2-maqola (boshi 1-maqolada)
Biz ovqatni yeyapmizmi yo ovqat bizni?
Matbuotchilarimiz audiovizual jurnalistika koʻpincha chetlab oʻtadigan muammo – umumiy ovqatlanish joylari, yemakxonalar mavzusini dadil koʻtarib chiqqan. “XXI asr” gazetasining 3-sonida jurnalist Asliddin Almardonovning “Ovqatlanish joylari: qachon tartib oʻrnatiladi yoki xizmat koʻrsatish madaniyati, gigiyena, narx-navoni kim belgilaydi?” degan salkam bir yarim (A2) sahifalik maqolasi chop etilgan. Unda sohaga oid kadrlarni tayyorlaydigan oʻquv yurti yoʻqligi, isteʼmolchilar yemakxonalardagi gigiyena, xizmat koʻrsatishning pastligi, narx-navoning balandligidan shikoya qilishi kabi muammolar tahlil etilgan. Maqolada taʼkidlanganidek, “Milliy jurnalistikamiz ijtimoiy-madaniy sohaning barcha sohalariga birdek kirib bormagan. Inchunin, “restoran tanqidchiligi” yoʻnalishi deyarli embirion bosqichida, desak xato boʻlmaydi. Zero, qayerda tanqid boʻlsa, muammolar jamoatchilikka olib chiqilsagina, yechim topishi – aksioma. Demak, zamonaviy tilda fud jurnalistika atalayotgan yoʻnalish rivoji ayni kunlarda eng zarur va nihoyatda dolzarbdir”.
Gulzamon Akbar “Huquqi himoyalanmagan toifa” maqolasi orqali munosabat bildirib, ovqatlanish korxonalari tizimida millionlab odamlar ishlayotgani, eng ogʻir yumush bepisand sanalgan ofitsiantlar zimmasida ekani, ular mehnat shartnomasisiz ishlagani uchun sohada qoʻnimsizlik, nohaqlik avj olganini taʼkidlaydi (“XXI asr” gazetasi, 5-son).
“XXI asr” gazetasining 43-sonidan oʻrin olgan “Shashlikdagi temir parchasi “Labihovuz”dagi qoʻrada obdan pishsa-da, erimabdi” maqolasida tizginsiz, nazoratsiz qolayotgan yemakxonalar tizimi haqida. “Qaysar mijoz” kabi siz ham tarmoq qachonki alohida tahlil, jiddiy monitoring qilinmas ekan, bunday boshboshdoqlik, sharmandagarchilik holatlari hali-veri toʻxtamasa kerak, degan xulosaga kelganingizga shubha qilmayman.
Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarqalayotgan falon kilogramm isteʼmolga yaroqsiz goʻsht toʻxtatib qolingani va falon joyda ovqatdan zaharlanish sodir boʻlgani haqidagi xabarlarga koʻnikdik. “XXI asr” gazetasining 28-sonida jurnalist Roʻzimboy Hasanning “Insof ham qoʻshib sotilyapti yoxud loshxona-oshxonalardagi narx-navo qachon nazorat qilinadi?” maqolasida tilga olingan yemakxonalardagi qallobliklar, xalqning sogʻligʻi va choʻntagini quritayotgan olgʻirlarga, ehtimol, ancha oldin koʻnikkanmiz... Bozor etimizniyam, betimizniyam qotirdi. Bozorchi elning bolalari shunday boʻlsa kerak-da?!
“Yoshlar ovozi” gazetasi muxbiri Shahruza Sattorovaning “Green Card” farovon hayot uchun kafolatmi?” maqolasida har yili oktabr-noyabr oyi kelsa millionlab oʻzbekistonliklarning AQSHga ketish kasali xuruj qilishi haqida yozadi: “Travel.state.gov” sayti maʼlumotlariga koʻra, 2017-yilda 1,8 million, 2018-yilda 1,7 million, 2019-yilda 466 480 nafar oʻzbekistonlik “grin karta” uchun ariza topshirgan”.
Nega koʻpchilik yoshlar ketish ishtiyoqida, degan savolga javob izlagan muxbir oʻrganishlari xulosasini shunday bitadi: “Turli toʻsiqqa uchragan iqtidorli tadbirkorlar, maʼnaviyatdan charchagan ijodkorlar, oylik maoshi yashashiga yetmayotgan shifokor va oʻqituvchilar, oʻz kelajagini Oʻzbekiston bilan bogʻlay olmayotgan yoshlar shaxsiy rivojlanish, ishlash uchun yetarlicha erkinlik, sharoitning yoʻqligini, oʻzi va farzandlari kelajagini oʻzbek jamiyatida koʻra olmasligini, ishsizlik, iqtisodiy faktorlarni muammoga sabab qilib koʻrsatmoqda” (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 9-noyabr).
Maqolada sanab oʻtilgan kamchiliklar fuqaroning davlatga ishonchi yoʻqolayotganini anglatmaydimi? Oʻtyurak Shahruzaning “Byudjetni oʻmarganga jazo yoʻqmi?” maqolasini xalqning nonini tuya qilayotgan amaldorlar jazosiz qolayotganiga qarshi isyon deyish mumkin (“Yoshlar ovozi”, 2022-yil 26-noyabr).
Alvido kitob! Assalom jaholat!
Oʻtgan yil avgust oyida tarqalgan bir noxush xabar yuzimizni yerga qaratdi. Davlat test markazi maʼlumotiga koʻra, 2022-yilda 1 million 73 ming 821 nafar abituriyent testga kirgan. Ularning 550 ming nafari (51,2%) oʻtish balining eng quyi chegarasi boʻlgan 56,7 balni ham toʻplay olmagan. “Yoshlar ovozi” muxbiri Shahruza Sattorova “Bunga kim aybdor?” maqolasida (2022-yil 27-avgust) jamiyatimiz, xususan, yoshlar orasidagi savodsizlik, bilimsizlik ildiziga nazar tashlaydi.
Adashmasam, Turkiston yoshlarini savodli qilish masalasi oʻtgan asr boshidagi muammo edi. Yuz yildan ziyodroq vaqt oʻtdi. Biz bilan bitta sayyorada yashayotgan baʼzi xalqlar Oyga sayohat uyushtirishni rejalashtirayotgan, bor bilim va imkoniyatini Marsni tadqiq qilishga qaratgan bir davrda biz yangi avlodning savodi ustida bosh qotiryapmiz. Inchunin, filologiya fanlari nomzodi, mohir xattot Rahimboy Jumaniyozov jaholat botqogʻidan chiqish yoʻli sifatida dunyoning qator davlatlarida boʻlgani kabi yurtimizda ham doimiy faoliyat yuritadigan savodxonlik markazlari ochishni taklif etadi (“Milliy tiklanish”, 2022-yil, 8-son).
Filologiya fanlari doktori Ilhom Gʻaniyevning internet, kompyuter, televizor kabi “fikriy yalqovlik” elchilari eng yaqin doʻst, sirdosh va fikrdosh boʻlishi mumkin boʻlgan, tirik inson nafasi ufurib turgan kitob oʻrnini egallashga daʼvogarlik qilayotgani haqidagi “Komillikka fikrlash orqali erishiladi...” maqolasini oʻqib, (“Ishonch”) Chingiz Aytmatovni tanimagan filolog olimga emas, undan saboq olayotgan talabalarga achinasiz.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 15-sonida gulistonlik Qahramon Koʻpaysinovning “Achchiq asal yoxud Abdulla Oripovning “Otabek va Kumush” romanini oʻqigan talaba haqida”gi maqolasini istiqbol egalarining maʼnaviy-maʼrifiy qiyofasiga chizgilar deyish mumkin. Kuyunchak deputat shoir Oʻtkir Hoshimov sheʼrlarini oʻqigan, Oʻzbekiston madhiyasi muallifi Erkin Vohidov deb biladigan yoshlar koʻpayib borayotganiga qaygʻuradi. Koʻpaysinovga sabr tilaylik, yaxshilar!
Jurnalist, shoira Nurxon Elmirzayevaning “XXI asr” gazetasining 15-sonida berilgan “Magic city” hamma narsani topishingiz mumkin, faqat savoddan boshqa” maqolasi ham shu mavzuda. Muxbirning “Yillar oʻtgani sayin savodxonligimiz “gullayapti”! Bugun boshqa viloyat markazlarini qoʻyaturing, azim Toshkentday poytaxt shaharda oʻzbek tilida bexato yozilgan joy nomlari-yu reklamalarni topish qiyin” degan mulohazasiga qoʻshilmaslikka asos yoʻq. Nurxonning “Oshdan chiqqan tosh yoxud koʻrsavodlikka yetaklayotgan kitoblar xususida” maqolasida (“XXI asr” gazetasi, 43-son) “Yangi asr avlodi” nashriyoti chop etgan “Teatr” romanidagi son-sanoqsiz xatolar misolida noshir, muharrir, musahhihlarning masʼuliyatsizligi oʻquvchilarni savodsizlikka yetaklashi koʻrsatib oʻtilgan.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 36-sonida Abdugʻaffor Omonboyevning “Zanglagan tilla kalit yoxud Abdulla Avloniy bobomizning “sotka” ishlatgani tilga olingan muloqotdan keyingi oʻylar” sarlavhali maqolasidan soʻng talaba-yoshlar, oʻquvchilar oʻrtasida savodsizlik koʻpayib ketayotibdi, degan nolishlardan ajablanmaydigan boʻldim. Nega desangiz, maqolada Abdulla Avloniyni bilmaydigan maʼnaviyatchi rahbar haqida hikoya qilinadi. Qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla yurib vaʼz oʻqiydigan ayrim savodsiz targʻibotchilar afkor ommaning maʼnaviyatga ixlosini qaytaryapti. Maqoladan kichkina bir iqtibos keltiraman, u yogʻini oʻzingiz tasavvur etib olaverasiz: “Esimda, bundan bir yilcha muqaddam Sirdaryo viloyatining chekka tumanlaridagi katta bir tashkilot rahbari bilan uchrashganimda u menga yaqinda tumanda katta bayram tadbiri oʻtkazilishini, unga poytaxtdan mashhur shoir va yozuvchilar kelishini, ular orasida, albatta, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf ham boʻlishini gʻururlanib aytib qoldi. Bu gapni eshitib, tilim tanglayimga yopishib qolayozgandi oʻshanda”. Maqolada bir adibdan oliy taʼlim masʼul xodimi Abdulla Qahhorning salomatligi haqida soʻragani ham yozilgan.
Taniqli olim Zuhriddin Isomiddinovning “Atamalar “atala” boʻlmasin!” maqolasida keltirilgan quyidagi fikrda katta haqiqatlarga ishora bor: “Asaka avtomashinalarining mutlaq koʻpchiligini qorakoʻz oʻzbegim sotib olib minadi. Lekin birorta mashinaning yoʻriqnoma kitobchasi oʻzbek tilida emas, bu kitoblar – har yili minglab mashinani sotib olishga vaʼda berib, oʻz yurtiga eksport qildirib, soʻng shuncha xarajatga chuv tushirib, ortga qaytarib yuboradigan mamlakatning davlat tilida. Nega shunaqa? Chunki shu zavod rahbarlarining hech biri millatparvar emas. Millatparvar boʻlmagan odam vatanparvar ham boʻlmaydi” (“XXI asr”, 2022-yil, 42-son).
Hurmatli olimimizning kuyunchaklik bilan bitgan yana bir maqola – “Shamolga sovurilayotgan... Shamol” xalq hayotiga beparvo, loqayd mutasaddilarga tutilgan koʻzgudir (“Ishonch”, 2022-yil 19-aprel). Mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish hayot-mamot masalasi boʻlib turgan bir paytda Zuhriddin Isomiddinovning Qoʻqon shamolidan ekologiyaga ziyon yetkazmasdan energiya olish mumkinligi toʻgʻrisidagi joʻyali taklifiga beparvo qarayotganlarni kim deyish mumkin?
Salim Abdurahmonovning “Ishonch” gazetasining 2022-yil 21-may sonida chop etilgan “Ostonadagi oriyat” maqolasi iymon zaiflashuvi, orsizlik, olabayroqlik ortidan tortayotgan jabr-u jafolarimiz haqida. Muallif eshak goʻshtini oshxona-yu somsaxonalarga tarqatayotganlar, foyda uchun “oʻlish”ga ham rozi dallollar, tirikchilik deb molini otasiga pullayotganlar shu xalqning farzandi, shu jamiyatning aʼzosi ekanini taassuf bilan qayd etadi. Hamkasbimizning “Davlat rivoji yoʻlidagi har qanday toʻsiq, jamiyatda uchrayotgan muammolar ortida tarbiyasizlik, ilmsizlik turadi. Ilmsizlar orasida bagʻritoshlar koʻp uchrashini nahotki bilmasak?” degan fikriga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq.
Olomon tegirmoniga suv quyayotganlar urugʻi serob. Mahbuba Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi mulohazalar asosida “Zoʻr TV” baʼzi saviyasiz boshlovchilari bilan koʻpchilikning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani, soʻz va efir masʼuliyatiga mutlaqo tupurib qoʻygan Halima Ibragimova xatti-harakatlariga kanal Badiiy kengashi, AOKA va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomoshabin boʻlib turgani haqida yozadi (“Milliy tiklanish”, 2022-yil 33-son). Mahbubaxon, yozganimga munosabat boʻlmadi deb kuyunmang. Maynavozchilik qilib, millat ustidan kulayotganlar va ularning homiylari “Milliy tiklanish” gazetasini oʻqimaydi.
Deputat kimning dastyori?..
Savol ritorik ohangda qoʻyildi-a? Ha-ha, xalq vakili hamisha saylaganning emas, tayinlaganning qosh-qovogʻiga qarab kelgan.
“Adolat” gazetasining 2022-yil 7-yanvardagi 1-sonida chop etilgan “Xalq vakiliman deb yurganimdan uyaldim” sarlavhali maqoladagi tasvirlar koʻz oʻngimdan ketmay qoldi. Jomboy tuman kengashi deputati Komila Umarova “Oq oltin” mahalla fuqarolar yigʻinidagi aholi bilan uchrashuvdan oldin qishloqning chekka hududidagi xonadonlarga borib, turmush tarzi bilan tanishgani haqida yozadi: “Bir xonadonda ikki opa-singil yashar ekan. Ikkisi ham qirqdan oshgan. Boquvchisi yoʻq, turmushga chiqmagan, yaqinlaridan faqat ukasi bor. Ukaning ham topish-tutishi haminqadar, oʻzining roʻzgʻoridan ortmaydi.
Xonadonning tashqi koʻrinishi nochorgina. Ichkariga yuzlandik. Ikki xona va bir dahlizdan iborat uyning na shifti – potologi bor, na gilam, na koʻrpa-yostiq. Kiraverishda toʻshalgan kichkina sholcha – gilam eʼtiborimni tortdi. Ular bilan boʻlib oʻtgan suhbat jarayonida bu sholcha-gilam opa-singil uchun toʻshak, eski kiyim boshlardan qoʻlbola tayyorlangan qop esa yostiq vazifasini bajarishi maʼlum boʻldi. Bisotidagi bitta katta koʻrpa esa qoʻshnining hadyasi ekan”.
Ochigʻi, respublikamiz tumanlarida bunday abgor roʻzgʻorlar koʻplab topiladi, ammo Komilaxonga oʻxshagan deputat uchrashi amri mahol. Xalq hayotiga masʼullar shiorbozlikka, dabdaba-yu asʼasaga berilmasdan Alisher Navoiyning quyidagi baytini qalblariga jo etishlarini istardik:
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay.
Matbuot – millat oyinasi
“Ishonch” gazetasining 2022-yil 21-aprel sonida Husan Ermatovning “Gazeta nega kerak?” sarlavhali maqolasi chop etilgan. “Milliy tiklanish” gazetasi ham koʻchirib bosgan (2022-yil 29-son) mazkur maqolada bosma nashrlardek savodli OAV hozircha shakllanmagani, oʻzini ovoza qilishdan charchamayotgan piarchilarning, axborot xizmatlari mutasaddilarining aksariyatida asosiy muammo matn tuzish, xatosiz yozish, faktlarni toʻgʻri joylashtirish, muammoni toʻgʻri talqin qilishda koʻrinayotganiga urgʻu berilgan. “Ishonch” gazetasi oʻtgan toʻrt yil davomida maorif sohasidagi oʻnlab oʻta dolzarb muammolarni koʻtarib chiqqan boʻlsa-da, loaqal birortasiga qoniqarli javob boʻlmaganidan kuyungan bosh muharrir beshta markaziy gazetada eʼlon qilingan “Haqiqatga tik boqing, janob!” deb nomlangan maqolani ham Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri javobsiz qoldirganini taassuf bilan qayd etadi.
Butun dunyoda matbuot analitika, tahlilga oʻtganiga, maʼrifatli jamiyatlarda kundalik nashrlarga obuna koʻpayayotganiga eʼtibor qaratgan Husan Ermatovga koʻra, gazeta kerak emas, deb bong urayotganlar haqiqatdan qoʻrquvchilardir!
“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 15, 16, 17, 21, 27-sonlarida “Kuting!” ruknida “Milliy parlamentimiz nega sukut saqlamoqda?” sarlavhali izoh berilgan. Tahririyat parlament nashri – “Xalq soʻzi” gazetasi bosh muharriri Oʻtkir Rahmat bong urdi, ammo deputatlar sukut saqlamoqda. “XXI asr” gazetasi orqali Norqobil Jalil muammoga keskin munosabat bildirdi. Lekin jamiyatning “bosh” partiyasi “OʻzLiDeP” jim! “Ishonch” bosh muharriri Husan Ermatov masala mohiyatini hijjalab tushuntirib berdi, biroq parlamentimiz bu chiqishga ham ishonchsizlik bilan qaradi... Nahotki milliy parlamentimiz uchun milliy matbuot – jamiyatda ijtimoiy fikrni shakllantiradigan, ong-u tafakkurimizni, qarashlarimizni oʻzgartiradigan asosiy “qurol”ning jangga shay yoki shay emasligi qiziq boʻlmasa. Ertaga kech boʻladi. Chunki...” deya yozdi. Parlament salkam bir yildan beri sukut saqlaydi. Sukut alomati rizodir, balki?!
“Milliy tiklanish” gazetasining 2022-yil 15-sonida OʻzA muxbiri Dilobar Mamatovaning yetti yildan beri Germaniyada istiqomat qilayotgan jurnalist Maʼrifat Nur bilan suhbati berilgan. Koʻp yillar respublika matbuotida ishlagan Maʼrifatxon Germaniyada OAV chin maʼnoda toʻrtinchi hokimiyat ekanini taʼkidlaydi: “Televideniyeda aytilgan har bir soʻz qonun bilan barobar. Bugun aytildi, ertaga unut boʻldi yoki joy-joyida qolib ketdi, degani emas. Yaʼni, Germaniyada matbuot katta maʼnaviy qurol hisoblanadi. Bu yerda jurnalistlar xato qilishdan qoʻrqadilar, har bir ishga vijdonan yondashadilar. Koʻrsatuv, eshittirish, maqola va xabarlarda faqat inson omili haqida gap boradi. Jurnalistlar hukumat qabul qilgan hujjatlarni ham bemalol tanqid qilishlari mumkin.
Bu yerlarda u yoki bu matbuot turining davri oʻtdi, endi u kerak emas, degan asossiz gaplar aytilmaydi. Hech kim, hatto bosma nashrlar, yaʼni gazetalarni “oʻldi”ga chiqarmaydi. Oʻzini hurmat qilgan maʼnaviyatli insonlar gazeta oʻqiydi. Odatiy ish kunlarining maʼlum daqiqalarini gazeta va jurnallar mutolaasiga sarflaydilar”.
“XXI asr” gazetasining 45-sonida “Obunaga osilmang, “ovchilar”!” maqolasi bosilgan. Jalil Karvonning (hoynahoy, bosh muharrir boʻlsa kerak) dolzarb va jiddiy mavzudagi keskin mulohazalari sohadagi boʻlinishlar haqida. Avval hatto bittagina foto-suratgayam toʻrt qator tagsoʻzni eplab yozolmagan, biror gazeta yo jurnalda ishlab haydalgan yo savodi chiqmagan “jurnalist”larning obuna mavzusidan falsafa soʻqishi tanqid qilingan. Muallifning “Ne boʻldi bu qavmga? Nega OAVdan boshqa biror soha vakillari bu darajada bir-birining yuz-koʻziga loy chaplamaydi?” degan soʻrovida juda katta haqiqatlarga ishora bor.
Haqrost, bugun jurnalistikada bir-biridan mutlaqo keskin farq qiladigan ikki toifa shakllandi. Biri moyana va gonorar – qalam haqi bilan kun koʻrayotgan fidoyilar, ikkinchisi qonunlardagi “tuynuk”dan ustomonlik bilan foydalanayotgan oʻlponchi qalloblar. Taassufki, ikkinchi toifani hokimliklar, bank, moliya idoralari rahbarlari va boshqa rasmiy mahkamalar vakillari kulcha bilan kutib oladi. “Sayohat qilgingiz kelsa, mana, Dubayga chipta!” deya odob bilan qoʻl qovushtiradi. Maqolani oʻqib, savodsiz, johil, tovlamachi kaslarning oʻzlarini “Prezident blogerlari” deb eʼlon qilib, yalpi savodsizlik oloviga moy quyayotganini qanday bartaraf etish mumkin, deya oʻylanib qoldim.
“XXI asr” gazetasining 47-sonida chop etilgan Safar Ostonovning “Gazeta oʻqimay ham yashash mumkin” maqolasi obuna haqida, gazeta-jurnallarning istiqboli haqida goh xayrixohlik, goh gʻarazgoʻylik, goh xudbinlik bilan munosabat bildirilayotgan bir davrda ogohlik qoʻngʻirogʻiday jaranglaydi. Rahmatli Safar aka aytganiday, “Gazeta bu – siyosat, gʻoya, mafkura, maʼrifat... Davlatning siyosatini odamlarga, odamlarning xohish irodasini davlatga, hokimiyatga yetkazadigan vosita”.
Oʻtkir Rahmatning “Har kungi moʻjiza: u tizimli islohotlarga muhtoj” (“Xalq soʻzi”, 2022-yil 31-mart), Norqobil Jalilning “Qayerdasan, “toʻrtinchi hokimiyat?” Yoxud matbuot uchun chalinayotgan ogohlik qoʻngʻirogʻi”, Husan Ermatovning “Gazeta nega kerak?” maqolalarida koʻtarilgan oʻta jiddiy, aytish mumkinki, tahlikali vaziyat hamkasblar orasida muhokama boʻldi. Ammo... Hukumat bu umummilliy masalaga hamon panja orasidan qarab kelyapti.
“XXI asr” gazetasining 52-sonida Nurxon Elmirzayevaning “Sharmandali shaxmat “oʻyini” qachon tugaydi?” sarlavhali maqolasida 49-sonda berilgan “Yosh isteʼdodlarni unutgan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi yoxud tuya goʻshti yegan shaxmat finali qachon boʻladi?” maqolasiga Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi na eʼtiroz, na javob bergani haqida yozilgan.
“Ishonch” gazetasida eʼlon qilingan maqolalar nomiga bir eʼtibor qiling-da. “Qonun va qaror talabi qachon bajariladi?”, “Qaror qonundan ustun boʻla oladi(mi?)”, “Farmon ijrosi nega taʼminlanmayapti?”, “Nega Prezident qaroriga amal qilinmadi?”, “Prezident qarori nega bajarilmayapti?”, “Nizom kodeksdan ustunmi?”, “Komilovning xati hukumat qaroridan ustunmi?”, “Nega shunday?”, “Shu rostmi?”. Sarlavhalar nima haqida soʻzlayapti?!
Xalqimizda “Basharang qiyshiq boʻlsa, oynadan oʻpkalama” degan naql bor. Aft-angorimizni chang bosgan boʻlsa, tiniq koʻzgu – matbuotda nima ayb?! Dasti daroz, xudbin amaldorlar yuzdagi gʻuborlarni yuvadigan qoʻlini qoʻli kalta qalamkashning yoqasiga uzatib nima topadi?.. “Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi”, degan xalq qanday dono, a?!
Nurillo Noʻmonov “Tengsizlik teoremasi” maqolasida Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarning aksariyatida yotoqxona yoʻqligi, maktab-internatlar soni keskin kamayib ketgani ortidan chekka qishloqda yashovchi kambagʻal oilaning iqtidorli farzandi oʻzi yashayotgan tuman yoki qoʻshni tumandagi ixtisoslashtirilgan maktabga qatnab oʻqishga sharoit topolmasligi adolatsizlik emasmi, deya savol qoʻyadi ( “Ishonch”, 2022-yil 100-son). Muxbirning yangi muassasalardagi hozirgi vaziyat tabaqalashishning dastlabki, sodda koʻrinishi emasmikan, degan mulohazasi juda oʻrinli.
Tahririyatga Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari D.Kenjayev imzosi bilan xat keladi. Xatda maqolada koʻtarilgan muammolarga aniq javob berilmasdan, balki “taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan taklif va mulohazalar agentlik tomonidan ijobiy qabul qilinishini maʼlum qilamiz”, deya maʼlumot berilgan.
Gazetaning 2022-yil 2-dekabr sonida Shohrux Rahimovning “Soatli bomba” maqolasi chop etilgan. Orkash muxbir televideniyening daromad manbai boʻlgan, ammo oila davrasida koʻrib boʻlmaydigan reklamalarga qachongacha toqat qilish mumkin, deydi. Maqolada milliy, diniy qadriyatlarimizga zid reklama jamiyat markaziga qoʻyilgan soatli bombaga oʻxshatilgan. “Unutmaylik, qachondir u portlaydi. Oqibati esa juda ogʻir boʻladi”, deya ogohlikka chaqiradi hamkasbimiz.
Maqola yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari D.Saidjonov tahririyatga sip-silliq javob yoʻllaydi. Ularni ham tushunish mumkin. Chunki maqolada nomlari keltirilgan “Orbit”, “Palmolive”, “Relif”, “Kotex Ultra 2020”, “Prostaphytol”, “Escapel” kabi mahsulotlar reklamasini toʻxtatib qoʻyishga Agentlikning qoʻli kaltalik qiladi. Ishonmasangiz, kechqurun televizorni yoqing. “Soatli bomba” ishlayapti.
Zuhriddin Isomiddinovning dori-darmon biznesi va reklamasi haqidagi mulohazalari – “Nahanglar oviga monand” maqolasini olaylik (“Ishonch”, 2022-yil, 46-son). Muallifning kuyunishlari ham qumga singan suvday beiz ketdi. Yoʻqlikka yuz tutgan maqolalariga yuragi achigan tahririyat 2022-yilda 236 ta tanqidiy materialni koʻrib chiqib, munosabat bildirish uchun tegishli hokimlik, vazirlik va tashkilotlarga yuborgani, qator tashkilotlar masʼuliyatni his etgan holda oʻz vaqtida munosabat bildirgani, lekin ulardan yarmidan koʻprogʻi, yaʼni 119 tasi javobsiz qoldirilgani haqida yozadi (“Matbuotga munosabat shumi?”, “Ishonch”, 2023-yil, 9-son).
“Maʼrifat” gazetasida bosh muharrir Husan Karvonlining “Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov diqqatiga” rukni ostida “Denov shaxmat maktabini tiriltiring” sarlavhali maqolasi eʼlon qilingan (2022-yil 6-iyul). Hamkasbimiz shaxmatga eʼtibor mamlakatimizda yildan-yilga kuchayib borayotgan bir paytda Denovda kundan kunga pasayib borayotganiga kuyunadi. Muallif taʼkidiga koʻra, “Denov shaxmat maktabi qayd etayotgan natijalari boʻyicha uncha-muncha viloyatni ortda qoldiradi, desak aslo mubolagʻa emas!”
Surxondaryo viloyat hokimi T.Bobolov jurnalist hasratini koʻrmamish, eshitmamish boʻladi. Viloyat rahbari “Maʼrifat”ga, mamlakat chempioni boʻlgan denovlik shaxmatchilar hayotiga qiziqqanida tahririyatga ikki enlik xat bitgan boʻlardi. Maqolaga Denov tumani hokimligi mujmal javob bergan.
Matbuotga bepisand zamonda jurnalist boʻlish – oʻtish davrida yashagandan ham ogʻir. El-yurt dardi bilan yashaydigan ijodkor uchun yozgan maqolasiga eʼtibor qaratadigan rahbarga duch kelish – bayram.
“XXI asr” gazetasining 26-sonida jurnalist Xolnisa Rahmonqulovaning “Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev diqqatiga!” ruknida “Zafarobodda unutilgan mahalla bor...” sarlavhali maqolasi chop etilgan. Muammolar botqogʻiga botgan “Yorqin” shaharcha fuqarolar yigʻini hududidagi mahallalar ahvolini tasavvur etgan odamning ruhi tushadi. Yoʻl, chiroq, gaz, suv muammo boʻlgan bu hududda ham yangi Oʻzbekiston fuqarolari, ertangi kunga ishonch bilan qarayotgan yurtdoshlarimiz yashayapti, axir! Maqolaga Zafarobod tuman hokimligi Axborot xizmati munosabat bildirib, koʻrsatilgan kamchiliklar tuzatilayotgan jarayondan foto-suratlar yuboradi.
“XXI asr” gazetasining 2022-yil 25-mart sonida “Boshdarxondagi boshboshdoqlik qachon yechim topadi?” sarlavhali tanqidiy maqola eʼlon qilinadi. Sirkasi suv koʻtarmaydigan Samarqand viloyati ekologiya boshqarmasi va Oqdaryo tumani ekologiya inspeksiyasi masʼullari Boshdarxon xalqini va tahririyatni bir oʻtirik bilan aldab qoʻyishadi. Gazeta 18-sonda “Soxta hujjat bilan xalqni aldamang!” deya Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Narzullo Oblomurodovga murojaat etadi. Tahririyat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Salixov murojaatiga yolgʻon maʼlumot bergan samarqandlik ekologlarning zararli zavodni oppoqqa chiqarishdan nima manfaati bor ekan, deya boshi qotadi. Xayriyat, Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati tahririyatga javob yoʻllab, maqoladagi holatlar tasdiqlangani, “Yunusjon ahli” MCHJ faoliyati boʻyicha hujjatlar toʻplanib, sudga daʼvo arizasi kiritilgani maʼlum qilinadi.
“XXI asr” gazetasining 2022-yil 42-sonida Transport vaziri, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ilhom Mahkamovga “...Arz etayin emdi yozib nomalar” sarlavhali ochiq xat yoʻllangan. Chipta uchun belgilangan narxlar inson manfaatini koʻzlaydimi yoxud korporativ manfaatni, deya savol qoʻyiladi. Maqola eʼlon qilingandan qirq kun oʻtib kelgan javobda barcha savollar, falon pulga olingan chiptaning umuman qaytarib olinmasligi qonunchilikka qanchalik mos tushishi haqidagi soʻrov ham ochiq qoladi. Gazeta 50-sonda Ozod Rajabov muallifligida “Tili bilan suyar, dili bilan soʻyar yoxud atayin ochiq qoldirilgan savollar, qonunlarga oshkora bepisandlik va aviakompaniyaning “otpiska”chilik “mahorati” xususida” degan ikkinchi maqolani chop etadi. Maqolada “Uzbekistan airways” rahbarlari ochiq xat muallifini yolgʻonchiga chiqarishga urinishgani haqida ham yozilgan.
Endi baʼzi bir takliflarni aytib oʻtsam. Bugun nima haqda, qaysi mavzuda tahliliy maqolalarga ehtiyoj suv va havoday zarur? Biz bugun nima haqida yozmay qoʻydik? Nega yozmayapmiz? Mafkura, oila haqida, yoshlar, ayniqsa, qiz-juvonlarning tobora chalasavod boʻlib borayotgani haqida kam yozayotganimiz oʻtgan asr boshidagi jadid matbuotidan orqada ekanimizni koʻrsatadi. Ichki tahdidlar – ong-tafakkurdagi mudroqlik, loqaydlik haqida yozmayotganimiz oʻtgan asr oxiridagi matbuotga boʻylasholmayotganimizni bildiradi.
Oʻzbek tilini asrash, unga hurmat koʻrsatish haqida koʻp yozildi, ammo... Soʻnggi uch yildagi voqealar ketma-ketligini bir eslaylik: davlat tilini mamlakat miqyosida bir martagina katta bayram qilgan edik, “ikki boshli burgut” qoʻrqinchli qiyqirdi. Tahdidni koʻrib, tahlikaga tushdik. Keyingi yillar bu sanani tor doirada, quloqqa shivirlash bilan nishonlashga oʻtdik. “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonun borligi ham esimizdan chiqib ketdi. 2021-yil 27-aprel kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishi boʻldi. Kun tartibiga qoʻyilgan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining “Davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida boʻlsin, boshqa tilda boʻlsa davlat tiliga tarjimasi ilova qilinsin, javoblar davlat tilida boʻlsin”, degan 12-moddasi “Ayiq” jazavasidan qoʻrqqan aksar deputatlarimiz tomonidan maʼqullanmadi. Shuytib, davlat tili va unda soʻzlashuvchi egni qisiq xalq yuziga navbatdagi tarsaki tushirildi...
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 2019-yilda tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamentining taqdiri 2022-yil oxiridagi maʼmuriy islohotlardan soʻng muallaq qolmoqda. Jonsarak jurnalist Fozil Farhod yozganidek, bizni aslo kechirma, tilim! Babenkolar bilan ogʻizbirchilik bor ekan, kun koʻrmasliging koʻrinib qoldi (“Maʼrifat”, 2022-yil 10-avgust).
Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi siyosiy, madaniy, iqtisodiy integrasiya haqida deyarli yozilmaydi. Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻlganimiz bahonasida Turkiy olam birligi, istiqboli haqida tahliliy maqolalarga ehtiyoj katta. Bizning birlashishimizga tish-tirnogʻi bilan qarshi davlatlar matbuotida, rasmiy axborot saytlari va siyosatchilar kanallarida bu mavzular oʻrganilmoqda.
Jizzaxda qurilishi rejalangan AES haqida keng qamrovli, tahliliy maqolalar yozilmagani uchun xalq orasida “dedi-dedi” gap koʻp. Prezidentning 16-yanvarda oʻtkazgan majlisi – energetik kollaps tahlilini qayerda oʻqishimiz mumkin?..
Publitsistika, bu – kurash. Publitsistika, bu – xalq minbari. Davlat, jamiyat muammosiz boʻladimi? Oila muammosiz boʻlishi mumkinmi? “Muammoni gapirma...” deyish bu bandai ojizning “kamina insoniy illatlardan pok...” deya daʼvo qilishiga oʻxshaydi. “Hurriyat” gazetasining 46-sonida Hakim Sattoriyning “Publitsistika – jangovar janr nega “yoʻlbars terisini yopingan” qoʻzichoq holiga tushib qoldi” degan tahliliy maqolasini berib savob ishga qoʻl urgan. Yozuvchi ogʻamiz publitsistikaga bepisandlik shoʻrolar davridan boshlanganini dalillaydi: “Agar oʻzbek adabiyotida qatagʻon qilingan shoirlardek layoqatli publitsistlar boʻlganda millatning taqdiri ham, adabiyotning qiyofasi ham boshqacha boʻlardi. Publitsistika – soʻz sanʼatining qudratini insoniyat baxt-u iqboliga yoʻnaltira oladigan hayotiy janr. Unda sheʼriyatga xos nafosat, nasrga xos koʻlamdorlik, dramaturgiyaga xos shiddat bor”.
Hakim Sattoriyning jabrdiyda janr boʻlib qolayotgan publitsistika haqidagi ushbu tadqiqot-maqolasini jurnalist kadrlar tayyorlovchi barcha oliy taʼlim muassalariga tavsiya etish mumkin.
Jadidlar matbuotni bosh islohotchi, umum darsxona, millat tili, millat oyinasi deb atagan edi. Bu aqidaga qarshi shoʻro hukumati bir umr kurashdi, istiqlol davrida ham unga yovqarash qilib oʻtyapmiz. Matbuotning islohotchilik rolini nazar-pisand etmaganimiz oqibatida hatto maishiy muammolar oldida ham esankirab yotibmiz. “Matbuot – olaboʻji” degan qarash kimdan meros qoldi – hayronmiz.
Ijtimoiy tarmoqlar yongʻin oʻchirish xizmati vazifasini zoʻr uddalayapti. Jamiyatga esa muammolar maddalab ketmasidan burun diqqat qaratadigan, chin maʼnodagi tahliliy jurnalistika ham kerak.
Jurnalistlarimiz mavzuning dolzarbligi, hayotiyligiga mos xalq maqollari, ertak va matallari, qoʻshiq va dostonlarimizdagi oʻxshatish, tasvir, kinoyalardan unumli foydalanishi lozim. “Publitsistika” soʻzining oʻzagi “publikus” – omma ekan, demak, muayyan xalqning jon tomiri, tarixi, qadriyatlari, dini, anʼana va urf-odatlariga asoslansa, nihoyatda qiziq, jozibali chiqadi, oʻquvchini maftun etib, bir umr xotirasida saqlanib qoladi. Bu omillar oʻz-oʻzidan publitsistik asarning ifoda, uslubiy oʻziga xosligini koʻrsatadi, eng muhimi, ona tilimizning goʻzalligini, jozibasini namoyon etadi.
Publitsistlarimiz intellektual imkoniyatlari, ijodiy salohiyatini oshirishga jiddiy qarashi lozim. Nega oʻtgan asrda dovruq qozongan, bizning kunlarda “taloq” qilingan felyetonni qoʻmsaymiz. Abdulla Qodiriy yozgan felyetonlar besh yil burun eʼlon qilingan ayrim hikoyalarimizga qaraganda jozibador.
Matbuot – jamiyat koʻzgusi. Jamiyat qanday boʻlsa matbuot ham shunday boʻladi yoki aksincha. Fidoyi jurnalistlar bir ota-onaning bolalariday gap. Kuyunchak qalamkash bitgan maqolasi uchun rahmat oʻrniga tahqirlansa, davlat ishlariga oʻrinsiz aralashish deb baholansa – urdi Xudo! Bunday jamiyatning kelajagi boʻlmaydi. Matbuot fidoyilarining ojiz banda oʻlaroq bir orzusi bor. Qani edi, gazeta-jurnaldagi tanqidiy materialga bepisand munosabatda boʻlgan vazir yoki hokim Prezident farmoni bilan vazifasidan ozod etilsa!
Bir olimdan “Xalqimizning psixologik portreti qanaqa?” deya soʻraganimda, u menga siniq jilmayib, “Biz boshqarilishga moyil xalqmiz...” degan edi. Shundan beri koʻnglimda “Boshqaruvchi xalqlar asli obi gil emasmikan”, degan ishtiboh bor. “Tepa”ga qarab turishimiz bejiz emas ekan. Matbuotni oʻgaylash siyosatini “tepa”ning oʻzi oʻnglasin-da, ishqilib.
Olim TOSHBOYEV
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist,
filologiya fanlari nomzodi