1-maqola

17-fevral kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Badiiy publitsistika kengashining yillik hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda oʻtgan yili chiqqan badiiy publitsistik kitoblar, matbuot va internet materiallari muhokama qilindi. Filologiya fanlari nomzodi Olim Toshboyev respublikamizning bir necha gazetalarida nashr etilgan maqolalarni tahlilga tortdi. Quyida ushbu maʼruzani ayrim juzʼiy qisqartirishlar bilan eʼtiboringizga havola etyapmiz.

Matbuot nashrlari kun sayin hukumat va jamoatchilik eʼtiboridan chetda qolayotgan bir davrda publitsistikaning muhimligi haqida maʼruza qilish erish tuyulmasmikan? “Chekingga tushsa, chekchayma”, deydi xalqimiz. Men koʻrgan oʻnta gazeta 2022-yilda koʻproq quyidagi mavzularga eʼtibor qaratdi:

a) Qonunlar, Prezidentning farmon va qarorlari ijro etilmayotgani;

b) Poytaxt ekomanzarasining buzilgani;

v) Respublikamizdagi yoʻllarning ahvoli va yoʻllardagi baxtsiz hodisalar;

g) Mamlakatda qishga tayyorgarlikning qoniqarsizligi;

d) Taʼlim va muallimga eʼtibor;

ye) Gazetalar va tanqidiy maqolalarga munosabat.

Avvalambor, bugungi kunda eng dolzarb mavzularni dadil koʻtarib chiqayotgan bosh muharrirlar Norqobil Jalilov, Husan Ermatov, Husniddin Berdiyev, Husan Nishonov, Hamza Abdullayev, Abdurasul Jumaqulov, Mirodil Abdurahmonovga minnatdorlik bildirmoqchiman. Shuningdek, oʻtgan yili samarali ijod qilgan barcha hamkasblarga kelgusida ham gʻayrat tilayman.

Qon yutayotgan qonunlar

“Yoshlar ovozi” gazetasining 8-oktabr sonida berilgan Shahribonu Rahmatova, Behruz Rajabovning “Oʻzbekistonda qonunlar ishlaydimi? Yoxud Toshkent koʻchalaridagi reklama yozuvlariga nazar” maqolasida 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan va 7-sentabrdan kuchga kirgan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunda reklama davlat tilida berilish shart deyilgan boʻlsa ham, bu norma amalda ishlamayotgani haqida soʻz yuritiladi. Mazkur gazetaning 26-oktabr sonida chop etilgan Shaxruza Sattorovaning “Qogʻozda bor, amalda yoʻq qonunlar: imkoniyati cheklanganlar koʻchalarga sigʻmayaptimi?” maqolasida nogironlar va imkoniyati cheklanganlar koʻchada harakatlanishi uchun deyarli sharoit yoʻqligi haqida yozilgan: “Oʻzbekistonda nogiron insonlar 760 ming nafarga yaqin. Toshkent shahrining oʻzida 45 ming nafar imkoniyati cheklangan inson bor, norasman esa 70 mingdan koʻproq. Lekin koʻchalarda imkoniyati cheklangan insonlarni deyarli uchratmaymiz. Goʻyoki ular uyga “qamalib olgan”. Aslida esa koʻchada harakatlanish uchun ularga yetarlicha sharoit yaratilmagan, oddiy dorixonaga ham kirolmaydi”. Shaxruzaning “Koʻchada qolayotgan “kelajak” maqolasida respublika boʻyicha 149 ming talaba yotoqxonaga muhtojligini taʼkidlab, mazkur muammoga Prezident eʼtibor qaratgani, ammo davlat rahbarining talabalar yotoqxonalarini qurish boʻyicha bergan topshirigʻi amalda deyarli bajarilmayotgani aytib oʻtiladi (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 24-avgust). Yana shu muallif qalamiga mansub “Qonunlar buzish uchun yoziladimi?”, (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 23-iyul), “32 yil faqat bayram qildik...(mi?) yoxud “Reklama toʻgʻrisida”gi yangi qonun ham ijrosiz, nazoratsiz qonunlardan biri boʻlib qolaveradimi?” kabi maqolalarida ham qonunlar ijrosidagi loqaydliklar haqida soʻz boradi.

“XXI asr” gazetasining 36-sonida Halim Sayidning “Savol juda oddiy: Prezident qarori nega bajarilmayapti?” sarlavhali maqolasini oʻqib, ijro tizimi nega bunchalik izdan chiqqan, degan savolga javob topolmaysiz. Kuyunchak murabbiy Prezidentning 2022-yil 11-maydagi “Xalq taʼlimini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari bajarilmayotganiga keskin eʼtiroz qiladi: “Prezident qarori koʻzboʻyamachilik yoki PR uchun chiqarilmaydi! Davlat rahbari imzolagan hujjatda maktab kutubxonasi fondi uchun mablag‘ ajratish zarurligi uqtirilyapti!!! Kutubxona fondini rivojlantirishga ajratiladigan mablagʻlar esa Sizning shaxsiy mulkingiz emas, janob hokimlar!.. Kerakli mablagʻlarni topib, toʻgʻri yoʻnaltirib, xalq taʼlimiga oid gazeta-jurnal shaklida shaxsiy nazoratingiz ostida maktablarning gʻarib holga kelib qolgan kutubxonasiga yetkazing! Bu – Prezident topshirigʻi!”

Nazarimda, vazirliklar, hokimliklar va turli idoralar Oʻzbekiston qonunlari, Prezidentning farmon va qarorlarini bajarmaslik, tinka quritar majlislar oʻtkazish boʻyicha poyga oʻynasa kerak.

“XXI asr” gazetasi muxbiri Roʻzimboy Hasanning “Uxlang, oqsoqol, uxlang!” maqolasida yil – oʻn ikki oy majlislar bilan ovora boʻlib oʻz vazifasini bajarolmay qiynalayotgan mahalla raislarining hasrati aks etgan (18-avgust, 33-son). Tajribali muxbirning koʻrib-kuzatgani naq komediya! Mana, eshiting: tuman prokurori fermerlarga tomchilatib sugʻorishni oʻrgatadi, qaysidir huquq organidan kelgan xodim fermerlarni yigʻib, gʻoʻza parvarishini oʻz vaqtida oʻtkazish, agrotexnik tadbirlarda sustkashlikka yoʻl qoʻymaslik haqida vaʼz oʻqiydi... Ruhiyatimizdagi qoʻrquv shunchalikki, gʻoʻzaga qarayman deb majlisga bormagan fargʻonalik fermerning 10 sutkaga qamalganini eshitgan boshqa viloyatlardagi fermerlar hokimliklarning majlislar zalida yashashga ham rozi. Muallif kuyunganicha bor: “Prezident majlisbozlikka chek qoʻyish borasida koʻp bora yuqori minbarlardan aytdi, ayrim majlisboz amaldorlarga tanbeh berdi. Ammo... majlisbozlik davom etmoqda”.

Saida Ibodinovaning “Maktab avtobuslari tashkil qilinadimi yoki uch yildan beri ijro etilmayotgan vaʼda haqida” maqolasi “Oila va tabiat” gazetasining 38-sonida chop etilgan. “Bu haqda 2019-yil 2-noyabr kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida xalq taʼlimi tizimini yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda aytib oʻtilgan edi. Xalq taʼlimi mutasaddilari davlat rahbarining huzurida mana shunday katta vaʼda berishgan oʻshanda. Bu xabar eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalar boshlangan va koʻpchilik yurtdoshlarimiz bunga ishonmasliklarini ham yashirib oʻtirishmagandi. Mana uch yil vaqt oʻtdi hamki, yurtimizning biror bir hududida maktab avtobuslari tashkil etilgani haqidagi quvonarli xabarga koʻzimiz tushgani yoʻq. Afsuski, yurtdoshlarimizning taxminlari rost boʻlib chiqdi”, deb yozadi muallif.

Qiziq, davlat rahbari oldida berilgan vaʼda nima uchun bajarilmaydi? Davlat miqyosida avj olgan yolgʻonchilik, munofiqlik, koʻzboʻyamachilikning cheki bormi, deya gʻazabnok tikilgan qora koʻzlarni matbuot yupata oladimi? Sabr kosasi sarhovuzdan katta bu xalqning kun sayin yoʻqolib borayotgan ishonch-u eʼtimodini qaytarish chakana gap emas, axir!

“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 26-sonida Abdugʻaffor Omonboyevning “Yashnoboddan chiqqan “napoleon”chilar kim? Yoki nega oʻn yildan beri bir guruh aholining murojaati inobatga olinmayotgani xususida” maqolasini oʻqib, xalqning haqli talabini bosti-bosti qilgan koʻrinmas qoʻldan qoʻrqib ketdim. Nega desangiz, 2012-yil 11-may kuni Vazirlar Mahkamasidagi selektor yigʻilishda Bosh vazir tomonidan respublikadagi 2 596 ta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari aksariyatining faoliyati qoniqarsiz deya taʼkidlangan. 2012-yil 24-iyulida Toshkent shahri hokimi poytaxtda faoliyat yuritayotgan 14 ta AYOQSHni yopish haqida qaror chiqaradi. Qarorda bir guruh yashnobodliklar eʼtiroziga sabab boʻlayotgan shoxobcha ham bor edi. Biroq... Oʻh, laʼnati koʻrinmas qoʻl! Benzinning zaharli badboʻyini to hanuz hidlab kelayotgan xalqning taqdiri senga qolgan ekan-da?!

Abdugʻaffor Omonboyevning “Zarchopondagi boʻz yamoq yoxud “Madina-Muxlis Star” MCHJ rahbari Avaz Hasanov nega butun boshli tuman ahli noroziligini yarim chaqaga olmayapti?” sarlavhali maqolasida (“Milliy tiklanish”, 2022-yil 14-son) Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi eski istirohat bogʻini obod qilishga kirishgan tadbirkorning ishni yarim yoʻlda toʻxtatib juftakni rostlagani qalamga olingan. Muxbirning “Eng asosiysi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 409 ming AQSH dollarini keyingi taqdiri nima boʻldi va boʻladi?! Bundan ham yomoni, 52 ming nafar oqoltinlikning qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirib, aniqrogʻi, ularni aldash MCHJ rahbariyatiga nima uchun kerak boʻlib qoldi?” degan savoliga javob beradigan mard hozircha topilmayapti.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulovning sirdaryolik sodda yurtdoshlarimiz ishonchini suiisteʼmol qilib kelgan yana bir firibgar – “Karvon savdo servis” MCHJ rahbari Mirzaali Joʻrayev haqidagi “Noningizni tuya qilib beraymi?” maqolasini oʻqib, hech narsadan tap tortmaydigan xalqqa aylanib qolganimizga amin boʻldim (“XXI asr”, 36-son). Makr mirzasi lafzga ishonadigan odamlarni chuv tushirib yurganini manfaat yoʻlida tovlamachi boshini silagan bank, huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilmagan deb oʻylaysizmi?

Ayrim masʼullar nazarida xalq – bola. Aldagani bola yaxshi! “Oʻzbekiston ovozi” gazetasi Denov tumani Choʻntosh mahallasidagi nosoz koʻprik haqida ikkita maqola bergan (2022-yil 11-may, 23-noyabr). Jurnalist Abdumalik Haydarovning Denov tuman hokimligi va “Turon-mega stroy” MCHJ mutasaddilari yana qachongacha xalqni aldaydi, degan savoliga hozirgacha javob yoʻq. Mana shunaqa materiallarni jamlab oʻqigan oʻquvchi qonunlarni “oʻyindan tashqari holat”ga chiqarib qoʻygan rahbarlar xalqni davlatga qarshi qayrash uchun ishlarmikan, degan shubhaga borishi tayin.

“Pulini toʻlasangiz boʻldi, kesavering...”

Oʻtgan yili yozda Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanida roʻy bergan navbatdagi daraxtkushlik ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Oʻshanda 99 tup daraxt – eman va chinorga zarar yetgani ortidan Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan olingan, shahar hokimi va prokuroriga hayfsan berilgan edi. “Oila va tabiat” gazetasining 36-sonida huquqshunos Saidali Muxtoraliyev “Daraxtkushlik toʻxtamayotganiga asosiy sabab nimada?” degan maqolasida shunday yozadi: “Tasavvur qiling, “uddaburon” tadbirkor poytaxtning markazidan 30 sotix joyga hokimning qarorini chiqartirib, hududni oʻrab olgan, bu yerda koʻp qavatli xonadonlar qurib sotishni reja qilgan. Kutilayotgan daromad 50 mlrd soʻm. Biroq bu yerda 60 ta “boshogʻriq”, yaʼni 60 ta koʻp yillik daraxt bor. Shu joyida plyus-minuslar solishtiriladi: moratoriy bor, daraxtlar kesilsa tabiatga 500 million soʻm zarar hisoblanadi va kompaniyaning qoʻgʻirchoq rahbariga JKning 198-moddasi bilan ish ochiladi va u uch yilgacha qamalib ketishi mumkin. Biroq bu zarar 3 barobar qilib, yaʼni 1,5 mlrd qilib toʻlansa, hech kim qamalmaydi, ozodlikdan cheklash ham berilmaydi, 60 mln soʻmgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari berilishi mumkin. Boʻldi, tadbirkorni boshqa hech narsa qiziqtirmaydi, kiprik qoqmay oʻsha 60 ta daraxtni bir kechada kestirib qoʻporib tashlaydi... Afsuski, ayni paytda tizim mana shunday ishlamoqda”.

Keyingi besh-olti yil ichida Toshkentda necha ming daraxt kesildi ekan? Poytaxtning yashil maydonlarini quritishga kim buyruq bergan? Issiq oʻlkani soyasiz qoldirishdan kim manfaatdor, degan savollar juda koʻpchilikni oʻylantiryapti. Ijtimoiy tarmoqlar deyarli har kuni shu muammo xususida bong uradi.

“Yoshlar ovozi” muxbiri Shahruza Sattorova gazetaning 2022-yil 15-oktabr sonida “Toshkent odam yashab boʻlmaydigan shaharga aylanyapti” deb yozdi. Saida Ibodinovaning “Toshkent chang shahriga aylanmoqda...(mi?)” maqolasi poytaxtning tobora ifloslanib borayotgan havosi haqida (“Oila va tabiat”, 41-son). Yana shu muallifning “Qogʻozlarda “ekilgan” nihollar” (“Oila va tabiat”, 42-son) maqolasi qon-qonimizga singib ketgan qoʻshib yozish, salla desa kallani olib kelish odatimizdan soʻzlaydi. Shahruza Sattorova “Yoshlar ovozi” gazetasining 21-sentabrdagi sonida “Qachon Toshkentda yashillik 30 % ga yetkaziladi?” deya savol qoʻygan boʻlsa, 12-oktabr sonida “Pulini toʻlasangiz boʻldi, kesavering daraxtlarni...” deya kinoya qiladi.

“Bu yoʻllar koʻp qadim yoʻllardir...”

Saida Ibodinovaning “Maktab avtobuslari tashkil qilinadimi yoki uch yildan beri ijro etilmayotgan vaʼda haqida” maqolasida (“Oila va tabiat” gazetasi, 38-son) “Oʻzbekistonda yoʻl-transport hodisalari natijasida 5 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi Yevropa davlatlariga qaraganda 4 barobar koʻp”, degan maʼlumotni keltiradi. Maktab avtobuslari xizmati borasida AQSHdan bir asr orqada ekanmiz. Musulmon dunyosida ham bu muammoni allaqachon yechgan davlatlar bor. Aholisi bizdan bir necha oʻn barobar kam boʻlgan BAAda oʻquvchilar maktabga “school bus”larda qatnaydi. “Oila va tabiat” gazetasi muxbiri Noilaxon Ahadova “Uch oyda 39 ta mashʼum falokat... ulkan yoʻqotish” maqolasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozogʻistonda jamoat transportidan foydalanish imkoniga ega boʻlmagan va olis hududda joylashgan aholi punktlari yoki avtomobillar koʻp va serharakat boʻlgan hududlardan oʻtib boradigan oʻquvchilarni maktablarga eltib qoʻyish uchun maxsus avtobuslardan foydalanilishi haqida yozadi (2022-yil, 20-son). Mazkur gazetaning 2022-yil 12-sonida Saida Ibodinovaning “Bu yoʻllar tirband yoʻllar va shu tirband yoʻllardagi oʻylar” sarlavhali millionlab insonlar dardini aks ettirgan ikki sahifalik maqolasi eʼlon qilingan.

Gazetaning 13-sonida “Toshkentning noqulay yoʻllari” sarlavhasi ostida xorijliklar fikri berilgan. Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tim Torlou “Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida men ikki tomonlama qatnov oʻrtasidagi burilib olishlarga duch kelmaganman, bu juda qoʻrqinchli. Odamlar juda tez haydaydi va buning uchun sanksiyalar (jazolar) yoʻqdek koʻrinadi. Yana bir xavfli haydash, bu nafaqat tez, balki haydash uslubidir. Buni ham toʻgʻrilash mumkin”, desa, taniqli urbanist Arkadiy Gershman “Toshkentning keng koʻchalarini piyodalar kesib oʻtishi juda qiyin. Shovqinli, eng yomoni, ular avariyabop, odamlar halok boʻlmoqda. Koʻchalar goʻyo trassa sifatida qurilgan, yoʻl harakati uchun noqulay tashkillashtirilgan. Piyodalarning svetoforsiz oʻn polosani kesib oʻtishi – alohida mavzu”, deya taʼkidlaydi. Fransiyaning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Bris Rokfey “Rostini aytsam, mashinalar harakati qoʻrqinchli. Men rulda oʻtirganimda qoʻrqib ketaman. Sababi, qoidalar umuman ishlamaydi. Sizni oʻng tomondan, chap tomondan quvib oʻtaverishadi. Hech kim burilish chiroqlarini ishlatmaydi. Chiziqlar hurmat qilinmaydi, yaʼni chiziqlar boʻyicha yurishmaydi. Chapga burilish, ayniqsa, juda qiyin. Menimcha, bunday yoʻllarda baxtsiz hodisalar koʻp boʻladi”, deydi tasssuf bilan.

“Oila va tabiat”ning 26-sonida Saida Ibodinovaning 31-mart kuni chop etilgan “Bu yoʻllar tirband yoʻllar va shu tirband yoʻllardagi oʻylar” maqolasiga tahririyat izohi bor. Unda maqolada bildirilgan takliflarga uch oy oʻtsa ham, Oʻzbekiston Avtomobil yoʻllari qoʻmitasidan munosabat bildirilmagani aytib oʻtilgan. Menimcha, qoʻmita rahbariyati oʻzbekning ayollari tinimsiz tugʻyapti, bir yilda oʻrtacha 2-2,5 ming odam oʻlsa nima qipti deya oʻylagan boʻlishi mumkin.

Gazetaning oʻsha sonida Eldor Asanovning “Yoʻllari maksimal darajada qisqartirilgan, hayot tinch va sokin yoxud piyodalar manfaati birinchi oʻringa qoʻyilgan Yevropa shaharlari” degan maqolasi chop etilgan. Muallif yigirma kun davomida Yevropaning Bryussel, Gent, Bryugge, Kyoln, Bonn kabi shaharlarini kezib, odamni vahimaga soladigan, adashtirib yuboradigan keng yoʻllar yoʻqligini yozadi. “Germaniyada, Belgiyada, ularga qoʻshni davlatlarda mana shunaqa tinch, sokin hayot hukmron. Bunga erishish uchun mashinalar harakati radikal tarzda qisqartirilgan, yoʻllar toraytirilib, odamlar piyoda yoki velosipedda harakatlanishi uchun qulaylashtirilgan. Endilikda jamoat transportiga katta eʼtibor berilmoqda. Barcha yirik va oʻrta shaharlarda tramvay yoʻllari bor”. Oʻtgan yili yoʻllar, avtomobillar, haydovchilar haqida eng koʻp yozgan gazeta “Oila va tabiat” desam ishonavering.

“Yoshlar ovozi” gazetasi ham bu mavzuda Shahruza Sattorovaning “Yoʻllarda yana qancha qurbonlik kerak?” maqolasini chop etgan (2022-yil 3-dekabr). Ushbu raqamlarga eʼtibor qiling: “2021-yili Oʻzbekistonda 10 mingdan ortiq yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan, 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. 2,5 mingga yaqin inson halok boʻlgan, shundan 263 nafari yosh bola. 2022-yilning oʻn oyida esa 7 ming 636 ta YTH sodir etilib, ularda 7 ming 174 nafar fuqaro jarohatlangan va 1 ming 931 fuqaro halok boʻlgan. Halok boʻlganlarning 226 nafari yosh bolalar”.

Kuni kecha internetda oʻqib qoldim. 2022-yili 9902 ta YHT roʻyxatga olingani, avariyalar oqibatida 2 356 kishi halok boʻlgani, 9 606 nafar yurtdoshimiz jarohatlangani haqida yozilgan. Bu raqamlar har yili bir katta qishloq aholisi qirilib ketayotganini anglatadi. “Ishonch” gazetasida eʼlon qilingan “Yoʻllar qachon ravon boʻladi?” (2022-yil, 11-son), “Yoʻlning egasi yoʻqmi?” (2022-yil, 33-son), “Milliy tiklanish” gazetasida chop etilgan “Bolalar qoniga tashna haydovchilar...” (2022-yil, 25-son) maqolalari ham shu dolzabr mavzuda.

“XXI asr” gazetasining 40-sonida Norqobil Jalilovning “YTH “Stop”: hayot baribir shirin!” sarlavhali maqolasi berilgan. Bosh muharrirning quyidagi savoli, aslida, minglab jabrdiydalarning tilidan yangragandek: “YTH sodir etib, insonlar oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchilarga tegishli tartibda jazo belgilashda qachongacha insonparvarlik qilamiz? Ogʻir fojiali holatda aybdorlarni umrbod transport boshqarish huquqidan mahrum etish kerakligi haqida ham jiddiy oʻylab koʻrish vaqti kelmadimi?”

Mulkka nomahram mehr

Musulmon jamiyatda oila inqirozi haqida gapirish uyat. Chunki dinimizda oilaning muqaddasligi juda koʻp uqtirilgan. Afsuski, uzun-uzun orzular, havoyi nafs bu halovat maskanini tobora oʻz domiga tortib ketyapti.

Saida Ibodinovaning “Buzilayotgan qoʻrgʻon, boʻlinayotgan bolalar. Oilaviy ajrashishlar yildan-yilga oshmoqda, muammo nimada?” maqolasi oʻta tashvishli holdan hikoya qiladi (“Oila va tabiat”, 2022-yil 23-iyun). Sir emas, respublikamizda oilaviy ajralishlar keskin oshib boryapti. “Kun.uz” sayti tarqatgan maʼlumotga koʻra, Oʻzbekistonda 2021-yilning birinchi yarmida oilaviy ajrimlar soni 2020-yilning olti oyiga nisbatan 34 foizga ortgan. 2021-yilning yanvar–iyun oylarida respublika boʻyicha 19 407 ta ajrim kuzatilgan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich 2020 yilning mos davrida 12,8 mingta yoki 2019-yilning shu davrida 16 mingtani tashkil qilgan.

“Sangzor.uz” sayti Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari R.Turdiboyeva axborotiga asoslanib yozishicha, 2022-yilning yanvar–oktyabr oylarida 40 200 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Eng koʻp ajrashishlar Toshkent shahrida roʻy bermoqda. Bu bexosiyat raqamlar juda dahshatli manzara – jamiyat ildiziga qurt tushganidan, darhol davo choralari topilmasa, ertaga kech boʻlishidan darak beryapti. Bi-Bi-Si maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi 2018-yili oilalarning barbod boʻlishiga olib kelayotgan asosiy sabablarni tahlil qilib chiqadi. Ajralishlarga eng koʻp sabab boʻlayotgan beshta omilga eʼtibor bering:

1. Uy-joy masalasi;

2. Ishsizlik;

3. Moddiy yetishmovchilik;

4. Yoshlarning mustaqil hayotga tayyor boʻlmasdan oila qurishi;

5. Er yoki xotinning ishlash uchun boshqa mamlakatlarga ketib qolishi.

Taniqli adib Sobir Oʻnar “Ikki mafkura odamlari” maqolasida inson va jamiyat hayotida mafkuraning nechogʻlik katta kuchga ega ekanini dalillab, “Jamiyatga mafkura kerak”, degan edi. “Ilm, ilm, ilm” deya takrorlagan adib xulosasi juda iztirobli: “Bundan oʻttiz yil oldin eng katta islohot maktabdan, oʻqish sifatini yaxshilashdan boshlanganida nima boʻlardi? Bugunga kelib qanday natijalarga erishardik? Tasavvur qiling, axir! Ilmga koʻp eʼtibor qaratilganida salohiyatli olimlar xorijga ketmas edi. Maktabni, ayni shahar maktablarini bilimli erkak oʻqituvchilar yoppasiga tashlab, tirikchilik tashvishiga tushib qolmas edi. Biz ilm nufuzi va salohiyatini oʻz qoʻlimiz bilan yoʻqotib yubordik” (“OʻzAS”, 2022-yil 22-iyul).

Marhum adib taʼkidlagan ilm maxzani oilada. Zero, jadidlar oʻtgan asr boshidayoq ayollarni maʼrifatli qilmasdan millatni maʼrifatli qilish qiyin kechishi haqida bejiz yozmagan.

“Muallim haqida soʻzim ushbudir...”

Zilola Madatovaning “Erkak oʻqituvchi: “Fidoyilik oila talablariga mos kelmayapti!” sarlavhali maqolasini oʻqib, ustoz Shukur Xolmirzayevning “Vatanparvarning ham tomogʻi bor” degan gapi yodimga tushdi. Maqolada bir necha oʻn yillik muammo – maktabni erkak oʻqituvchilar tark etgani sabablari tahlil etilgan. Sir emas, chorak asr muqaddam Rossiyaga, Koreyaga, Qozogʻistonga, Toshkentga mardikorchilikka chiqib ketgan erkak oʻqituvchilarning maʼlum bir qismi maoshlar oshgani uchun maktabga qaytdi. Bugun Xalq taʼlimi tizimida erkak oʻqituvchilar ulushi 32 foizni tashkil etadi. Bu kam. Aslida, teskarisi boʻlishi kerak. Zilolaxon Turkiyada boshlangʻich sinf oʻquvchilariga erkak pedagoglar dars berishi, bizda esa nafaqat boshlangʻich sinflarda, balki ona tili va adabiyot, aniq va tabiiy fanlardan ham erkak muallimlar kamayib borayotgani haqida yozadi (“Maʼrifat”, 2022-yil 22-iyun).

Darvoqe, maosh. Oʻqituvchi maoshi bozordagi narx-navo oldida juda arzimas boʻlib qolyapti. Maqolada bu muammo hayotiy misollarda tahlil etilgan. Yana shu muallifning gazetaning 21-sonida bosilgan “Bizga qay biri kerak: bir uyum hisobotmi yoki bilimdon avlod?” maqolasida maktab taʼlimi tajriba-sinov maydoni boʻlib qolgani, oʻqituvchilar bilim berishga emas, turli jamoat tadbirlariga jalb etilayotgani haqida fikr yuritiladi. Buning oqibatida maktablar bolalarga oʻquv markazlaridek samarali bilim berolmayapti.

“Humoyun Quvondiqovning “Maktablarni yopib, “Yor-yor” ochaylik!” maqolasida “Zoʻr TV” telekanalidagi “Yor-yor”, “Mening yurtim 5” telekanalidagi “Amirxon shou” koʻrsatuvlari jamiyatimiz maʼnaviy qiyofasini buzishga, ommaviy saviyasizlikka, bachkanalikka yoʻl ochayotgani qalamga olingan (“Maʼrifat”, 2022-yil 18-may). Humoyunning “Bizga shunaqangi manqurtlar, qullar kerak ekan, unda siz oʻqituvchilarning maktablarda jon kuydirib, vatanparvarlik, yaratuvchanlik, insoniy kamolot haqida kuyib-pishib dars oʻtishingizning nima keragi bor? Balki shuning uchun taʼlimdagi muammolarga jiddiy eʼtibor berishmas”, degan soʻzlari afkor omma xulosasiga hamohang. Uning “Biz maktabda ishlamaymiz!” maqolasida oʻqituvchilik kasbini tanlab, oliy oʻquv yurtini bitirayotgan talabalarning maktabga borish niyati yoʻqligi, bozorga chiqishni, doʻkon ochishni, hech boʻlmaganda bir yilcha Rossiyada ishlab kelishni reja qilayotgani haqida soʻz boradi (“Maʼrifat”, 2022-yil, 18-son).

Oltinsoylik muallim Normamat Eshonqulov “Taʼlimga himoya zarur yoxud hokimlarning xurmacha qiliqlari” maqolasida jamiyatda muallimning mavqe, oʻrni, izzat-hurmati hali-hanuz poygakda qolayotgani haqida yozilgan. Samarqanddagi “Noutbuk voqeasi”, Andijondagi “Uzr soʻratish” voqeasi hokimlarning maktabga zoʻravonlarcha aralashuviga bir misol ekani taʼkidlanadi (“Maʼrifat”, 2022-yil 2-mart). Gazeta, shuningdek, “Oʻqituvchi robot emas!” (2022-yil 3-avgust), “Muallimning dardi ichida” (2022-yil 20-iyul), “Taʼlimga tegmang, yaxshilar!” (2022-yil 14-iyun) kabi qator maqolalar berdiki, vijdoni bor odam oʻqisa, tinchini yoʻqotishi aniq.

“Milliy tiklanish” gazetasi 36-sonida Mahbuba Karimovaning “Oʻqituvchining yoqasidan qoʻlingni tort, nomard!” sarlavhali maqolasida tajribali ustozning koʻzi toʻla yosh maktabni tark etgani iztirob bilan hikoya qilinadi. Tarbiyasiz, kaltafahm ota-onalar yosh muallimlar u yoqda tursin, oʻttiz yillik tajribali ustozlarni ham haqoratlashni oʻzlariga odat qilishgan.

Gazetaning 2022-yil 14-oktabr kunidagi 40-sonida “Ustozga munosabat shumi?!” maqolasida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi 29-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisining “ustozga koʻtarilayotgan qoʻllari” haqida soʻz yuritiladi: “...Biroq birozdan soʻng tartibbuzar yana fizika xonasida paydo boʻladi va ustozga musht oʻqtalib, xujum qiladi. Sinfdagi boshqa oʻquvchilar koʻmagi bilan janjalga chek qoʻyilgan”. Afsuski, oʻquvchilarning oʻz muallimlariga qoʻl koʻtarishdek yomon illat jamiyatimizda tobora kuchayib borayotganidan ham koʻz yuma olmaymiz.

“Ishonch” gazetasi (2022-yil, 11-son)da eʼlon qilingan “Darsliklar har yili qayta chop etilishi shartmi?” maqolasida har yili darslik nashr etish byudjet mablagʻlarining behuda sovrilishiga sabab boʻlishi, xalq taʼlimi va matbaa tizimida korrupsiyaga yoʻl ochishi aytib oʻtilgan. Gazeta mavzuni davom ettirib, professor Baxtiyor Mengliyevning “Darslik yaratish – amalda tizimli jarayon(mi?)”, Zebo Namozovaning “Yana... darsliklar muammosi”, Zuhra Asadovaning “Titilib... tikilib yotgan yoxud bir chorakka ham chidamayotgan darsliklar. Bu korrupsiya emasmi?” kabi maqolalarini eʼlon qilgan.

Muammolar girdobida

Tilimizda “girdob”ga sinonim boʻlgan “iyrim” soʻzi ham bor. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar iyrimida qolgan yurtdoshlarimiz hayoti aks etgan maqolalar tahlili bilan soʻzimizni davom ettiramiz. Shahruza Sattorovaning “Elektrda uzilishlar boshlandi, demak, qish yaqinlashyapti yoxud koʻringanidan-da jiddiyroq muammo” (“Oila va tabiat”, 2022-yil 24-noyabr, 46-son), “Mansurbek Jabborovning “Odamlarga vaʼda emas, muammolarga yechim kerak” (“Oila va tabiat”, 2022-yil 15-dekabr, 49-son) maqolalarida gaz, elektr taʼminotida uzilishlar boʻlayotgani, xalqning sovuqda qiynalayotgani qalamga olingan. “Yoshlar ovozi” gazetasi ham “Elektr va gaz muammosiga yechim bormi?” deya savol qoʻyadi. Maqola muallifi Sh.Sattorova “Energiya resurslariga boy mamlakatda bir necha oʻn yillardan beri bu masalani hal etib boʻlmayotgani haqli eʼtirozlarni keltirib chiqarmoqda”, deb yozadi (2022-yil 19-noyabr). Shahruzaning “Yoshlar ovozi” gazetasining 16-noyabr sonida berilgan “Uchinchi Renessans degani shumi?” maqolasi shunday boshlanadi: “Qorongʻida paypaslab topgan piyolangni toʻnkarasan-da, sham yoqasan. Sovuq, chiroq oʻchdi. Bolalaring dars qilishi kerak, boʻlmasa butun umr shu zimistonda qolib ketadi. Tashqarida esa Uchinchi Renessans...”

Mevali daraxtni kesishga koʻzi qiymagan maqola qahramoni bahorda meva yeyish uchun ham qishdan omon chiqish kerak-ku, deya oʻylanadi. Kimga dardini yorishni bilmaydi: “Biror joyga arz qilay, muammoni hal qilsin, bizning ham odamga oʻxshab yashashga haqqimiz bor-ku, deysan. Lekin yana mum tishlaysan... Chunki tashqarida Uchinchi Renessans”.

“Hurriyat” gazetasi 8-dekabr sonida Kamoliddin Roʻzimatovning “Qahraton qishning qilichi yoxud eʼtirozlarga qanday javob berilmoqda?” maqolasi bosilgan. Prezident shoshilinch yigʻilish oʻtkazgan sanadan qirq kun burun yozilgan maqola ijodkor ziyolilar, din arboblari, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchilari fikr-mulohazalari bilan boyitilgan. Nekbinlik bilan yakunlangan maqola vaziyat oʻta qaltis ekanidan ogoh etgan edi, aslida.

Keyingi paytlarda “suv diplomatiyasi” degan tushuncha tez-tez quloqqa chalinyapti. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi siyosiy kelishuvlar negizida suv diplomatiyasi yaqqol koʻzga tashlanadi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyevning “Suvda xotira bor” maqolasida bugun shivalab yogʻayotgan yomgʻir tomchilarida oʻtmish ajdodlar xotirasi borligi, shuning uchun ham bu neʼmatni isrof qilmaslik lozimligi taʼkidlangan (“Yangi Oʻzbekiston”, 2022-yil 1-oktabr). “Oila va tabiat” gazetasi muxbiri Saida Ibodinovaning “Kelajakda Oʻzbekistonni katta suv inqirozi kutmoqdami?” sarlavhali maqolasida (2022-yil, 49-son) respublikada ishlab turgan oqova suv tizimlarining aksariyat qismi oʻtgan asrning 70–80-yillarida qurilgani, ularning aksariyati bugun yaroqsiz ahvolga kelib qolgani aytiladi.

Yujin Skaylerning “Turkiston” kitobida oʻqiganlarim yodimga tushdi. Chor maʼmurlari Toshkentni zabt etgach, shaharning rus qismi ehtiyoji uchun yangi kanal qurishga qaror qiladi. Bu ish mahalliy aholidan sugʻorish sanʼatini oʻrganmagan rus muhandisiga yuklatiladi: “Ancha pul sovurib, ulkan damba koʻtarishib, zovur ham qazishdi, – deb yozadi amerikalik sayyoh. – Afsuski, undan bir tomchi ham suv oqmadi va shu tariqa ishdan voz kechishdi”.

Qulab tushayotgan koʻpriklar, suv yurmas ariqlar, dengizga aylanayotgan yoʻllarni oʻzimizning qora koʻzlar loyihalashtirib, qurayotibdi-ku?! Poytaxt va katta shaharlarda pala-partish, rejasiz, puxta oʻylanmagan loyihalar asosida qurilish qilish urfga aylanganiga “XXI asr” gazetasining 2022-yil 42-sonidagi “Koʻprigingdan aylanay!” suratli maqolasi chiroyli misol boʻla oladi.

“XXI asr” gazetasining 2022-yil 11-avgust sonida “Navoiy viloyati hokimi diqqatiga!” ruknida “Choʻtqarada nima gap? Yoxud misli oʻgay holiga tushgan mahalladan noanʼanaviy reportaj” bosilgan. Davron Boboravshan Karmana tumanining Navoiy shahriga tutash boʻlgan Choʻtqarada 5 500 dan ortiq kishi deyarli suvsiz, elektr toki va tabiiy gazsiz yashab kelayotgani haqida yozadi: “Hududda dorixona, sartaroshxona, goʻzallik saloni, sport-sogʻlomlashtirish maskani, bank filiali, transportlarga xizmat koʻrsatish ustaxonasi, yoshlar uchun kasb-hunarga oʻquv-tayyorlov kurslari va boshqa zarur infratuzilmalar umuman mavjud emas”.

Mazkur nashrning 13-sonida Roʻzimboy Hasanning “Buromad va daromad qachon mutanosib boʻladi?” maqolasida qishloq ahlining ehtiyojmand qatlamiga dehqonchilik qilib, oilasiga qoʻshimcha daromad topishi uchun yer ajratib berish mavzusi koʻtarilgan. Xorazmda asosan shoʻrlagan, partav yerlarga egalik qilayotgan kambagʻal oilalarga asl holatdan bexabar, issiq kabinetda oʻtirganlar vohaga xos boʻlmagan kartoshka, mosh ekishni buyurayotgani, bechora dehqon bu ekinlarni eksa xarajatini ham qoplay olmasligi misollar bilan koʻrsatib oʻtilgan. Xorazmning shoʻrxok yerlariga faqat sholi ekish mumkin, ammo rahbarlar ijaraga berilayotgan yerlarda sholi ekishga taqiq qoʻygan.

Zebo Namozovaning “Tibbiyot bozorga aylanmasin yoxud soha rivojiga nimalar toʻsiq boʻlmoqda?” maqolasi (“Ishonch”, 2022-yil 59-son) xalqning kundan kun ishonchi soʻnib borayotgan tibbiyot tizimi haqida. Maqolada tizimdagi haddan oshgan xatoliklar, kadrlar tayyorlash usulini oʻzgartirish kerakligi, qogʻozbozlik, tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlashi tibbiy taʼlimni abgor qilayotgani, malaka oshirish tizimining talabga javob bermasligi kabi oʻta dolzarb muammolarga yechim izlangan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Norqobil Jalilovning “Oʻzbekistonning tashrif qogʻozi” maqolasida turizm sohasidagi imkoniyatlardan oqilona foydalanmayotganimiz, sohadagi kamchiliklar – avtomagistrallar sifatsizligi, xalqaro talablarga javob bermasligi, nokerak joylarda nazorat postlari saqlanib qolgani, yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari, oddiy ziyorat madaniyati yetishmasligi, hojatxonalar yoʻqligi yoki talab darajasida emasligi, mezbonlarning insoniy odob-axloq bobidagi qusurlari bilan bogʻliq jiddiy muammolar yuzaga chiqayotgani tahlil etilgan.

Sultonmurod Olim hamma koʻrgan manzaradan ham oʻziga xos maʼno topa oladi. “XXI asr” gazetasining 38-sonida chop etilgan “Jamiyatni kimlar orqaga tortadi?” publisistik maqolasida “Jamiyat shaxsdan mehnatga layoqatli yoshga yetguniga qadargina qarzdor. Keyin esa inson jamiyatdan qarzdor... Molingizni sotib, joningizni tikib boʻlsa ham, mehnatga layoqatli farzandlar tarbiyalang! Jamiyatni layoqatsiz kishilar orqaga tortadi”, deya taʼkidlaydi.

“XXI asr” gazetasining 45-sonida bosilgan “Paynetchi xonimga rahmat ham hayf” maqolasi birovlar haqidan qoʻrqmay qoʻyganimizga bir misol. Tovlamachilik Yashnobod IIBga kirib chiqish darvozasi yonginasida roʻy berayotgani nimani anglatadi? Mulohaza qilib koʻring-chi.

Saida Ibodinova “Yordam qiling, bolam och...” Tilanchilikka qachon chek qoʻyiladi?” maqolasi bilan nihoyatda dolzarb mavzuni koʻtarib chiqqan (“Oila va tabiat”, 2022-yil 42-son). Abdulla Qodiriy 1920-yili “Ishtirokiyun” gazetasida “Tilanchilik yoxud yengil kasb” degan maqola eʼlon qilgan, “Tilanchilik – ilm-hunarsizlik orqali tarqalaturgʻan bir maraz boʻlgʻanliqdan tabiiy bu kasal bizim islom olaminda koʻpdir: shu darajada koʻpdirki, baʼzi islom mamlakatlarinda, oyniqsa, bizim Turkistonda bir kasb tusini olmishdir”, deya yozgan edi. Saidaxon keltirgan maʼlumotlarga eʼtibor qiling: “2020-2021-yillar mobaynida respublikamiz hududida 47 646 nafar tilanchilik bilan shugʻullanayotgan shaxs aniqlangan. Ammo ularning 1159 nafari – 2,3 foizigagina maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tilanchilikni kasb qilib olganlarning urchib ketishiga qonunchilikning yetarlicha ishlamayotgani ham sabab boʻlmayaptimi? Qolgan koʻpgina javobgarliklar kabi tilanchilik uchun belgilangan jazo ham qogʻozlarda qolib ketmoqda”. Shoir Shuhrat Azizov “Oʻgʻirlangan bolalik” maqolasida (“OʻzAS”, 2022-yil 30-dekabr) tilanchilik qilayotgan bolalar haqida hikoya qilsa, jurnalist Sevara Alijonova “Boqimandalik. Uni kasb qilib olganlar qayerdan paydo boʻlyapti?” degan savolga javob topish maqsadida illat ildiziga nazar tashlaydi (“XXI asr”, 3-son).

(Davomi bor.)

Olim TOSHBOYEV, 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist,

filologiya fanlari nomzodi