Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida «Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi» va maʼnaviyat: jamoatchilik nigohida» mavzusida ilmiy-maʼrifiy anjuman boʻlib oʻtdi. Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ana shu anjumanda soʻzga chiqqan taniqli olimlar, maʼnaviyat fidoyilari, jamoatchilik vakillarining diqqatga molik ayrim fikr-mulohazalarini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Minhojiddin Hojimatov, 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari:

– Oʻzbekiston mustaqil taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, keng koʻlamli bunyodkorlik, xalqni rozi qilishga qaratilgan islohotlar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda yuksak eʼtirof etilmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini qoʻyish har bir yurtdoshimizning hayotiy maqsadlari asosiga aylanmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbari «Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobida taʼkidlaganidek, «Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subʼyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obʼyektiv zaruratdir».

Bugun aynan “Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasi sari” shiori ostida Vatanimizdagi yangilanishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan, jamiyatimizning bor bilim va salohiyatini, kuch va imkoniyatini ishga solgan bu ezgu harakat umummilliy ahamiyat kasb etmoqda. Yangi Oʻzbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-eʼtiborga ega, har tomonlama obod va farovon davlatga aylantirish borasidagi bu katta harakatda iqtisodiy omil bilan birgalikda maʼnaviy omillar ham muhim oʻrin tutishi kitobda alohida taʼkidlab oʻtilgan: “Maʼnaviyat – insonlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, hurmat va eʼtibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yoʻlidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha qilib aytganda, maʼnaviyat jamiyatdagi barcha ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli boʻladi”.

Akmal Saidov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi va undan maʼnaviyatchilar uchun kelib chiqadigan vazifalar, sohada nimalar amalga oshirilishi lozimligini muhokama qilib olishimiz kerak. Shu bois bugungi anjuman dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Birinchi oʻrinda shu narsani taʼkidlar edimki, davlatimiz rahbarining «Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi Prezidentimiz shu lavozimga kirishgandan keyingi yozgan birinchi fundamental asaridir. Bu kitobda davlatimiz rahbarining har tomonlama oʻylangan fikrlari, xalq bilan muloqotlari, dardlari mujassam.

Eʼtiboringizni ayrim raqamlarga qaratmoqchiman. Taraqqiyot strategiyasining yetti yoʻnalishida 17 ta konsepsiya, 8 ta dastur, 15 ta strategiya, 12 ta tubdan yangi kodeks, 36 ta yangi qonun qabul qilinishi kerak. Maʼnaviyat masalasi faqat bitta, yaʼni beshinchi yoʻnalish bilan cheklanmaydi. Birinchi yoʻnalishdan to yettinchigacha, hammasi maʼnaviyatga asoslanishi taqozo etiladi.

Abduxalil Mavrulov,

tarix fanlari doktori, professor:

– Prezidentimiz inson qalbining chegarasi bor, bu chegarani asrash kerak deb bejiz aytmagan. Masalan, Oʻzbekistonning sarhadlari 6200 kilometrdan oshiq, uni qoʻriqlash uchun maxsus xizmatlar tashkil etilgan. Men yurtimiz sarhadlarini alohida bir shaxsning qalbidagi chegaralar bilan taqqoslagim keladi. Inson qalbining chegaralarini qoʻriqlash mamlakat chegarasini qoʻriqlashdan ogʻirroq, degan boʻlardim. Sababi, bu chegarani biz koʻzimiz bilan koʻrmaymiz, qoʻlimiz bilan ushlamaymiz. Davlat chegaralarini harbiylar qoʻriqlasa, inson qalbini biz – maʼnaviyatchilar asraymiz. Bizning vazifamiz ham askarlarnikidan kam emas.

Oʻzbekiston fuqarosining maʼnaviy qiyofasi qanday boʻlishi kerak? Uni oʻlchaydigan tarozisi bormi? Buning amaliyotini Maʼnaviyat va maʼrifat markazi turli hududlarda amalga oshirdi. Lekin takomiliga yetishi uchun hali ancha ter toʻkishga toʻgʻri keladi. “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida keltirilgan ustuvor yoʻnalishlar esa jamiyatimizning maʼnaviy-axloqiy manzarasini belgilab beradi. Bu kitob hammamizning qoʻlimizda turadigan dasturulamal boʻlishi lozim.