Ijtimoiy tarmoqlarda bir fuqaroning jamoat joyida ogʻzaki janjal qilayotgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab boʻldi. Toshkent shahar IIBB bergan xabarga koʻra, voqea kecha, 17-oktyabr kuni, soat taxminan 13:00 larda Mirobod tumanida joylashgan restoranlardan biri oldida boʻlib oʻtgan. Unda 1990-yilda tugʻilgan S.R. va voyaga yetmagan, 2009-yilda tugʻilgan M.Y. oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Natijada S.R. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, M.Y.ga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlib, jamoat tartibini buzgan.
Maʼlum boʻlishicha, 17 yoshli jabrlanuvchi kuryer boʻlib ishlaydi. Oʻsha kuni u skuterda Mirobod tumanida joylashgan Brasserie Park restoranining terrasasidan oʻtib ketayotgan boʻlgan. Buni koʻrgan restoran haydovchisi S.R. oʻsmirni haqorat qilgan va urish bilan tahdid qilgan. Kuryer tomonidan yozib olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, keng muhokamalarga sabab boʻlgan.
“Boʻldi, bor, xohlasang, bitta shapaloq ham qoʻyib yuboraman… Telefon bilan qoʻrqitaman deb oʻylayapsanmi? Farosatni ishlat, bu yerda odamlar ovqatlanyapti, skuterda kelyapsan… Ovqatlanib oʻtirgan joyingda skuter bilan oʻtib ketishsa, senga gʻalati boʻlmaydimi… Tushib oʻt. Tushib, surib oʻtib ketish kerak degan qonun bormi sizlarda? Kamerang bilan qoʻrqitma… Yoʻqol bu yerdan, ikkinchi marta bu yerdan oʻtma”, degan restoran vakili.
Kuryer esa vaziyatni toʻgʻri tushuntirib aytishini, qoʻpollik qilmasligini, ofitsiant xodimidan allaqachon uzr soʻraganini aytgan.
Taʼkidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudiga yuborilgan.
“Gapirgan, soʻkkan soʻzlari nooʻrin deb oʻylayman. Davlatimizdan hammamizga qonuniy chora koʻrishini istayman”, degan kuryerning onasi.
Shuningdek, restoran vakili ham uzr soʻragan.
“Pushaymonman. Boshqa bu qaytarilmaydi. Chin koʻngildan pushaymonman, uzr soʻrayman. Xatomni tushunib yetdim”, degan u.
Maʼlumot uchun, Poytaxt hokimligi yakshanba kuni Brasserie Park restorani joylashgan hududda oʻrganish oʻtkazdi. Tekshiruv yakunida qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan. Hudud qonunchilik talablariga muvofiq holga keltirilgan.

“Biz shahar muhiti aholi uchun qulay boʻlishi, tadbirkorlar esa belgilangan talablarga rioya etgan va hamshaharlar huquqlarini hurmat qilgan holda oʻz ishini rivojlantira olishi uchun intilamiz”, deyiladi hokimlik xabarida.
