Shaharga allaqachon oqshom choʻkkan. Markazdagi zamonaviy yemakxonada yigit va qiz turli noz-neʼmat, salat va ichimliklar did bilan terilgan dasturxon boshida oʻtirishibdi. Kutilmaganda qosh-koʻziga pilikday surma tortgan, yelkasiga tushib turgan sochi yarim sariq, yarim qoraga boʻyalgan, zamondan orqada qolmaslik vajidan tirnoq oʻstirib, qirmizi labiga mos buyoq surgan, soʻnggi rusumda ustibosh kiygan qizning qoʻlidagi sanchqi tushib ketdi.

– Ofitsiant, – qiz qoʻlini boshi uzra koʻtarib, osh-ovqatidan xabar olib turgan girgittonni chaqirdi. – Qaravoring!

– Labbay, – yigirma yoshlardagi yarashiqli soqol qoʻygan bir yigit yugurib keldi. – Nima xizmat?

– Mana buni almashtirib bering, – xoʻranda oyoq ostida yotgan sanchqini koʻrsatdi.

– Hozir, – girgitton mayin jilmayib, qoʻli koʻksida ortga chekindi. – Bir daqiqa.

Yigitga qizning buyrugʻi yoqmadi chogʻi, sanchqini koʻtarib hovliga chiqdi. Avvaliga sanchqini bostirmadagi somonga rosa sanchdi, keyin mobil telefon kabeliga bogʻlab yerga sudradi. Yetmaganiga oyogʻi tagiga olib, tepkiladi. Qilmishidan koʻngli hedaganda toʻlavermagan girgitton sanchqini hojatxonaning tos tovogʻidagi suvga botirib-botirib, qizga keltirib berdi.

– Kabel nima uchun? – qiz lutf ila jilmayib, girgittonning qoʻlidagi bir quloch simga ishora qildi.

– A, bumi? – yigit oʻzini xijolat chekayotgan kishiday koʻrsatdi. – Qoʻlimda qolib ketibdi.

Soʻngra girgitton devor panasiga oʻtib, xoʻrandalarni yashirincha poylab turdi. Xuddi togʻni talqon qilganday uning ogʻzi qulogʻida edi. Bu nomaqbulchilikdan xabari yoʻq qiz sanchqi bilan salatni yeya boshladi. Quvonchi ichiga sigʻmagan girgitton xursandligidan ishshaydi, juda masrur edi...

Bemaʼnilik ham evi bilan-da! Qalamga olingan bu voqea biror hikoya yo qissadan parcha emas. Ayrim zamondoshlarimiz telefoniga tasvirga olib, “Youtube” tarmogʻida joylashtirgan minglab videolardan birining bayoni, xolos. Uni oʻn besh yarim ming obunachiga ega @Fozil13 degan akkaunt tarmoqqa joylashtirgan, mazkur video ikki-ikki yarim oyda uch yarim million marta koʻrilgan, qariyb bir yarim million kishiga yoqqan! Demak, bunday xildagi, mazmun va saviyadagi videolarning oʻzbek internetida oshigʻi olchi, yaʼni talab yuqori. Yoʻqsa, bachkanalik, savodsizlik va saviyasizlikni targʻib qilayotgan bunday videolarga layk bosmagan, titrlardagi yozuvlarning imloviy xatolariga koʻz yummagan boʻlardi. Mazkur videoga peshlavha etib  qoʻyilgan “Afitsanlani koʻp horlamela” degan gapga tilmochlik qilmasak boʻlmas.  Toʻgʻrisidan koʻra xatosi koʻp bu jumlada savodi gʻovlab ketgan mualliflar “Ofitsiantlarni koʻp xoʻrlamanglar” demoqchi. Bu gapdagi uchta soʻzning hammasi xato yozilganidan maʼlumki, uni suratga olgan, rol oʻynagan, internetga joylagan kishilarning saviyasi bir goʻr.

Qizigʻi, video oxirida xulosa deya berilgan matnda ham soʻzlar pesh yozilmagan. Faqat bu safar toʻrtta soʻzning uchtasi xato bitilgan: “Xulosa Afitsanlani koʻyniga Qarela” (“Ofitsiantlarning koʻngliga qaranglar” demoqchi).

Bugun urfga kirgan, davomiyligi bir daqiqadan oshib-oshmaydigan bunday tuturuqsiz videolar vayn deyiladi. Ularning mualliflari esa vaynerlar. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi bu videolarning barchasini birday vayn deb tushunish toʻgʻri emas. Ularning aksariyati sketch, yaʼni kam sonli personaj qatnashuvchi bir pardali “komediyaviy spektakl”dir. Sketchlar ikki odamning, rejissyorni ham qoʻshganda uch kishining ijodi hisoblanadi.

“Vine” (vayn) dasturi 2013 yilda mobil telefonlar uchun yaratilgan boʻlib, ularda oʻsha vaqtda atigi olti soniyalik video suratga olish mumkin edi. Soʻnggi yillarda axborot texnologiyalari sohasidagi mislsiz yutuqlar sababli ushbu dastur boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan raqobatga dosh berolmay, 2016 yilda yopilib ketdi. Vaynerlar esa “Instagram”, “Tik-Tok” singari boshqa tarmoqlarni “egallab” oldi. Shuning uchun hozir koʻpchilik vayn va sketchning farqiga boravermaydi. Ikkovini ham birday vayn deb ataydi.

Vine inglizcha soʻz boʻlib, “yigʻlamoq” maʼnosini bildiradi. Odatda ogʻzaki nutqda koʻp uchraydi. Internetdagi onlayn oʻyinlarda yigʻlash, ayblash, hamma narsadan norozi boʻlish kabi maʼnolarga ega. Zamonaviy dunyoda vayner degan otga ega chiqish oʻta joʻn. Buning uchun qoʻl uchida qisqa-qisqa videolar olib, ularni internetga joylashtirishning oʻzi kifoya.

Aslida vayn boʻladimi yoki sketchmi, ahamiyati yoʻq. Faqat ularni suratga olish uchun baribir, tirnoqcha boʻlsa-da, did va saviya kerak. Ishi yoʻq eshak hurkitar qabilida yondashish notoʻgʻri. Har bir odam qoʻlidan kelgan ishni qilgani, bilgan amalida sobit boʻlgani durust. Illo, qisqa-qisqa videolar olib kun koʻrayotgan yigit-qizlarimizning koʻpchiligi qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarish bilan ovora. Ular goʻyo qoʻlidan kelgancha millatning obroʻsini toʻkishga, yoshlarimizning ongini zaharlashga bel bogʻlaganday. Shu kunlarda elimiz orasida oʻzidan dramaturg, rejissyor yoki operator yasab olganlarning aqli yetgani ham, yetmagani ham oʻzicha allambalo videolar olib, qoʻlidan kelgancha internetdagi oʻzbek kontentini bachkanalik, savodsizlik, saviyasizlik botqogʻiga botirmoqda.

Galdagi misol fikrimiz nechogʻli asosli ekaniga zarracha shubha qoldirmaydi.

“Zamonaviy ustoz” nomli videodagi voqealarga, qahramonlarning ogʻzidan chiqayotgan gap-soʻzlarga eʼtibor bering:

“Ayni zamonda urf boʻlgan avtomashina yonida yigirma besh-oʻttiz yoshlardagi qiz mobil telefonini oyna oʻrnida tutgancha oʻziga oro berib turibdi. Egnidagi kiyimi oʻqituvchi ayollarga xos boʻlsa-da, soch turmagi muallimlarga mos emas. Kishiga boshqa soha odamini koʻproq eslatadi. Burniga qoʻndirilgan koʻzoynagini demasa, oʻzini tutishi ham gʻalati: dengiz toʻlqini misol mavjlanib turgan bir quloch qora-sariq sochini bir u yonga, bir bu yonga tashlab qoʻyadi. Shu mahal patak sochi orasidan quloq-burni arang koʻrinib turgan yigirma yoshlardagi yigit koʻrinish berdi. U oʻzini dimogʻdor, katta boladay koʻrsatish payida burnini yolgʻondakam bir-ikki artib qoʻydi:

“Ketdik!”. 

Qiz koʻrsatkich barmogʻi bilan imo qildi:

“Menmi?”.

Yigit sochini silkillatib, soxta jilmaydi.

Qiz indamay mashinaga oʻtirdi. Yigit yugurib kelib, uning yonidan joy oldi.

– Qalaysiz, ustoz? – yigit boshini qashlab soʻrashdi.

– Yaxshi, – qiz qoʻlidagi elektron sigaretni yigitning qoʻliga tutqazdi. – Buni rus tili ustozing berdi. Yanagi safar berkitib chek.

– Hi-hi-hi, – yigit beoʻxshov kuldi. – Rahmat, ustoz! – Yetmaganiga ovoz chiqarib unga havodan oʻpich yoʻlladi.

– Ketdumi?

– Kettu...

Keyingi sahnada bular ikkovi kompyuterda miriqib onlayn oʻyin oʻynayotgan boʻladi. Shogirdining aqli yetmagan joyiga ustoz beminnat yordam berib turdi. Muallimning epchilligini koʻrib, oʻquvchining ogʻzi ochilib qolar, angrayib bir muallimga, bir monitorga boqardi.

Ikkovi kompyuterxonadan chiqib, shaharning soʻlim goʻshasidagi bir oʻrindiqqa borib oʻtirdi. Muallim qutidan bir dona sigaret olib labiga qistirmoqchi boʻldi.

– Ustoz, chekasizmi? – oʻquvchi koʻzlarini katta-katta ochib soʻradi.

– Nima? – muallim javob berdi. – Ustozlar odam emasmi?

– Voy, – oʻquvchi hayratini yashirmadi. – Mangayam bitta bering!

Sigaretni tutatgan yigit tamaki hidiga mast boʻldi shekilli, oʻrindiqdan turib, u yoqdan bu yoqqa yurib, oʻzicha nimanidir gapirgan, tushuntirgan boʻldi. Gal muallimga kelganda u ham oʻrnidan turib, oʻrindiqda yalpayib oʻtirgan oʻquvchiga qoʻlini koʻksiga qoʻyib, boshini lik-lik oʻynatib soʻzladi.

– Vals tushishni bilasanmi? – muallim koʻzoynagini toʻgʻrilab qoʻyib soʻradi.

– Yoʻq, – oʻquvchi hayron boʻlib ogʻzidan pagʻa-pagʻa tutun chiqardi.

– Kel, – muallim oʻquvchining qoʻlini beliga qoʻydi. Oʻzi esa qoʻllarini yigitchaning yelkasiga oshirdi. – Oʻzim oʻrgatib qoʻyaman.

Yevropaning mashhur valsbop musiqasi yangradi. Kutilmagan baxtdan yigitchaning ogʻzi qulogʻida, borliqqa hayajon ila boqadi. Oʻzini xuddi boʻy yigitday tutmoqqa tirishadi”.

Internetga #azajony nomli akkaunt joylagan ushbu video juda kam vaqt ichida bir yuz toʻqson ikki ming kishiga yoqqan. Ajabki, biror kimsa yoqmadi degan belgini tanlamagan. Salkam uch millionga yaqin yurtdoshimiz turli mazmunda munosabat bildirgan. Rang-barang fikrlar orasida yengil-yelpi, oldi-qochdi videoni qoʻllab-quvvatlovchilar ham koʻp. Jumladan, “Shunaqa ustozlar koʻpaysin deganlar, bitta layk”, “Shunaqa ustozlarni yaxshi koʻradiganlar, bitta layk”, “Mening ingliz tili oʻqituvchim xuddi shunday. Birga ovqatlangani, aylangani boramiz. Prosta doʻst sifatida”, “Bunaqa ustozim boʻlsa, sinfda qolib oʻqirdim”, “Bizga ham shunaqa ustozlar nasib etsin” singari gap-soʻzlarni oʻqib, odamning dili ogʻriydi.

Shu bilan birga jamoatchilik orasidagi “Shunday videolarni koʻrgan yoshlardan nimani kutish mumkin? Yana hamma yoshlarning tarbiyasi buzilib ketgan deb nolishni biladi. Muallimlar uchun ogʻir haqorat bu”, “Mana shunaqa betarbiya, bemaʼni, qalangʻi-qasangʻilarning ota-onasi qaerga qarayapti?”, “Ustozlarning ham qadri qolmayapti” kabi tanqidiy fikrlar qalbimizda umid chirogʻini yoqqanday boʻladi.

“Zamonaviy ustoz” videosini koʻrib, dunyo ayvonida insoniyat yangi-yangi ixtirolar, kashfiyotlar ustida bosh qotirayotgan bir zamonda bizning odamlar birovga foydasidan zarari koʻp tegadigan bachkana yumushlarga oʻralashib kun oʻtkazayotganiga odamning ichi kuyadi. O‘qituvchilarni ermak qiladigan kunlarga yetib kelganimiz xavotir uygʻotadi. Xalqimiz orasida oʻqituvchilarni masxara qiladigan kishilarni olqishlaydigan kimsalarning borligi esa gʻoyat qaygʻuli.

Soxta mashhurlik ishtiyoqi, bir-ikki soʻm pul topish dardi odamlarning koʻzini koʻr qilib qoʻyganga oʻxshaydi. “Gʻalchani izzat qilsang, chorigʻi bilan toʻrga chiqadi” deganlariday indamagan sari tuturuqsiz videolar koʻpayib ketayapti. Ularning aksariyatida koʻtarilayotgan mavzularni tilga olishga hayo qilasan. Galdagi misolda xuddi shunday holatga guvoh boʻlamiz:

“Kutilmaganda qoʻngʻirogʻi chalingan eshikni qirq besh yoshlardagi ayol ochdi. Uzoq vaqtdan beri kasalxonada hushsiz yotgan oʻgʻlining ostonada tirjayib turganini koʻrib, uning rangi-quti uchib, yuzi dokaday oqarib ketdi.

– Oʻgʻlim, – toʻladan kelgan, oʻrta boʻyli ayol talmovsiradi. – Bu yerda nima qilayapsan?

– Oyijon, – shifo topgan boʻz yigit jilmaydi. Uning qiyiq koʻzlari quvonchdan porlab turardi. – Kasalxonadan javob berib yuborishdi. Sogʻayib ketdim.

Ona hamon dovdirar edi. Eshitgan xabaridan xursand boʻlishni ham, qaygʻuga botishni ham bilmasdi. Tiliga kalima kelmay, uzuq-yuluq gapirardi.

– E doʻstim! – yigit onasining ortidan koʻringan tengdoshiga yuzlandi. – Chin doʻstliging ayon edi. Rahmat senga! Onamni hech qachon yolgʻizlatib qoʻymasligingni bilardim.

Doʻstini koʻrib haligi yigitning ham kapalagi uchib ketdi. Oʻzini oʻngʻaysiz tutar,  gapirishga ogʻiz juftlardi-yu, botinib bir soʻz aytishga kuch topolmasdi.

– Dadajon, – besh-olti yoshlardagi qizaloq haligi yigitning oyogʻini quchoqladi. – Kim keldi?

– Uylandingmi, doʻstim?! – hali onasi va doʻstining qilgan ishlaridan xabar topmagan yigit chin dildan suyundi. – Tabriklayman! Baxtli boʻlinglar! Esiz, toʻyingda qatnasha olmadim.

– Oyijon, – qizaloq ostonada gangib turgan ayolga yaqin keldi. – Bu odam kim? Nega keldi? Nega uyga kirmayapti?

– Nima? – bu kunlarni koʻrguncha kasalxonada yana yuz yil qolib ketishga ham rozi yigit baqrayib qoldi. – Bu qizcha nima deyapti?”.

Odamlarning eʼtiborini jalb etish uchun suratga olingan mazkur video haqida, ochigʻi, biror soʻz aytmoq mushkul. Chunki bu haqda gapirish tugul, koʻrishga ham odamning yuzi chidamaydi. Onaday aziz zot haqida bunday xayolga borishning oʻziyoq gunoh. Onalar haqida na mentalitetimiz, na eʼtiqodimizga mos keladigan videolarni suratga olib, vayn ishlash esa gumrohlikdir. Yetmaganiga qilgan ishini koʻz-koʻz qilib, internetga joylashtirish orsizlik, dayuslikdan boʻlak narsa emas. Shu oʻrinda beixtiyor hazrat Alisher Navoiyning quyidagi satrlari esga tushadi:

Ogʻziga kelganni demoq – nodonning ishi,

Oldiga qoʻyganni yemoq – hayvonning ishi. 

Bugun internetning oʻzbek segmentiga joylashtirilayotgan videolarning hisob-kitobi yoʻq. Ularning atigi uchtasini qoʻlimizdan kelgancha tahlil qilishga urinib koʻrdik, xolos. Bunday tuturuqsiz, saviyasiz, buzgʻunchi vaynlarning barchasi haqida fikr bildirishga ojizmiz. Ular bir necha oʻn jildlik kitoblarga ham sigʻmas-ov. Faqat bir fikrni dangal aytish mumkin: oʻzbekcha vayn va oʻzbek vayneri deganda kishining xayolida eng avvalo didsiz, fahmsiz, kaltabin, ona tilini bilmaydigan bir avlod gavdalanishi kerakmi? Har holda, turli ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat videolarda aqli zaif kishilarning ustidan kulish, ayol va erkakning xiyonati, toʻshak va uyatsizlik targʻiboti, oʻzidan mafiyachi yasab olgan yosh bolalar, tilimizni masxaralaydigan odamlar suhbati asosiy mavzu ekani kishini shunday xulosa qilishga undaydi. Bunday bemaʼniliklar minglab yoshlarning ongini zaharlashini unutmasligimiz kerak.

Azim ROʻZIYEV

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024 yil 1-son.