Maqolamga qahramon sifatida oʻnlab kitoblar yozib, Yozuvchilar uyushmasiga allaqachonlar aʼzo boʻlgan tajribali qalamkashni emas, hali oʻzi talaba esa-da, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga masʼullikni zimmasiga olgan yosh xodimdan tanladim. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 262-maktabda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi boʻlib ishlayotgan Nodirjon Neʼmatov faoliyati bilan tanishish maqsadida “Mangu bitik” adabiy toʻgaragi aʼzolari bilan muloqot qildim.
Nodirjon ham minglab targʻibotchilar kabi Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qaroriga asosan oʻtgan yili aprel oyida ish boshlagan. Qatʼiy pedagogik dasturlar boʻyicha taʼlim berish tamoyiliga asoslangan oʻrta maktab, oʻqituvchilar va oʻquvchilar ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchini qanday kutib olishdi? Oʻtgan muddat ichida bu lavozim oʻzini qay darajada oqladi?
Albatta, qisqa muddatda bu ishni toʻla-toʻkis yoʻlga qoʻyish, ijodiy qobiliyati bor bolalarni osongina tanlab olish va ularni katta yoʻlga kuzatishning iloji yoʻq. Shunisi quvonarliki, muz koʻchdi. Oʻquvchilar oʻrtasida adabiyot targʻibotining bunday samarali usuli ilk mevalarini bera boshladi.
“Mangu bitik” toʻgaragi aʼzolari bilan ilk uchrashuvdayoq targʻibotchi mehnatining samarasini payqadim. Ulardan sheʼr yo hikoya yozishga kimlar qiziqadi, deb soʻraganimda oʻn yetti nafari qoʻl koʻtardi. Bu badiiy ijod muxlislarining begʻubor koʻzlarida inja umid shuʼlalari mavjlanib turardi. Ha, davlatimiz rahbarining ijodkorlarni maktabga chorlagani bejiz emas ekan.
Maktab rahbari Gulnoza Zoirova, ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi Nodirjon Neʼmatov bilan birgalikda bir necha sinf oʻquvchilarini toʻplab, ochiq muloqot oʻtkazdik. Bolalarning juda qiziquvchanligi, sinchkovligi, tevarak-atrofda kechayotgan qizgʻin jarayonlarga, adabiy-badiiy mushohadalarga befarq emasligi quvontiradi kishini. Mazkur toʻgarakka nafaqat adabiyotga havasmand yoshlar, balki sanʼatkor oʻquvchilar ham aʼzo boʻlib, ular birgalikda turli bayramlar va yangi chiqqan kitoblar taqdimotini oʻtkazish, “Zakovat” va kitobxonlik tanlovlarini tashkil qilishda faol ishtirok etishmoqda.
– Toʻgarak aʼzolari bilan har haftada bir marta oʻquvchilarning yoshiga mos biror kitob mutolaasi asosida oʻzaro fikrlashamiz, – deydi targʻibotchi Nodirjon Neʼmatov. – Bolalarni tarbiyaviy jihatdan ijobiy tomonga yetaklaydigan asarlar oʻqishni tavsiya etaman va navbatdagi kitobning har oʻqilgan bobi toʻgarak mashgʻulotlari davomida tahlil qilinadi. Oʻquvchilar oʻz mulohazasini bildirib, bahsga ham kirishadilar. Bu esa tahliliy fikrlash qobiliyati va nutqiy mahoratini oshirishga katta yordam beradi.
Nodirjon Neʼmatov 2001-yili Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tugʻilgan. 14-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqigan. “Jaholatga qarshi maʼrifat” tanlovining nazm yoʻnalishida viloyat bosqichi gʻolibi boʻlgan. 2019-yili “Prezident asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovi viloyat bosqichida 3-oʻrinni olgan. Ayni paytda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 3-bosqich talabasi.
Maktab – qirq sinfdan iborat katta jamoa, bunday haybat ichida qahramonim oʻz-oʻzini topa oldimikan, katta oʻrmonning quyuq changalzoriga sayyohlik havasi ila kirib, adashib qolgan ishqibozdek “yoʻqolib” qolmadimikan, degan ishtiboh koʻnglimdan oʻtgandi. Yoʻq, aksincha, Nodirjon oʻzini shu yerda topibdi! “Mangu bitik” toʻgaragi aʼzolari bilan suhbatda bunga ishonch hosil qildim.
Maktab direktori Gulnoza Zoirova bu haqda shunday dedi:
– Nodirjon dastlab ishga kelganida yoshligi, tajribasizligi tufayli birdaniga kirishib keta olmadi. Ammo tirishqoqligi, harakatchanligi qoʻl keldi. Tez orada oʻquvchilar koʻngliga yoʻl topdi, ularni oʻz ortidan ergashtira oldi. Jamoamizga yangi nafas olib kirgan bu yosh mutaxassisdan umidimiz katta. Kelgusida bundan ham yaxshi natijalarga erishishiga ishonaman.
Toʻgarak aʼzolarining ijodiy mashqlari bilan tanisharkanman, 8-sinf oʻquvchisi Abdurahmon Abduxalilovning sheʼrlari, yoshiga nisbatan olganda pishiqligi, samimiyati, ohorli satrlari-yu ilmoqli fikrlari bilan diqqatimni tortdi.
Ota-onamga
Yashirsam koʻzdagi yoshimni,
Ogʻrinsam, dardimga siz malham.
To yerga tekkuncha boshimni
Egsam-da, xizmatim bari kam!
Oʻrtansa yosh koʻnglim armondan,
Mehringiz toʻldirar dunyoni.
Sogʻinchim – ufqdan boshlangan
Olamning soʻnggi yoʻq karvoni!
Qarang, qanchalik begʻubor va samimiy – haqiqiy sogʻinch ifodasi. Bu sof tuygʻular yosh shoir qalbidagi pok insoniylik fazilatlarning nazmiy ifodalari, albatta. Eng asosiysi, nafis his-tuygʻularini dilbar sheʼriyat qoidalariga moslab, qogʻozga muhrlay olgan.
Nima ham derdim, sevinganimni – oramizda shunday umidli talantlar yetishib chiqayotganiga guvoh boʻlganimdan masrurligimni aytaman-da!
Safar OLLOYOR