Fransuz maʼrifatparvari Antuan Rivarolning bir gapi yangi dunyoning chalkash mohiyatini ochib tashlaydi. Bu shunday: “Volter: “Odamlar qanchalik maʼrifatli boʻlsalar, shunchalik erkindirlar”, deb taʼlim bergandi. Uning izdoshlari esa xalqqa: “Siz qanchalik erkin boʻlsangiz, shunchalik maʼrifatlidirsiz”, deb uqtirdilar. Halokatning siri ana shunda!”
Qarang-a, bir qarashda ikki talqin ham aslida bir xil, koʻp farqi yoʻqday, shunchaki soʻzlarning oʻrni almashib qolganday tuyuladi. Lekin birinchisi eltuzar, ikkinchisi elbuzar gʻoya. Yaʼni, dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartirishga xizmat qiladigan gʻoya soʻzlarning oʻrni almashishi bilan dunyoni buzadigan gʻoyaga aylanib qolgan. Matematikadagi “Qoʻshiluvchilarning oʻrni almashgan bilan yigʻindi oʻzgarmaydi” degan qoida sonlar uchun amal qiladi, lekin soʻzlarga toʻgʻri kelmaydi. Bunday holatda yigʻindi u yoqda tursin, hatto falak ham teskari aylanib ketishi mumkin. Asta-sekin bu fikrni omma “Istaganingcha erkin boʻlaver, kerak boʻlsa, maʼrifatning oʻzi keladi”, bora-bora “Erkin boʻlsang boʻldi, maʼrifat shartmas” qabilida qabul qila boshladi. Xullas, insoniy qadr va erkinlikni faqat maʼrifat berishini nazardan chetga surib tashladilar. Bu hodisa dunyo maʼnaviyatini halokatga torta boshladi. Gʻarbning oʻzidan, Ovrupo yuragidan chiqqan maʼrifatparvar Rivarolning tashxisidan soʻng koʻp oʻtmay Gʻarb maʼnaviy boʻronlar ichida qoldi.
Baʼzan maʼrifatli, chin maʼnodagi erkin, hur fikrli odamlar bilan gaplashib qolaman. Ularga ich-ichingdan havasing keladi, hurmating ulug‘ boʻladi. Ularning balandligini, ulugʻvorligini, katta Insonligini his etasan. Ularni kuzata turib, oʻzingni taftish qilib koʻrasan va baʼzi maydakashliklaringdan uyalib ketasan. Maʼrifatli erkinlik odamni yuksakka koʻtaradi, Xudoga yaqinlashtiradi, maʼrifatsiz erkinlik tubanlikka tortadi, shaytonga yaqinlashtiradi. Buni erkinlik deb boʻlmaydi, aslo. Aslo! Gʻarb bu zalolatning qanchalik jabrini tortayotgani dunyoga ayon. Bir jinsli nikohlar, qarigan ota-onani qarovsiz tashlab ketishlar, hayo va ibo, mehr va oqibat tanazzuli, xiyonatlar, xudbinlik va mahdudlik kabi yuzlab illatlar qator xalqlarning tarixiy ildizlarini qurtlatib yubormoqda. Agar hozirgi zamon illatlari ensiklopediyasi chop etilsa, kamida 10 jild boʻladiyov. Baʼzi filmlar-u, boshi adogʻi yoʻq seriallarni koʻrib, bular xiyonat va sotqinlikni, zoʻravonlik va buzuqlikni fazilat deb eʼlon qilishmasa goʻrga edi, degan oʻyga borasan. Shubhasiz, erkinlik buyuk neʼmat, hatto muqaddas neʼmat, lekin u maʼrifat bilan qadrli, maʼrifatsiz “erkinlik” bemaʼnilik va buzgʻunchilikdan boshqa narsa emas. Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab rasvogarchilik va bachkanalik, behayolik va oldi-qochdilar, fitna-fasod, hatto fahsh va qotilliklar ham erkinlik niqobi ostida namoyon boʻlayotgani alam qiladi. Mening bu fikrlarimni toʻgʻri tushunishlaringizni istardim. Men soʻz erkinligini qattiq hurmat qilaman, fikrlar xilma-xilligini juda qadrlayman. Busiz taraqqiyot ham, tafakkur ham boʻlmasligini yaxshi anglayman. Lekin soʻz erkinligi bilan igʻvo erkinligining, fikrlar xilma-xilligi bilan shallaqiliklar xilma-xilligining osmon bilan yercha farqi bor. Biz baʼzida fikr nima-yu, vaysaqilik nima ekanini farqlolmay qolyapmiz. Bu gul bilan goʻngning farqiga borolmaslikday gap. Ijtimoiy tarmoqlarda bir toʻda oʻquvchilarning 60 yashar oʻqituvchisini yelkasiga minib urayotgani, Navoiy haykali poyida bir tirraqining dahoni masxaralab kulayotgani, gapiga ilon poʻst tashlaydigan bir uyatsiz xotinning sharmandalarcha valaqlayotgani, baʼzan andishali odamlar ustidan magʻzava agʻdarilayotgani (sanayversang adogʻi yoʻq!) – bularni nima deb atash kerak. Erkinlikmi bu, fikrlar xilma-xilligimi?!
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash kerak, ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan jonkuyar odamlarimizning el-yurt taqdiri, adolat, bizga chetdan boʻlayotgan tahdidlar, vatanimiz shaʼniga aytilayotgan tuturiqsiz iddaolarga dadil javoblarini, milliy muammolarimiz masalasida samimiy, ilgʻor fikrli chiqishlarini koʻramiz. Lekin ularning ovozini ham bemaʼni shovqinlar, ogʻzi shaloq gʻiybatlar bosib ketayotganiga guvoh boʻlamiz. Chunki biz oʻzimizga nima kerag-u, nima kerak emasligini bilmaymiz. Chunki hamma gapirsam deydi, baqirsam deydi, birov tinglasam demaydi.
Erkinlikning ildizlari maʼrifatdan suv ichadi. Inson erkinligi bilan Vatan ozodligi chambarchas bogʻliq jarayondir. Yaʼni, insoniy erkinlikning masʼuliyatini bilmagan odam Vatan ozodligining mohiyatini ham bilmaydi. Rabindranat Tagorning bir gapi hammamizga doimiy dars boʻlishi kerak: “Ozodlikning abadiyligini faqat bir narsa taʼminlaydi. U ham boʻlsa maʼrifatdir”. Menimcha, eng toʻgʻri gap shu. Maʼrifatsiz ozodlik ozodlik emas.
Katta pul dardida
Odamni maʼrifatdan qaytaradigan har qanday narsa uni Xudodan qaytaradigan illatlar bilan bir qatorda turadi.
Jadidlar bizga har ishda mudom ibratdirlar. Ular butun kuchni maʼrifatga qaratdilar. Najotni maʼrifatda deb bildilar. Erkinlik va ozodlikning tayanchi maʼrifat ekanini tinimsiz uqtirdilar. Shu bilan birga yurtning katta boylarini ilm-u maʼrifatga xizmat qilishga, bu yoʻlda mablagʻlarini sarflashga undadilar.
Katta pul va boylik nimaga xizmat qilishi kerak? Insonning inson boʻlishi uchunmi yo yuhoga aylanishi uchun? Yurtimizda ezgulik, ilm-fan, adabiyot uchun hissasini qoʻshayotgan boylar bor. Lekin aksariyat puldorlar bilan gaplashib qolganingda diling ogʻriydi. Ularning gap-soʻzlaridan, oʻzini tutishlaridan “Oʻsha maʼrifat-paʼrifating tag-tomiri bilan yoʻq boʻp ketmaydimi? Menga nima?” degan ohangni sezasan. Har ikki kunning birida tuppa-tuzuk lavozimda, yaxshi maosh, obro‘ bilan ishlab yurgan oʻziga toʻq amaldorlar katta pora bilan qoʻlga tushib qolgani haqidagi xabarlarni oʻqiymiz. Agar shu kimsalarning ichida ozgina maʼrifati boʻlganda edi, qadrini qorniga almashtirib oʻtirmasdi.
Katta pulni orzu qilmagan odam kamdan kam topiladi. Balki topilmas. Har qanday odam umrining qaysidir bosqichida bu haqda oʻylaydi va havasiga tushadi. Odammizmi, bas, bu vasvasaga qaydadir bir emas, bir necha bor duch kelishimiz tayin. Faqat kimningdir umri mavsumlarida bu narsa oʻtkinchi hissiyot kabi oʻtib ketadi, kimnidir esa domiga yutib mangu quliga aylantiradi.
Nafs tabiatida bir xususiyat borki, u ochilgan sari ochilib boraveradi, oqibatda yuhoga aylanadi va oʻz egasini ham yutib yuboradi. Katta pul bor joyda xatar boʻladi, der edi onam. Oʻzbek xalq ertaklaridagi xazina ustida yotadigan ajdaho timsoli ham shundan ogoh etadi.
Manglay teri bilan mablag‘ topib, boylik orttirayotganlar ham bor. Gapim kimlargadir gʻalati tuyulsa-da, bir narsani aytay. Manglay teri bilan topilgan pulda maʼrifat bor. Chunki bu boylik ortida mehnat yotadi. Chin mehnat ham maʼrifatdir. Shuning uchun mehnat odamni tarbiyalaydi, dunyoga qarashlarini oʻzgartiradi.
Men yoshlar bilan uchrashuvimda ham aytdim. Pulingiz koʻp boʻlgani yaxshi. Lekin ichingizda maʼrifat boʻlmasa, yuz million dollaringiz boʻlsa ham bu boylik sizni qutqarolmaydi. Maʼrifatsiz har qanday kuch puch va halokatga mahkumdir.
Yana bir gapni bot-bot takrorlayman: Katta pul fohishada ham boʻlishi mumkin, ashaddiy jinoyatchida ham, qonxoʻr manyakda ham, ablah bir gʻalamisda ham boʻlishi mumkin. Taqqos uchun boshidan uzr soʻrayman-ku, deylik, Erkin Vohidov yo Abdulla Oripovning pulidan koʻra mashina oʻgʻrisi boʻlgan bir mafiozning puli yuz ming barobar koʻp boʻlgan boʻlishi mumkin. Bunga tarixda ham, bugungi zamonda ham misollar koʻp. Lekin maʼrifat hammada ham boʻlavermaydi. Boshingizni ming joyga uravering, minglab vajlarni pesh qilavering, baribir, oxir-oqibatda odamning odamligi uning maʼrifati bilan oʻlchanadi.
Buzuq oʻlchov birligi
Shunday odamchalar toʻdalari paydo boʻlyaptiki, moddiy foydadan boshqa narsa ularning koʻziga koʻrinmaydi. Ular uchun bundan boshqa oʻlchov birligi yoʻq! Men baʼzida oʻylab qolaman yana 15–20 yildan soʻng ularga Beruniy, Ulugʻbek, Navoiy haqida gapirsang, “Oʻtmishda oʻtgan boʻlishsa oʻtishgandir, menga nima foydasi bor” deyishlari aniq. Men oʻn-oʻn besh yildan soʻng deb andavalab gapirayotgandirman, holbuki bu koʻrgilik boshlanib boʻlgan. Faxr tuygʻusining oʻlishi yomon narsa, odamning ildizlarini quritadi.
Yana bir gap. Faqat oʻqishning oʻzi bilan maʼrifatga toʻliq erishib boʻlmaydi. Muhabbat, iymon, sadoqat, vatanparvarlik tuygʻulari ham oʻqish, oʻrganish barobarida ulgʻayib borishi kerak. Shunday odamlarni koʻrganmanki, ular oʻqishni bilishmasdi, maktab koʻrmagan, harf tanimas edilar. Lekin savodsiz savodlilar edi ular. Ularning yuragi maʼrifatga toʻla edi. Bobolaridan faxrlanishar, vatanini jondan sevishar, or-nomusni hamma narsadan ustun qoʻyishar, ezgulik va iymon bilan yashashar edi. Garchi harf tanimasa-da, ularni oʻqimagan deb ham boʻlmas... Chunki ular oʻz xalqining qadimiy afsonalari, dostonlari, ertaklari, hikmatlarini, ezgu hayot qoidalarini qon-qoniga singdirib yuborishgandi. Bu oʻrinda yana Nobel mukofoti sohibi Migel Anxel Asturiasning oʻsha gapini eslab oʻtmak joiz: “Aslida eng yaxshi romanlar yozilmagan, aytilgan!”
Men yaqinda oliy dargohlarimizdan birida magistrlardan imtihon olishda qatnashdim. Yaxshi bilimli va farosatli, yurtparvar yoshlarimiz bor. Ularni koʻrib, koʻzing yashnaydi, koʻngling togʻday oʻsadi. Lekin ular qatorida ildizini yoʻqotib qoʻygan yoshlarimiz ham uchraydi. Imtihon vaqtida shunday yoshlarni koʻrdim. Ular uchta tilni biladi, dunyoning narigi burchidagi hodisalarni biladi, har baloni biladi, lekin Vatanni bilmaydi. Biri Shayxontohur tumanida tugʻilgan, shu yerda unib oʻsgan, shu yerda voyaga yetgan, lekin “Sen tugʻilgan tumanning nomi nega shunday ataladi?” deb soʻrasang, tinimsiz saqich chaynaydi. Shayx Hovandi Tohur haqida tasavvuri ham yoʻq. Biridan “familiyang palonchiyev ekan, xoʻsh, bobongning ismi maʼnosini aytib ber-chi” desangiz, aytolmaydi, kurakda turmaydigan gaplar bilan aravani quruq olib qochadi. Yana biri Navoiydan biror gʻazal yo ruboiy u yoqda tursin, “Tilga ixtiyorsiz, elga eʼtiborsiz” degan toʻrtta soʻzdan iborat kichik bir hikmatni aytib berolmaydi. Shu yurt ozodligi uchun jonini bergan, vatani uchun otilgan, osilgan Choʻlpon, Fitratlar haqida aytadigan ikki jumla gapi yoʻq, yana “magistrman” deydi.
Oshirib yuboryapsiz, demang. Men koʻrganimni aytyapman. Tagʻinam, qisqartirib aytyapman. Ikki-uchtamas, oʻnta tilni biling, Amerika, Avstraliya, hatto Antarktidagacha yaxshi biling, lekin hammasidan avval Vatanni biling. Vatanni bilmak kerak. Vatanni bilmay, dunyoni bilishning foydasi yoʻq.
Shunday shoʻrliklar borki, ular imkonini qilib, Xudoni ham aldasa boʻladi deb oʻylashadi. Keyingi paytlarda odamlarning yaxshi niyat, halol mehnat bilan plastik kartalariga yigʻgan pullarini oʻmarib ketayotgan firibgarlar, odam savdosi bilan shugʻullanib, yon qoʻshnisigacha sotib yuborayotgan qalloblar, soddadil odamlarni chuv tushirib, sarson-sargardon qilayotgan koʻrnamaklar haqidagi xabarlarni oʻqib shu haqda oʻyladim. Bu muttahamlarning tasavvuri shuncha tubanki, Xudoni nari borsa, tuman hokimi yo tuman prokurori darajasida koʻra oladi. Undan u yogʻiga oʻtolmaydi. Ularning boʻlgani shu.
Oddiy odamlarning haqqini oʻgʻirlayotgan bir zoʻravon, yo tuhmatga uchragan jabrdiydadan pora olayotgan bir amaldor “Xudo bilsa, bilsin, qonunchilarning qoʻliga tushib qolmasam boʻldi” qabilida ish tutadi.
Maʼrifat shunday narsa ekanki, bir ahmoqning miya qopqogʻini ochib, ichiga toʻldirib bu neʼmatni tiqib qoʻysang ham yuqmas ekan. Uni yuqtirish ona qornidan, beshikdan boshlanishi kerak ekan. Yoshi qirqqa borib qolgan eshakning qonini almashtirgan bilan hech narsa oʻzgarmaydi.
700 yillik hikmat va 2 kilo-yu 360 gramm palov
Endi kim koʻp osh yeyishi boʻyicha “chempionat”ni ham boshlab yubordik. Ana tashabbus-u mana tashabbus! Qoyilmaqom gʻoya! Bizga shu yetmay turuvdi oʻzi. Samarqandda boʻlib oʻtdi bu dovruqli musobaqa. Unda bir kishiga 2,5 kilogramm palov beriladi va oshxoʻr uni 30 daqiqada yeb tugatishi kerak. Dard ustiga chipqon deganlariday, musobaqa boshida boshlovchi ogʻiz koʻpirtirib, kim koʻp osh yeyishi boʻyicha boʻlib oʻtayotgan bu musobaqa “Mustaqilligimizning 33 yilligiga bagʻishlanadi”, deb tantanali eʼlon qildi. E-voh, it urishtirishdan ham xunukroq bu mashmashaga mustaqillikni aralashtirmasanglar boʻlardi, birodarlar.
Oshxoʻrlarni tomoshabinlar gulduros qarsaklar, olqishlar bilan kutib oladilar. Xuddi xalq qahramonlarini kutib olayotgandek. Intervyularni aytmaysizmi? Yo tavba! Yoqangni chok-chok etishdan boshqa yoʻl qolmadi. Koʻp ovqat yeyish bilan ham maqtanib boʻladimi, aksincha buning uchun uyalish kerak-ku, ey musulmonlar! Yorilib ketguncha ovqat yeyish, boʻkib qolish qaysi axloqqa toʻgʻri keladi?
Musobaqa davomida boshlovchi: “Kimning gʻolib boʻlishi Allohdan, albatta”, “Chempion sanoqli daqiqalar ichida aniq boʻladi”, “Badiiy sahnamizga bugungi unutilmas kechamizning polvonlarini olqishlar bilan taklif etamiz”, “Ular bugun oʻziga xos obroʻga ega boʻlishdi”. “Mana shunaqangi festivallar, chempionatlar koʻp boʻlishini tilab qolamiz” kabi pufaklarni tinimsiz puflab turdi. Hamma tomonni pufak bosib ketdi.
Xullas, bu chempionatda uchinchi oʻrindagi 36 yoshli ishtirokchi 1 kilo-yu 600 gramm, ikkinchi oʻrindagi 33 yoshli oshxoʻr 1 kilo-yu 650 gramm, birinchi oʻrin shohsupasiga koʻtarilgan 44 yoshli oshpolvon 2 kilo-yu 360 gramm palovni paqqos tushirib, “shonli tarixga oʻz nomlarini muhrladilar”.
Eh farosat, farosat! Munchalar xor boʻlding, shoʻrlik farosat!
Erkin Vohidov bir sheʼrida: “Mening bir qoʻshnim bor unga toʻy ham, aza ham bitta narsa: oshxoʻrlik”, deb yozgan edi.
Naqshband bobomizning: “Kam ye, kam de, kam uxla” degan 700 yillik hikmati ham hayf ketdi. Bu hikmat 2,5 kilo palovga qoʻshib yeb yuborildi.
Odam boʻlsinmi yo hoʻkiz?
Maʼrifatsizlik odamni ming koʻyga soladi. Bir pulga qimmat arzimagan hoy-u havaslarning battol hammoliga aylantiradi. Yigʻinlarda kimnidir dollardan tikilgan koʻylakni kiydirib, oʻrtaga chiqarib, quturtiradi. Yana bir nodonni ilm va olimning ustidan kuldirib, boʻkirtiradi. Oʻziga toʻqlarni shu holga tushirsa, oʻzida yoʻqlarni haq-huquqini tanimaydigan, duch kelganga aldanaveradigan, fikrsiz goʻllarning goʻliga aylantiradi.
Yomon illatlarimizdan biri – koʻpincha arzimagan mayda-chuyda narsalar ketidan chopib, katta narsalarni boy beramiz. Bitta dabdabali toʻyga ketadigan pulga bir oʻgʻilni yaxshi joylarda oʻqitib odam qilishimiz mumkin. Yoʻq, bizga toʻydagi soxta dabdaba-yu uch kunlik koʻpik maqtovlar kerak. Oʻsha oʻgʻil odam emas-da, bir hoʻkiz boʻlib yetilar, lekin obro‘ ketmasin, deymiz. Shu obroʻmi?
Jahon xalqlarining qay birin tarixiga qaramang, ularni faqat ilm-fan va maʼrifat Xalq qilgan, qaddini koʻtargan, togʻday oʻrnini belgilab bergan.
El nomusi
“Ona Vatan”, “Ona yurt” degan iboralarni koʻp ishlatamiz, baʼzida meʼyoridan oshirib ham yuboramiz. Bu soʻzlar aziz soʻzlar, muqaddas soʻzlar. Lekin keyingi paytlarda meni bir narsa qattiq xavotirga soladi. Vatanimiz haqida xorijda ogʻziga kuchi yetgan-yetmaganlar har xil xunuk gaplarni aytib qolishadi. Hatto uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega yurtni tarixsizga chiqarishadi. U yerda tarixni biz yaratganmiz deb tuhmatlar qilishadi. Ular xalqimiz, millatimiz, tariximiz, yurtimiz shaʼniga nomaqbul gaplarni ham aytishadi. Bunday gaplarni bizning har birimiz oʻz onamiz shaʼniga aytilayotgan gap deb qabul qilishimiz kerak va bunga zarur javobni berishimiz shart. Shunda Vatanni ona deyishga haqli boʻlamiz.
Har bir oʻzbek “Vatanimning shaʼni bu – mening oʻz onamning shaʼni” degan xulosaga kelishi kerak. Bolalarga maktabdan shu tuygʻuni singdirmasak boʻlmaydi. Dunyo qaltis tus olib boʻldi. Bunday vaziyatda bizni ichimizdagi maʼrifat saqlab qoladi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan maʼrifatli jamiyat gʻoyasi kelajakni himoyalashni oʻzida mujassamlashtirgan.
Aziz yurtdoshim! Bir inson sifatida, shu yurtning bir farzandi sifatida men hammamizning bir narsani toʻliq anglab yetishimizni orzu qilaman. Aziz vatandoshim! Begʻubor orzular bilan Boysunda yurgan bir qizning nomusi, yo Margʻilonda yashayotgan bir qizning nomusi, yo Baxmalda boʻyga yetayotgan bir qizning nomusi... Xullas, hamma-hammasi sen bilan mening nomusimdir, aziz vatandoshim, pirovardida Vatan nomusidir. Chunki ular millatning ertangi onalaridir.
Aziz yurtdoshim! Gʻuzorda boʻy choʻzayotgan bir oʻgʻilning ori, Andijonda qaddini koʻtarayotgan bir oʻgʻilning ori, Toshkentda manaman deb yetilayotgan bir oʻgʻilning ori... Xullas, hamma-hammasi sen bilan mening orim va kelajagimdir, aziz vatandoshim, pirovardida Vatan kelajagidir.
Arz va izhor
Bashariyat oʻn ming yilda ham Xudoga aytadigan gaplarini aytib tugatolmadi. Boʻlmasam, shoirlar, musavvirlar, sanʼatkorlar paydo boʻlmasdilar. Insoniyatning har bir avlodi soʻngsiz arz va izhorlarning davomi bilan dunyoga kelaveradi. Bu zor va izhor abadiyatda ham davom etaveradi. Toki dunyoga izma-iz kelayotgan inson avlodlarining Xudoga aytar arzi va izhori boʻlar ekan, unda maʼrifat ham bardavom boʻlaveradi.
Odamni ham zohiran, ham botinan Yaratganga bogʻlaydigan hamma narsa, katta-yu kichikligidan qatʼi nazar maʼrifatdir. Xoh u ezgu fikr boʻlar, yo biror muhtojga tirnoqcha yaxshilik boʻlar, yo vatan uchun qahramonlik boʻlar, yo qoʻshni uchun kichik bir siylov boʻlar...
Shayx Saʼdiy Sheroziy:
Siyna limmo-lim alamdir qayda malhamdin darak,
Yangi odam, yangi olam qaytadin tuzmoq kerak...
– deganida maʼrifatli dunyoni nazarda tutgan edi.
Pifagor ham “Xudoning Yer yuzida toza qalbdan boshqa yaxshiroq boshpanasi yoʻqdir” deganida maʼrifatga toʻla qalblarni nazarda tutgan edi.
Soʻzimning oxirida yana oʻsha gapni takrorlayman. Dunyo tarixidagi hamma halokatlarning siri maʼrifatsizlikda! Hamma yaxshiliklar siri maʼrifatda, faqat maʼrifatda!
Eshqobil SHUKUR
“Jadid” gazetasi, 2025-yil 4-son.
“Halokatning siri nimada? Qoʻshiluvchilarning
oʻrni almashganda yigʻindi oʻzgaradi” maqolasi
Elnur Egamov rasmlaridan foydalanildi