Yangi yuz yillik – global muammolar asri. Bu muammolarni sanab adogʻiga yetish qiyin. Lekin ularning baʼzisi boshqalarini keltirib chiqarishini inobatga oladigan, ularga tizimli yondashadigan boʻlsak, birlamchi va ikkilamchi, bosh va yordamchi muammolarni farqlash mumkin boʻladi.

Shaxs maʼnaviyati global masalalar sirasida markaziy oʻrinni egallaydi. Zero, juda koʻp muammolar dialektik nuqtai nazardan oqibat xarakteriga ega, ularning aksariyati uchun shaxs maʼnaviyati masalasi sabab boʻlmoqda.

Oʻzbekiston milliy mustaqillikka erishgandan soʻng maʼnaviyat masalasi milliy muammo, mustaqil xalqimizning taraqqiyot sharti sifatida kun tartibiga qoʻyildi. 2 tomli “Oʻzbek tilining izohli Lugʻati” sobiq tuzum davrida yaratilgan. Unda maʼnaviyat istilohining yoʻqligidan koʻra ushbu masalaning istiqlolgacha qay holatda ekanligini dalillaydigan kuchliroq asos boʻlmasa kerak. Bu lugʻatda maʼnaviy soʻzi berilgan (1-tom, 454-sahifa). Demak, bu maʼnaviyat  ijtimoiy ongda faqat belgi sifatida mavjud boʻlganligidan, alohida borliq hodisasi maqomiga ega boʻlmaganigidan dalolat beradi. Balki bu holatga maʼnaviyat soʻzining rus va boshqa yevropa tillarida muqobili yoʻqligi ham sabab boʻlgandir.

Mustaqillik yillarida maʼnaviyat alohida soha oʻquv predmeti sifatida taʼlim boʻgʻinlarida oʻqitila boshladi. Koʻplab oʻquv adabiyotlari, qomus va lugʻatlar chop etildi, taʼlim yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyildi. Bu borada misli qoʻrilmagan katta yutuqlar qoʻlga kiritildi. Biroq bosh maqsad yillar oʻtgan sari unutilib bordi. Maʼnaviy yuksak shaxs tarbiyasidan maʼnaviyat asoslari boʻyicha bilimli mutaxassislarni yetishtirish yoʻliga oʻtib olindi. Maʼnaviyat masalasi ixtisoslashib, tor yoʻnalish – ilmda falsafa, taʼlimda madaniyatshunoslik asoslari boʻyicha oʻquv predmetining mulkiga aylandi. Maʼnaviy-maʼrifiy amaliyot esa faqat “tadbirlar” ummoniga choʻkib ketdi. Koʻplab fanlar maʼnaviyat masalasidan yiroqlashdi. Xususan, tilshunoslik oʻzining eng yaqin muammosiga yaqinlashmasdanoq begonalashdi. Holbuki, maʼnaviyatga eng yaqin hodisa tildir.

Til – maʼnaviyatning  ifodalovchisi va saqlovchisi, boyituvchisi va uzatuvchisi deya eʼtirof etilgan boʻlsa-da, tilning millat ruhi va maʼnaviyatini ifodalashini tadqiq qilish boʻyicha chuqur ishlar amalga oshirilmadi, bu borada oʻzbek tilshunosligining istiqbolli yoʻnalishlari shakllantirilmadi, maqsadlar qoʻyilib, vazifalar belgilanmadi. Buning bir nechta sababi bor, albatta:

birinchidan, tilning maʼnaviyatni saqlash va ajdodlardan avlodlarga uzatish vazifasini ilmiy oʻrganish oʻzbek tilshunosligi anʼanalarida yoʻq edi;

ikkinchidan,  gʻarb va yevropa tilshunosligida til va maʼnaviyat mushtarakligini muammo sifatida qoʻyish urf boʻlmagan;

uchinchidan, oʻzbek tilshunosligi fani respublika maʼnaviy-maʼrifiy tuzilmalaridan buyurtmalar olmadi.

Bugungi kundagi jadal globallashuv maʼnaviyat muammosini yanada oʻtkirlashtirib, boshqa tegishli fanlar qatorida tilshunoslik zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklamoqda. Bu esa til va maʼnaviyat muammosini oʻrganadigan alohida soha – lingvomaʼnaviyatshunoslik yoʻnalishi shakllanishini kuchli taqozo etadi.

Til va maʼnaviyat mushtarakligi muammosining tilshunoslikda yechiladigan xususiy va boshqa fanlar bilan hamkorlikda tizimli hal etiladigan umumiy tomonlari mavjud.

Tilshunoslikning sistem-struktur yoʻnalishida oʻzbek tilidagi “maʼnaviyat” kategoriyasining mohiyati, tuzilishi, tarkibiy qismlari, ular orasidagi munosabatlar, kategoriyaga bevosita yoki bilvosita mansub alohida birlik (soʻz, ibora kabi)larning xususiy maʼnosi, umuman olganda, alohida birliklarning tizim tashkil etish va tizimda vujudga keluvchi barqaror belgi-xususiyatlari ochiladi. Bu yoʻnalish tilshunoslikning maʼnaviyatni tadqiq qiladigan boshqa yoʻnalish va sohalar uchun poydevor qoʻyish vazifasi bilan yetakchilik qiladi.

Shevashunoslik sohasida “maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasining xalq shevalarida uchraydigan unsurlari, ularning lisoniy qiymati va tarqalish joʻgʻrofiyasi, adabiy muqobillari bilan munosabatlari tadqiq qilinib, zarur hollarda adabiy nutqdagi boʻshliqlarni toʻldirishga doir tavsiyalar va ularning asoslari ishlab chiqiladi.

Lugʻatshunoslik sohasi “maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasi unsurlarini lugʻatlarda berish muammosi bilan shugʻullanadi. Akademik, ommabop va oʻquv filologik soʻzliklarida, alifboli va sistemali lugʻatlarda mazkur soʻzlarni berish va izohlash muammolari, maxsus lingvomaʼnaviyatshunoslik lugʻatlari va qomuslarini tuzish masalalari, shuningdek, tarjima va giperlugʻatlarda, milliy korpuslarda  birliklarning mohiyatini ochib berish kabi masalalar nazariy va amaliy lugʻatshunoslikning dolzarb vazifalaridan.

Qiyosiy va chogʻishtirma tadqiqotlarda “maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasi unsurlarining oʻzga qurilishli va qarindosh tillardagi muqobillari va oʻxshashlari bilan munosabatlari oʻrganilib, lisoniy mohiyati va qiymati ochiladi, tarjima va oʻgirish muammolari tadqiq qilinadi.

“Maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasi birliklarining nutqiy qoʻllanishi bir jihatdan, ular zamiridagi mohiyatning shaxs maʼnaviy dunyosi prizmasidan oʻtib, munosabat, muloqot va nutq  faoliyatida namoyon boʻlishi, umuman olganda, shaxsning maʼnaviy takomillashuviga taʼsiri, takomillashganlikni voqelantirish xususiyatlari, ikkinchi jihatdan, maʼnaviy tashxis, tarbiya kabilar nuqtai nazaridan pragmalingvistika, sotsiolingvistika, psixolingvistika, neyrolingvistika kabi amaliy yoʻnalishlar tomonidan oʻrganilib, shaxs maʼnaviyatini til vositasida takomillashtirishga doir bevosita yoki bilvosita tavsiyalar yaratiladi.

Taʼlim yoʻnalishi esa, bir tomondan, “maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasi unsurlari mohiyatini oʻquvchilarga singdirish, ikkinchi tomondan, ushbu tizimga kiruvchi til ifodalarining maʼnoviy mohiyati taʼlimi orqali ular shaxsiy maʼnaviyatini yuksaltirish mexanizmini takomillashtirish vazifalarini oʻz zimmasiga oladi.

Har bir davr fan yoki uning yoʻnalishlari oldiga muayyan maqsad va vazifalarni qoʻyadi. Ijtiomiy yoki davlat buyurtmasidan kelib chiqib belgilangan aniq maqsad va vazifalar fan yoki uning yoʻnalishi faoliyatining natijalari muayyanligini taʼminlaydi.

Lingvomaʼnaviyatshunoslik yoʻnalishining bosh maqsadi – yuksak maʼnaviyatli shaxs tarbiyasi uchun xizmat qiladigan ilmiy-amaliy mexanizm uchun muayyan lingvistik taʼminotni vujudga keltirish. Maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatimizda kutilgan natijalarga erishilmayotganligining sabablaridan biri ham ushbu maxsus lingvistik bazaning shakllantirilmaganligidir. Bu lingvistik baza “maʼnaviyat” umummilliy lisoniy kategoriyasini kompleks tadqiq qilish natijasida yaratiladi.

Bir qarashda lingvomaʼnaviyatshunoslik anʼanaviy lingvokulturologiyaning muqobilidek tasavvur uygʻotadi. Biroq lingvokulturologiyaning oʻrganish obyekti va manbalari, muammolari, maqsad-vazifalari bilan tanishuv ularning oʻxshash va farqli tomonlarini tasavvur qilish imkonini beradi.

Nomidan maʼlumki, lingvokulturologiya til va madaniyat munosabati muammosi bilan shugʻullanadi. Madaniyat esa moddiy va maʼnaviy turlarga boʻlinadi. Lingvomaʼnaviyatshunoslik moddiy madaniyat muammosini chetda qoldirib, uning maʼnaviy deb atalmish turini ham toʻliq qamrab olmay, undan oʻz hissasini ajratib oladi.

Lingvokulturologiya (lingvomadaniyatshunoslik)ning lingvomaʼnaviyatshunoslik kabi bir tarkibiy qismi boʻlgan lingvomamlakatshunoslik (лингвострановедение) tillaridagi muqobilsiz leksika va boʻshliqlarni tadqiq qiladi. Lingvokulturologiya miflashgan til birliklari, mifologem va arxetiplarni, urf-odat va rituallarni, maqol, matal, iboralar “jamgʻarma”sini, etalon, stereotip va ramzlarni, metafora va lisoniy obrazlarni, tilning uslubiy fondini, nutqiy xulq va nutq madaniyatini qamrab oladi.

Lingvomaʼnaviyatshunoslik aytilganlar sirasidan shaxs maʼnaviyati va maʼnaviy salohiyatiga tegishli hodisalarni oʻzi uchun xususiylashtiradi. Masalan, iboralarning barchasi lingvomadaniy xarakterga ega. Shu boisdan lingvokulturologiya aslida frazeologik birliklarni tadqiq qilishdan boshlangan. Lekin frazeologik birliklarning barchasi ham lingvomaʼnaviy xususiyatga ega emas. Yoki “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” maqoli lingvokulturologik talqinlar doirasida qaraladi. Biroq “Andishaning otini qoʻrqoq demang” maqoli shaxs milliy maʼnaviyatiga bevosita daxldor.

Aytilganlarni umumlashtirgan holda taʼkidlash lozimki, lingvokulturologiya va lingvomaʼnaviyatshunoslikning oʻrganish manbasi va predmeti farqlanadi. Lingvokulturologiya obyekti lingvistika, kulturologiya, etnografiya va psixolingvistika kabi sohalar uchun umumiy boʻlib, madaniyat, madaniy axborot “tashuvchisi” boʻlgan til va til vositasida ushbu madaniyatni yaratuvchi inson orasidagi oʻzaro munosabat deyish mumkin boʻladi. Ushbu munosabatni voqelantiruvchi yuqorida sanalgan alohida hodisalar uning oʻrganish predmeti sanaladi. Lingvomaʼnaviyatshunoslik ham oʻrganish predmetining oʻziga xosligi bilan ajralib turadi va, taʼkidlanganidek, bevosita shaxs maʼnaviyati bilan bogʻliq, uning tarkibiy qismlari va unsurlari boʻlgan til ifodalarini qamrab oladi. Bu ifodalar soʻzlar, iboralar, soʻz birikmalari, maqollar, gaplar koʻrinishlarida boʻlishi mumkin. Masalan, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida Otabek tomonidan aytilgan “Aqlli kishilarning oʻgʻullari ustidan qilgʻan ishlari albatta nomaʼqul boʻlmas” sintaktik qurilmasi zamirida bevosita milliy xoslangan shaxs maʼnaviyati yotadi. U shaxs farosati, eʼtiqodi, munosabati darajasini namoyon qiladi. Farosat, eʼtiqod, hurmat (munosabat) shaxsning maʼnaviy barkamolligini koʻrsatuvchi sifatlardan.

Koʻrinadiki, lingvomaʼnaviyatshunoslik axloq (etika), psixologiya, lingvokulturologiya, etnografiya, sotsiolingvistika kabi qator fanlar bilan umumiy oʻrganish obyektiga ega boʻlsa-da, uning oʻziga xos predmeti yaqqol ajralib turadi.

Bir qarashda lingvomaʼnaviyatshunoslikni alohida nom bilan ajratib ifodalash zarurati yoʻqdek, uning muammolarini lingvokulturologiya bagʻrida oʻrganaverish mumkindek tuyuladi. Biroq bunga monelik qiladigan ikki jihat mavjud:

birinchidan, lingvokulturologiya oʻz muammolarini koʻproq turli qurilishli tillar kesimida tekshirishi anʼanalashgan, lingvomaʼnaviyatshunoslik esa tadqiq predmetini bir til doirasida ham, turli tillarni qiyoslash asosida ham oʻrganish bilan xarakterlanadi;

ikkinchidan, lingvomaʼnaviyatshunoslikning mustaqillashuvi til va maʼnaviyat mushtarakligi muammosiga global hodisa sifatida lingvokulturologiyaning boshqa masalalariga nisbatan alohida va ustuvor eʼtibor qaratish zarurati natijasi.

Gʻarb tillarida maʼnaviyat soʻzining aynan muqobili boʻlmaganligi sababli lingvomaʼnaviyatshunoslik terminini zoʻrma-zoʻraki tarjima qilmasdan, rus tilida lingvomaʼnaviyatologiya, ingliz tilida linguomanaviatology / linguomaʼnaviyatshunoslik deb berish maqsadga muvofiq va u ushbu yoʻnalishning originalligi va mustaqilligini yana bir bor namoyish etadi (AQShdagi ilmiy jurnallardan birida shu atamani tushuntirib berganimizdan keyin chop qilingan edi: Spirituality in the soul of the language: about linguomaʼnaviyatshunoslik and its perspectives // American Journal of  P. 32). Masalan, maʼnaviyat soʻzining rus tiliga духовность deya tarjima qilinishi ham zoʻrma-zoʻrakilikdir, chunki духовность soʻzining magʻzida “diniy” maʼnosi yotadi (ingliz tiliga ham, albatta). Muqobili boʻlmasa, maʼnaviyat soʻzining oʻzini beraverish kerak. Kurash, chala, yonbosh soʻzlari kabi bu soʻz ham jahon tillari boyligiga bizning hissamiz boʻlib qoʻshiladi.

Lingvomaʼnaviyatshunoslik tadqiqotlari umumiy va xususiy metodologik tamoyillariga asoslanadi. Tadqiqotlarning metodologik asoslarini quyidagicha tartiblash mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taʼlim va tarbiya, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish boʻyicha farmon va qarorlari, maʼruza va chiqishlari, fikrlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash haqidagi qarorlari, taʼlim-tarbiya sifatini takomillashtirishga doir meʼyoriy hujjatlar, fan va taʼlim-tarbiya uygʻunligi tamoyillari yoʻnalish tadqiqotlarining nazariy va amaliy ahamiyatini kuchaytirishga asos boʻladi. Tilning saqlovchilik vazifasini “maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasi birliklari misolida yoritish, ularda til va maʼnaviyat mushtarakligini koʻrsatish, lingvomaʼnaviyatshunoslik tahlili natijalarini taʼlimda amaliy foydalanish samaradorligini oshirish moʻljaliga yoʻnaltirish uchun tayanch vazifasini oʻtaydi.

Falsafiy nuqtai nazardan dialektikaning miqdor oʻzgarishlarining sifat oʻzgarishlariga oʻtishi, inkorni inkor va qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni, umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab va alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat tushunchalari, bilish nazariyasining amaliy va nazariy bilim turlarini farqlash haqidagi taʼlimoti, tasavvuf falsafasining zot va tajalli nazariyasi, komil inson konsepsiyasi asos vazifasini oʻtaydi.

Umumfan tabiatli tizim, unsur va munosabat dialektikasi taʼlimoti “maʼnaviyat” lisoniy kategoriyasiga sistema sifatida yondashib, bu sistemaning yashash qonuniyatlariga doir masalalarni bayon etishda qoʻl keladi.

Lingvistik tabiatli lison, meʼyor, nutqning yaxlitligi va alohidaligi haqidagi taʼlimot mazkur kategoriyaga muloqot, munosabat va faoliyat sistemasi koʻzgusida qarab, bu sistemaning shakllanishida lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligini oʻrganishda nazariy asos boʻlib xizmat qiladi.

Lingvomaʼnaviyatshunoslik tadqiqotlarida, sof lingvistik tadqiq usullaridan tashqari, kulturologik va sotsiologik metodlar – konsept tahlili, freymal, narrativ analiz, tasnif va tavsif, lingvistik qayta tiklash usullari, maʼnoning makrokomponent va mikrokompenent modeli, psixosotsiokulturologik eksperimentlar, matnlarning lingvomaʼnaviy tahlili – germenevtik metod kabilar qoʻyilgan muammolarning samarali yechimi uchun muhim vositalar boʻlib xizmat qiladi.

Lingvomaʼnaviyatshunoslik tadqiqotlari taʼlim va tarbiya uchun xizmat qiluvchi,  aniq samarani koʻzlab ishlaydigan yaxlit sistemaning lingvomaʼnaviy bazasini shakllantiradi. Kun sayin chuqurlashib, oʻtkirlashib borayotgan shaxs maʼnaviyati muammosini hal etish, kelajak yaratuvchilari boʻlgan yuksak maʼnaviyatli yosh avlodni voyaga yetkazishning ilmiy va amaliy asoslarini vujudga keltiradi. Aslida insonshunoslik fani boʻlgan lingvistikaning shaxs tarbiyasiga oʻzining munosib va zotiy, tabiiy hissasini qoʻshishini taʼminlaydi. Tilshunoslikning shunchaki “tadqiqotlar tadqiqotlar uchun” tamoyili asosida ish koʻrishidan shaxs maʼnaviyati rivojiga, yosh avlodning shaxsiy takomillashuviga koʻmaklashadigan, kerak boʻlsa, bunga daxldor sohalar oqimida yetakchi oʻringa koʻtarilishiga olib keladi.

Lingvomaʼnaviyatshunoslik taqlid va ergashuvchanlikdan xoli, mamlakatimizda shakllangan va dunyo tilshunosligi sahnasiga chiqayotgan gradual lingvistika, substansial-pragmatik tilshunoslik kabi amaliy samarador milliy fan yoʻnalishi boʻladi.

Baxtiyor MENGLIYEV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti tadqiqotchi-professori,

filologiya fanlari doktori