Davlat rahbari tashabbusi bilan 2022-yilda respublikadagi barcha mahallalarda (10 000 ga yaqin) mutlaqo yangi tizim – “hokim yordamchisi” instituti joriy etildi.
Maʼlumot uchun, hokim yordamchilari lavozimi mahallalarda avvaldan mavjud boʻlgan mahalla fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan tashkil etilgan.
Hokim yordamchilariga yuklangan asosiy vazifalar:
1. Mahallada ishsiz aholini (oʻz istagiga koʻra) ish bilan band qilishga koʻmaklashish;
2. Mahallada oilaviy va yakka tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish;
3. Mahallada kambagʻallikni qisqartirish.
Keling, hokim yordamchilari shu 3 ta asosiy vazifani NIMANI EVAZIGA amalga oshirishi haqida imkon qadar qisqa tushuncha beray.
Mahalladagi ishsiz aholini (oʻz istagiga koʻra) ish bilan band qilishga koʻmaklashish maqsadida har bir mahallaga aholisi soni va ishsizlar koʻrsatkichidan kelib chiqib maʼlum summada pul mablagʻlari har chorakda ajratiladi.
Masalan, Siz rasman ishsiz maqomiga egasiz (oilali, oilasiz boʻlishingizdan qatʼiy nazar). Agar aniq bir biznes rejangiz (tomorqada issiqxona yaratib, sabzavotlar, limonchilik, gul-koʻchatchilikni yoʻlga qoʻyish; xonadonda tikuvchilik qilib, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish; gilamchilik yoki boshqa turdagi kasanachilikni yoʻlga qoʻyish; uyda pishiriqchilik yoki qandolatchilikni yoʻlga qoʻyish; tovuqchilik, baliqchilik, asalarichilikni yoʻlga qoʻyish; avtoservis, sartaroshxona, goʻzallik salonlari xizmatlarini boshlash; sharbat, muzqaymoq tayyorlab sotish; yer haydash uchun mini motokultivator, aholiga xizmat koʻrsatish uchun motoroller xarid qilish va boshqa 50 dan ziyod ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari) boʻlsa, hokim yordamchisiga uchrashing.
Hokim yordamchisi biznes rejangizdagi kamchilik va nuqsonlarni koʻrib chiqadi va xususiy tadbirkorligingiz uchun HECh QANAQA GAROVSIZ 33 million soʻmgacha (deyarli 3 000 AQSh dollari ekvivalentiga teng) boʻlgan summani 3 yildan 7 yilgacha 14 % foizda (Markaziy Bank tomonidan qayd qilingan eng kam foizli kredit stavkasi) kredit olishingizga koʻmaklashadi!
Agar yangi tadbirkorlik yoʻnalishida tajribasiz boʻlsangiz, unda hokim yordamchisi tavsiyasi bilan tumaningizda mavjud boʻlgan Monomarkaz yoki Oʻquv markazlaridan biriga aynan shu yoʻnalishda BEPUL oʻqishingiz, tajribangizni oshirib, oʻqish yakunida maxsus sertifikat olishingiz va ishingizni boshlashingiz imkoniyati yaratib beriladi.
Tanlagan tadbirkorlik faoliyatini boshlashingiz uchun sizga zarur boʻlgan barcha asbob-uskuna va xizmatlarning asl narxlari bozorda oʻrganib chiqib, TAʼMINOTCHI orqali ushbu tovarlar (tikuv mashinalari, pishiriq uchun maxsus pechlar, motokultivator, motoroller va hokazo) yetkaziladi, xizmatlar (hovlingizda issiqxona, baliqxona qurib beriladi, asalari uyalari, tovuqlarni yuqumli kasallikdan himoya qilish uchun davolash va profilaktika ishlari) amalga oshiriladi.
Taʼminotchi tomonidan yetkazib berilgan kerakli asbob-uskuna va xizmatlar real bozor narxidan koʻpi bilan 10–15% gacha qimmat boʻladi, chunki taʼminotchi har bir xizmat uchun soliq toʻlaydi, bundan tashqari oʻz xizmat xaqi foydasini ham qoʻshadi.
Savol tugʻiladi, NEGA SUMMA FUQARO QOʻLIGA NAQD yoki PLASTIK KARTASIGA OʻTKAZILMAY, aksincha 10–15% gacha QIMMAT NARXDA ASBOB-USKUNALAR, XIZMATLAR KOʻRINISHIDA BERILYAPTI?!
Javobi oddiy, berilgan kredit pullarini MAQSADSIZ ISHLATILIB YUBORILISHINI OLDINI OLISH uchun!
Fuqaro qoʻliga pul berib, unga zarur boʻlgan tovar yoki xizmatlarni QACHON sotib olishi, amalga oshirishini nazorat qilib turishning imkoni yoʻq!
Qoʻliga yoki plastik kartasiga pul tushishi bilan summa boshqa maqsadlarga (bolam, ota-onam kasal boʻlib qoldi, oldingi qarzimni toʻlab yubordim, qizim-oʻgʻlimni toʻyiga ishlatib yuborishga majbur boʻldim va hokazo sabablar) ishlatilib yuborilgach, berilgan kredit hali foizlari toʻlanmay turib MASALALI KREDIT toifasiga kiradi-qoladi! Fuqaro esa berilgan moliyaviy koʻmak yordamida ijtimoiy holatini yaxshilash oʻrniga, bankdan qarz boʻlib battar qashshoq holatga tushadi!
Marhamat, bozorni oʻrganing va taʼminotchini surishtirib, oʻzingiz toping (hokim yordamchisidan xizmatlari orqali tanilgan halol taʼminotchini soʻrasangiz, tavsiya qilishi mumkin) va birga sizga kerakli tovar va xizmatlarni rusum, narxi va muddatlarini kelishib olib, onlayn ariza bering!
Ariza onlayn platformada koʻrinishi bilan, hokim yordamchisi taʼminotchi tomonidan xizmat koʻrsatiladigan ishlar qiymatini tekshiradi (issiqxona necha sotix yerga qurilmoqda va qanday sifatli xom-ashyo, qancha miqdordagi qurilish materiallari ketadi – yaʼni soʻralayotgan kredit summasiga mos ravishda ishlatilmoqda) yoki tovarlar fuqaroga (tikuv mashinalari, pishiriq uchun pechlar, motokultivator, muzqaymoq uskunasi va hokazo) toʻliq yetkazilib berilganini tekshirib, real vaziyatni fakt sifatida rasmga olib, bankka tavsiya beradi.
Pul tovar va xizmatlar 100% bajarib boʻlinganidan keyingina taʼminotchi hisob raqamiga tushiriladi!
Bu kredit mablagʻlarini NAQDLASHTIRISH va BEMAQSAD (arizada koʻrsatilgan tovar va xizmatlardan boshqa maqsadlarda) ishlatilib yuborilishini oldini olish uchun shunday TIZIMDA yoʻlga qoʻyilgan!
Hoʻp, hammani qoʻlidan ham tadbirkorlik kelavermaydi deyishingiz mumkin, marhamat, dehqonchilik bilan shugʻullanish niyatida boʻlsa, tumaniga qarab 10–40 sotixgacha unumdorlik boniteti oʻrta hisoblangan dalalardan yerlar 10 yildan 30 yilgacha fuqaroga auksion orqali IJARAGA beriladi!
E-auksion.uz ga kiring, tumaningizda qayerdan, qanday yerlar qoʻyilayotganini oʻrganib chiqing, keyin Davlat xizmatlari markazi (Yagona darcha) dan elektron kalit sotib olib (18 ming soʻm), hokim yordamchisiga murojaat qiling, u sizga dalani qaysi konturidagi yerga egalik qilish huquqlarini beruvchi auksionga qatnashish uchun onlayn ariza topshirishga yordamlashadi, qoʻshimchasiga auksionda gʻolib boʻlishingiz uchun sizga katta ballga ega tavsiyanoma ham beradi!
Inson omilini chetlab oʻtish maqsadida barcha ishlar onlayn tarzda amalga oshiriladi va fuqarodan tegishli platformalarda ariza berish uchun zarur bilim va texnika (android telefon, kompyuter, noutbuklardan biri) talab etiladi.
Koʻpchilik fuqarolarda auksionga qatnashish uchun koʻnikma va zarur sharoit boʻlmagani tufayli onlayn ariza hokim yordamchisi tomonidan yordam tariqasida amalga oshiriladi.
Oʻrnatilgan tartibda 280 ming soʻmni (Yoshlar va Ayollar daftarida rasman turganlarga BEPUL qatnashish ruxsati beriladi) auksionda qatnashish uchun oʻz elektron akkauntingizga garov puli sifatida qoʻyasiz, agar auksionda gʻolib boʻlsangiz, bu summa sizdan xizmatlar uchun yechib olinadi, mabodo yuta olmasangiz, pulingizni plastik kartangizga qaytarib tushirib olishingiz mumkin!
Oʻzbekiston fuqarosi dunyoning istalgan yeridan turib ushbu platforma orqali Oʻzbekistonning oʻzi hoxlagan hududlaridan auksionga qatnashishi mumkin, istasa 10 ta lotga qatnashib omadini sinab koʻrsin, barcha tafsilot va talablar platformada batafsil yozilgan!
Agar fuqaro sogʻligi joyida boʻlib, oilaviy tadbirkorlik yoki dehqonchilik qilish qoʻlidan kelmasa, ushbu mahallaning hokim yordamchisi tomonidan tumandagi birorta yaqin korxona, fabrika, ishxona yoki jamoat ishlariga mavsumiy, doimiy ishga qoʻyishga koʻmak beriladi. Hamma ish fuqaroni sogʻligi va qoʻlidan nima ish kelishiga qarab amalga oshiriladi!
Albatta, dunyoning hamma burchagida ham qoʻlidan biror ish kelmaydigan ishchiga katta oylik toʻlanmaydi! Boshlanishiga har qanday oylikka ishlab, keyin asta-sekin tajribasi oshib, boshqa ishlarni koʻrsa boʻlaveradi! Shu arzimagan oylik puli yordamida, hech boʻlmasa 1 qop un, ozroq yog‘, shakar olib, kommunal toʻlovlarini amalga oshirib tursa boʻladi.
Fikrimcha, umuman ish tanlab, oylik tanlab uyida ishsiz, bekor oʻtirgandan koʻra, kerak boʻlsa koʻngli istagan joyda bepul ishlagan afzalroq, hech boʻlmasa ish oʻrganib, tanish orttirib, yaxshi xulq bilan halol ishlasa – qayergadir albatta ishga ilinadi, mehnatkash, halol ishchi hamma joyda kerak!
Yakka farzandlarini tarbiyalayotgan ishsiz ayollarga qoʻlidan keladigan ishga qarab tikuv mashinasi, pishiriq, qandolatchilik uchun pechlar, hovlisida issiqxona qurib berish, tovuqchilik va boshqa ishlar uchun 10 million soʻmgacha zarur tovar hamda xizmatlar SUBSIDIYA (tovar yoki xizmat koʻrsatish tariqasida bepul beriladigan yordam) asosida yetkazilib beriladi!
Xullas, fuqaro mahallasidagi hokim yordamchisiga oʻrnatilgan tartibda xoh oʻzi, xoh onlayn murojaat qilsin, albatta javob oladi!
Furqat QURBONOV,
Denov tumanidagi mahallabay ishlash tizimiga
Respublikadan biriktirilgan vakil