koʻmak” harakatiga qoʻshilgan boʻlardim.
Bilasiz, jamiyatda onaning oʻrni beqiyos. Buyuklarning kamolotida bosh sababchilar onasi, turmush oʻrtogʻi boʻlgan. Amir Temur bejiz Oqsaroyni onasi Takina xotunga atab qurdirmagan. Xotin-qizlar taʼlimiga davlat siyosati darajasida eʼtibor berilayotgani xalqda ham uygʻonishni, sergaklikni keltirib chiqardi. “Qiz bola oʻqib, shahar olib berarmidi?” degan gap urfdan qoldi. Quvonarlisi, bugun oʻqigan qizlar safiga oʻqigan kelinlar, oʻqigan onalar qoʻshilyapti. Endi oliy taʼlim qoʻl yetmas uzoq manzil emas. Davlatimiz rahbari ayollarga maʼrifat dargohlarining yoʻlini yaqin va ravon qilib, darvozasini keng ochib berdi. Bir misol: 2016-yilgacha magistraturada xotin-qizlarning ulushi 20 foizga ham yetmasdi, bugun 57 foizga oʻsibdi. Jadidlar Olmoniyaga talaba yuborayotganda, Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova kabi qizlarni ham bekorga tanlamagan. Dunyo koʻrgan xotin-qizlar ertaga dunyoqarashi keng avlodni tarbiyalashini ular yaxshi bilgan. Shuning uchun ham “Koʻmak” loyihasi asoschilari va ishtirokchilari xotirasi oldida doim ehtirom bilan bosh egaman.
– Otabek aka, tan olish kerakki, bir necha yil avval maʼnaviy-maʼrifiy soha faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish, uning ahamiyatini yoshlar ongiga singdirish borasida muayyan muammolar mavjud edi. Bugun esa bu yoʻnalishda yangi yondashuvlar va tashabbuslarni koʻryapmiz. Sizningcha, jamiyatda maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlash, milliy oʻzlikni anglash va yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining oʻrni va hissasi qanday?
– Xalq oʻziga mavhum va hayotidagi ahamiyatini anglamagan sohalarga eʼtibor bermaydi, undan oʻzini tortadi. Ochiq aytish kerak: odamlar ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat, adabiyot va sanʼat haqida oʻylashi uchun bu sohalarning jamiyat rivojidagi oʻrnini tushuntirib berish, maʼnaviy hayotga eʼtibor qaratishi uchun moddiy hayotini ham yoʻlga qoʻyish kerak edi. 2017-yilda boshlangan islohotlar yuqoridagi barcha muammoga bosqichma-bosqich yechim berib bordi. Prezidentimiz Yoshlar kunida: “Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli boʻlgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda”, deya Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosini yana bir bor taʼkidladi.
Bu jarayonda maʼnaviyat va maʼrifatning ham oʻz oʻrni, vazifalari bor. Soʻnggi yillarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “xalq bilan muloqot”, “inson qadri uchun” prinsiplari asosida xalq ichiga kirib bordi. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlashda tashabbuskorlikni yoshlarning oʻziga ishondik. Eng muhimi, Markaz maʼnaviyatni shunchaki targʻib qilish emas, balki uni inson qalbi, tafakkuri va kundalik hayotining ajralmas qismiga aylantirish yoʻlida izchil harakat qilmoqda. Hususan, “Maromiylik” umummilliy harakati”, “Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati” hamda “Yangi Oʻzbekiston – stereotiplardan xoli mamlakat”, “Muzeylararo 90 kun”, “Maromiylik loyihasi”, “Mustaqillik toʻyi” loyihalari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Lekin agar yoshlar bizga yangi taklif bilan keladigan boʻlsa, ularni qoʻllab-quvvatlashga doim tayyormiz. Aholimizning oltmish foizi yoshlar. Ular ijtimoiy tarmoqlarga kuniga ikki soatdan toʻrt soatgacha vaqt sarflaydi. Demak, bizning ham ish maydonimiz tarmoqlarda. Hozir ijtimoiy tarmoqda oʻnga yaqin loyihani amalga oshiryapmiz.
Aholi farovonligi oshgani sari, oʻzingiz ham sezgan boʻlsangiz kerak, kitobxonlikka, adabiyotga eʼtibor ortib boryapti. Instagram, feysbuk, yutubni kuzatsangiz, faqat shoubiznes vakillari yoki koʻngilochar vaynerlar sahifasi emas, shoir-yozuvchilar, bukblogerlar, nashriyotlarning sahifalari ham gavjum. Millionlab koʻrishlar soniga ega boʻlyapti mutolaa va sheʼriyat sahifalari. Demak, bunga ehtiyoj bor. Nega endi ana shunday yoshlarni topib, loyihalarimizga jalb qilmasligimiz, ularni moddiy ragʻbatlantirmasligimiz kerak? Buning uchun bizda barcha sharoit muhayyo. Shu maqsadda “Soʻz” loyihasini yoʻlga qoʻydik. Markaz qoshida “Oyina.uz” sayti faoliyat yurityapti. Bugun “Soʻz” nafaqat yosh ijodkorlarni, balki oʻn minglab oʻquvchilar auditoriyasini birlashtiryapti.
– Bugun oʻz faoliyatingiz yuzasidan vijdoningiz bilan hisoblashib turasizmi?
– Maʼnaviyat sohasining maʼlum chegarasi va aniq qolipi yoʻq. Soʻzning oʻzagi “maʼno”. Demak, bu soha hayotga yangi maʼnolar berishga xizmat qilishi kerak. Qolaversa, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning natijasi birdan koʻrinmaydi. Bu yillar davomida, avlodlar kamoloti va almashinuvi fonida koʻzga tashlanadi. Shunday boʻlsa ham, odam oʻzini oʻzi taftish qilib turishi kerak. Har kuni kechqurun vijdonimga hisobot beraman. Oʻzimga savollar qoʻyib, javobini axtaraman: “Bugun lavozimda oʻtirib, shunga loyiq ish qildimmi, yoʻqmi?”, “Bugun oʻz ustimda ishlashga imkoniyat boʻldimi?”, “Bugun ota-onamga qoʻngʻiroq qildimmi, farzandlarim bilan gaplashdimmi?”, “Bugun ichki xotirjamligim, ruhiy holatim qanday?” Shu tariqa oʻzimni savol-javobga, vijdon oldida hisobotga oʻrgatganman. Buni oʻn yil oldin Isʼhoq Adizesning “Liderlik sanʼati” kitobida oʻqib, oʻzimga odat qilib olganman.
– Yangi va katta ishlarni boshlash – bir masala, yaxshi ishni odatga aylantirish esa yana bir masala. Ishga energiyani qayerdan olasiz?
– Har kuni ertalab ota-onam bilan qoʻngʻiroqlashaman. Kechqurun uyga borganda, farzandlarim bilan vaqt oʻtkazaman.
– Ijtimoiy tarmoqlar rivojlanar ekan, yoshlar orasida motivatorlar, psixologlarning chiqishlariga ham ehtiyoj kuchayib ketdi. Xorijlik mualliflarning bu boradagi kitoblari katta toʻlqin bilan tarjima qilindi. Mahalliy motivatorlarning gap-soʻzlarida ham aynan chet el mualliflarining iqtiboslari ustunlik qiladi. Shunday bir sharoitda maydonga muallifligingizdagi “Liderlar kitobi” kirib keldi. Bu ham milliy kontentning bir namunasi deyishimiz mumkin.
– Yaxshi mavzuni ochdingiz. Bugun jarangdor qilib “motivatsiya” deb aytayotganimiz oʻzimizda ruhlantirish, koʻnglini koʻtarish, ilhomlantirish degan gap. Bu yangi avlodga yangilikday tuyilishi mumkin. Siz aytganday, faqat tarjimalar asosida motivatorlik qilayotganlarni koʻrib uka-singillarimizda “Hokimiyat, motivatsiya, boylik va psixologiyaga oid asarlar faqat Gʻarbda yozilgan ekan-da”, degan tasavvur paydo boʻlishi mumkin. Chunki biz oʻz maʼnaviy xazinamizni chet mualliflarnikiday asʼasa-yu dabdaba bilan, auditoriya qiziqishlariga mos rakursda taqdim etishga koʻp ham qoʻl urmaymiz.
Masalan, Makiavellining “Hukmdor”ini koʻpchilik eshitgan, oʻzimizda esa “Temur tuzuklari”, “Siyosatnoma”, “Qutadgʻu bilig”, “Qobusnoma” turibdi. Yoki Ilon Mask, Stiv Jobs, turli davlatlarning rahbarlari haqidagi biografik asarlarni qaytaqayta chop etamiz. Buyam kerak. Lekin “Boburnoma”day haqqoniy va hayotiy asarni kim yozolgan ekan tarixda? Xondamirning Navoiyga bagʻishlangan “Makorim ul-axloq”idan oʻtib kimni oʻrganishimiz mumkin? “Alpomish” yoki “Farhod va Shirin” dostoni beradigan ruhlantirishni qaysi motivator berar ekan?
Bu yerda masalaga shunday yondashish kerak: biz sanagan va sanamagan boshqa qimmatli manbalarni yoshlar talab qilayotgan ilhomlantiruvchi rakursda taqdim etish zarur. Ana shunda oʻz tariximiz va oʻz adabiyotimizda ham jahon oʻrgansa arzigulik bilimlar borligini koʻramiz.
“Liderlar kitobi” ham mana shu yoʻldagi istaklardan yaralgan asar. Karantin paytida oʻzbek va jahon mualliflarining yetakchi uchun zarur deb hisoblangan 35 ta kitobini jamlab, oʻqib chiqdim. Ular orasida Aflotun, Arastu, Suqrotdan tortib, Nizomulmulk, Amir Temur, Boburgacha, Makiavellidan Stiv Jobsgacha bor edi. Oʻqib tugatganimdan keyin, energiyam koʻpayib ketdi. Oʻqiganlarimdan olgan xulosalarimni yozish ehtiyoji tugʻildi. Boshida blogga yozishni boshladim. Qarasam, oʻquvchilar soni oshib ketdi. Dadam “Endi buni toʻplab, sayqal berib kitob qilgin”, dedi. Ikki oyda qoʻlyozma tayyor boʻldi. Asosiy maqsadim, kitob hammaga tushunarli boʻlishi edi.
– Kitobning keyingi davrda ommalashuvi mehnatning natijasini koʻrsatib turibdi. Tabiiyki, muvaffaqiyatli asarning davomi doim kutilgan. Ikkinchi jild haqida oʻylab koʻrdingizmi?
– Albatta. “Liderlar kitobi”ning ikkinchisini deyarli yozib tugatganman. Bu kitob koʻproq amaliyotga asoslangan. Hozircha koʻnglim toʻlmayapti. Uch-toʻrt qayta oʻqib chiqdim, yana toʻgʻrilayman. Yaqinda poytaxtimizdagi 299-maktabga bordim. Qarangki, 10-11-sinf oʻquvchilarining hammasi oʻqib chiqqan ekan kitobimni, hayron qoldim. Ular, biz hayotga kirib kelyapmiz, lekin oʻzimizga namuna qilib oladigan hayotiy ustoz topa olmayapmiz, bizga ana shunday kitoblarni tavsiya qiling, deyapti.
Hozir “Kelajak liderlari uchun” degan kitob ustida ham ishlayapman. Biz qahramon qidirib doim ham chet elga boqishimiz kerak emas. Agar muvaffaqiyatli shaxsning hayotini oʻrganish va namuna olish kerak boʻlsa, yoshlarga doim aytaman, Prezidentimizning faoliyatini kuzatib boring, kun tartibidagi uchrashuvlar, yigʻilishlar mundarijasini koʻring, xalq bilan muloqotini diqqat bilan tinglang. Katta maktab boʻladi bu.
Kitob yozish masalasida shunday rejalarimiz bor.
Yoshlarni tushunishimiz kerak. Davlatimiz rahbari bir yilda bir necha marta shaxsan yoshlar bilan uchrashadi, hududlardagi tashriflarda ham aynan yoshlar bilan muloqotga vaqt ajratadi. Yana bir tomoni bor: Prezident matbuot xizmati suratlarini koʻrib borsangiz, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlariga, xalqaro tashkilot kotiblariga kitob sovgʻa qilayotganini, tashriflar davomida kutubxonalar, universitetlar, madaniyat maskanlaridagi kitoblarni qoʻliga olib koʻrayotgani aks etgan kadrlarni koʻrasiz. Bu shunchaki chiroyli rakurs emas. Davlat rahbariga mana bu kitobni ushlab tursangiz, deb fotograf aytmaydi. Prezidentimizning oʻzi qiziqadi bugungi kitoblar saviyasi, bugungi kutubxonalar fondi bilan. Yurtboshimiz qoʻlida kitob tutib, uni oʻqib turibdi ekan, bu ota-onalar va yoshlar ongostiga signal yuboradi.
– Yoshlar mavzusiga toʻxtaldingiz. Ularga yana qanday tavsiyalaringiz bor?
– Bir hisobdan bugungi yoshlarga oson emas. Chunki ularni chalgʻituvchi vositalar juda koʻp. Agar meniyam 16 yoshimda ijtimoiy tarmoq, instagram, yutub, short reels videolar boʻlganda men ham qiyin vaziyatda qolardim. Bugun telefonning orqasida juda katta kuch turibdi, dunyoning manaman degan psixologlari, olimlari qanday qilib boʻlsa ham oʻz qamrovida tutib qolishga harakat qilyapti. Albatta, bu harakat zamirida moddiy manfaat, yaʼni, biznes yotibdi. Baʼzi yoshlar bu kuch oldida ojizlik qilyapti. Lekin umum yoshlar haqida bu fikrni aytish notoʻgʻri. Chunki yaqinda shaxmat boʻyicha olimpiada birinchiligini qoʻlga kiritgan yoshlarimizni oling, eng kattasi 21 yosh! Yoki Osiyo paralimpiya oʻyinlaridagi yutugʻimizni ayting! 10-sinf bolasi “Kelajak bunyodkori” medalini qoʻlga kiritgani-chi? Bular Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli paxta mehnatidan ozod boʻlgan, dalaga chiqmagan bolalar! Demak, biz yoshlarga sharoit yaratib, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatsak, avvalo, oʻzimiz namuna boʻlsak bas, chunki tomirlarda oqayotgan daholar qoni, buyuklar DNKsi uygʻonish jarayonida.
“Yoshlikda olingan bilim – toshga oʻyilgan naqsh” deb bejiz aytishmagan. Bolalikdan ota-onam, ustozlarimning talab va nasihatlariga amal qilib, oʻqib-oʻrganganlarim, izlanib-intilganlarim bugun samarasini bermoqda. Bugun koʻpchilik uchun murakkab va mashaqqatli tuyulgan ilm yoʻli men uchun oʻta jozibali va oʻziga ohanrabodek tortaveradi. Buning sababi esa bitta – yoshligimdan kitobni sevganim, ilm oʻrganishga intilganimdir.
Hayotiy tajribamdan kelib chiqib, men qalblari bir olam orzu-istaklarga toʻla yoshlarga bir maslahat bermoqchiman: oʻqishdan, izlanishdan toʻxtamang, zero, baxtli kelajakka erishishning faqatgina bir yoʻli bor, u ham boʻlsa, ilm-u maʼrifat. Ilmni ezgulik yoʻlida sarflashning oʻzi ham ulug‘ ishdir. Olgan bilimimizni aziz Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning farovon turmushi yoʻlida halollik va fidoyilik bilan mehnat qilib sarf etish biz uchun ham qarz, ham farz va insoniy burchimizdir. Buni hech birimiz yoddan chiqarmasligimiz kerak.
Zarnigor IBROHIMOVA
suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi, 2026-yil 30-oktyabr 44-son.
“Ham qarz, ham farz” suhbati