Gohida millat tarixi butun mintaqa, baʼzan butun dunyo tarixining tadrijiga taʼsir koʻrsatadi. Bu esa ana shu millatning har bir aʼzosida oʻz tarixidan sharaf tuyushiga sabab boʻladi. Yurtimiz tarixining ham ana shunday sharafli sahifalari bisyor.
Butun Yevroosiyoda ilk tizimlashgan diniy taʼlimotning yurtimiz hududida vujudga kelgani, Sharq uygʻonish davri allomalarining mana shu zaminda kamol topgani, olamni dahshatga solgan shafqatsiz asr egalari boʻlmish moʻgʻullar bosqiniga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdining jasorati, Amir Temur saltanatining Yevropa va Rus yerlarida markazlashgan davlatlarning vujudga kelishiga zamin hozirlagani singari voqeliklar jahon va milliy tariximizning aytilganidek yorqin va shonli sahifalaridir.
Ammo oʻtmishimizning yana shunday sharafli sahifalari bor, uni biz uzoq yillarki oʻqimadik, tanimadik, bilmadik, sharaf tuymadik. Chunki bu sahifalar chegaralarimizdan olisda, oʻzga tillarda yangrayverdi, bizning koʻz-u quloqlarimizni yopdilar. Aslida bu sahifalar ajdodlarimizning taqdir yoʻllari sinov va sarguzashtlar, azob va musibatlar, urush va yoʻqotishlar bilan birga, chidam va matonat, shijoat va zafarlarga ham boy boʻlganini anglatadi. Shuningdek, tariximiz shunchaki Markaziy Osiyo chegaralari bilan kifoyalanib qolmasdan, dunyoning turli mintaqalari bilan ham bogʻliq kechganini isbotlaydi.
Bu sahifalardan biri Anushtegin – Xorazmshohlar sulolasining soʻnggi vakili, Jaloliddin Manguberdining jiyani, Misr sultoni Sayfiddin Muzaffar Qutuz taqdiri aks etgan sahifalardir.
Bu sahifa bevosita Turkistonning nafaqat fors, Kavkaz, Janubiy va Kichik Osiyo, balki Shimoliy Afrika, jumladan bugungi Misr bilan ham uzoq tarixiy rishtalar ila bogʻlanganini koʻrsatadi.
Misr firʼavnlari “Ilohiy neʼmat” deya atagan Nil, islom va turkiy manbalarda “Oltin suv” deya nomlangan Jayhun daryolarining quyi oqimlarida ajdodlarimiz dastlabki insoniyat sivilizatsiyalarini barpo etgan.
Yunon tarixchisi Gerodod “Misr – Nil tuhfasi”, Oksus (Jayhun) – “Sharq daryolarining eng shiddatlisi” deganida haq edi. Jannat daryolari deya sanalgan Nil, Frot, Jayhun va Sayhun daryolari sohillarida ota-bobolarimiz Sharqning eng qadimgi davlatlarini barpo etdilar.
“Umm ud-dunyo” – Dunyoning onasi, “Firavnlar zamini” – Misrning Afrika va Old Osiyo tarixidagi ahamiyati naqadar buyuk boʻlsa, Oʻzbekiston zaminining Ichki Osiyo va Turon uchun qoʻshgan hissasi ham undan kam emas.
Bu ikki mintaqa insoniyat ilm-u fani uchun ulkan hissa qoʻshgan ulug‘ allomalarni tarbiyalagan. Bu ikki tabarruk zaminda rivojlangan astronomik, matematik bilimlar, ajdodlarimiz tomonidan barpo etilgan piramidalar, Qoʻyqirilgan qalʼa kabi observatoriyalar, ilk taqvimlar, yozuv namunalari dunyo tamadduniga behisob hissa qoʻshgan.
Oʻrta asrlarda Qohira va Iskandariya shaharlari Turkistonning ilmga chanqoq yoshlarini oʻziga ohanrabodek tortadi. Hadisshunos Imom Buxoriy, Ahmad Al-Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Sayfi Saroyi kabi allomalar Misrga borib, u yerda tahsil olgan, ijod qilgan, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. Jumladan, Ahmad Fargʻoniy Nil daryosi sathini oʻlchashda ishlatiladigan Miqyos an-nil inshooti yaratilishida bosh boʻlgan. Mahmud Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari, Abul Barakot Nasafiyning “Madorik ut-tanzil va haqoiq ut-taʼvil” asarlari Misrning maʼrifiy hayotida katta oʻringa ega boʻlgan.
Bu ikki ilm-maʼrifat beshiklari tarixning har sahifasi bilan tutash. Miloddan avvalgi V asrda xorazmlik Xarshinning oʻgʻli Dargamon haqida yozilgan oromiy tildagi papirus bitiklari yurtdoshlarimiz 3 ming yillar oldin ham bu gʻaroyib zamin bilan tanish boʻlganini bildiradi.
Misr va oʻzbek xalqlari gohida yelkama-yelka bir safda turgan boʻlsalar, gohida bir-biriga maʼnan suyanchiq va madadkor boʻlganlar.
Mintaqalarimizning nafaqat ilmiy-maʼrifiy, balki, siyosiy ildizlari ham chambarchas bogʻliq. Turkistonning Fargʻona, Buxoro, Xorazm, Dashti Qipchoq hududlarida tugʻilgan oʻgʻlonlar Misr zaminida katta siyosiy martabaga erishgan. Abbosiylar halifaligi davrida Misrda mustaqil Tuluniylar davlatini barpo qilgan buxorolik Ahmad ibn Tulun, oʻlkada Ixshidlar sulolasiga asos solgan asli fargʻonalik Muhammad ibn Togʻoch ibn Jaf, Mamluklar sulolasi asoschilari Oybek, Shajarat Dur, moʻgʻullarning musulmon olamidagi bosqinlariga chek qoʻygan Sayfiddin Qutuzlarning ona vatani ham Turkistondir!
Shu oʻrinda bir fikrni qayd etsak. Ajdodlarimizning insoniyat tarixida tutgan oʻrni beqiyos ekanini hamma tan oladi. Ammo ana shu sharafli tarixga egalik qilish borasida endigina jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Vaholanki, qardoshlarimiz boʻlgan Qozogʻiston tarixchilari Sayfiddin Qutuzning safdoshi, Dashti Qipchoq oʻgʻloni Rukniddin Beybars tarixini tadqiq va targʻib etishda bizdan bir necha qadam ilgarilab ulgurdi. Qozogʻiston va Misr olimlari, hatto davlat rahbarlari darajasida Beybars tarixiga oid tadqiqotlar yuzasidan xalqaro anjumanlar oʻtkazmoqdalar, Sovet Ittifoqi davridayoq Beybars tarixiga bagʻishlangan kinofilmlar ishlaganlari esa taxsinga sazovor.