“Biz oʻz oldimizga jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida qoʻydik”. Prezidentimizning mana shu aniq maqsadli, xalqimizning farovon hayoti yoʻlida ezgu harakatlar bilan yoʻgʻrilgan gaplarini eslaganda, har bir davlat xizmatchisi oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishi shartligi anglashiladi.
Shu asnoda, har bir maqsadni amalga oshirishda strategik yondashuv ahamiyatini tushungimiz keladi. Bu, albatta, aniq maqsad va uzoqni koʻra bilib ish koʻrish mahoratidir. Keyingi yillarda nimaiki yutuqqa erishgan, xalqimiz turmushi farovonligini taʼminlagan boʻlsak, ularning zamirida davlat rahbarining nuktadonlik bilan yuritayotgan xalqchil siyosati turibdi. Albatta, qonunlarga itoat, belgilangan maqsadlarni oʻz vaqtida, bekam-u koʻst bajarish, oʻz xizmat vazifasiga sidqidildan, fidoyilik bilan yondashuv prinsipi bor.
Gap shu haqda ketganida, mamlakatimizdagi islohotlar va mislsiz oʻzgarishlar xalqimiz hayotida aks etayotganini koʻrib, dilimizda mamnunlik tuyamiz. Bir davrlar qulamas devor boʻlib koʻringan muammolar oʻz yechimini topib, yangidan-yangi orzu-umidlar, maqsadlarning qad rostlashi uchun poydevor yaratildi.
Mavjud jabhalarning barchasi, avvalo, xalqimizga xizmat qiladigan butunlay yangi bosqichga olib chiqildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan adolatli tamoyilga asos solindi.
Odamlar hayoti tubdan oʻzgardi, farovonlik darajasi oshdi, shaharlar, qishloqlar qiyofasi oʻzgacha fusun kasb etdi. Xalq va davlat orasida muloqot yoʻlga qoʻyildi. Davlat idoralari, davlat xizmatchilarining aholi oldida masʼuliyati ortdi.
Mazkur yutuq va yuksak marralarning har biri, avvalo, burchga sadoqat, ijro intizomiga prinsipial yondashuvlar asosida boʻy koʻrsatdi.
Bu ulugʻvor jarayonda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha ham ulkan qadamlar tashlandi. Jamiyatda qarashlar oʻzgardi: erkin fikr, erkin soʻz, erkin axborot makoni yuzaga keldi.
Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish, yangi maʼnaviy makon qurishda “Yangi Oʻzbekiston orzusi”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” maqsadi barchamizga yangicha ruh bagʻishlamoqda.
Ammo maʼnaviy-maʼrifiy ishlar muayyan bir davrda mashgʻul boʻlib, keyin oʻz holiga tashlab qoʻyiladigan soha emas. Yurt taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish borasida ulkan maqsad va vazifalar belgilanar ekan, albatta, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarni yuksaltirish birinchi galdagi vazifaga aylanadi.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat”.
Mustahkam poydevor ustida mustahkam imorat barpo boʻladi. Shunday ekan, ajdodlarimizdan bizga qoldirilgan boy maʼnaviy meros xalqimiz tafakkuri va maʼnaviyati ildizlarini oziqlantirib turadi, unga ruhiy madad va yaratuvchi kuch baxsh etadi.
Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida mazkur yoʻnalishda oldimizda turgan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiya uzviyligini taʼminlash maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilangan.
Shuningdek, targʻibot-tashviqot va tarbiya yoʻnalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha boʻyicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ham yuqoridagi vazifalar sirasiga kiradi.
Axborot texnologiyalarining bemisl taraqqiyoti inson hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Butun olamni ravshan koʻrsatib turgan “oynai jahon” hayot va faoliyatimizning muhim boʻlagiga aylandi. Undan oqib kelayotgan axborotlar taʼsirida umrguzaronlik qilmoqdamiz.
Shu bois, mazkur qarorda aholining internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish madaniyatini oshirish, gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish borasidagi vazifalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish bilan chetdan raxna solayotgan yot, buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan saqlanamiz.
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar jarayonida geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam oʻrganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamisha dolzarb boʻlib qoladi.
Mazkur ulkan vazifalarni amalga oshirish uchun har bir masalaga vatanparvarlik bilan, vijdon amri ila yondashish, samarali qatʼiy ijroni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, intizomning oʻzi ham maʼnaviyatdir. Xoʻsh, oʻtgan davr mobaynida belgilab berilgan vazifalar ijrosi boʻyicha nimalarga erishdik?
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirib borish maqsadida barcha vazirlik va idoralarda Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari tuzildi. Shuningdek, 102 ta vazirlik, idora, ularning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar boʻlimlari, tuman va shahar boʻlinmalari, jami 5 mingdan ziyod korxona va tashkilot bilan ikki tomonlama “yoʻl xarita”lari ishlab chiqildi. Ana shu asosda mamlakatda ilk bor maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bugun texnik taraqqiyot imkoniyatlari ishning natijadorligini ham roʻy-rost aniqlab beradi. Shu bois, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini baholash indikatorini ishlab chiqdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi majlisi bayoni bilan “Eng namunali tuman”, “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari nizomlari tasdiqlandi. Shu asosda 2021-yilning iyun-avgust oylarida tanlov ishtirokchilarining maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyati oʻrganilib, gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Tanlov gʻoliblari “Damas” avtomobili hamda kitoblar toʻplami bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz qarori asosida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Sohada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish maqsadida 2022-yildan Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti huzurida ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash ish boshladi.
Markazning hududiy boʻlim va boʻlinmalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida kiritilgan jami 303 (shundan hududiy boʻlimlarga 28 ta, tuman/shahar boʻlinmalariga 275 ta) qoʻshimcha shtat birligi tegishli mutaxassislar bilan toʻldirildi.
Qurilish vazirligi tomonidan “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani”ning namunaviy loyihasi ishlab chiqildi. 2021-yilda 29 ta tuman/shaharda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari qurildi. 2022-yil yakuniga qadar yana 100 ta shunday maskan foydalanishga topshiriladi.
Maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, oliy va professional taʼlim sohasidagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu borada boshqa tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021/2022-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimining tegishli taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga bakalavriat bosqichida “Maʼnaviyatshunoslik”, magistratura bosqichida “Kasbiy maʼnaviyat” fanlari kiritildi hamda magistratura taʼlim bosqichida “PR menejment va PR tahlil” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda 2021-yilning 22-23-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kesimida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar uchun seminar-trening tashkil qildi. Unda targʻibotchilar faoliyatidagi muammolar tahlil qilinib, uslubiy qoʻllanma, yillik ish reja, oʻquv materiallari namunalari yaratildi.
Markaz tomonidan Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda har oyda bir marotaba bu taʼlim muassasalari oʻquvchilari va taniqli yozuvchi-shoirlar, fan va madaniyat arboblari ishtirokida uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek, ijod maktablarida elga tanilgan aktyor, adib, rejissor kabi sanʼat vakillarini jalb qilib, mahorat darslarini oʻtkazish hamda “ustoz-shogird” anʼanasi asosida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi tanlovlarini tashkil etishda hurmatga sazovor boʻlgan yozuvchi va shoirlarni keng jalb etish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish boʻyicha davlat ramzlari qabul qilingan sanalarni yurtimizning barcha hududlari, shuningdek, xorijdagi elchixonalarimiz, vatandoshlarimiz, keng aholi vakillari, davlat va jamoat faollari, yoshlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida katta bayram sifatida oʻtkazish anʼanaga aylandi.
Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi borasidagi ishlar samarasi va taʼsirchanligini oshirish boʻyicha Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Temurbeklar maktablari bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va uning hududiy boʻlimlari oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya oʻrtasida Temurbeklar maktablarida Sohibqiron Amir Temurning mardona ruhi, jasorati, sarkardalik mahorati, Vatanga boʻlgan buyuk sadoqati, yuksak maʼnaviy fazilatlarini yoshlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish boʻyicha qoʻshma dastur tasdiqlandi.
Joriy yilning 7-8-iyun kunlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning qoʻshma qaroriga asosan, Temurbeklar maktabi va Yosh chegarachilar harbiy-akademik litseylari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekistonga qanot boʻlamiz!” shiori ostida “Eng namunali taʼlim muassasasi”, “Eng namunali oʻqituvchi”, “Eng namunali oʻquvchi” tanlovlarining respublika bosqichi oʻtkazilib, gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Markaz va uning hududiy boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, nodavlat telekanallarda 180 dan ziyod koʻrsatuv va intervyu efirga uzatildi. Markazda 15 ta shtat birligidan iborat Raqamli targʻibot boʻlimi tashkil etilib, “Oyina.uz” elektron portali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda jadid maʼrifatparvarlarining 5 ta kitobi va ularning audionusxalari tayyorlanib, “Oyina.uz” elektron portaliga joylashtirildi.
Respublikaning barcha hududlarida anʼanaviy tarzda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Unda 18 ta ijtimoiy loyiha va targʻibot aksiyasi oʻtkazilmoqda.
2021-yil 1-apreldan boshlab oliy taʼlim muassasalarida yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor lavozimi joriy etildi.
Iqtidorli yoshlar bilan birga, ularning ota-onalariga ham munosib hurmat koʻrsatish maqsadida “Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani oʻtkazish yoʻlga qoʻyilib, oʻtgan yili 70 nafar iqtidorli yigit-qiz va ularning ota-onalari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasi doirasida tashkil etilgan tanlovlarga jami 10 mingdan ziyod ijodiy ish taqdim etildi. Mazkur ishlar hakamlar hayʼati tomonidan oʻrganib chiqilib, jami 126 iqtidorli yigit-qizning ijodiy ishlari saralanib, qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Ilmiy, ijodiy, adabiyot va sanʼat, axborot texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan ushbu tanlov doirasida 200 dan ziyod badiiy va publitsistik ijod namunasi, ilmiy maqolalar, zamonaviy media targʻibot loyihalari yaratildi.
2022-yil iyun oyidan boshlab hududlar kesimida “Maʼnaviyat karvoni” – madaniy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarini tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kungacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Fargʻona va Samarqand viloyatlarida oʻtkazilgan mazkur tadbirlarda jami 1500 dan ziyod yetakchi olim, maʼrifat targʻibotchisi, adabiyot, sanʼat sohasi vakillari jalb qilindi. Ular ishtirokida barcha mahallalarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari, badiiy kechalar oʻtkazildi.
Bu aholiga, oddiy qishloq odamlariga nima berdi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Avvalo, islohotlarni, xalqchil katta siyosatni odamlarga yaqinlashtirdi. Olis, chekka hududlarda yashayotgan odamlar ham Prezident eʼtiborida ekanini, unga davlatning oʻzi gʻamxoʻrlik qilayotganini yana bir bor his etdi. Shuningdek, maʼnaviy yuksalish epkinida jamiyatdagi oʻzgarishlarga daxldorlik hissi kuchaydi. Sanʼat, adabiyot namoyandalarining chiqishlari ularga yangicha ruh va bunyodkorlik, shukronalik kayfiyati baxsh etdi. Albatta, bu boradagi tadbirlar tizimli davom etadi.
2021-yilning 19-yanvar kuni oʻtkazilgan yigʻilishda Prezidentimiz: “Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Albatta, bu yuksak gʻoyalar osmondan tushmagan. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, degan edi.
Bu nihoyatda sermazmun va hayotiy qudratga ega mushohada zamirida ham buyuk kelajakka asosni koʻrish mumkin. Zero, xalqimiz tafakkurini oziqlantirib, gʻururlantirib turadigan tarixda xalqimiz irodasini namoyon etgan ulug‘ bobokalonlarimiz bor. Albatta, bugungi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni jadallashtirishda ularning hayoti, ilm yoʻli, ijodi, yaratgan asarlari, qoldirgan ulkan va boy merosiga tayanamiz.
2021-yil 28–30-sentabr kunlari Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bagʻishlab “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Unda Fransiya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Misr, Eron, Pokiston, Ozarbayjon kabi dunyoning 14 davlatidan 17 xorijlik va 60 dan ziyod mahalliy olim qatnashdi.
Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi jasorati, yurt ozodligi yoʻlidagi kurashlari tarixini keng tadqiq etish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. Oʻrganishlar asosida ZOOM platformasi orqali Turkiya, Pokiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston tarixchi olimlari ishtirokida dastlabki ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.
Qilinayotgan ishlarga qaramay, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Shunday ekan, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Zero, ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyalari bilan sugʻorilgan yangi maʼnaviy makon yaratishni maqsad qilgan yangi Oʻzbekistonda hamma harakatlarimizning asosi faqat va faqat xalqimizni rozi qilishga qaratilgan.
Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida “Yangi Oʻzbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan gʻoyaviy-maʼnaviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng koʻlamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”, degan edi. Mana shu gap hech qachon yodimizdan chiqmasligi, har bir bajarayotgan ishimizda dasturilamal boʻlmogʻi shart. Shundagina biz koʻzlagan maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.
Minhojiddin HOJIMATOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari
Sobir SHUKUROV,
Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri