“Aslida, hayotda biror maqsad bilan yashashning oʻzi – baxt. Maqsadsiz yashash shunday koʻrgilikki, u hech kimning boshiga tushmasin! Kishida maqsad boʻlsa, unga erishish yoʻlida kurashish, mashaqqat chekish, taʼna-dashnomlar eshitib kuyib-yonib yurish boʻladi. Aslida ana oʻsha ham baxt...” – Erkin Vohidovning gapi toʻgʻri: oʻz oldiga maqsad qoʻygan inson hayotda intilib yashaydi. Kimdir sport boʻyicha jismoniy mashgʻulotlarga kirishib ketsa, yana birov ilm yoʻlida riyozat chekishdan huzurlanadi. Qaysi yoʻlni tanlashidan qatʼi nazar, ertangi kundagi muvaffaqiyati hozir qilayotgan harakatiga bevosita va bilvosita bogʻliq boʻlaveradi. Izchil saʼy-harakatlari orqali gʻoliblikka erishayotgan insonlardan biri Abduvahob Zaripovdir.
Abduvahob Zaripov 1990-yil 25-mayda Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanida dunyoga kelgan. U shu yilning 14-15 may kunlari oʻtkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha eng faol targʻibotchi” respublika tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻolib boʻlish tashqaridan qaraganda oson tuyulishi mumkin, lekin yillar davomida qilingan mehnat, chekilgan zahmatlarni esa oʻsha insonning oʻzicha his etish qiyin kechadi. Hozirgi paytda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy izlanishlar olib borayotgan Abduvahob Zaripov shu kungacha qanday yutuqlarga erishdi? Bu savol sohada faoliyat olib borayotgan, ayniqsa, mazkur tanlovda unga raqobatchi boʻlgan hamsaflariga qiziqarli boʻlishi tabiiy hol.

Qoʻshrabot tumanidagi 50-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi vazifasida faoliyat olib borayotgan Abduvahob Zaripov 2013-yili SamDU filologiya fakulteti bakalavriatini tugatib, magistraturaga oʻqishga qabul qilingan. Oʻsha yildan boshlab toʻrt-besh yil mobaynida SamISI qoshidagi akademik liseyda “Kamolot” yetakchi lavozimida ishlaydi. 2013-yili “Yilning eng faol targʻibotchisi” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida faol qatnashgan. 2016-yili esa “Keksalarni eʼzozlash yiliga bagʻishlangan eng yaxshi maqola” tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan. Abduvahob 2017–2019-yillarda oʻrta maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars bergan. Bu faoliyati davomida ham qator loyihalarda ishtirok etdi.
– Aslida, birinchi sinfligimdan tadbirlarda faol boʻlganman. Hamma olgan diplomlarim qizil. Maktab ham, bakalavriat ham, magistratura ham. Ichida bitta ham koʻki yoʻq. Hozir doktoranturada tahsil olayapman, – deydi qahramonimiz suhbat chogʻida. Ayni kunda Abduvahob Zaripov filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun “Ijodkorning ruhiy-psixologik evolyusiyasi” mavzusi ustida izlanish olib bormoqda.
1.jpg)
Yaxshi ijodkor umidli shogirdlarni tayyorlaydi. Uning oʻquvchilari ham bir qator tanlov va loyihalarda faol. Salkam oʻn yillik faoliyati jarayonida koʻplab shogirdlar yetishtirib, bu mehnatlari uchun ham taqdirlangan. “Ustozingga rahmat deyishsa, juda faxrlanaman”, deydi gʻolibning oʻzi. Abduvahob bundan keyin ham bu ishni kuchli ishtiyoq va gʻayrat bilan davom ettirmoqchi ekanini taʼkidladi.
Ha, dunyo yaralibdiki, faqatgina kurashganlar gʻolib boʻladi, xatolardan qoʻrqqanlar emas. Xatolar bizni tarbiyalaydi, qachonki toʻgʻri xulosa chiqara olsak. Zero, kasb-korning yomoni boʻlmaydi. Ayniqsa, yosh avlodga ilm sirlarini oʻrgatish, ularning qobiliyatini roʻyobga chiqarishga hissa qoʻshish oʻta masʼuliyatli va savobli amallardan hisoblanadi.
Oʻzingizga yoqqan bir ishni boshlang-da, bu yoʻlda to kutilgan muvaffaqiyatga erishmaguncha toʻxtamang! Bu – Abduvahob Zaripovning shiori!
Behruz XURRAM,
OʻzDJTU talabasi