"Adabiy doʻstlik - abadiy doʻstlik!" shiori ezgu niyat, samimiy muloqot va mushtarak qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan xalqaro festivalning bosh gʻoyasiga aylandi.

Dunyoning 15 dan ortiq davlatidan kelgan ijodkorlar, adabiyot namoyandalari va xalqaro mehmonlar, 10 ming nafardan ziyod fargʻonaliklar hamda viloyat mehmonlari ishtirok etgan tantanali marosim Margʻilonda chinakam adabiyot bayrami ruhini namoyon etdi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Belarus, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Tatariston va boshqa mamlakat hamda hududlardan tashrif buyurgan yozuvchi va shoirlar, taniqli adabiyot namoyandalari hamda TURKSOY vakillari ushbu anjumanda jam boʻldilar.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar adabiyot xalqlar qalbini bir-biriga bogʻlaydigan, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydigan beqiyos maʼnaviy kuch ekanini taʼkidladilar.

Shundan soʻng festival ishtirokchilari "Vodiy gavhari"da tashkil etilgan kitoblar koʻrgazmalari bilan tanishib, mamlakatimizning yirik markaziy nashriyotlari, xorijiy nashrlar hamda Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan nashriyotlar tomonidan taqdim etilgan adabiyotlar va yangi nashrlarni koʻzdan kechirdilar.

Majmua hududida joylashgan Mirzakarim qutidorning ramziy hovlisida turli davlatlardan kelgan taniqli shoirlar, adabiyot namoyandalari hamda ijod ahli ishtirokida xalqaro mushoira tashkil etildi. Bu oʻz navbatida xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, madaniy hamkorlik va adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Margʻilon uch kun davomida adabiyot, maʼrifat va ijodiy muloqot markazi boʻladi.


Barchangizni xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivalida faol ishtirok etishga chorlaymiz!