Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa sifatida turkiyalik taniqli olim Kemal Yavuz Atamanning «Men tanigan O‘zbekiston» kitobi nashr etildi. Mazkur asar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan «Ma’rifat elchilari» loyihasi doirasida o‘zbek va turk tillarida tayyorlandi.

Kitobning taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari va vakillari, olimlar, akademiklar, ziyolilar, yozuvchi va tarjimonlar, diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu kitob nafaqat O‘zbekiston haqidagi ilmiy-ma’rifiy asar, balki xorijlik olim nigohida mamlakatimiz tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi muhim ilmiy manba hisoblanadi.

Muallif asarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotgan islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi haqida o‘zining xolis kuzatuvlari va ilmiy xulosalarini bayon etgan.

Asarda muallifning 1991 yildan buyon O‘zbekistonga amalga oshirgan qator sayohatlari, turli hududlarda olib borgan ilmiy ekspeditsiyalari, arxiv va manbalar asosidagi izlanishlari, shuningdek, davlat va jamoat arboblari, olimlar, ziyolilar hamda oddiy insonlar bilan samimiy muloqotlari jamlangan.

Kitob ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Movarounnahr sivilizatsiyasi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, buyuk allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosi, islom tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi, tasavvuf maktablari va turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar keng yoritilgan bo‘lsa, ikkinchi qism Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot modeliga bag‘ishlangan. Unda davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, investitsiya siyosati, raqamli transformatsiya, ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, yoshlar siyosati, gender tengligi, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar va global siyosatdagi faol ishtiroki ilmiy tahlil qilingan.

Kitob o‘zbek va turk tillarida nashr etilgan bo‘lib, u ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro anglashuvni kuchaytirish hamda O‘zbekiston haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.

Taqdimot doirasida ishtirokchilar kitobning ilmiy ahamiyati, uning O‘zbekistonning boy tarixi, milliy-ma’naviy merosi va bugungi taraqqiyot yo‘lini xorij auditoriyasiga yetkazishdagi o‘rni haqida fikr almashdilar. Shuningdek, muallifning O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun: Kemal Yavuz Ataman — huquqshunos, siyosatshunos, sharqshunos olim, adib va jamoat arbobi. U globallashuv, Movarounnahr sivilizatsiyasi, tasavvuf, navoiyshunoslik, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasi bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar muallifi hisoblanadi.

Olim ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek olimlari va mutafakkirlarining ilmiy merosini turk tiliga tarjima qilish va nashr etish, qo‘shma ilmiy anjumanlar hamda madaniy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

«Men tanigan O‘zbekiston» kitobi xorijlik olimning xolis qarashi asosida yaratilgan ilmiy-ma’rifiy asar sifatida mamlakatimiz tarixi, madaniy merosi, milliy qadriyatlari va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalqaro auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladi. Asar, ayniqsa, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, madaniy diplomatiya va ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.