“Dunyoni kez — Konyani koʻr, Konyani kez — dunyoni koʻr” degan hikmat bor. Bu ibora ming yillik tarixni bagʻrida asrab kelayotgan Konya shahrining mohiyatini ifodalaydi. Chunki bu shahar qadimiy meʼmoriy yodgorliklari bilangina emas, sivilizatsiyalar muloqoti, ilm-fan, maʼnaviyat va madaniyat uygʻunlashgan betakror makon sifatida ham qadrlanadi.
Turkiyaning Markaziy Anadolu mintaqasida joylashgan Konya asrlar davomida Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi muhim madaniy va ilmiy markaz boʻlib kelgan. Anadolu Saljuqiylari davrida u davlatning siyosiy va maʼnaviy poytaxtiga aylandi. Ayniqsa, XIII asrda shaharda ilm-fan, adabiyot, tasavvuf va meʼmorchilik yuksak taraqqiy etdi. Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiyning hayoti va ijodi ham aynan Konya bilan chambarchas bogʻliq.
Shaharning qadimiy koʻchalari, masjid-madrasalari, maqbaralari va tarix nafasi ufurib turgan maydonlari goʻyo oʻtmish bilan bugun oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajaradi. Bu shahar Mavlono Rumiy, Saljuqiy ulamolari va mashhur madrasalari bilan tanilgan maʼnaviyat maskani hisoblanadi. Shu bois bu yerda ilmga hurmat, ustozga ehtirom va maʼrifatga intilish azaliy qadriyat sifatida saqlanib kelmoqda.
Shaharda taʼlim olish esa talabalarga qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etadi. Mavlono muzeyi, Alauddin tepaligi, Saljuqiylar davri yodgorliklari va qadimiy madrasalar talabalar uchun oʻziga xos ochiq osmon ostidagi darslik vazifasini oʻtaydi. Bu muhit tarix, madaniyat va sivilizatsiyani chuqur anglashga xizmat qiladi.
Shahar qadimiy qiyofasini ehtiyotkorlik bilan asragan holda zamonaviy taraqqiyot yoʻlidan izchil borayotganini koʻrish mumkin. Bu yerda tarixiy yodgorliklar, keng xiyobonlar, yashil bogʻlar, yangi turar-joy majmualari va zamonaviy infratuzilma oʻzaro uygʻunlik kasb etgan. Konyaga ilk qadam qoʻygan kishi uning faqat tarixini emas, balki maʼnaviy muhitini ham his etadi. Bu shahar insonni oʻtmish haqida mushohada qilishga, sivilizatsiya taraqqiyoti va maʼrifat qadri haqida oʻylashga undaydi.
Mavlono shahri: Konyaning muqaddas qadamjolari
Konya nomi tilga olinganda, avvalo, buyuk mutafakkir, shoir va tasavvuf olamining yorqin namoyandasi Jaloliddin Muhammad Rumiy yodga tushadi. Bu shahar asrlar davomida uning nomi bilan yashab, uning maʼnaviy merosini asrab kelmoqda. Shu bois Konyaga tashrif buyurgan har bir insonning ilk tashrifi, tabiiyki, Mavlono majmuasi tomon yoʻnaladi.
Mavlono maqbarasi mahalliy aholi uchun ham, dunyoning turli burchaklaridan keladigan ziyoratchilar uchun ham oddiy tarixiy obida emas. U inson qalbi, mehr-muhabbat, bagʻrikenglik va maʼnaviy kamolot timsolidir.
1207-yilda Balxda tavallud topgan Jaloliddin Rumiy hayotining asosiy qismini Konyada oʻtkazadi. Anadolu Saljuqiylari hukmronligi davrida shakllangan yuksak ilmiy va maʼnaviy muhit uning ijodiy kamolotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. 1273-yilda vafot etgan Rumiy otasi Bahouddin Valad yoniga dafn qilinadi. Keyinchalik ushbu maskan atrofida Mavlaviya tariqatining yirik maʼnaviy markazi shakllandi. Majmuaga kirish bilanoq yashil firuza rangli baland gumbaz diqqatni tortadi. Bu gumbaz nafaqat Konya, balki butun Turkiyaning tanilgan ramzlaridan biriga aylangan. Asrlar davomida u shahar uzra maʼnaviyat charogʻidek porlab kelmoqda.
Muzey majmuasida Mavlono qabri, uning yaqinlari dafn etilgan maqbaralar, noyob qoʻlyozmalar, qadimiy Qurʼon nusxalari, Mavlaviya tariqatiga oid buyumlar va tarixiy eksponatlar ehtiyotkorlik bilan saqlanadi. Bu yerga tashrif buyurgan kishi faqat bir buyuk shaxs hayoti bilan tanishmaydi, balki XIII asr Konyasining ilmiy va maʼnaviy muhitini ham his etadi. Rumiyning butun dunyoga mashhur “Masnaviyi maʼnaviy” asari inson qalbi, muhabbat, sabr, bagʻrikenglik va komillik haqidagi yuksak falsafiy qarashlarni mujassam etgan. Shu bois uning merosi bugun ham turli millat va din vakillarini birdek oʻziga chorlab kelmoqda.
Mavlaviya tariqati ham aynan Konyada shakllangan. U insonni nafsni yengish, mehr-oqibat, bagʻrikenglik va Yaratganga muhabbat orqali maʼnaviy kamolotga erishishga daʼvat etadi. Bu tariqatning eng mashhur ramzi — “samo” marosimi. Aylanma harakatlar bilan ijro etiladigan bu marosim tashqi tomondan raqsga oʻxshasa-da, aslida inson ruhining Haq sari intilishini ifoda etadi.
Mavlono muzeyida hukm suradigan sokinlik kishini beixtiyor tafakkurga chorlaydi. Bu yerda turli tillarda soʻzlashuvchi ziyoratchilarni uchratish mumkin. Biroq ularni birlashtirib turgan yagona qadriyat — Rumiyning insonparvarlik gʻoyalariga boʻlgan yuksak ehtiromdir.
Konyaning yana bir muqaddas maskani Shams Tabriziy nomi bilan bogʻliq. Agar Rumiyning maʼnaviy dunyosiga yoʻl ochgan shaxs haqida soʻz yuritilsa, avvalo, Shams Tabriziy nomi tilga olinadi.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Shams bilan uchrashuv Rumiy hayotida tub burilish yasagan. Ana shu uchrashuvdan keyin faqih va mudarris sifatida tanilgan olim butun umrini ilohiy muhabbat va maʼnaviy komillikni tarannum etishga bagʻishladi. Keyinchalik yaratilgan “Devoni Shamsi Tabriziy” ham ana shu ruhiy yaqinlikning badiiy ifodasi boʻlib qoldi.
Shams Tabriziy masjidi va maqbarasi Konyaning eng sokin ziyoratgohlaridan biri hisoblanadi. Uning meʼmoriy qiyofasida Saljuqiylar davriga xos soddalik va salobat mujassam. Ilmiy adabiyotlarda Shams Tabriziyning haqiqiy dafn joyi xususida turli qarashlar uchrasa-da, Konyadagi ushbu maskan asrlar davomida uning xotirasi bilan bogʻliq muqaddas qadamjo sifatida eʼzozlanib kelmoqda. Bu yerda hukm suradigan sukut kishini oʻyga toldiradi. Goʻyo har bir tosh Rumiy va Shams oʻrtasidagi maʼnaviy muloqotning jim guvohidek tuyuladi.
Konyaning tarixiy qiyofasini belgilab bergan yana bir muhim maskan — Alauddin tepaligidir. Anadolu Saljuqiylari davrida aynan shu hudud davlatning siyosiy va maʼmuriy markazi hisoblangan.
XI–XIII asrlarda Konya Saljuqiylar poytaxti sifatida yuksalib, ilm-fan, meʼmorchilik, hunarmandchilik va savdo markaziga aylangan. Hukmdorlar saroyi, davlat idoralari va muhim inshootlar aynan shu tepalikda joylashgan. Bu yerdagi Alauddin masjidi Anadolu Saljuqiylari meʼmorchiligining eng qadimiy va salobatli namunalaridan biridir. XII asrda boshlangan qurilish keyingi sultonlar davrida davom ettirilgan. Masjidning keng ichki hovlisi, mustahkam ustunlari va sodda meʼmoriy yechimi Saljuqiylar sanʼatining yuksak namunalaridan dalolat beradi. Masjid hududida Saljuqiy sultonlarining maqbaralari ham saqlangan. Ayniqsa, Alauddin Keyqubod I va Qilich Arslon II kabi hukmdorlar nomi Konyaning yuksalish davri bilan chambarchas bogʻliq.
Alauddin tepaligiga chiqqan kishi faqat tarixiy yodgorliklarni emas, balki bir necha asrlik davlatchilik, maʼnaviyat va madaniyat tarixini mushohada qiladi. Bu yerda oʻtmish hanuz yashaydi, tarix esa sukut bilan soʻzlaydi.
Zamonaviy Konya: tarix davom etayotgan shaharKonyani faqat qadimiy masjidlar, maqbaralar va Saljuqiylar davri yodgorliklari bilan tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu shahar bugun ham oʻzining zamonaviy qiyofasi, obod mahallalari, yashil hududlari, ilm-maʼrifat maskanlari va betakror shaharsozlik madaniyati bilan kishida hayrat uygʻotadi. Eng muhimi, bu yerda tarix va zamonaviy hayot bir-birini inkor etmaydi, aksincha, boyitib turadi. Shaharning ana shunday zamonaviy timsollaridan biri — Kapalaklar tropik bogʻidir. Selchuklu tumanida barpo etilgan bu noyob majmua Turkiyadagi ilk tropik kapalaklar bogʻlaridan biri sifatida tanilgan. Dunyoda analogi yoʻq ushbu inshoat tashqi koʻrinishi bilan ulkan kapalakni eslatadi. Uning ichida yil davomida tropik iqlim saqlanadi. Bu muhitda yuzlab turdagi rang-barang kapalaklar erkin parvoz qiladi, ekzotik oʻsimliklar esa bogʻni haqiqiy tropik oʻrmonga aylantiradi. Bu yerda kapalakning tuxumdan boshlab, qurt, gʻumbak va goʻzal qanotli jonzotga aylanish jarayonini kuzatish mumkin. Tabiatning bu moʻjizasi nafaqat bolalarda, balki kattalarda ham hayrat va qiziqish uygʻotadi.
Kapalaklar bogʻi yonidagi Saljuqiylar gullar bogʻi esa shahar aholisi va mehmonlar uchun eng sevimli dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Turli mavsumlarda ochiladigan minglab gullar, soya-salqin xiyobonlar, sayr yoʻlaklari va yashil hududlar Konyaning ekologik madaniyati qay darajada yuksak ekanini koʻrsatadi. Bu yerda sayr qilar ekanmiz, bir haqiqat yanada oydinlashdi: Konya oʻtmish bilan yashamaydi, balki uni ehtiyotkorlik bilan asrab, kelajakka olib oʻtadi.
Zamonaviy Konyaning yana bir ramzi — Saljuqiylar minorasidir. 163 metr balandlikdagi, 42 qavatli ushbu muhtasham inshoot shaharning eng baland binolaridan biri sanaladi. Shisha va metalldan qurilgan osmonoʻpar bino ilk qarashda mutlaqo zamonaviy koʻrinsa-da, uning nomi Konyaning Saljuqiylar poytaxti boʻlgan shonli oʻtmishiga hurmat ramzi sifatida tanlangan. Minoraning yuqori qismidan Konyaning butun manzarasi kaftdek koʻrinadi. Bir tomonda Mavlononing yashil gumbazi, Alauddin tepaligi va asrlar bagʻridan yetib kelgan tarixiy obidalar namoyon boʻlsa, boshqa tomonda keng koʻchalar, yangi turar-joylar va zamonaviy shahar hayoti koʻzga tashlanadi. Goʻyo bir nuqtadan turib, Konyaning ikki qiyofasini — kechasi va bugunini bir vaqtning oʻzida tomosha qilasiz.
Chizgi kitob uyi
Konya asrlar davomida ilm va maʼrifat shahri sifatida tanilgan boʻlsa, Chizgi kitob uyi ana shu anʼananing bugungi davomidir. 1991-yilda tashkil etilgan ushbu maʼrifat maskani vaqt oʻtishi bilan oddiy kitob doʻkonidan nashriyot, ilmiy uchrashuvlar va ziyolilar muloqoti oʻtkaziladigan markazga aylangan.
Bu yerda tarix, falsafa, tasavvuf, islom sivilizatsiyasi, adabiyot, ijtimoiy fanlar va sanʼatga oid minglab kitoblar jamlangan. Ayniqsa, turkiy xalqlar tarixi, Amir Temur va Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi haqidagi nashrlarni koʻrish kishiga oʻzgacha quvonch bagʻishlaydi. Kitob doʻkonida hukm suradigan sokin muhit insonni mutolaaga chorlaydi. Bu yerda shunchaki kitob sotilmaydi, balki fikr va gʻoyalar yashaydi.
Konyadagi eng qiziqarli tarixiy inshootlardan biri — Iplikchi masjididir. 1201-yilda qurilgan ushbu obida Saljuqiylar meʼmorchiligining ilk namunalaridan biri sifatida qadrlanadi. Masjidning eng hayratlanarli jihati uning shadirvoni(tahoratxonasi)dir. Bu yerda ikki kishi qarama-qarshi nuqtada turib, past ovozda gaplashsa ham, ularning soʻzlari aniq eshitiladi. Sakkiz asr avval yaratilgan bu noyob akustik yechim Saljuqiy meʼmorlarining yuksak muhandislik mahoratidan dalolat beradi. Iplikchi masjidi yana bir haqiqatni anglatadi: Saljuqiylar meʼmorlari binolarni faqat tashqi koʻrinishi uchun emas, balki insonning ruhiy holati, ovoz tarqalishi va muhitning uygʻunligi haqida ham chuqur oʻylab barpo etganlar.
Shaharga tashrif haqiqatan ham tarix sahifalarini varaqlash imkonini beradi. Ammo Konyaning qudrati faqat uning koʻhna obidalarida emas. Uning haqiqiy kuchi — asrlar davomida shakllangan maʼnaviy muhit, ilmga hurmat, inson qadriga ehtirom va tarixga sadoqatidadir.
Bu yerda Mavlononing hikmati ham, Saljuqiy sultonlarining shonli oʻtmishi va osmonoʻpar binolar ham bir-biriga begona emas. Ular yagona bir ruh — Konya ruhini shakllantirgan. Sayyoh Konyadan faqat goʻzal manzaralar yoki tarixiy xotiralari bilanmas, balki bir muhim xulosa bilan qaytadi: sivilizatsiya degani, avvalo, insonning oʻz oʻtmishiga ehtirom bilan munosabatda boʻlishi ekan. Demakki, Konya xotiralarda oddiy manzil sifatida emas, balki maʼnaviy kashfiyot sifatida muhrlanib qoladi.
Shuhrat HAYITOV
filologiya fanlari doktori (DSc)
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi