Keyingi yillarda Markaziy Osiyo hayotida chuqur oʻzgarishlar yuz berib, davlatlar oʻrtasida yangi siyosiy madaniyat shakllanmoqda, oʻzaro ishonch va yaqin hamkorlik muhiti yaratilmoqda. Toshkentda mintaqa davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi oldidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning muhim dasturiy maqolasi eʼlon qilindi.

Yillar davomida turli sabablarga koʻra zaiflashib qolgan mintaqaviy aloqalar endilikda sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu jarayonni harakatga keltirgan omillar – ochiqlik siyosati, tenglik tamoyili, qoʻshnichilikni qadrlash, umumiy manfaatlarga tayanadigan pragmatik yondashuv va eng muhimi, xalqlarning oʻzaro yaqinlashishga boʻlgan tabiiy intilishidir. Prezidentimizning mazkur maqolasi ana shu jarayonlarning mazmun-mohiyatini yoritish, mintaqaviy integratsiyaning istiqboli va strategik vazifalarini belgilash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.

Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqayotgani, eski chegaraviy va ishonchsizlik elementlaridan voz kechib, transport, energetika, suv-resurslari va gumanitar aloqalar orqali birlashishga harakat qilayotgani taʼkidlanadi. Jumladan, shunday deyiladi: “Markaziy Osiyo oʻz taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga oʻtyapmiz”.

Maqolada bir necha muhim jihatlarga e’tibor qaratilgan. Avvalo, ishonch va qoʻshnichilik muhiti. Yarim asrlik sovuqchilik davridan keyin davlatlar oʻzaro ishonch va hamkorlikka tayyor boʻlmoqda. Chegara masalalari huquqiy jihatdan hal etilib, mintaqaviy format va mexanizmlar sayqal topmoqda. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, chegaraoldi savdo zonalari kabi sohalarda mintaqaviy kooperatsiya kuchayib boryapti. Yoshlar platformalari, madaniyat almashuvi, sayohat va ichki turizmning rivojlanishiga eʼtibor qaratilyapti. Iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi kabi masalalarda birlashish zarurati kundek ravshan.

Eng muhimi, Markaziy Osiyo geostrategik jihatdan mintaqaviy subyekt sifatida kuchaymoqda. Mintaqa davlatlari mustaqil va yakdil siyosiy pozitsiyaga ega boʻlmoqda. Agar amaliy natijalar koʻzlangan holda izchillik bilan harakat qilinsa, barqarorlik, farovonlik va mintaqaviy birdamlik yoʻlida muhim qadamlar qoʻyilishi shubhasiz. Faqat deklarativ gaplar emas, real loyihalar, aniq sanalar, monitoring va natijalarni baholash mexanizmlariga eʼtibor kerak boʻladi. Hamkorlik hamkorlik uchun emas, fuqarolar hayotini yaxshilashga xizmat qilishi zarurligi taʼkidlanadi.

Jarayonda, ayniqsa, huquqiy-institutsional bazaning mustahkamlanishi nihoyatda muhim. Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro hamkorligida soʻnggi yillarda eng muhim oʻzgarishlardan biri huquqiy-institutsional asoslarning sifat jihatidan yangilanishi va mustahkamlanishidir. Avvalgi davrlarda mavjud boʻlgan chegaraviy kelishmovchiliklar, suv-energetika resurslaridan foydalanishdagi noaniqliklar, iqtisodiy aloqalar boʻyicha toʻsiqlar oʻz vaqtida huquqiy yechim topmay, koʻp tomonlama integratsiya jarayonini sekinlashtirgan edi. Bugungi kunga kelib esa mintaqa davlatlari bu masalalarda yon beruvchi emas, balki oʻzaro manfaatli huquqiy hal qiluvchi mexanizmlarini ishlab chiqish bosqichiga oʻtdi.

Maqolada keltirilganidek, chegara masalalarining huquqiy hal etilishi, qoʻshma deklaratsiyalar, bitimlar, Mintaqaviy maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo +” formatlari jarayonning asosiy tayanch poydevoridir. Biroq huquqiy nuqtai nazardan qaralganda, bu jarayonni yanada izchil davom ettirish uchun bir nechta muvofiqlashtirilgan institutsional mexanizmlarni shakllantirish lozim.

Mintaqa davlatlari oʻrtasida tuzilayotgan bitimlar, memorandumlar va yoʻl xaritalari yuzasidan muntazam monitoring yuritadigan yagona Markaziy Osiyo Huquqiy Koordinatsiya platformasini tashkil etish zarurati paydo boʻldi. Uning vazifalari amaldagi bitimlar bajarilishini baholash; nizoli huquqiy holatlarni erta aniqlash; yangi huquqiy tashabbuslarni muvofiqlashtirish; xalqaro huquq normalariga moslikni tahlil qilishdan iborat boʻlishi lozim. Bu, ayniqsa, suv taqsimoti, ekologik siyosat, transport koridorlari, bojxona tartiblari va mehnat migratsiyasi masalalarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozircha chegaraoldi nizolari koʻpincha ikki tomonlama muzokaralar orqali hal qilinadi. Huquqiy jihatdan esa qoʻshma arbitraj kengashlari, tezkor huquqiy ekspertiza guruhlari, birlashtirilgan xarita-huquqiy reyestrlari tuzilishi talab qilinadi. Chegaraviy huquqiy masalalarni koʻrib chiqadigan qoʻshma arbitraj amaliyotini yoʻlga qoʻyish kelajakda huquqiy bahslarni siyosiy bosimlarsiz, tinch protokol asosida hal qilish imkonini beradi.

Suv resurslari mintaqaning eng nozik va asosiy boyligidir. Har bir davlatning ichki qonunchiligi mavjud boʻlsa-da, mintaqa miqyosida uygʻunlashgan yondashuv yetishmaydi. Oʻzaro tan olingan suv hisoboti standartlari; ekologik meʼyorlar boʻyicha yagona platforma; suv tanqisligi sharoitida favqulodda hamkorlik protokollari; suv inshootlari boʻyicha huquqiy kafolatlar tizimiga zarurat sezilmoqda. “Markaziy Osiyo suv huquqi kodeksi” konsepsiyasini ishlab chiqish koʻpgina masalalarga huquqiy yechim boʻlishi mumkin. Bu nafaqat xavfsizlikni, balki barqaror rivojlanish huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.

Bugungi iqtisodiy integratsiya sharoitida sarmoyadorning huquqiy kafolatlari juda muhim. Mintaqa davlatlarining investitsiya qonunchiligida farqlar mavjud boʻlgani uchun yagona “Markaziy Osiyo investorlari huquqlarini himoya protokoli”; qoʻshma sarmoya loyihalarida davlat kafolatlari; investor nizolarini koʻrib chiqish boʻyicha qoʻshma tribunal kabi mexanizmlarni yaratishga ehtiyoj mavjud. Mintaqaviy investitsiyaviy himoya bitimi ishlab chiqilishi natijasida mintaqaning Yevrosiyo bozorida raqobatbardoshligi oshadi.

Transport, bojxona va savdoda yagona huquqiy standartlar ham kun tartibiga chiqmoqda. Elektron bojxona integratsiyasi, transport yuk reyestrlari, logistika koridorlarida yagona qoidalar huquqiy jihatdan mustahkamlanishi mintaqaviy savdo toʻsiqlarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Bu yoʻldagi saʼy-harakatlar allaqachon boshlangan, ammo yetarli darajada emas. Yagona standart hamkorlikni tezlashtiradi.

“Markaziy Osiyo huquqshunoslar forumi” yoʻlga qoʻyilsa, mintaqa boʻyicha yetakchi olimlar, sudyalar, xalqaro arbitrlar ishtirokida qonunchilikni uygʻunlashtirish va takomillashtirish boʻyicha izchil ish olib borish imkoni paydo boʻladi. Forum tashkil etish siyosatdan mustaqil huquqiy fikrning shakllanishi, dolzarb mintaqaviy masalalar boʻyicha ekspert xulosalari ishlab chiqilishi, davlatlar oʻrtasida institutsional ishonchning mustahkamlanishi uchun xizmat qiladi.

Markaziy Osiyo bugun nafaqat iqtisodiy, balki huquqiy birlik sari yaqinlashayotgan mintaqa sifatida shakllanmoqda. Ammo barqaror hamkorlik faqat siyosiy irodaga emas, mustahkam, izchil va prognozli huquqiy asosga tayanishi zarur. Yagona standartlar, samarali institutlar va umumiy qoidalardan iborat huquqiy arxitektura mintaqaning kelajakdagi barqarorligini belgilaydi. Shu maʼnoda bugungi hamkorlik jarayonlarida huquqiy integratsiya siyosiy integratsiyadan ilgari borishi lozim.

Azizbek MAHKAMOV,

Oyina.uz