Ibtidoiy insonlarning rivojlanishi oʻzaro muloqot oʻrnatish uchun belgilar oʻylab topganidan boshlanadi. To hozirgi kunga qadar davom etayotgan bu usul bir muncha murakkablashib butun hayotimizni qamrab oldi. Belgilarga qarab telefonimiz quvvati oz-koʻpligini, chorrahada qachon, qayerdan oʻtishni, binodagi belgilardan kelar-ketar manzilimizni, isteʼmolimizdagi mahsulot qadogʻiga tushirilgan belgilardan tarkibi, yaroqlilik muddati yoki chiqindisi necha qayta ishlanishi mumkinligini, egnimizdagi kiyim etiketkasidagi belgilardan necha darajali suvda yuvish, dazmol qilish-qilmaslik va shunga oʻxshash bilimlarni oʻrganimiz, bajaramiz. Bu belgilarning hayotimizdagi roli boshqarish, yoʻnaltirish, oʻrgatish yoki koʻrsatishdan iborat. Yuqoridagilarning barchasi tashqi muhitdagi belgilar edi, xoʻsh, ichki muhitimiz, yaʼni tanamiz yoki ruhiyatimiz ham belgi beradimi? Uni oʻqiy olamizmi? Ushbu maqolada tanaga oid belgilarning bir necha turini koʻrib chiqamiz.

Tana va ruhiyat bilan bogʻliq belgilar tibbiyot tilida sindrom deb yuritiladi.

Sindrom – muayyan buzilish yoki holatga ishora qiluvchi alomatlar toʻplamidir. Mavzuni yaxshiroq yoritish uchun misollarni badiiy adabiyotdan olamiz. Vaholanki adabiyot inson ruhiyatiga yuborilgan vaksina kabi uni kelajakda yuz berish ehtimoli mavjud boʻlgan vaziyatlarga: yoʻqotishlar, taqdir zarbalari, hayot sinovlariga tayyorlab boradi.

Misollar:

Martin Iden sindromi – insonning patalogik holati boʻlib, oldinga qoʻyilgan maqsadga erishgach maqsadsiz qolishi natijasida yuzaga keluvchi ruhiy inqirozga nisbatan aytiladi. Bu atama Jek Londonning dunyoga mashhur “Marten Iden” romani va shu ismdagi obraz nomidan olingan. Ushbu romanda ham bosh qahramon oʻz orzusi sari uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgach, maqsadsizlikdan tushkunlikka tushib, oʻz joniga qasd qiladi.

Maugli sindromi. Kiplingning shu nomdagi asarida tasvirlangan vaziyatlar hayotda ham yuz bergan boʻlib, undagi qahramonlarning umumiy oʻxshashligi nutq buzilishi yoki umuman gapira olmaslik, gavdasini tik tuta olmaslik, jamoa va jamiyat orasida oʻzini yomon his qilish, buyumlarni ishlatish hamda kundalik yumushlarda eng ibtidoiy koʻnikmalar yetishmasligi, odamlardan qoʻrqish kabi belgilarda mujassamlashadi. “Maugli” bolalar taqdiri bilan bogʻliq vaziyatlar natijasi turlichadir: baʼzilari jamiyatga moslashib yashab keta olgan, baʼzilari esa yoʻq. Bu koʻrsatkichlar bolaning hayvonlar orasida qancha muddat qolib ketganiga bogʻliq.

Doriyan Grey sindromi – bunday bemorlar goʻzallik va yoshligini saqlab qolish uchun oʻzidagi bor imkoniyatdan foydalanadi. Ular bu yoʻlda plastik operatsiyalar; yoshiga nomunosib kiyim, turmak va atributlardan panoh izlaydi. Bu atama Oskar Uayldning “Doriyan Greyning portreti” romani bosh qahramoni nomidan olingan.

Robinzon sindromi – mohiyatan fikr almashish, muloqot asnosiga qurilgan mavsumiy tadbirlar tugagach yuz beruvchi suhbatga boʻlgan kuchli ehtiyoj koʻrinishida namoyon boʻladi. Ushbu atamaga asos boʻlgan roman qahramoni – Robinzon Kruzo ham kimsasiz orolda faqat suhbatgagina kuchli ehtiyoj tuyadi. Bu hol to Jumavoyni topib olgunga qadar davom etadi.

Xlestakov sindromi – “Revizor” romanidagi shu nomli qahramon xarakterini nishonga olsak, uning belgilari: doimiy ravishda diqqat-eʼtiborda boʻlish, oʻzini atrofdagilardan yuqoriroq martaba yoki lavozim egasi sifatida koʻrsatib, amalda qilmagan “buyuk ishlari” haqida soʻzlash kabi alomatlar orqali namoyon boʻladi. Qilmishlari fosh boʻlib qolgan taqdirda ham, xijolat boʻlmay suvdan quruq chiqishga usta boʻlishadi.

Manilov sindromi – Xlestakov sindromi bilan oʻxshash boʻlib, yagona farqi bunda inson odamlar orasida emas, yolgʻizlikda oʻzining amalga oshirolmaydigan orzu, martaba va muvaffaqiyatlarini tasavvurida jonlantiradi. Bu atama Gogolning “Oʻlik jonlar” asaridagi bosh qahramon nomiga asoslangan.

Geklberri Finn sindromi – bunday odamlar Mark Tvenning qahramoni singari atrofidagi hamma narsadan doimiy norozilik va ichki boʻshliqni his qiladi, masʼuliyatdan qochadi; doʻstlari, tanishlari doirasi hamda ish joylarini tez-tez oʻzgartirib turadilar.

Ofeliya sindromi. Bu atamani 1982-yilda fanga kiritgan shifokor Yan Karrning ushbu sindrom bilan bogʻliq oʻz hikoyasi bor: u 15 yoshli qizidagi holatlarni kuzatib, uning gʻalati xatti-harakatlariga guvoh boʻladi. Qizaloqda tushkunlik, uyqu buzilishi, dunyodan uzilib, oʻz dunyosiga berilish, kayfiyatning tez-tez oʻzgarib turishi, boy tasavvur, arzimas narsalardan ham hayratlanish va doimiy oʻychanlik belgilari bor edi. Doktor Karr bu alomatlarni balogʻatga yetish jarayonidagi gormonal oʻzgarishlar natijasi deb oʻyladi. Biroz vaqt oʻtgach qizaloqda progressiv xotira yoʻqolishi, illyuziya, gallyutsinatsiya va nutqida kamchiliklar paydo boʻldi. Jiddiy tekshiruvlardan soʻng unga Hojnik kassaligi tashxisi qoʻyiladi. Muvaffaqiyatli va oʻz vaqtida davolanishdan soʻng qizaloq tuzalib ketdi. Keyingi tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, Hojnik tashxisi qoʻyilgan boshqa bemorlarda ham yuqoridagi alomatlar kuzatilgan. “Ofeliya sindromi” atamasi esa Shekspirning ashaddiy muxlisi boʻlmish Karrning tanlovi edi. Ofeliya – “Hamlet” tragediyasi qahramoni, Daniya shahzodasi Hamletning mashuqasi. Asarda Ofeliyaning nutqidagi jumlalar asta-sekin bir-biriga mos kelmay boshlaydi, u sarson-sargardon boʻlib, maʼnosiz qoʻshiqlar kuylaydi. Oxirida qiz aqldan ozadi va ruhiy iztirob-u hayot qiyinchiliklariga chiday olmay vafot etadi.

Bovari xonim sindromi – bu atama fanga 1857-yilda kiritilgan boʻlib, Gustav Floberning shu nomdagi romani va uning qahramoni sharafiga shunday atalgan. Ushbu sindromga chalingan insonlar oʻz hayotini oʻzgartira oladigan va muammolaridan qutqara oladigan qahramon kelishiga ishonib, uni kutib yashaydilar. Bunday ayollar allaqachon turmushga chiqqan boʻlsalar ham, jufti ular uchun qusurli, nomukammal shaxs boʻlib tuyiladi va ayollarda boshqa erkakka nisbatan sevgi illyuziyasi boshlanadi. Bu koʻp hollarda xiyonatga sabab boʻladi.

Pikvik sindromi. 1836–1837-yillarda chop etilgan Charlz Dikkens qalamiga mansub “Pikvik klubining oʻlimidan keyingi yozishmalari” asari qahramoni Jo kun davomida koʻp ovqatlanar va istalgan vaqtda, istalgan joyda uxlab qolar edi. Pikvik sindromi – ortiqcha vazn natijasida nafas olish mexanizmining buzilishi boʻlib, unda yurak va tana semizlik sabab yuzaga kelgan oʻzgarishlarga moslasha olmaydi. Natijada, qondagi kislorod koʻrsatkichi pasayadi va bu kunduzgi uyqusirash, nafas siqilishi hamda yuqori qon bosimi kabi belgilar bilan namoyon boʻladi. 1956-yilda, kasallik oʻrganilgandan soʻng “Piknik sindromi” deb yuritila boshlandi.