Bir hovuch tuproq armoni

Soʻzimni ibratli bir voqea bilan boshlasam, muhtaram jurnalxonlar kaminani toʻgʻri tushunar...

AQShda tugʻilgan yapon biolog olim bundan oʻn yilcha avval boshidan oʻtkazgan voqealarni shunday hikoya qilgan edi. Uning bobosi – otasining otasi Ikkinchi jahon urushida asirga tushib taqdir taqozosi bilan Amerikaga borib qoladi. Ozodlikka chiqqach esa har qancha urinsa ham vataniga qayta olmaydi. Keyin xuddi oʻzidek sargardon muhojir yapon ayoliga uylanadi, farzand koʻradi. Oxiri AQSh fuqarosiga aylanib ketadi. AQShda oʻladi. Oʻgʻli ham shu taqdir yoʻlini bosishga majbur boʻladi. U ham keksayadi, oddiy kirakash boʻlib umr kechiradi. Ammo unda otasidagi kabi vatan tuygʻusi kuchli boʻlmagani sababmi, AQShda yashashni maʼqul koʻradi. Uchinchi avlod – biolog olim esa dunyoni tanigan, ilmli inson boʻlib yetishadi va mudom afsonaviy boboyurti – Yaponiyaga talpinaveradi. Orzumand olim bir kuni kunchiqar mamlakatga amerikalik yirik mutaxassis sifatida ilmiy anjumanga keladi. Tabiiyki, oʻz tarixini yurtdoshlariga aytib beradi. Yaponlar bu millatdoshini juda yaxshi kutib olib, mehmonnavozlik koʻrsatadi. Oʻsha olim AQShga qaytish paytida bir hovuch tuproqni yelim xaltaga joylab oladi. Niyati ezgu: bobosi va otasining qabriga bu tuproqni sepib, vatandan uzoqda dunyodan oʻtgan marhumlar ruhini shod qilish!

Ammo aeroportda yapon nazoratchilar undan tuproqni olib qolishadi. Tushuntiradilarki, “Yaponiya tuprogʻi muqaddas! Uni olib chiqib ketish aslo mumkin emas!”  Vatanning bir hovuchgina tuprogʻiga munosabatni qarang-a!

...Hozir oʻsha voqeani esladim-u, beixtiyor koʻz oldimdan 35 yil avvalgi manzaralar birma-bir oʻta boshladi.

1991-yil. Kuz. Endigina maktabga chiqqanman. Hayajon va quvonchi ichiga sigʻmay turgan bolaman. Kichik boʻlsak-da,  dunyoda nimadir oʻzgarganini ilgʻab turardik. Maktabda muallimimiz oʻquvchilarni tabrikladi. Faqatgina maktabga chiqqanimiz bilan emas...

– Aziz oʻquvchilar! Sizlarni tabriklayman! Sizlarning qadamlaringiz qutlug‘ keldi! Bizning vatanimiz mustaqil boʻldi! Mustaqil yurtning oʻgʻil-qizlari boʻldilaringiz!

Bu soʻzlar mening murgʻak shuurimda muhrlanib qoldi! Mustaqillik! Bu soʻzni oʻqituvchimiz qalin boʻr bilan doskaga bir necha marta yozdi. Nima ekan-a bu soʻzning maʼnosi?! Uyga borsam, bobomdan soʻrayman. Bobom hamma narsani biladi. Savolimga javob beroladi... Oʻqituvchidan soʻrashga esa haddim sigʻmadi.

Shu kayfiyat bilan harsillab uyga keldim. Soʻrida oʻtirgan bobom meni oʻziga chorladi:

– Qani, bolajonim, yaxshi kelayapsanmi? Maktab yoqdimi?

– Bobojon, muallimimiz bizni tabrikladi: mustaqillik bayrami muborak boʻlsin dedi... Mustaqillik nima degani?

Bobom, oʻsha paytda oltmish toʻrtga kirgan bobom bir necha daqiqa jim qoldi. Uning jimligi menga taʼsir qildi. Birozdan keyin bobom sekin tin olib shunday dedi:

– Mustaqillik oʻz oldingga qoʻrqmay maqsad qoʻya olish, oʻzingga oʻzing xoʻjayin boʻlishing, oʻz yeringga oʻzing egalik qilishing degani-da, bolam. Biz shu kungacha oʻz-oʻzimizcha biror narsani orzu ham qilolmasdik-da. Hamma narsa Maskovning ruxsati bilan amalga oshardi...

Bobomning bu soʻzlari, oʻqituvchimizning hayajoni birlashib ongimda yorug‘ bir tasavvur qoldirdi. Bu ulug‘ hodisa hayotimga shunday shavq va maʼno bilan kirib keldi.

Keyinchalik ulgʻayib, asta-asta anglab bordimki, qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz bir hovuch vatan tuprogʻini orzu qilib, olis oʻlkalarda qolib ketgan ekan. Vatanda boʻlganlari ham yurt qaygʻusi bilan oʻtgan ekan. Ularning armoni biz uchun qanchalar aziz va tabarruk ekan...

Gʻurur oʻsishi kerak!

Ustoz yozuvchilarimizdan Shukur Xolmirzayev mustaqillikdan keyin yozgan bir maqolasida qiziq savolni oʻrtaga tashlagan edi: “Mana, yurt mustaqil boʻldi. Bir asr qon toʻkib, ne-ne ulugʻlarimizni qurbon berib, orzu qilganimiz mustaqillikka erishdik. Xoʻsh, endi nimani yozamiz? Yurakdagi armonimiz ushaldi! Endi qanday ijod qilamiz?” Adibimiz savolga oʻzi juda oʻrinli javobni ham bergan: “Endi yuraklarni chinakam mustaqillikka olib chiqishimiz kerak! Bu juda ogʻir vazifa. Buning uchun eng birlamchi gʻurur oʻsishi kerak!”

Yozuvchimizning gapi – gap! Gʻurur oʻsishi kerak!

Buni kim bajaradi? Qanday usulda, nima yordamida ado etamiz bu ulug‘ vazifani?

Mustaqillikning dastlabki yillarida oqqoʻrgʻonlik keksa otaxon Rossiyaning Krasnodar oʻlkasiga sanatoriyaga boradi. U kishi bilan hamxona boʻlgan oʻris kishi sobiq uchuvchi ekan. Shoʻro zamonida Oʻzbekiston dalalariga butefos sepadigan kichik samolyot haydagan, yurtimizni ancha-muncha bilar ekan. U bizning otaxonning yashash manzilini bilib, shunday savol beradi:

– Biz ishlagan maydonlar atrofida hozir bironta tirik jon boʻlmasa kerak-a?

– Nega? U yerlarda ming-minglab oʻzbeklar yashaydi.

– Qanaqasiga? – deydi sobiq uchuvchi ajablanganini yashirmay, – biz sepgan dorlilarning tarkibini oʻzimiz bilardik. Bu dorilardan keyin odam qanday yashab qolishi mumkin?

Ha, yoshlik yillaridagi oʻz aybini, aniqrogʻi, shoʻro siyosatining aybini yashirmay aytayotgan bu uchuvchining gapida jon bor – bu qadar katta miqdordagi dori inson hayoti uchun xavfli.

Biroq bu yerlarda odamlar qanday yashab qoldi? Onalar qanday qilib sogʻlom bolalarni dunyoga keltirdi, bu farzandlar qanday oʻsib-undi? Qaysi kuchning hisobiga?

Bu kuch – milliy ruh edi. Topganiga qanoat qilib, dunyoga ezgulik sogʻinib, tavakkal qilolgan odamlarni xudo oʻzi asrab qolgan. Bunga sabab bitta: kelajakka umid bilan boqib kelgan odamlarning qalbidagi pok niyat va gʻururdir! Bu niyat har qanday dorining zahmini yuvib yuborgan ekan... Umid bor joyda hayot davom etaveradi.

Bugun...

Bugun biz sershovqin, globallashgan dunyoda, urbanizatsiyaning toʻlqinida chirpirak boʻlayotgan shaharlar, ellar bilan yonma-yon yashayapmiz. Jahon taraqqiyotning misli koʻrilmagan davriga kirdi. Bu jarayonda Oʻzbekiston dunyoga yuz burdi. Yer sharining qariyb har bir mamlakatida bizning masʼul idoralarimiz ishlayapti. Hamma yerda oʻzbek xalqini, Oʻzbekistonni bilishadi. Shu bilan birga dunyoning katta madaniy, ijtimoiy, siyosiy voqeligi bizning kundalik hayotimizga ham shiddat bilan kirib kelmoqda. Bu sharoitda farzandlarimiz xohlaymizmi-yoʻqmi zet, alfa avlod boʻlib hayotga qadam qoʻyayotir. Oʻsha – 35 yil avval, internet, kuzatuv kameralari hali rivojlanmagan paytdagi oʻspirin bilan bugungi yigit-qizlarning dunyoqarashida katta farq bor. Bu tafovutda yutuqlar ham, yutqiziqlar ham boʻlishi tabiiy.

Oʻzbekning ota-onasi hamisha bolasidan alagʻda boʻlib kelgan. Avval daladan yoki harbiydan qaytishini intiq kutsa, bugun internet klublaridan kelayotgan yot gʻoyalar toʻlqinidan jigargoʻshasini asrashni oʻylayotgani ham bor gap. Mening bolaligimda chin maʼnoda “bir bolaga yetti mahalla ota-ona” edi. Bugun jamoat joylarida kuzatuv kameralari, taʼlim dargohlaridagi ommaviy nazorat farzandlarimizni kuzatishda davom etmoqda. Imkon qadar. Ammo “bu mening yo qoʻshnimning bolasi emas-ku, tamaki cheksa yo biror nojoʻya ishga qoʻl ursa – menga nima?” degan qarash ham paydo boʻlganidan koʻz yumolmaymiz.

Yaqindagina futbol boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor nufuzli mundialda qatnashdi. Shu jarayonda barchaning nigohi ekranlarga qadaldi. Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz futbolni bevosita oʻsha maydonlardan kuzatdilar.

Natija bizni u qadar qoniqtirmagan boʻlishi mumkin, lekin elning jipslashuvini koʻrdik, bundan faxr tuydik.

Bir zamonlar oʻris bosqinchilari qonga botirgan Fargʻonaning dasht-u dalalarida bugun hayotga kirib kelayotgan 11-sinf oʻquvchisi dunyoning eng nufuzli universitetining grantini yutib olib, tengqurlarining havasini keltirayapti. Shu pallada dunyoning qaysi bir puchmogʻida u tengi oʻspirin och qolmaslik, dron yoki bomba hujumidan omon qolishni oʻylayotgani ham ayni haqiqat...

Keyingi oʻn yil Oʻzbekiston hayotida ajoyib bir davr boʻldi. Yurtimizni xaritadan koʻrsatolmaydigan qanchadan-qancha xalqlarning davlatlarida bugun Oʻzbekiston bayrogʻi hilpirab turibdi. Erishgan yutuqlarimiz juda koʻp va bitta maqolaga ularning barchasini sigʻdirishning imkoni yoʻq. Quyida ulardan ayrimlarini sanab oʻtsak...

Taʼlimning barcha bosqichlari ushbu sohada katta toʻgʻanoq boʻlib kelayotgan paxta siyosatidan qutuldi. Bolalar mehnatidan foydalanish degan dogʻdan xalos boʻldik.

Oliy taʼlimda korrupsiya ildiziga keskin zarba berildi. Birovning oʻrniga imtihonga kirish, ommaviy tus olgan “shpargalka” oʻyinlari xalqning tinkasini quritgan edi. Odamlar orasida “Kambagʻalning bolasi oʻqishga kirolmaydi” degan qarash paydo boʻlgandi. Bugunga kelib esa oʻqishga kirish muammosi bilan bogʻliq mashmashalar butunlay barham topdi desak xato boʻlmas. Xususiy taʼlimning hayotimizga tadbiq etilishi ham shu yutuqlarning davomidir.

Toshkentda propiska muammosi butun xalqqa ogʻir yuk edi. Uy muammosi bilan birga bu toʻsiqlar ham olib tashlandi.

Yon qoʻshnilar, qardosh mamlakatlar bilan ahil-inoq qoʻshnichilik siyosati regiondagi siyosiy muhitni, ijtimoiy vaziyatni keskin yaxshilagan boʻlsa, soʻmning erkin konvertatsiyasi joriy etilishi, valyuta bozoridagi cheklovlar kamaytirilgani, soliqlarning optimallashtirilishi iqtisodiy hayotimizda yangi bir havo olib kirganiga bugun barchamiz aminmiz.

Bir soʻz bilan aytganda, kishilarda hayotga ishonch ortdi. Jamiyatda erkinlik, inson qadri  ustuvor tushunchalarga aylandi.

Otayotgan har bir tong: axborot, raqamlar, toʻxtamlar...

Bir ishni amalga oshirish uchun avval yaxshilab hisob-kitobi olinadi. Jumladan, millat oʻzidan faxr etishi uchun, oʻzini boshqalardan kam koʻrmasligi, koʻkrak kerib yurishi uchun nafaqat oʻz ahvolidan, balki dunyodagi vaziyatdan ham boxabar boʻlishi lozim. Bugun qoʻlimizdagi smartfon bularning barchasini katta tezlik bilan bizga yetkazayotir.

Odamzodning tiyiqsiz xohishlari har qachongidan kattalashib ketdi. Oʻz armiyasini, qurolini, madaniyatini kuch bilan oʻzga xalqlar ustiga olib kirish kuchaydi. Bunday vaziyatda nihoyatda hushyor boʻlib, hamma narsadan ogoh boʻlib, xalqning xavfsizligini taʼminlab, tinch yashashning oʻzi katta yutuq boʻlib qoldi. Raqamlarga eʼtibor qiling.

BMTning maʼlumotiga koʻra 2023-yilda butun dunyo boʻylab harbiy xarajatlar uchun 2,4 trln dollar ajratilgan, rivojlanish uchun 224 mlrd dollar, tinchlik uchun esa eng kam mablag‘ – 669 mln dollar sarflangan.

Shvetsiyaning Uppsala universitetidagi Tinchlik tadqiqotlari dasturi eskpertlarining tahliliga koʻra 2024-yilda davlatlararo 61 ta nizoli holat qayd etilgan, bu statistika yuritila boshlangandan (1946-yil) buyon eng yuqori koʻrsatkichdir. Ushbu nizolarning 11 tasi urush darajasiga yetgan.

Shu oʻrinda yana bir qiziq paradoksni ham aytib oʻtish lozim: dunyo keyingi 30-35 yil ichida juda katta texnologik taraqqiyotni boshdan kechirdi. Internet tarmogʻi butun dunyoni qamrab oldi. Simsiz aloqa qitʼalarni bir-biriga bogʻladi. Sunʼiy intellekt moʻjizasi barcha xalqlar hayotiga kirib bordi. Odamlarning ogʻiri yengillashdi. Ammo koʻplab rivojlangan davlatlarda aholining demografik oʻsishi pasayib ketdi. Oilaning asosi boʻlgan nikoh masalasiga eskilik sarqiti deb qarash oddiy hol boʻlib qolayapti. Millatlar qarib ketayapti. Butun boshli shaharlar huvillab qolmoqda.

1982-yilda AQShda oʻzlarini “oʻz xohishiga koʻra farzandsiz” deb atovchi ayollar 2,4 foiz, 1995-yilda 6,6 foiz boʻlgan. Xudbinlikning bunday tantanasi yildan-yilga oshib bordi. Michigan universiteti olimlarining tadqiqotiga koʻra aholining bola koʻrishni istamaydigan qismi 2020-yilga kelib 27 foizga yetgan. Bu jiddiy tanazzul.

1971-yilda Buyuk Britaniyada 30 yoshgacha boʻlganlarning 18 foizigina farzandsiz boʻlgan. 2022-yilga kelib 50 foizga yetgan. Ellik yilda ellik foizlik xudbinlashuv! Ayni shu davrda Avstriya va Ispaniyada katta yoshli aholining taxminan 20 foizi farzandsiz boʻlgan. Bu oʻz ixtiyori bilan baxtsiz hayotni tanlash degani emsami? Polshada esa 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan ayollarning 32 foizigina tugʻish niyati borligini maʼlum qilgan.

Ha, odamlar oʻz bilganidan qolmayapti. Amerikalik adib Folkner aytganiday “Baʼzi odamlar Xudoning ishlarini Xudoning oʻzidan yaxshiroq bilamiz” deb oʻylashadi.

Xoʻsh, bu masalada bizning yurtimizda vaziyat qanday?

Boshqa mamlakatlar oʻzlari erishgan narsalarga mahliyo boʻlish oqibatining badalini toʻlayotgan bir vaqtda yurtimiz aholisi soni oʻsib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra mamlakatimizda aholi soni 39 mln 47 ming 321 nafarni tashkil qilib, 1989-yildagidan ikki barobar oshgan. Bu esa aholining yiliga oʻrtacha 1,8 foiz koʻpayayotganini anglatadi.

Oʻzbekiston aholisining muntazam oʻsib borishiga avvalo milliy qadriyatlar va oila qoʻrgʻonining mustahkamligi asos boʻladi, qolaversa, diniy qadriyatlar ham bunga sababdir. Xalqimiz har bir odam uchun eng katta tayanch oila ekanini yaxshi biladi.

Yuqoridagi taqqoslardan maqsad oʻzgalarning va oʻzimizning ijtimoiy, maʼnaviy qiyofamizga oyna tutishdir. Bu yerda ham bir haqiqat yuz ochadi:  siyosiy, oilaviy tanazzul va yutuqlarga asosiy sabab moddiy taqchillik emas, balki maʼnaviy saviyadir. Xudoga shukur, xalqimiz bu borada ezgu qadriyatlari va amallari bilan sobit tura oladi.

Shu oʻrinda yana bir masalaga toʻxtab oʻtmoqchiman. Bu murakkab masalani xalqimiz bilan birga bilim va madaniyat, mulohaza va farosat ila yechishimiz shart. Zero, bu narsa mustaqilligimizni himoya qilish bilan bogʻliq. Bugun ijtimoiy tarmoq alohida global olamga aylanib boʻldi. Bu olamda hammamizni tashvishga soladigan muammolar ham bisyor. Yaqinda 2024-yilning eng sara oʻn kitobidan biri sanalgan “Behalovat avlod”ni oʻqib chiqdim. Unda aynan bugungi internetning cheksiz imkonlari-yu jozibador olamining yoshlarga taʼsiri keng yoritilgan.

Biz ijtimoiy tarmoqlarni toʻxtovsiz kuzatamiz, bolalarimiz qoʻliga telefon beramiz. Buning salbiy taʼsiri haqida oʻylaymiz ham. Biroq bu qaltis vaziyatda hamma shunaqa qilayapti-ku, koʻpga kelgan toʻy-da degan yolgʻon taskinlar bilan oʻzimizni ovutamiz.

Maʼlumotlarga koʻra, yolgʻon xabar haqqoniy xabarga qaraganda olti barobar tez tarqalar ekan. Bu nima degani? Mafkuraviy xatarlar xavfi qay darajada adashtiruvchi, yoʻldan uruvchi kuchga ega ekanini shundan ham bilsa boʻladi. Hozirgi zamonda internetda yashab, kontentlar bilan oʻylaydigan, trendlar ichida yashaydigan, natijada hayotdan norozi, avrovchi tasvirlar qurboniga aylanayotgan yoshlar ham koʻp. Bu zalolatdan boshqa narsa emas! Kontentlarning 70 foizini gʻarb davlatlari tarqatadi. Ming xil soʻrovlarga berilayotgan achinarli javoblar, yoshlarimiz olayotgan videokontentlar, oʻylab topilayotgan betayin bayramlar-u soxta rasmlarni aytmasa ham boʻladi. Bugun dunyo boʻylab 60 foiz odam axborotni ijtimoiy tarmoqlardan oladi. Birgina 2023-yilda siyosiy jarayonlarning qaltislashuviga 100 dan ortiq yirik kiberhujum sabab boʻlgan.

Internetda 49,4 foiz inglizcha, undan keyin ispan, nemis, yapon va boshqa tillarda yaratilgan kontentlar turadi. Bu katta olamda oʻzbek tilida yaratilgan kontentlar ulushi 0,1 foizga teng. Bu xavflimi? Ha, xavfli. Chunki tezroq milliy kontentlar ulushini koʻpaytirmasak, yoshlarimizni milliy tutumlar tomonga burmasak, yot qadriyatlar, begona va xatarli gʻoyalar ularning  ongini egallab olishi mumkin.

Oʻzbekistonda internetdan foydalanuvchi aholi ulushi 94,2 foiz. Bu raqamlarning barchasi bizni foydali kontentlar, xavfsiz internet, milliy saviya haqida koʻproq oʻylashga undaydi. Bu jarayonda bizdan katta mehnat, izlanish talab etiladi.

Jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Bu dunyo – kurash maydoni. Bu kurashning quroli sogʻlom jism-u tan, oʻtkir aql va yaxshi axloqdir” degan soʻzlari bugun yanada dolzarb boʻlib bormoqda.

Hozir mamlakatimizning ichki va tashqi xavfsizligi borasida har doimgidan ham koʻra katta islohotlar olib borilmoqda. Davlat rahbari Oʻzbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida “Ayniqsa harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qatʼiyati, oʻziga ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi” deya taʼkidladi.

Zero, vatanparvarlik tinmay izlanish, yangiliklarga intilish, oʻz ilm-u amali bilan el-u yurtga naf yetkazish, fidoyilikda namoyon boʻladi.

Albatta, bugun urushning qiyofasi ham oʻzgargan. Hozir “axborot urushi”, “ong urushi”, “texnologik urushlar” kabi muhoraba turlari koʻpayib bormoqda. Bunday sharoitda vatan himoyachilarining bilimi, tafakkuri, dunyoqarashi, zamonaviy texnologiyalardan xabardorligi har qachongidan ham zarurdir.

Bugungi kunda armiyadan qaytib, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqchi boʻlgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular universitetlarga shartnoma bilan kirsa, foizsiz taʼlim krediti ajratiladi. Bular yoshlarimiz uchun katta imkoniyatdir.

Bu borada Respublika Maʼanaviyat va maʼrifat markazi ham qator tadbirlarni belgilab oldi. Maʼnaviy olam, shubhasiz, kitobxonlik, adabiyot, kino, sanʼatdan kuch oladi. Shu bois Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ham kelgusi yili askarlar ishtirokida mutolaa madaniyatiga qaratilgan doimiy adabiy klublar, “Soʻz” loyihasi doirasida sheʼriy konsertlar, kino namoyishlarini oʻtkazib borishni maqsad qilgan.

Hazrat Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida shunday bayt bor:

Iyolu vatan uzra to joni bor,

Kishi harb etar toki imkoni bor.

Maʼnosi: “Har bir inson to tirik ekan, oʻz vatani va oilasini himoya qilish uchun kurashadi”.

Maʼnaviyat – mutaqillikning ulug‘ asosidir! Biz maʼnaviy mustaqillikka erisholsak, maqsadga erishgan boʻlamiz.

Biz mustaqillikning ilk yillarida “gʻalla mustaqilligi”, “paxta mustaqilligi” degan iboralarni koʻp ishlatdik. Aslida mustaqillikning asl asoslaridan biri maʼnaviy mustaqillik ekanini keyingi oʻn yilda tushuna boshladik. Bugungacha bosib oʻtilgan yoʻldan chiqargan xulosamiz, yutuq va kamchiliklarimiz buni isbotlamoqda.

Demak, ortimizda qolayotgan 35 yillik yoʻl bizga asrlar davomida oʻgit boʻladigan saboqni berib boʻldi. Faqat uni koʻra olsak, hayotimizga olib kirolsak bas!

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytganiday, vatan ozodligi, vatan manfaati yoʻlida birlashib, mardi maydon boʻlib kurashga bel bogʻlagan xalqni hech qanday kuch hech qachon yenga olmaydi.

Otabek HASANOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari,

siyosiy fanlar doktori

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.

“Mustaqillikning ulug‘ asosi” maqolasi