Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdugʻafur domla Niyozqulov javob berdi.

– Bilamizki, dinimizda erkaklar ipak matodan kiyim kiyishi man qilingan. Bir shim sotib olgandim. Uning qogʻozida 70 foiz matosi sunʼiy ipak deb yozilibdi. Shu shimni kiyish joizmi?

– Bismillahir rohmanir rahim. Sunʼiy ipak haqiqiy ipakka muqobil ravishda ishlab chiqarilgan mato turi, xolos. Unga haqiqiy ipakning hukmi berilmaydi. Undan tikilgan kiyimlarni kiyish erkaklarga joiz. Hadislarda taqiqlangani aytilgan ipak haqiqiy, tabiiy ipakdir.

Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Ipak kiyim va tilla ummatimning erkaklariga harom qilindi, ayollariga halol qilindi” dedi” (Imom Termiziy rivoyati).

Ipakning erkaklarga harom qilinishi hikmati shundaki, bu mato juda nafis va muloyim boʻlib, ayollik tabiati hamda latofatiga mos keladi. Erkaklarning tabiatiga esa muvofiq kelmaydi.

* * *

– Hayvonlarning qonini parrandalarga ozuqa sifatida sotsa yoki sotib olsa boʻladimi?

– Qon kabi najosat hisoblangan narsalar shariat qoidalariga koʻra mol hisoblanmaydi va ularni sotish yoki sotib olish joiz emas. Chunki savdoning shartlaridan biri – sotilayotgan narsa shariat nazarida qiymatga ega mol boʻlishi shart. Qon, oʻlimtik kabi narsalar najosat boʻlib, sharʼan mol hisoblanmaydi va Qurʼoni karimda harom qilingan. Alloh taolo Moida surasining 3-oyatida bunday degan: “Sizlarga oʻlimtik, qon, choʻchqa goʻshti va Allohdan boshqaning nomi ila soʻyilgan ...hayvonlar harom qilindi”.

Shariatda isteʼmoli taqiqlangan narsaning savdosi ham taqiqlanadi. Bu haqda “al-Vajiyz” kitobida bunday deyilgan: “Qaysidir jihatdan yeyish va foydalanish mumkin boʻlmagan narsani sotish ham, sotib olish ham mumkin emas. Foydalanish mumkin boʻlgan narsaning savdosi joizdir”. Qolaversa, hayvonlarga najosatni ozuqa sifatidan berish durust emas. Yuqoridagi masalada qon deganda hayvonni soʻyganda boʻgʻzidan otilib chiqqan qon tushuniladi. Lekin hayvon qonni oʻzi topib yesa, bu bilan uning goʻshti harom boʻlib qolmaydi.

* * *

– Oʻgʻil uylanayotgan vaqtda kelinga mahr sifatida otasining uyini berishi mumkinmi? Bu mahrga oʻtadimi?

– Agar uy otaning mulki boʻlsa, oʻgʻil uni mahr sifatida xotiniga bera olmaydi. Chunki u birovning mulki, birovning mulkini esa boshqaga sotish, hadya qilish yoki mahr sifatida berish durust emas. Bu borada fiqhiy manbalarda shunday bayon qilingan: “Biror narsani hadya qilishning shartlaridan biri shu narsa hadya qiluvchining mulki boʻlishi kerak. Boshqaning molini uning iznisiz hadya qilish mumkin emas. Chunki hadya qiluvchining mulki boʻlmagan narsani boshqaga berish imkonsizdir (“Fatovoi Olamgiriya”).

Ammo otasi uyni oʻgʻliga hadya qilgan boʻlsa, shunda oʻgʻil uyni xotiniga mahr sifatida berishi mumkin. Uy kelinga mahr boʻlib oʻtgandan keyin butunlay uning haqiga aylanadi.

* * *

– Rangi oʻzgargan ariq suvi najosat hisoblanadimi?

– Suvda uchta sifat boʻladi: rang, hid va taʼm. Agar oqar suvga najosat tushib, mazkur uch sifatning birini oʻzgartirsa, suv najosatga aylanadi. Agar pok narsa tushishi tufayli oʻzgarsa, najosat boʻlmaydi. Masalan, barg, tuproq, loy kabi narsalarning tushishi bilan oʻzgarsa, bunday suvni najosat boʻldi deyilmaydi. Bu haqida fiqhiy manbalarda batafsil javob berilgan. Jumladan, “Muxtasarul-viqoya” kitobida bunday deyilgan:

“Agar suvga najosat tushsa va bu suv oqar suv yoki oʻn gazga oʻn gaz hajmdagi hovuz boʻlib, hovuchlab suv olish tufayli ostidagi yer ochilib qolmasa, suv najosat boʻlmaydi. Ammo najosat suvning taʼmi, rangi yoki hidini oʻzgartirib yuborsa, suv najosatga aylanadi. Agar najosat tushgan suv oqar suv yoki oʻn gazga oʻn gazli hovuz boʻlmasa va unga najosat tushsa, suvning sifatlarida oʻzgarish boʻlmasa ham suv najosatga aylanadi”.

* * *

– Bir maʼruzada “Yarmingiz soyada, yarmingiz quyoshda boʻlgan holda oʻtirmanglar” degan mazmunda hadis eshitib qoldim. Shunday hadis bormi?

– Ha, shunday maʼnoda hadislar bor. Ulardan birini Imom Abu Dovud rahimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan: “Abulqosim sollallohu alayhi va sallam “Biror kishi soyada oʻtirgan boʻlsa, soya qisqarib, uning yarmi oftobda, yarmi soyada boʻlib qolsa, oʻrnidan tursin” dedi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Mazkur hadisni Mulla Ali Qori rahimahulloh “Mirqotul-masobih” kitobida quyidagicha sharhlagan: “Oʻrnidan tursin, yaʼni tanasining hamma joyi quyoshda yoki soyada boʻladigan boshqa joyga oʻtib olsin. Chunki inson soya va quyoshli joyda oʻtirsa, biri ikkinchisiga zid boʻlgan ikki narsaning taʼsiridan badanning ahvoli oʻzgarib, mijozi buziladi. Bu gapni koʻplab shorihlar ham aytgan”.

Bu hadisi sharifda mazkur holatda oʻtirishning tibbiy jihatdan zarari borligi uchun qaytarilgan. Yaʼni, yarmi soya va qolgan yarmi quyoshda boʻlgan odam qattiq gunohkor boʻlmasa-da, tibbiy jihatdan mijozi buzilib, tanasiga zarar yetadi.

“Mavsuʼatul-fiqhiya” kitobida bunday holda oʻtirish yuqoridagi kabi hadislarda kelgan qaytariq borligi uchun makruh boʻladi deyilgan: “Quyosh va soya orasida oʻtirish makruhdir”.

* * *

– Qizimga Noila deb ism qoʻyganmiz. Bir tanishim “bunday ism dinimizda nojoiz ismlardan, chunki bu avvalgi zamonlarda bir butning nomi boʻlgan” dedi. Men qizimning ismini oʻzgartirishim kerakmi?

– Qiz farzandga Noila deb ism qoʻyish joiz va bu ismni oʻzgartirishga zarurat yoʻq. Noila arab tilida “tuhfa”, “sovgʻa” kabi maʼnolarni anglatadi. Uni “Allohning tuhfasi” deb talqin qilish ham mumkin.

Toʻgʻri, johiliyat davrida Makkadagi Safo va Marva togʻi oraligʻida mushriklarning Noila deb nomlangan sanami boʻlgan. Lekin bu Noila ismining nojoiz ekaniga dalolat qilmaydi. Chunki bugungi kunda hech bir musulmon kishi oʻzining qiziga Noila deb oʻsha butni ulugʻlash maqsadida ism qoʻymaydi.

Qolaversa, bu ism Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam davrida sahobalar orasida maʼlum va mashhur boʻlgan. Jumladan:

1. Noila binti Farofisa. Mashhur sahoba hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xotini.

2. Noila binti Robi’ ibn Qays ibn Omir. Paygʻambarimiz alayhissalomga bayʼat qilgan sahobiya ayollardan.

3. Noila binti Saʼd ibn Molik al-Ansoriya.

4. Noila binti Saloma Ansoriya. Ibn Saʼd oʻzining “Tabaqotul-kubro” kitobida uning Paygʻambarimiz alayhissalomga bayʼat qilgan sahobiya ayollardan ekanini zikr qilgan.

5. Noila binti Ubayd ibn al-Hur al-Ansoriya (“Al-Isoba fi tamyizis sahoba” kitobi).

Shuningdek, sahobalardan Abu Noila – Noilaning otasi deya kunya bilan tanilgan sahobalar ham boʻlgan. Masalan, Badr gʻazotida qatnashgan sahobalardan – Silkon ibn Saloma al-Ashhaliyning ham kunyasi Abu Noila edi (Abu Nuaymning “Maʼrifatus-sahoba” kitobi).

Paygʻambarimiz alayhissalom odatda nomaqbul va shariatga zid ismlarni oʻzgartirar edi. Masalan, Osiya (gunohkor) ismini Jamila (chiroyli, goʻzal), Harb (urush) ismini Silm (tinchlik) deb oʻzgartirgan. Lekin mazkur Noila ismli sahobiyalarning ismlarini oʻzgartirgani maʼlum emas.

Shundan kelib chiqib, qizingizning ismini oʻzgartirishga hojat yoʻq. Vallohu aʼlam.

* * *

– Turli messenjerlar orqali yozilgan salomlarga ogʻzaki alik olib qoʻysa kifoyami yoki yozma javob yuborish kerakmi?

– Turli messenjerlar (“Telegram”, “Vatsap” va boshqalar) hamda elektron pochta yoki SMS xizmatlari orqali yozilgan salomlarga ogʻzaki alik olish vojib boʻladi. Yozma alik olib, javob qaytarish mustahab sanaladi. Bu borada Alloma ibn Obidiyn rahimahulloh shunday degan: “Maktub orqali kelgan salomga alik olish vojib boʻladi. Chunki gʻoyib kishidan kelgan maktub goʻyoki yonida turgan kishining ogʻzaki xitobi kabidir (“Mujtabo” kitobi). Odamlar esa bunga beparvodirlar. Shunga koʻra aytamanki, maktub orqali kelgan salomga ogʻzaki alik olish vojib boʻladi, yozma javob qaytarish emas” (“Raddul-muxtor” kitobi).

Shuningdek, “Kuvayt fiqh ensiklopyediyasi”da ushbu masala tafsilot bilan zikr qilingan:

“Shuningdek, bir kishiga gʻoyib – boshqa joydagi odamdan maktubga yozilgan salom yetib kelsa, unga oʻqigan zahoti darhol soʻz orqali alik olish vojib boʻladi. Zero, “Ikki sahih toʻplam”da vorid boʻlgan hadisda Oisha roziyallohu anho “Menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Jabroil farishta senga salom aytmoqda” dedi. Men aytdim: “U zotga ham Allohning salomi va rahmati boʻlsin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Ushbu holatda salomni yetkazuvchiga ham “Sizga va unga ham salom boʻlsin” kabi iboralar bilan alik olish mustahab sanaladi”.

Bugungi kunda messenjerlar orqali yozilgan salomlarning maktubda yozilgan salom bilan hukmi bir xil. Shunga koʻra gʻoyib odamdan kelgan salom xoh yozma boʻlsin, xoh biror elchi orqali boʻlsin, uni qabul qilgan kimsa darhol ogʻzaki alik olishi vojib boʻladi va shuning oʻzi kifoya qiladi. Lekin yozma alik olib, javob qaytarsa, yanada ziyoda ajr-u savobga ega boʻladi. Vallohu aʼlam.

Damin JUMAQUL tayyorladi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati