Hozirgina Prezidentimizning videoselektor yigʻilishida yana bir karra maʼnaviyat masalasiga toʻxtalib oʻtganliklari biz maʼnaviyat xodimlari oldiga katta masʼuliyat yukladi.
Zamon rivojlanmoqda, odamlar har daqiqa yangi axborotlar bilan tanishmoqda. Islohotlarning zamirida maʼnaviyat masalasi eng asosiy rol oʻynayotgani, maʼnaviyat - jamiyat hayotining tom maʼnoda ruhi va joniga aylanayotgani hayot haqiqatidir.
Prezidentimiz selektorda “Maʼnaviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli boʻladi”, deb taʼkidladi.
Darhaqiqat, shu vaqtga qadar yurtboshimizning “Har bir nuroniy – besh yoshga murabbiy”, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy”, “Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi” degan oʻnlab tamoyillarni ilgari surganliklari, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” bosh milliy gʻoyamiz atrofida butun xalqimizni yanada jipslashtirish masalasi har qachongidan-da muhimroq ekanligini anglash qiyin emas.
Mamlakat rahbarining “Kimki maʼnaviyat masalasi – bu faqat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb oʻylasa, xato qiladi” degan qatʼiy fikrlari barchamizni nafaqat ruhlantirib yubordi, balki kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshdi, shuningdek, masʼuliyat va javobgarlikni yelkamizga olishimizda katta turtki boʻldi.
Davlatimiz rahbari yigʻilish davomida Strategiyaning maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yoʻnalishi boʻyicha mamlakatda mavjud 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish masalasini alohida taʼkidladi.
Shundan kelib chiqib, Sirdaryoda ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” doirasida amalga oshirayotgan ishlarimizni yanada takomillashtirishimiz zarurligini anglab yetdik.
Murodjon Hayitov,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari