Mafkura – jamiyatning maʼnaviy-ruhiy tayanchi, millat va davlat taraqqiyotining gʻoyaviy asosi hisoblanadi. U xalqni bir maqsad atrofida birlashtiradi, yoshlarni tarbiyalaydi, milliy manfaatlarni tamsil etadi. Mafkura muayyan gʻoyalarni yoyish, targʻib etishga xizmat qilib qolmay, fuqarolarni ulugʻvor harakatlarga undaydi.

“Mafkura bu – shunchaki gʻoyaviy taʼlimot emas, balki butun jamiyatning mafkuraviy tuzilishi, olam, inson toʻgʻrisidagi, dunyoda shaxs hayotining mazmuni haqidagi falsafiy, ilmiy, estetik, axloqiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, sotsiologik bilimlar va qadriyatlar majmui. Shu bilan birga, mafkura jamiyat kelajagining eng yaxshi tarzda qurilishi toʻgʻrisida tasavvur ham beradi” deb yozadi professor Qiyom Nazarov (Nazarov Q. Mafkura. Toshkent, Respublika milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, 2014. 12-bet).

Siyosiy mafkuraning haqiqiy “vazni” uning asosiy funksiyalari va jamoat ongiga taʼsir darajasiga bogʻliqdir (Новейший политологический словарь. Д. Погорелый, В. Фесенко, К. Филиппов. Ростов-на-Дону, “Феникс”, 2010. Стр. 100). Ilmiy tilda aytganda, siyosiy mafkuraning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1)                mo‘ljallanganlik: jamiyat, ijtimoiy hayot, shaxs, hokimiyat haqidagi fundamental g‘oyalarni o‘z ichiga olgan holda, inson faoliyatining yo‘nalishlari tizimini belgilab beradi;

2) safarbarlik: siyosiy idealga erishish yoʻlida kuchlar, vositalar, resurslar va ichki zaxiralarni faollashtirishga koʻmaklashadi;

3) integrativlik: siyosiy mafkura individual yoki guruh manfaatlaridan ustun boʻlishi baravarida birlashtiruvchi omil sanaladi;

4) amortizatsiya: jamiyat, guruh, shaxs ehtiyojlari va ularni qondirishning real imkoniyatlari oʻrtasida nomuvofiqlik mavjud boʻlgan vaziyatda ijtimoiy keskinlikni yumshatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mafkura masalasiga eʼtibor qaratib, jumladan, bunday degan edi: “Mafkura sohasida boʻshliq degan narsaning oʻzi hech qachon boʻlmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ong-u tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, taʼsirlanishdan toʻxtamaydi. Demak, unga doimo maʼnaviy oziq kerak. Agar shu oziqni oʻzi yashayotgan muhitdan olmasa yoki bu muhit uni qoniqtirmasa, nima boʻladi, aytinglar? Bunday oziqni u asta-sekin boshqa yoqdan izlaydi. Shunga yoʻl bermasligimiz kerak” (2017-yil 15-iyun kuni boʻlib oʻtgan “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda soʻzlangan nutq. https://president.uz/uz/lists/view/649).

Sir emas, dunyo maydonida birinchi navbatda yoshlarning ong-u qalbini egallamoq uchun beayov kurash kechmoqda. Shunga koʻra, mamlakatimizda ham yoshlar tafakkurida mafkuraviy boʻshliq yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida koʻpgina chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yangidan taʼsis etilgan Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi zalvarli vazifalarni oʻz zimmasiga oldi. Hukumat ham yoshlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlayotir. Ammo keyingi yillarda yoshlarning tafakkur dunyosi bilan bogʻliq voqealarni tahlil qilar ekanmiz, mamlakatimizda milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirish mexanizmi ishlab chiqilmagani va u kompleks ravishda qoʻllanmagani bois ayrim salbiy holatlar yuzaga kelganiga shohid boʻlamiz.

Milliy mafkura xususida soʻz borar ekan, yirik mafkuraviy tahlil markazlari faoliyatini koʻzdan qochirmasligimiz kerak. Mafkuraviy markazlar – muayyan gʻoyani ilgari suruvchi, targʻibot va tashviqotning turli usul, vositalari orqali odamlar ongi, ruhiyatiga taʼsir etuvchi tashkilot yoki muassasalardir. Gʻarb va Sharq oʻrtasida mafkuraviy kurash kechayotgan hozirgi pallada ayrim xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan gʻoyaviy qoʻporuvchilik faoliyati ham olib borilmoqda. 1950-yillar boshida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Allen Dalles ilgari surgan “inson ruhiyatiga taʼsir etish” strategiyasida sobiq Ittifoqqa mafkuraviy bosim oʻtkazish vazifasi ham belgilangan edi. “Insonlarni bolalik va oʻsmirlik davrlaridan boshlab oʻz izmimizga boʻysundiramiz, asosiy eʼtiborni yoshlarga qaratib, ularni maʼnaviy-axloqiy qadriyatlardan uzoqlashtiramiz, fahsh yoʻliga kiritamiz, tushkunlikka tushiramiz” deydi rus adibi Anatoliy Ivanovning “Mangu chorlov” romanidagi salbiy personaj. Bunday gʻarazli fikr oʻtgan asrda aytilganiga qaramay, hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, deb hisoblaydi professor Ilyos Islomov (Islomov I. Maʼnaviy xavfsizlik. Monografiya. Toshkent, “Complex Print”, 2023. 75-bet).

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Virtual platformalar oʻsmirlarning muloqot va maʼlumot almashuvga boʻlgan ehtiyojini maqbul darajada qondiradi. Ijtimoiy tarmoqlarning 1990-yillardan keyingi jadal taraqqiyoti dunyoni ikki qismga boʻlib yubordi: onlayn va offlayn. Hozir jahonda oʻnlab yirik ijtimoiy tarmoqlar boʻlib, ulardagi akkauntlarning umumiy soni 6 milliarddan oshgan. Tadqiqotlarga koʻra, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari asosiy qismini 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etmoqda. Bu jabhada aynan yoshlar faol ekanini inobatga olsak, onlayn platformalar ulkan imkoniyat va ayni choqda katta xatar ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Tan olish joizki, biz istiqlol yillarida Gʻarb targʻibotiga qarshi turadigan taʼlim texnologiyalarini ham, individ, shaxs yuksalishiga xizmat qiladigan usul-uslublarni ham yarata olmadik. Nazarimizda, aynan milliy mafkura jabhasidagi kemtikliklar sabab jamiyatda quyidagi maʼnaviy yoʻqotishlar yuz berdi.

I. Milliy oʻzlik va birdamlik: millatning turli qatlamlari yagona maqsad tegrasida birlasha olmadi; yoshlarda milliy gʻurur, oʻz tarixiga va madaniy merosiga sadoqat zaiflashdi; etnik va madaniy xilmaxillik hamda milliy gʻoya doirasida uygʻunlashgan holda yashash koʻnikmasi shakllanmadi.

II. Yoshlar ongida gʻoyaviy boʻshliq: diniy ekstremizm, missionerlik kabi yot gʻoyalar tarqaldi; yoshlarda mafkuraviy immunitet va tashqi taʼsirga qarshi himoya qobiliyati susaydi.

III. Davlat va jamiyat barqarorligi: iqtisodiy-siyosiy jabhada beqarorliklar kuzatildi; fuqarolarning davlat siyosatiga ishonchi va umidi soʻnayozdi; jamiyatdagi ijtimoiy kelishmovchiliklar gʻoyaviy asosda yumshatilish oʻrniga kuch vositalari, maʼmuriy yoʻllar bilan hal etildi.

IV. Taʼlim va tarbiya samaradorligi: yoshlarning bilim olishi, maʼnaviy barkamollik va vatanparvarlik bobida oqsashlar roʻy berdi; mutasaddi vazirlik va idoralar, siyosiy elita, ziyolilar, jamoatchilik vaziyatga toʻgʻri baho berish oʻrniga muammodan oʻzini chetga tortdi; shaxs tarbiyasiga xizmat qiluvchi milliy metodologiya ishlab chiqilmadi.

Xonasi keldi, kollej va litseylar tizimi haqida ikki ogʻiz izoh berib ketsak. Maʼlumki, Oʻzbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi (1997) asosida kollej va litseylar tizimiga asos solindi. Unga koʻra, 9-sinfdan keyin oʻquvchilar umumiy oʻrta taʼlimga emas, balki kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylarga yoʻnaltirildi. 1997–2009-yillar mobaynida hududlarda shoshmashosharlik bilan kollejlar qurilib, davlat byudjetidan milliardlab mablag‘ sarflandi. Shu yoʻl bilan maktabdan keyin oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish va mehnat bozoriga tayyorlash koʻzda tutilgan edi. Maqsad nazariyadan amaliyotga yaqinlashish, qisqa vaqtda ishlab chiqarish sohalari uchun kadrlar tayyorlash edi. Ammo bu reja toʻliq roʻyobga chiqmadi. Gap shundaki, ezgu gʻoya mehnat bozori bilan uygʻunlashmagan, kollejlarda oʻquv dasturlari va oʻqituvchilar salohiyati zamondan ortda qolgan, yoshlarning tanlov huquqi cheklangan (zotan, 9-sinfdan keyin hamma majburiy ravishda kollejga yuborilgan), boz ustiga, oʻquvchilarning ruhiy-maʼnaviy tayyorgarligi haminqadar edi.

Sifatli infratuzilma yoʻqligi ham vaziyatga taʼsir koʻrsatmay qolmadi: ayrim tumanlarda zamonaviy laboratoriyalar, ustaxonalar yetishmas, kollejlar markazdan chekkaroqda joylashgan, bu esa davomat koʻrsatkichini tushirib yuborar edi. Shu tariqa baʼzi yillarda 60–70 foiz kollej bitiruvchilari universitetga kira olmadi. Oliy taʼlimga jalb etilmagan yoshlar armiyasi shakllana boshladi – keyinroq biz ularni “uyushmagan yoshlar” deb atadik. 1997–2010-yillarda jamiyat oʻrta maxsus diplomli mutaxassislarga ish topish muammosi bilan toʻqnashdi.

Sirasi, kollej tizimi oʻzini oqlamadi. Taʼlimdagi islohotlar, aniqrogʻi, eksperimentlar millat bolalarining fikriy oʻsishiga xizmat qilmadi, bir avlod boy berildi. Kollej bitiruvchilarining shaxsiy hayotidagi norasolik, moddiy va maʼnaviy kambagʻallikning sabab-oqibatlari hali xolis, toʻliq tadqiq etilmagan.

Yangi davrga kelib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼlim tizimining jiddiy ravishda isloh qilingani hayotiy zarurat mahsuli edi. 2017-yildan keyin tizim qayta koʻrib chiqildi va 11 yillik umumiy taʼlim tiklandi. 2026-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran 12 yillik maktabga oʻtish rejasi eʼlon qilindi.

V. Xalqaro imij va tashqi siyosat: milliy gʻoya tizimli yoʻlga qoʻyilmagani bois Oʻzbekiston tashqi siyosatda kuchli maqom-mavqega ega boʻlmadi; milliy gʻoya va mafkura xalq diplomatiyasida “brend”ga aylanmadi.

VI. Iqtisodiy rivojlanishda mafkuraviy omilning oʻrni: milliy gʻoya iqtisodiy, ishlab chiqarish jarayonlarida poydor boʻlganida idora va tashkilotlarda mehnat intizomi, masʼuliyat, halollikni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash bobida kiroyi natijalarga erishilardi. Mafkuraviy omil inobatga olinmagani sababli baʼzi sohalarda korrupsiya va shaxsiy manfaatlar kuchayib ketdi.

Daraxt ildizi bilan tirik, mafkurani ham jamiyatning teran tomiriga mengzash mumkin. Mafkurasizlik ortidan mamlakat hayotida jiddiy salbiy oqibatlar yuzaga chiqadi. Avvalo, milliy birlikning zaiflashuvi jamiyatda parokandalik, ijtimoiy birdamlikning yoʻqolishiga olib keladi.

Mamlakatimizda soʻnggi oʻn yil mobaynida jadal iqtisodiy islohotlar kechmoqda. Xoʻsh, maʼnaviy-mafkuraviy jabhadagi vaziyat bilan ham maqtana olamizmi?

Ayrim yoshlarning maʼnaviy tayanchsiz yashayotgani radikal gʻoyalar, ekstremizm va turli yot taʼsirlarga moyillikni kuchaytiradi, albatta. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “chetga surish” kampaniyasi zamirida ham mafkurasizlik xastaligi yotibdi deyish mumkin.

Mafkurasizlik mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda uzviylikka ham raxna soladi. Ayrim yurtdoshlarimizda ijtimoiy faollik sust ekani ana shu jihat bilan izohlansa ajab emas.

Maʼnaviy tanazzul alomatlaridan koʻz yumish tuyaqushning tahlikani sezgan vaqtda boshini qumga tiqib olishiga oʻxshaydi. Mafkura haqida soʻz ochilsa, ayrimlar bu tushunchani erkinlik kushandasi deya yanglish talqin qiladi. Holbuki, mutaraqqiy dunyoda, demokratik davlatlarda ham mafkura alohida oʻrin tutadi.

Yevropa ham bunyodkor, ham vayronkor gʻoyalari bilan maʼlum-u mashhur. Liberalizm, sotsializm, fashizm, anarxizm, korporatizm, marksizm, sotsial demokratiya, xristian demokratiyasi, konservatizm, natsionalizm kabi turli-tuman gʻoyalar, mafkuralar shu mintaqada shakllangan.

Zamonaviy Yevropada mafkuralar mamlakatlarning tarixiy taraqqiyoti, siyosiy tizimi, iqtisodiy modeli hamda madaniy anʼanalariga bogʻliq holda rivojlangan. Hozirda Yevropa integratsiyasi mafkurasi ustuvordir. Xususan, “yevropalik” gʻoyasi, yaʼni Yevropa Ittifoqida umumiy qadriyatlarni shakllantirish, yagona siyosiy, iqtisodiy makon qurish gʻoyasi keng tarqalgan. Qayd etish joizki, Yevropa davlatlari XX asrning ikkinchi yarmidan eʼtiboran mafkuraviy plyuralizm muhitiga oʻtgan, yaʼni “koʻhna qitʼa”da turli gʻoya va qarashlar oʻzaro raqobatda.

Xitoy bu borada boshqacha yoʻl tutgan. XXR taraqqiyot modelida mafkura davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Misol uchun, taʼlim tizimi gʻoyaviy tarbiya bilan uygʻunlashgan boʻlib, mafkuraga mushtarak tarzda buyuk faylasuf Konfutsiy merosi, anʼanaviy xitoy qadriyatlari targʻib etiladi. Koʻzlangan maqsad jamiyatda “Xitoy yoʻli”ga ishonchni mustahkamlash, milliy gʻururni kuchaytirishdan iboratdir. Milliy media va “WeChat”, “Weibo” kabi mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda ham davlat mafkurasi targʻib-tashviq qilinadi.

Xitoy atoqli islohotchi Den Syaopin rahbarlik qilgan 1980-yillardan boshlab Gʻarb liberalizmiga muqobil milliy taraqqiyot modelini ilgari surib keladi. Yaʼni XXR yagona mafkura asosida qurilgan davlatdir. “Maktablarda izchil ravishda mafkuraga oid darslar oʻtiladi. Har bir xitoylikdan “Besh narsani – mamlakatni, xalqni, mehnatni, ilmni va sotsializmni sevaman” shioriga sadoqat talab etiladi” (qarang: Marianne Bastid. Education, Youth and Social perspectives in the early 1980s / China in the 1980 – and beyond. Studies in Asian topics. 1986, № 9. Copenhagen. P. 15-17).

Yaponiyada ham mafkura xalq ruhiyatiga singib ketgan. Har bir jamoada ijtimoiy bitim – konsensus tizimi ustun maqomda: bitim ijtimoiy normaga mos kelmasa, huquqiy kuchga ega boʻlmaydi. Atoqli olim Baygan Isida (1685–1744) ilgari surgan etika qoidalariga koʻra, ishchilar va tadbirkorlar siyosatdan uzoqda yurib, davlat siyosatiga aralashmaydi.

Kunchiqar oʻlka madaniyatida 和 (wa) tushunchasi markaziy oʻrin tutadi. Ushbu ieroglifning maʼnosi uygʻunlik, tinchlik, hamjihatlik demakdir. Maʼlum maʼnoda u yapon oʻzligini ham anglatadi. Demak, yapon jamiyatida mojaro va kelishmovchilikka yoʻl qoʻymay, ahillik va birdamlikni saqlash, shaxsiy manfaatdan jamoa manfaatini ustun qoʻyish, moʻtadillik va sabr tamoyillariga rioya etish asosiy qoida hisoblanadi.

Sovet Ittifoqi tajribasidan olingan asosiy saboq shuki, tarix sahnasidan supurib tashlangan vayronkor mafkura oʻrniga darhol bunyodkor mafkura taklif etilmas ekan, yot gʻoyalar, taʼlimotlar kuchayib ketadi. Bizningcha, Oʻzbekistonda ham milliy mafkura jabhasida bir qator choralarni amalga oshirish lozim.

Birinchidan, mafkuraviy siyosatni davlat strategiyasi darajasiga olib chiqish maqsadga muvofiqdir. Mafkurani faqat maʼnaviy targʻibot sohasi deya cheklab boʻlmaydi. Shunga koʻra Oʻzbekistonda Milliy mafkura konsepsiyasi ishlab chiqilishi, unda mafkuraviy siyosatning maqsadi, vazifalari, baholash indikatorlari va monitoring tizimi aniq belgilanishi kerak.

Ikkinchidan, taʼlim tizimida mafkuraviy tarbiyani kuchaytirmoq lozim. Jumladan, oʻrta va oliy taʼlimda “Milliy gʻoya va mafkura”, “Milliy qadriyatlar” fani va amaliyot darslarini zamonaviy metodlar asosida qayta tashkil etish, yoshlarda tanqidiy tafakkur, milliy iftixor va vatanparvarlikni shakllantirishga qaratilgan interaktiv dasturlar joriy etish, pedagoglar uchun “Mafkuraviy pedagogika” fani boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini joriy qilish muhimdir.

Uchinchidan, axborot makonida milliy mafkurani himoya qilish lozim. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda mafkuraviy kurashni yangi shaklda olib borish, jumladan, milliy gʻoya va qadriyatlarni targʻib qiluvchi media kontent (video, podkast, serial, multfilmlar) yaratish, Mafkuraviy monitoring markazini tashkil etish, jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy faollar uchun “Mafkuraviy kommunikatsiya” fani boʻyicha maxsus kurslar tashkil etish davr talabidir.

Toʻrtinchidan, yoshlar siyosatida mafkuraviy ishni tizimlashtirish kerak. Yoshlar – mafkuraviy barqarorlikning asosiy subʼektidir. Mafkuraviy tarbiya yoʻnalishida Yoshlar ittifoqi, yoshlar parlamentlari va volontyorlar faoliyatini kuchaytirish; milliy gʻoya ruhida yoshlar forumi, debat klublari, innovatsion gʻoyalar tanlovlarini tashkil qilish; yoshlarga tarix, madaniyat va milliy anʼanalarni zamonaviy vizual vositalar orqali yetkazish lozim.

Beshinchidan, ilmiy-tadqiqot va falsafiy asosni mustahkamlamoq darkor. Mafkura faqat shiorbozlik emas, u ilmiy, falsafiy asosga ega boʻlishi kerak. Fanlar akademiyasi, universitet va institutlarda Milliy gʻoya va mafkura tadqiqot markazlarini tashkil qilish, mafkuraviy tahdidlar boʻyicha muntazam tahlillar oʻtkazish zarur.

Oltinchidan, madaniyat va sanʼat orqali taʼsirchan mafkuraviy muhit yaratish ham muhim. Mafkura oddiy soʻz bilan emas, his va obraz orqali qalbga kirsa, uning taʼsiri kuchli boʻladi. Milliy gʻoyani yoshlarga teatr, kino, adabiyot va musiqa asarlari, qolaversa, zamonaviy formatdagi madaniy loyihalar orqali yetkazish vaqti keldi.

Yettinchidan, davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligini kuchaytirishda ham gap koʻp. Mafkura nafaqat davlat shafeligi, balki jamoatchilikning faol ishtirokida takomillashadi. Shu bois NNT, mahalla, oila va taʼlim muassasalari oʻrtasida mafkuraviy hamkorlik platformasini yaratish lozim.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi renessans poydevorini qoʻyish kabi ezgu gʻoyalarni amalga oshirish xalqimizdan siyosiy iroda, kuchli bilim, keng dunyoqarash va yuqori siyosiy madaniyatni talab qiladi. Oʻzbekistonda mafkurani kuchaytirishning tizimli yechimi bu – boshqaruv, taʼlim, madaniyat, axborot va fuqarolik jamiyati sohalarini bir butun mafkuraviy tizimga aylantirishdan iborat. Bu tizimning asosiy tamoyili quyidagicha boʻlishi lozim: “Bir gʻoya – bir maqsad – bir ruh”. Bizningcha, ushbu konsepsiya milliy birdamlik va maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Baxtiyor OMONOV

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Ildizidan uzilgan og‘och” maqolasi