Telekanallarda reklamalari doimiy uzatilgan dori vositasi Samarqandda 20 ga yaqin bolaning umriga zomin boʻlganidan soʻng bu sohadagi muammolar birma-bir bartaraf etilsa kerak, deb oʻylagandim. Dori-darmon mavzusi bir muddat jamoatchilik eʼtiborida boʻldi va katta shov-shuvga aylandi. Butun boshli tizim birma-bir elakdan oʻtkazilishi kutildi, tanqid haminqadar samara berdi ham. Oʻsha kompaniyaga tegishli barcha tibbiy vositalar sotuvdan yoʻqotildi. Lekin bu aysbergning uchi edi, xolos.
Dori vositalari oʻz yoʻliga, “ming dardga davo” deb pullanayotgan biologik faol qoʻshimchalar savdosi bir chetda gurkirab rivojlanmoqda. Jamoatchilik faollari, tibbiyot xodimlari bong ursa-da, insonlar taqdiri, salomatligi bilan bogʻliq salbiy jarayon toʻliq nazoratga olinmayapti. Mazkur mahsulotlar reklamalarida davolovchi dori vositasi sifatida talqin etilmoqda. Achinarlisi, BFQni qoʻllash natijasida odamlar shifo topgani, sogʻligi yaxshilanganligi haqidagi havolalar berilmoqda.
2022-yil 8-sentyabrdan yangi tahrirda kuchga kirgan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 35-moddasi bilan ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasining tartiblari belgilangan boʻlib, unga koʻra BFQlar dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega, degan taassurotni uygʻotmasligi lozim. Ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganiga, ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan hollarga havolalarni, jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorlik izhorlarini oʻz ichiga olmasligi, sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi shart.
Shuningdek, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi ham qonunda alohida qayd etilgan.
Voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmaslik, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak. Qolaversa, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish ham taqiqlandi.
Xoʻsh, ushbu qonunning amaldagi ijrosi qanday? Oʻrganishlarga koʻra, aksar tadbirkorlar mahsulotlarini hamon eski uslubda reklama qilishyapti. Eng qizigʻi, bu kabi qonunbuzilishlar internetda ochiq-oshkora davom etmoqda. Ayniqsa, biofaol qoʻshimchalar reklamasi ijtimoiy tarmoqda avj olmoqda.
Masalan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi hamyurtimiz “Avicennaʼs LAB” kompaniyadan BFQ sotib olgan. Mazkur mahsulot “moʻjizaviy” shifobaxsh xususiyatlarga ega boʻlib, 3 oy doimiy qoʻllash bemorning ahvolini yaxshilaydi, deb reklama qilingan. Lekin isteʼmolchi 8 oy davomida ijobiy taʼsirini sezmagan.
Yana bir hol. Ayrim “tadbirkor”lar mahsulotlari reklamasini hamon rus tilida berishmoqda. Yangilangan “Reklama tili” bandiga koʻra, avvalgidek, roʻyxatdan oʻtgan tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari hamda logotiplar asl tilda koʻrsatilishi mumkin. Reklamaning oʻzi esa davlat tilida tarqatilishi shart.
Toʻgʻri, bu tartib reklamani davlat tilida joylashtirish va uning mazmunini tarjima qilish talabiga koʻra materiallarni faqat chet tillarda beradigan axborot veb-saytlariga tatbiq etilmasligi mumkin. Ammo sahifalardagi reklama matnlari ayni qoidaga mos kelmaydi. Chunki biz oʻrgangan kompaniyalar veb-sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari oʻzbek va rus tillarida ish olib borishini koʻrish mumkin.
Narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida koʻrsatish ham taqiqlangan holda “Ximalava” mahsuloti narxi AQSH dollarida koʻrsatilgan. Reklama toʻgʻrisidagi qonunda yana bir punkt mavjud. Dori vositalari taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorga oʻxshash insonlar orqali targʻib qilinishi mumkin emas, ammo amalda bundan beshbattar ekaniga ishonasizmi? Mashhur diniy imomlar, shifokorlar, taniqli teleboshlovchilar, aktyor va aktrisalar hech bir qarshiliksiz reklama “yuzi” vazifasini bajarishmoqda.
“Alsafiya” kompaniyasi tomonidan tavsiya etilayotgan “Honeymoon” asal mahsuloti va “Media grup” E-33 biologik faol qoʻshimchasi ham qonunning xuddi shu bandiga zid reklama qilinyapti. E-33 mahsulotini 43 yillik tajribaga ega Murod Toʻxtasinov va Ulugʻbek Yoʻldoshev ismli tibbiyot xodimlari, “Honeymoon”ni esa diniy ulamolar, sport sharhlovchilari, soha mutaxassislari ham reklama qilayotganini qanday tushunish mumkin?
“Alsafiya” kompaniyasi mutaxassisi Kamola Badalovaning taʼkidlashicha, mahsulot davo boʻlmaydigan biror dard yoʻq. Erkaklar va ayollarda uchraydigan barcha kasalliklarni batamom tuzatib yuborar ekan. Afsuski, ushbu mahsulotlarning “aravani quruq opqochish” targʻiboti hamon davom etmoqda. Masalan, E-33 ni yetkazib beruvchilar endi “Sidr shifo”, “Kozalak maʼjuni” kabi biofaol qoʻshimchalarni ming dardga davo, deb tavsiya etishmoqda.
Yaqinda bir telegram-guruhga kirib qoldim: NWORK – qora sedana korporasiyasi tavsiya etayotgan mahsulotlar. Oliy toifali vrach, neyroxirurg Abduholiq Xudoyqulov qora sedana mahsulotlari haqida tashkil etgan trening xabarini koʻrib, shahar bedarvoza boʻlsa-ya, degan xayolga bordim.
Agar shu rost boʻlsa, Sogʻliqni saqlash vazirligi nega dori vositalaridan voz kechib, bemorlarga mazkur mahsulotni tavsiya etmaydi? Chunki ular dori vositasi emas, biologik faol qoʻshimcha hisoblanadi.
Ha-ya, oʻrni kelganda aytib oʻtish lozim, ancha-muncha taniqli ulamolar, tibbiyot xodimlari ogʻzidan bol tomib maqtayotgan “Honeymoon” mahsuloti Oʻzbekistonda davlat roʻyxatidan oʻtmagan. Surishtirilsa, biologik faol qoʻshimchalarning aksari davo emas, pul keltiradi, unda ham albatta sotuvchiga. Bu ish bilan shugʻullanayotganlar yopiq telegram-guruhlarda bot-bot taʼkidlashganidek, ular uchun sizning, bizning salomatligimiz muhim emas. Shunchaki tarmoqli biznes – yaxshi daromad manbai.
Xayrullo ABDURAHMONOV