Taʼlim – mamlakatimizni rivojlantirish siyosatining ustuvor masalasi. Taʼlim tizimida uzviylik va uzluksizlik uning sifatini taʼminlashning asosiy tamoyili. Bu tamoyil taʼlimni tashkil etishdan uning mazmunigacha qizil ip boʻlib oʻtadi. Ammo uzviylik va uzluksizlik quyidan yuqoriga pogʻonali ravishda amalga oshirilishi kutilgan natijani beradi. Buning tom aksini esa magistratura va doktoranturaga kirish talablarida koʻrib turibmiz. “Zanjir” mantigʻining buzilishi qanday natijalarga olib kelganligiga guvohmiz.
Magistraturaga kirish uchun dabdurustdan xorijiy tilni bilish sertifikati talab qilindi. Natija nima boʻldi? Ajratilgan oʻrinlar toʻlmay qoldi. Birinchi xato natijasizlikka olib keldi. Buni oqlash uchun yana bir xatolikka yoʻl qoʻyildi – boʻsh oʻrinlarni toʻldirish uchun yana qabul eʼlon qilindi. Bu safar sertifikat talabi bekor boʻldi. Ikkinchi xatolik endi beburdlikka olib keldi. Zotan, “prinsip”ga darz ketdi.
Doktoranturaga qabulda ham shunday yoʻl tutildi. Yoʻl qoʻyilgan xatodan xulosa chiqarilmadi. Ayrim OTMlarda doktoranturaga qabul imtihonlari boshlanib ham ketdi. Ammo Innovatsion rivojlanish vazirligi bemahal buyruq chiqarib qoldi: “Xorijiy tilni bilish sertifikati boʻlmasa, talabgor qabul qilinmaydi”.
Bu bir nechta savolni tugʻdirdi:
1) Vazirlik qachon tashkil topdi, 2022-yil 15-noyabrdami?
2) Kechikib buyruq berishning sababi nima?
3) OTMlarda qabul qilingan imtihonlar qaysi asosda bekor qilinadi?
4) DSc doktoranturasi uchun ham sertifikat talab qilinadimi? Axir, bu talabgorlar umtihon topshirmaydi-ku?
Xullas, bu savollarga tegishli javobni kutgan holda jarayondagi mantiqsizliklarga toʻxtalamiz:
birinchidan, sertifikat talabiga qarshi emasmiz, hatto qoʻllab-quvvatlaymiz;
ikkinchidan, doktoranturaga kirish uchun sertifikat talab qilish, mantiqan, magistraturani bitirish uchun sertifikat talab qilishdan keyin qoʻyilishi kerak;
uchinchidan, magistraturaga kirish uchun sertifikat talab qilish bakalavriatni bitirish uchun serifikat talab qilishdan keyin qoʻyilishi kerak;
bakalavriat uchun sertifikat talab qilish maktab bitiruvchisi uchun sertifikat talab qilishdan boshlanishi kerak.
Koʻrinadiki, mana shu tizimga amal qilish ham taʼlimdagi mantiqiy uzluksizlik va uzviylikning bir koʻrinishidir. Mantiq ishlamagan joyda hafsala qariydi, tizimdan nolish, odamlarga kutilmagan jabr paydo boʻladi.
Baxtiyor MENGLIYEV,
professor