Azalda yomon turmush sharoiti koʻplab jiddiy kasalliklarni keltirib chiqargan va bevaqt oʻlimga olib kelgan. Eng qadimgi odamning asosiy kasalliklari – ovqatlanishning buzilishi, teri, yuqumli kasalliklar, ov paytida yoki jangda olingan jarohatlar va oyoq-qoʻl sinishi, ankiloz (boʻgʻimning bukilmaydigan va yozilmaydigan boʻlib, qimirlamay qotib qolishi)lar, osteomielit (odam suyagi koʻmik qismining yalligʻlanishi)lar, nekroz (tirik organizmdagi hujayra, toʻqima butun aʼzo yoki uning bir qismi nobud boʻlishi), periostit (suyak pardasining yalligʻlanishi), boʻgʻimlar va umirtqaning ekzostozi (qoʻshimcha suyak oʻsmalarining paydo boʻlishi), karies (tish chirishi), chillashir va boshqadir.
Eng qadimgi odamlar tabiatning zararli kuchlari taʼsirida boʻlganlar: jazirama va sovuq, ochlik va yomon oziqlanish, har xil jarohatlar va hayvonlar yetkazgan jarohatlar, ilonlar va hasharotlar chaqishi. Kiyim-kechak yetishmasligi, turar joyning qoniqarsiz sharoiti, hayvonlar hamla qilishi, tabiiy ofatlar, yuqumli va parazitar (bir organizmning boshqa organizmdan yashash va oziqlanish uchun foydalanishi) kasalliklar epidemiyasi (maʼlum kasalliklarning maʼlum hududda odatdagidan koʻp tarqalishi) – asosiy xavf-xatar omillari boʻlgan.
Eng qadimgi odam koʻpincha tish ogʻrigʻi va tishlarga taʼsir qiladigan barcha kasalliklardan aziyat chekgan. Dagʻal va yomon pishirilgan ovqatni isteʼmol qilish natijasida tishlar taʼsirlangan, tashqi shakli oʻzgargan. Hatto yosh bolalarda ham tishlarining chaynash yuzasi erta yemirilganini koʻrish mumkin. Teshiktosh gʻoridan topilgan qiz bolaning tish qoldiqlari bunga misol boʻla oladi. Unda tish kasalliklari bilan bogʻliq holda, jag‘ ham zararlangan: suyaklarning tashqi pardasi yalligʻlangan va tish hujayralari buzilgan. Tishlar holati eng qadimgi odamlar qanchalik tez-tez tish ogʻrigʻidan aziyat chekgani haqida tasavvur beradi. Shuni ham taʼkidlash kerakki, koʻpincha homiladorlik ayollarning tishlari holatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Ular qoʻllashi mumkin boʻlgan yagona davolash usuli tishlarni sugʻurib olish edi. Ogʻriqni yoʻqotish uchun kuchli taʼsirga ega oʻsimliklar, jumladan, giyohvand moddalar ham ishlatilgan.
Ilk patalogik (nazariy va klinik tibbiyot sohasi, kasallikning paydo boʻlish sababi, kechishi va oqibati) kasalliklarning moddiy isboti pitekantroplarda qayd etilgan. Pitikontrop qoldiqlari Sharqiy Afrika, janubiy-sharqiy Osiyo va Gʻarbiy Yevropadan topilgan. 1892-yili golland arxeologi va anatomi E. Dyubua Yava orolida pitikontroplarning son suyagi bilan patalogik suyak qisimlarini topgan. 700 ming yil oldin inson artrit (boʻgʻimlarning yalligʻlanishi), oʻsma, sinishlar, tuberkulyoz (sil, oʻpkada oʻziga xos oʻzgarishlar roʻy berishi bilan bogʻliq surunkali kasallik), umurtqa pogʻonasi kasalliklari, tish chirishi va boshqa kasalliklar bilan ogʻrigan boʻlib, buni paliopatologiya fani isbotlaydi.
Paliopatalogiya baʼzi bir kasalliklar, yaʼni yumshoq toʻqimaning zararlanishi, masalan, amerikaning tub aholisidagi aterosklerotik (yogʻsimon moddalar almashinuvi buzilib, ularning arteriya ichki qavatida toʻplanishi va biriktiruvchi toʻqimaning oʻsib ketishi natijasida kelib chiqadigan surunkali kasallik) pilakchalar borligini tasdiqlaydi. Avvallari tibbiyot tarixchilari oʻrtasida tabobatning asosini bizdan yuz ming yil muqaddam yashagan neandertallar yaratganlar, degan fikr hukm surardi. Lekin ashyoviy dalillar shuni koʻrsatadiki, tibbiyotning asosini neandertallardan ancha oldin yashagan antropoidlar yaratganlar.
Eng qadimgi odamlar zaharli moddalardan ham foydalangan. Oddiy yoy oʻqi bilan yirik hayvonni (masalan, fil, mamont, timsoh va boshqalar) oʻldirib boʻlmaydi. Bunday holda oʻq uchiga zaharli oʻsimliklardan olingan suyuqlik surtib otganlar. Afrika qitʼasida yashovchi hozirgi baʼzi urugʻlar bu maqsad uchun oʻzida kurare (ayrim oʻsimliklarda uchraydigan, organizmni falaj qiladigan zahar turi) yoki strofantin (Sharqiy Afrikada ov va urush oʻq zahari sifatida ishlatiladigan zaharli modda) saqlovchi oʻsimlikdan olingan suyuqliklardan foydalanadilar. Qadimgi odamlar ham ularni ishlatgan boʻlishlari mumkin.
Eng qadimgi odamlarda tibbiy tajribalar va dorilar boʻlganining dastlabki dalillaridan biri Iroqdagi Shanidar gʻoridagi topilmalardir. 1960-yillarda gʻorda toʻqqizta neandertal tansuyaklari topilgan va ularning koʻpida ogʻir patologiyalar – kasallik va jarohat izlari bor edi. Bunday kasalliklarga chalingan odamlar bir oʻzlari yashay olmaganlari tabiiy. Demak, ushbu holat neandertallar jamoasining oʻzaro yordami natijasidir. Jasadlar novdalar orasiga koʻmilgan va guldastalar, dorivor oʻsimliklar bilan bezatilgan. Bu oʻsimliklarning barchasi bugungi kunda ham Iroqda oʻsadi. Topilgan tansuyaklardan eng diqqatga sazovori “Shanidar oqsoqoli” boʻlib, 40-50 yoshgacha boʻlgan mazkur neandertal odam umrining koʻp qismini nogiron boʻlib oʻtkazgan: yoshligida uning oʻng qoʻli yelkasigacha kesilgan, chap koʻzi koʻr boʻlgan. U uzoq vaqt boʻgʻimlarning yalligʻlanishidan aziyat chekkan va faqat oʻz urugʻdoshlarining gʻamxoʻrligi tufayli bunday uzoq umr koʻrgan boʻlishi mumkin. “Keksa odam”ning tishlari doimiy chaynash natijasida ildizigacha yemirilgan – uning urugʻdagi mashgʻuloti terini qayta ishlash boʻlib, shuning uchun doimiy chaynash bilan shugʻullangan deb taxmin qilinadi. Xuddi shunga oʻxshash odam qoldiqlari Fransiyaning Lashapel Osen hududidagi Bufya-Bonneval gʻoridan topilgan, uning yoshi ham taxminan 45 larda boʻlib, boʻgʻimlarning yalligʻlanishi va son suyagining sinishi oqibatida uzoq vaqt nogiron ahvolda yashagan.
Antropologik oʻrganishlar va tansuyak qoldiqlarini rentgen qilish natijasida, Teshiktoshdan topilgan bolaning kasalligi haqida maʼlum bir xulosalarga kelingan. Jumladan, oʻlimidan taxminan bir yil oldin u sinostoz kasalligiga yoʻliqqan. Sinostoz – suyak parchalari sonining keskin koʻpayishi bilan tavsiflanadi, bu baʼzi rentgenologlar tomonidan notoʻgʻri ravishda bajarilgan patologik hodisa (osteoxondropatiya kabi) deb hisoblangan fiziologik kallusning bosqichidir. Keyingi tekshiruvlar uning tishlariga qaratilgan boʻlib, undagi doimiy tishlar odatdagidan ertaroq chiqqan. Bu uning koʻp goʻsht va qattiq ovqatlarni isteʼmol qilgani bilan bogʻliq. Qoʻl-oyoq suyak qoldiqlari tekshirilganda, suyak iligi boʻshligʻi kengligining pasayishi kuzatilgan. Neandertal bolasidagi tansuyaklar koʻrinishi zamonaviy bolalarnikiga qaraganda ancha oʻtkirroq boʻlib, bu uning harakat aʼzolarining kuchliligini koʻrsatadi.
Surxondaryo hududida joylashgan Sopollitepa odamlarining tansuyaklarida quyidagi kasalliklar alomatlari topilgan:
1. Har xil yalligʻlanish kasalliklari, chunonchi, gavda suyaklari, pastki va yuqori jag‘ suyaklari, oʻrta quloq va burunning qoʻshimcha boʻshligʻida yalligʻlanish belgilari aniqlanib, juda koʻp odamlarning tishlari yemirilib ketgani qayd qilingan.
2. Har xil shikastlanishlar, chunonchi, bosh suyaklarining ezilishi va sinishi, oyoq-koʻl va umurtqa suyaklarining sinishi.
3. Murakkab kasalliklar. Baʼzan bitta odamning oʻzida bir necha xil kasallik va shikastlanishlarning birgalikda uchrashi qayd etilgan. Masalan, bir tansuyakda pastki jag‘ suyagi koʻmigi yalligʻlanishi bilan birga ensa suyagi singani aniqlangan. Har xil shikastlanishlar koʻpincha turli yalligʻlanish jarayonlari bilan birga kechgan. Bosh suyaklari va umurtqa pogʻonasida hujayra va toʻqimalarda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bogʻliq oʻzgarishlar ham koʻp uchragan. Olimlarning aniqlashlaricha, oʻsha zamon odamlarida yalligʻlanish jarayonlari ancha uzoq davom etgan.
Tekshirib chiqilgan tansuyaklarda ham rivojlanish nuqsonlari aniqlangan. Masalan, bir tansuyakda dumgʻaza umurtqalari qanotlarining bir-biridan uzoqlashib qolishi (spina bifida) alomati topilgan. Boshqa bir tansuyakda ikki tomonlama sakralizatsiya (bel umurtqasi dumgʻaza umurtqalari bilan qoʻshilib ketishi), shuningdek oʻsma kasalligi alomatlari ham aniqlangan.
Yuqorida keltirilgan misollardan koʻrinadiki, ajdodlarimiz ham hozirgi zamon odamlari kabi kasalliklar bilan ogʻrigan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, oʻsha davr odamlari orasida kasallanish va turli shikastlanishlar anchagina keng tarqalgan. Tabiiyki, bu hol yosh oʻlimning yuqoriligiga olib kelgan. Sopollitepada yashagan odamlarning jismoniy sust rivojlanganlari va ular oʻrtasida kasallik hamda oʻlimning koʻp boʻlishiga ayollarning erta turmush qurishi va bola tugʻa boshlaganlari sabab boʻlgan. Bu hol jismonan zaif bolalar tugʻilishi va onalar umrining qisqarishiga olib kelgan. Olimlar Sopollitepa odamlari oʻrtasida kasalliklarning keng tarqalgani va oʻlimning koʻp boʻlishiga ularda tozalik madaniyatining pastligi sabab boʻlgan, degan fikrni ham ilgari suradi.
Fikrimizcha, Sopollitepa odamlarining jismoniy jihatdan sust rivojlangani va ular oʻrtasida kasallik hamda oʻlimning koʻp boʻlgani sababini ularning ijtimoiy yashash sharoitlaridan izlash kerak. Ular yashash vositalari bilan yetarli taʼminlanmagan, ovqatlanishning miqdori va sifati yetarlimas, yashash joylari qulay boʻlmagan. Shuningdek, odamlar tabiat boyliklaridan toʻla foydalanishga oʻrganmagandi. Yashash sharoitining ogʻirligi, hayot uchun zarur narsalarni topishning qiyinligi, tez-tez shikastlanib turish – kasallik va oʻlimning koʻp boʻlishiga sabab boʻlgan.
Ilmiy tahlillarga koʻra, ajdodlarimiz 25 dan ortiq har xil kasalliklar bilan ogʻrigan. Suyak va boʻgʻimlarning degenerativdistrofik (biologik, fiziologik xususiyatlarining kasalliklar va tashqi taʼsir sabab buzilishi) kasalliklari, tashqi shikast va jarohatlar va ularning asoratlari, suyak va boʻgʻimlar sili, suyak koʻmiklarining yalligʻlanishi, oʻsma kasalliklari, suyaklarning zahm kasalliklari, organizmda D vitaminining buzilishi bilan bogʻliq kasallik, kifoz (umurtqa pogʻonasining qiyshayishi) va skolioz (umurtqa pogʻonasining yon tomonga qiyshayishi), periostit (suyak pardasining yalligʻlanishii), osteoxondroz (umurtqalarni birlashtiruvchi togʻay-pay qismining oʻzgarishi), Bexterev kasalligi (umurtqa kanallari va boʻgʻimlarida harakatning cheklanishi) – tansuyakning moslashuvchan oʻzgarishi, har xil jarohatlar asorati shular jumlasidandir. Suyakda qolgan asoratlar orqali qadimgi odamlarda uchragan koʻpgina kasalliklarni aniqlash mumkin. Arxeologiyaning tibbiyotga yondosh boʻlimlaridan biri boʻlgan paleobiologiya oʻtmishdagi odamlar tanining biologik xususiyatlarini oʻrganadi. Masalan, paleobiologiya usuli bilan qadimgi odamlarning qon guruhi, irsiyat va boshqa biologik xususiyatlarini aniqlash mumkin.
Keyingi mis va jez davrlarida qurollar va tibbiy davolash asboblari mis va jezdan tayyorlanadi. Xususan, jarrohlik pichoqlari, qaychilari, naychalar, ignalar, suyak kesadigan va qiradigan iskanalar jezdan yasaladi. Ular yordamida ancha murakkabroq jarrohlik ishlarini bajara boshlaydilar. Masalan, bosh suyagini trepanatsiya (suyak boʻshligʻiga teshib ochish) qilish, oʻzi tugʻa olmagan ayolning qornini yorib, bolani chiqarib olish, kuchli jarohatlangan aʼzoni (qoʻl yoki oyoq) kesib tashlash shular jumlasidandir.
Suyak boʻshligʻini teshib ochishning ilk koʻrinishlari neolit davriga borib taqaladi. Shuning uchun jez davriga kelib davolash ishlari, ayniqsa, jarrohlik koʻproq rivoj topdi. Jarrohlik davolash usullarini ishlab chiqishda qurol ishlatish hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan.
Amaliy tibbiyot vakillari oʻz kuzatishlariga asoslanib, kasallik kishi taniga tashqi zararli omillarning taʼsiridan kelib chiqadi, degan xulosaga keladilar. Bunda birinchi oʻringa turli ovqatlar qoʻyilgan. Xususan, yaroqsiz ovqat isteʼmol qilish, och qolish yoki aksincha, badxoʻrlik qilish va boshqalar. Bunday hollarda oshqozon-ichak yoʻllarida ovqat yaxshi hazm boʻlmay, ularda kasallik kelib chiqadi degan xulosaga kelingan. Soʻng iqlim, havo issiq-sovugʻi, shamollar va boshqa tabiiy omillarga urgʻu berilgan. Yurtimizda yashagan qadimgi ajdodlarimizning kasallik va uning sabablari haqidagi tushunchalari shunday edi.
Arxeologik qazishmalar vaqtida topilgan eng sodda tanachalardan ham kasallik alomatlari topilgan – xususan, yuqumli kasalliklar.
Tabiblik kasbi boshqa kasblar singari oilaviy xarakterga ega boʻlgan. Bu kasb oila doirasida bir nasldan ikkinchisiga oʻtib kelgan. Oila boshligʻi bu sohadagi oʻz bilim va tajribalarini bolalariga oʻrgatgan.
Har bir tabib koʻproq kasallarni jalb qilish uchun yaxshi taʼsir etadigan dori va davo usullarini qoʻllashga harakat qilgan. Dorilar va davolash usullarini har bir sulola sir saqlagan.
Qadimgi zamon tibbiyoti ayrim kasalliklar boʻyicha ixtisoslashgan. Masalan, tabiblar oʻrtasida ichki kasalliklarni davolovchilardan tashqari, jarrohlar, chiqqan-singanlarni davolovchilar, qon oluvchilar, koʻz, teri kasalliklari boʻyicha tabiblar boʻlgan. Jarrohlik bilan koʻproq sartaroshlar shugʻullanganlar. Ular soch-soqol olishdan tashqari, xatna qilishi, zuluk solish, qon olish, ogʻrigan tishni sugʻurish bilan ham shugʻullanganlar.
Bu paytga kelib kishilarda kasalliklar mohiyati va sabablari haqidagi fikrlar ham oʻzgaradi. Eng qadimgi odamlarda bu haqda turli gʻaroyib tushunchalar bor edi. Keyinchalik dastlabki diniy eʼtiqodlar paydo boʻldi va barcha hodisalar, jumladan sogʻliq va kasallik ham din va xudolar bilan bogʻlanadi. Kasalliklar Xudo tomonidan gunohkorlarni jazolash uchun yuboriladi deb qaragan odamlar. Lekin kasalliklar haqida tajribaga asoslangan ilmiy fikrlar ham mavjud boʻlgan: ovqat yetishmasligi, sifatsiz ovqatlanish oqibatida tan zaiflashib, odam kasallikka tez chalinuvchan boʻlib qolishini bilgan.
Bundan tashqari, iqlim sharoiti va boshqa tabiiy omillarga ham ahamiyat berganlar. Bunda shamolning yo‘nalishi va uning taʼsiri alohida taʼkidlangan. Tabiblar qullar va odamlarning ogʻir mehnatdan zo‘riqib yiqilib qolishlari va ularning turli kasalliklarga chalinishlarini koʻrib, kasallik sabablaridan biri ogʻir mehnat ekaniga amin boʻlgan. Davlatchilikning ilk davrlarida odamlar tozalik qoidalariga rioya qilishning (tana, uy-joy, ovqat va suvni toza saqlash) ahamiyati katta ekanini ham tushungan.
Keyinchalik amaliy tibbiyotning davolash usullarida dori-darmonlarning soni ancha koʻpayadi. Oʻsimliklar va hayvonlardan olinadigan dorilar qatoriga mineral moddalar (turli metallarning tuzlari, margimush, simob, selitra (suvda yaxshi eriydigan mineral modda), to‘tiyo, novshadil, kamfora (oʻziga xos hidli, rangsiz kristall) va boshqalar) ham kiritiladi. Dorilarning soni bir necha yuzdan oshib ketadi. Ko‘proq ichni yurishtiruvchi (surgi) dorilar ishlatila boshlanadi. Tabiblar har qanday kasallikni davolashni birinchi galda bemorga ichni yurishtiruvchi, qayt qildiruvchi dori berishdan boshlagan. Bunday davolash usuli tanada toʻrt xil suyuqlik (qon, shilliq, jigar sariq oʻti va qora oʻt) miqdor va sifat jihatidan muvozanatda boʻlsa, kishining salomatligi saqlanadi, degan tushunchaga asoslangan edi. Agar shu suyuqliklardan biri miqdor yoki sifat jihatdan ustun kelib qolsa, muvozanat buzilib, kasallik paydo boʻladi. Shunga koʻra, dorilar kasallar tandagi suyuqlikni muvozanat holatga keltirish maqsadida berilgan. Agar qon ustunlik qilyapti degan tashxis qoʻyilsa, bemordan qon olingan. Shundan keyingina bemorlarga tegishli dorilar berilgan. Dorilar koʻproq kasallikning oʻzidan koʻra ularning belgilarini yo‘qotishga qaratilgan.
Qadimgi Turon hududida yashagan insonlar turmush tarzining ogʻirligi, tabiiy ofatlar, oziqlanishning yetarli emasligi va gigiyena sharoitining sustligi tufayli koʻplab kasallik va jarohatlarga duchor boʻlgan. Arxeologik va paleoantropologik tadqiqotlar eng qadimgi davrlardayoq inson organizmida surunkali yalligʻlanishlar, tish kasalliklari, suyak deformatsiyalari, yuqumli va parazitar kasalliklar hamda turli jarohatlar mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Neandertal jamoalari misolida koʻrinadiki, qadimgi odamlar bemor va nogironlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan, bu esa ibtidoiy tibbiy yordam va ijtimoiy birdamlikning ilk koʻrinishlaridan dalolat beradi. Dastlabki tibbiyot amaliyotlarida dorivor oʻsimliklar, tish sugʻurish, ogʻriqni yengillashtiruvchi moddalar va hatto zaharli oʻsimliklardan foydalanganlik holatlari aniqlangan.
Ahrorjon ABDUGʻANIYEV,
OʻzFA Tarix intiuti kichik ilmiy xodimi