Mehmon

Chorrahada uchratdim uni, egnidagi rido va qoʻlidagi asodan boʻlak hech vaqosi yoʻq, yuzini anduh pardasi oʻrab olgan. Avvaliga hol-ahvol soʻrashdik, soʻng uni uyimga taklif etdim, “Menikiga marhabo, birodar, aziz mehmonim boʻl”, dedim.

U menga ergashdi.

Ostonada bizlarni ayolim va bolalarim qarshi olishdi, mehmon oilam aʼzolariga tabassum qildi, ular uyimizga mehmon kelganidan mamnun edilar.

Dasturxon atrofiga oʻtirdik, uning tashrifidan masrur edik, qandaydir sokinlik va sirlilik zohir edi uning chehrasida.

Kechki taomdan keyin gulxan qarshisida oʻtirar ekanmiz, undan darbadarlikda kechirgan sarguzashtlari haqida soʻradim.

Oʻsha kecha ham, undan keyingi kechada ham u bizga koʻpdan-koʻp sarguzashtlarini soʻzlab berdi, roviy naqadar xotirjam boʻlmasin, kamina keyinchalik qogʻozga tushirgan rivoyatlar uning darbadar kunlari alamidan dunyoga keldi.

Uch kundan soʻng u bizni tark etdi, biz bu holni mehmon uyimizdan ketganidek emas, balki oilamizdagilardan biri tashqariga chiqib, bog‘ oralab yurgan-u haligacha qaytmagani kabi qabul qildik.

Libos

Bir kuni Goʻzal va Xunuk dengiz qirgʻogʻida uchrashib qolishdi. “Dengizga tushib choʻmilmaymizmi-a?” deyishdi ular bir-biriga.

Ikkovlon yechinib xoʻb choʻmildilar. Birozdan soʻng Xunuk qirgʻoqqa qaytdi-yu, Goʻzalning libosini egniga ilib, yoʻliga ravona boʻldi.

Goʻzal ham suvdan chiqdi, zehn solib qarasa liboslari yoʻq, yalangʻochligidan hayo qilib, noiloj Xunukning ust-boshiga oʻrandi va yoʻliga ravona boʻldi.

Oʻsha kundan buyon erkag-u ayol ikkovini nuqul adashtirib yurarmish.

Ikki malika

Shavakis otlig‘ kentda bir shahzoda yashardi. Erkag-u ayol uni birday sevishardi. Hatto qirlardagi jonzotlar ham unga taʼzim qilish uchun har tong huzuriga kelardi. El ogʻzida boʻlsa, bu shahzodani rafiqasi aslo xushlamaydi, hatto undan nafratlanadi ham, degan gap-soʻz yurardi.

Kunlarning birida qoʻshni kentning malikasi Shavakis malikasini koʻrgani keldi. Malikalar suhbat qurarkan, erlari haqida ham gap ochildi.

 Shavakis malikasi joʻshib soʻz boshladi:

– Turmushingizga koʻp yillar boʻlgan esa-da, shahzodangiz bilan baxtli hayot kechirayotganingizdan baʼzan hasadim qoʻziydi. Mening esa erimni koʻrarga koʻzim yoʻq.  U yakka oʻzimga tegishli boʻlishini istardim, ammo afsus, olamdagi eng baxtsiz ayol men boʻlsam kerak.

Mehmon malika unga uzoq tikilib turdi-da, soʻngra soʻz qotdi:

– Dugonajon, siz shahzodangizni sevasiz – haq gap shu. Unga tashna bir ehtiros ila bogʻlangansiz. Bunday hayot gulbog‘ uchun bahor yanglig‘ zarur. Ammo menga harchand achchiq qilsangiz arzir, chunki biz sassiz bir sabr ila bir-birimizga koʻnishdan boʻlak hech ish qilganimiz yoʻq. Koʻplar buni baxt deb hisoblaydi.

Chaqin

Oʻshanda boʻronli kun edi, nasroniy rohib cherkovda biqinib oʻtirardi. Uning huzuriga bir gʻayridin ayol keldi.

– Men tarso emasman, – deya gap boshladi ayol. – Kamina uchun doʻzax olovidan omon qolishning biror iloji bormi?

Rohib ayolga bir qur nazar soldi-da, javobini bayon etdi:

– Aslo, yoʻq! Muqaddas suv ila choʻqintirilganlardan boʻlak hech kimsaga jahannam olovidan omonlik berilmas!

Rohib soʻzini yakunlashga ulgurmasidan quloqlariga gumburlagan ovoz chalindi; tomga chaqin tushib, cherkov bir zumda alanga ichida qoldi. Shu yerlik odamlar yugurib kelib, ayolni qutqarib olishdi. Ammo rohib alanga komida jizgʻanagi chiqib, allaqachon nobud boʻlgandi.

Zohid va hayvonlar

Bir zohid yam-yashil tepaliklar bagʻrida yolgʻiz umrguzaronlik qilardi. Ruhiyati tamiz va koʻngli oq edi uning. Yer yuzidagi barcha hayvonlar, koʻkdagi jami parrandalar zohid huzuriga juft-juft boʻlib kelar, uzoq-uzoq suhbat qurardilar. Ular zohidni jon quloqlari bilan tinglardilar, atrofida toʻplanmoqdan shodlanardilar, qosh qorayib, zohid ularni shamol va oʻrmonga omonat aylab, duolari bilan kuzatib qoʻymaguncha undan ayrilmoqni ixtiyor etmasdilar.

Shunday oqshomlardan birida zohid ishq haqida vaʼz oʻqirkan, qoplon unga savol berdi:

– Bizga ishq bobidan soʻz ochayotirsan, birodar. Xoʻsh, endi bizga ayt-chi, sening jufting qayerda?

– Kaminaning jufti yoʻq, – javob qildi zohid.

Shu zahoti majlisda shovqin-suron koʻtarildi. “Oʻzi hech baloni bilmas ekan, bu kishi qanday qilib bizga ishqdan va qovushmoqdan dars beradi?” deya gʻoʻldirashdi jonzotlar. Ular zohidning xilvatgohini besas va bepisand tark etishdi.

Oʻsha kecha zohid boʻyrasiga yuztuban yotgancha achchiq-achchiq koʻz yoshi qildi, koʻksiga mushtladi.

Inju

– Ichimda kuchli ogʻriq sezyapman: ogʻir va yumaloq nimarsaday bir ogʻriq, – dedi bir chigʻanoq qoʻshni chigʻanoqqa.

– Shukurlar boʻlsin falakka va dengizgakim, dard degan narsa yoʻq ichimda. Sogʻligʻim joyida, na ichimda, na tashimda biror shikoyat bor, – magʻrurlik bilan javob qildi narigi chigʻanoq.

Oʻsha vaqtda qisqichbaqa shu oradan oʻtib ketayotib, ularning suhbatiga guvoh boʻldi va ichimda ham, tashimda ham shikoyatim yoʻq degan chigʻanoqqa qarab, dedi:

– Toʻgʻri, sening sogʻligʻing joyida, ammo qoʻshning tortayotgan dard uning ichidagi goʻzal injudan darak berayotir.

Badan va ruh

Bahor havosiga ochilgan derazaning oldida bir erkak va bir ayol yonma-yon oʻtirardi.

– Sizni sevaman. Siz basavlatsiz, badavlatsiz, doim chiroyli kiyinib yurasiz! – dedi ayol.

– Seni sevaman. Goʻzal bir xayolsan, kaftda tutib boʻlmas nimarsasan, tushlarimdagi qoʻshiqsan goʻyo, – javob qildi erkak.

Ammo ayol undan oʻpkalangan boʻlib, nari surildi.

– Azizim, – dedi ayol, – darhol meni tinch qoʻying. Men na bir xayol va na bir tushingizdagi nimarsa ham emasman. Ayolman men, ayolman! Kaminani jufti halol va boʻlgʻusi bolalaringiz onasi sifatida koʻrishingizni istardim.

Soʻngra erkak va ayol ayrildilar. “Afsus, yana bir orzu sarobga doʻndi”, deb oʻyladi erkak yoʻliga ravona boʻlarkan. Ayol esa, “Odamni tush bilan roʻyoga mengzaydigan erkakdan nimayam kutib boʻlardi?” degancha jigʻibiyron boʻlib ketayotgandi.

Qirol

Sodiq qirolligi aholisi qirolga isyon oʻlaroq saroy atrofini qurshab oldilar. Bir qoʻlda toj, birida aso ila shohona pillapoyalaridan tushib keldi qirol. Yuzidagi ulugʻvorlik olomonni tinchlantirdi, qirol xalqining istiqboliga chiqarak soʻz qotdi:

– Birodarlarim, bundan buyon mening izmimda emassiz, mana toj-u, mana aso – barini sizlarga berajakman. Kamina ham sizlarning biringiz boʻlgay. Men-da bir insonman siz kabi, bir inson oʻlaroq mulkimiz yana-da koʻpayishi uchun sizlar bilan ter toʻkmoq istayman. Bu yurtda endi qirolga hech ehtiyoj yoʻq. Dalalar-u uzumzorlarga yoʻl solaylik va yengimizni mehnat uchun shimaraylik. Faqatgina qaysi dala yoxud uzumzorga bormoqni aytsangiz bas. Alhol har biringiz qirolsiz!

Olomon hayratdan yoqa ushladi, qiyofalarda sassizlik hukmron edi, zero barcha noxushlikka sabab deb oʻylaganlari qirol aso-yu tojini qoʻshqoʻllab xalqqa topshirib, oʻzi ham koʻzlari oʻngida ulardan biriga doʻngandi.

Soʻng hamma oʻz yoʻliga ravona boʻldi, qirol ham kimgadir ergashgancha dalaga tomon yoʻl soldi.

Ammo Sodiq qirolligida hayot oʻnglanmoq oʻrniga battarlashdi, qirolsiz ham noxushliklar koʻlankasi hanuz tark etmagandi oʻlkani. Xalq qirolni taxtga qaytarmoq uchun tagʻin bozorjoyda gʻala-gʻovur koʻtaraverdi. Yosh-u qari bir ovozda “Bizga qirol kerak” deb vovaylo qildi.

Qirolni izlashga tushdilar va qay bir dalada javlon urayotganida topdilar; taxtiga qayta oʻtqizib, toj-u asosini qayta qoʻliga tutqazdilar va dedilarki:

– Alhol bizni qudrat va adolat ila boshqarsangiz!

– Qudrat ila boshqarmogʻim shaksiz, inchunin, yer-u samo tangrilari madadkorim boʻlsa, xalqimni adolat ila ham boshqargayman, – javob qildi Qirol.

Bir kuni uning huzuriga bir toʻp erkag-u ayoldan iborat olomon keldi va ularga nojoʻya munosabatda boʻlgan barondan shikoyat qilishdi. Shu onning oʻzida qirol baronni chaqirtirib, dedi:

– Bir insonning hayoti Tangrimning tarozusida boshqasiniki bilan teppa-tengdir. Shunday ekan, sen dala-yu uzumzorlaringda ter toʻkkan kishilarning izzatini bilmaganing uchun surgunga hukm qilingaysan va zinhor bu yerlarga qadamingni bosmagaysan!

Ertasi kuni oʻzga bir toʻp olomon kelib, togʻlar ortida yashovchi grafinyadan, uning xalq boshiga solayotgan zulmidan arz etdilar. Shu zahoti grafinyani saroyga keltirdilar va qirol uni ham surgunga hukm qilarak, dedi:

– Dalalarimizda ter toʻkib, uzumzorlarimizni parvarishlaguvchilar bizday asilzodalardan avlodirlar. Bizdaylar ular pishirgan nonni paqqos tushirib, ular tayyorlagan musallasni ichishdan boshqasiga yaramaymiz. Bundan voqif boʻlmagan ekansan, qirollikni tark etib, bu yerlardan uzoqqa gumdon boʻlgaysan!

Soʻngra yana bir guruh erkag-u ayol kelib, rohib cherkovga deb gʻisht tashitgani, tosh yoʻndirganini aytishdi va evaziga hech vaqo bermaganidan arz qilishdi. Rohibning sandigʻi siym-u zarga toʻla-yu, uning uchun mehnat qilgan avomning qursogʻi boʻm-boʻsh ekanidan nolidilar. Qirol tezda rohibni huzuriga chaqirtirib, dedi:

– Koʻksingda osigʻliq turgan mana bu xoch yaxshilikka yaxshilik ila javob bermoqni uqtiradi. Ammo sen birovning yaxshiligini qabul qilib, evaziga hech vaqo bermabsan. Inchunin, qirolligimizni tark etib, bu yerlarga boshqa qadam bosmaslikka mahkumsan.

Shunday qilib bir oy mobaynida har kuni toʻp-toʻp olomon qirol huzuriga kelaverdi arz-u dodi bilan. Shunday qilib, qirollikdan bir oy mobaynida har kuni zulmkorlar badargʻa qilinaverdi.

Bu holdan hayratga tushgan Sodiq qirolligi ahlining yuraklari kunba-kun quvonchga toʻlib borardi.

Bir kuni yosh-u qari saroy atrofida toʻplanib, oliy hazratni chaqirdilar. Qirol bir qoʻlida toj, boshqasida aso tutgancha xalqiga peshvoz chiqdi va dedi:

– Alhol nima istaysiz mendan? Istasangiz, oʻzingiz kaminaga topshirgan toj-u taxtni qaytarib berayin.

– Yoʻq-yoʻq, siz adolatli qirolimizsiz. Yerimizni zararkunandalardan forig‘ etdingiz, qashqirlarni quvgʻin qilib, kunini koʻrsatdingiz, rahmatimizni izhor etgali sizga bagʻrimizni ochmoqdamiz. Toj koʻrkamligi ila sizningdir, aso ulugʻvorligi ila sizningdir, olampanoh, – deya gurros shovqin soldi olomon.

– Zinhor, men emas. Siz oʻzingiz qirolsiz. Siz meni bir zaif va johil qirol oʻlaroq koʻrganingizda, aslida oʻzingiz zaif va johil edingiz. Alhol oʻlkamizning ahvoli durust, chunki bu sizning irodangiz. Kamina sizlarning zehningizdagi bir tushunchaman, xolos. Aslida, sizning irodangiz ila tirikman. Bunda biror rahnamo kimsaning oʻzi yoʻq. Oʻzlariga bir rahnamo istagan yoʻlovchilargina bor, – deya oqilona javob qildi qirol.

Qirol koʻnglida kechganini aytib, bir qoʻlida toj, birida aso bilan saroyiga qaytib kirdi.

Yosh-u qari kelgan yoʻllariga ravona boʻldilar, har kimsaning ogʻzi qulogʻida edi. Har kas oʻzini bir qoʻlda toj-u, birida aso tutgan qirol his etardi goʻyo.

Qirgʻoqda

Bir kishi yonidagi kimsaga soʻz qotdi:

– Koʻp zamonlar oldin, dengiz toʻlqinlari yuqorilagan chogʻda, hassamning uchi ila qum sirtiga bir misra bitgandim. To hanuz kimsalar kaminaning bitganini oʻqimoq uchun oyoq ilib oʻtarlar va bitikni oʻchirib yubormaslik uchun oyoq uchida yurarlar.

– Men-da qum sirtiga bir misra bitgandim, ammo unda dengiz toʻlqinlari pastlagan edikim, buyuk nahrning toʻlqinlari yozganimdan asar ham qoldirgani yoʻq, – dedi yonidagi kimsa. – Sir boʻlmasa, siz nima deb yozgan edingiz?

– “Men tanhoman” deb yozgandim, – dedi birinchi kishi. – Xoʻsh, oʻzlari nima bitgandilar?

 – “Men shu ulkan nahrning bir tomchisiman, xolos” deb yozgandim, –
javob qildi ikkinchi kishi. 

Qoʻriqchi farishtalar

Bir oqshom ikki farishta kent darvozasi oldida toʻqnash keldilar, koʻrishdilar va gurunglasha boshladilar.

– Shu kunlarda nimalar bilan mashgʻulsan, zimmangga qanday vazifa yuklandi? – soʻradi birinchi farishta.

– Shu desang, vodiy etagida yashovchi tushkun, gunohga botgan, ruhi soʻnik bir kishini qoʻriqlashga yollanganman. Ishontirib aytamanki, yelkamdagi vazifa juda muhim, buni eplashning oʻzi boʻlmaydi, – javob berdi ikkinchi farishta.

– Heh, bundan osoni bor ekanmi? – dedi birinchi farishta. – Kamina koʻpdan-koʻp gunohga botganlarni koʻrgan, koʻp bor ularga qoʻriqchilik qilishni ham qoyillatgan. Lekin bu gal huv naridagi kulbada istiqomat qiluvchi xushfeʼl bir avliyoni qoʻriqlash buyurilgan. Ishontirib aytamanki, oʻta darajada mushkul va injiq ish mana shu.

– Karamshoʻrvangni qoʻysang-chi, ogʻayni, – deya eʼtiroz qildi ikkinchi farishta. – Hech zamonda avliyoni qoʻriqlash gumrohga koʻz-quloq boʻlishdan ham qiyin boʻlarkanmi?

– Qanday bedodlik boʻldi bu, karamshoʻrvamish-a? – tutaqib ketdi birinchi farishta. – Senga haq gapni aytyapman. Menimcha, bu yerda safsata soʻqiyotgan yolgʻiz sensan.

Ikki farishta bahslashib, bir-birining goʻshtini yedi; bir-birlariga avval soʻzlar bilan, keyin musht va qanotlar bilan hamla qilishdi.

Ikkovlon jiqqamusht boʻlib turganda mojaro ustiga farishtaboshi kelib qoldi. Avval ularni ajratib, soʻng soʻradi:

– Nega talashyapsiz? Nimani boʻlisholmayapsiz, axir? Qoʻriqchi farishtalarning kent darvozasi oldida yoqalashayotgani naqadar xunuk koʻrinishini bilasizmi oʻzi? Xoʻsh, soʻylangchi, oʻrtangizdan qaysi olamushuk oʻtdi ekan?

Shunda ikkala farishta ham baravariga gapirishib, oʻzlariga berilgan vazifaning qiyinroq ekanini va ularning xizmati yaxshiroq eʼtirof etilmogʻi lozimligini aytdilar.

Farishtaboshi qansharini qashlab, biroz oʻyga toldi. Soʻng qarorini bayon qildi:

– Birodarlar, alhol qay biringiz koʻproq eʼtirofga sazovor ish qilayotganingizni aytmoqqa ojizman. Biroq toki yelkamda tinchlikni saqlamoq va qoʻriqchilikni nazorat qilmoq masʼuliyati bor ekan, yaxshisi sizlarning vazifalaringizni almashtirib qoʻyayin, kimning ishi mushkulligini shunda oʻzingiz xulosa qilursiz. Alhol aytilgan yerga borib, ishingiz bilan mashgʻul boʻling.

Shunday qilib farishtalar yoʻlga ravona boʻldi. Biroq ikkisi ham ortiga boqib, farishtaboshiga mislsiz nafrat koʻzlari bilan qaradi. Ikkovi ham ich-ichidan shunday deyotgandi:

– Voy, bu farishtaboshi tushmagur! Qachon qarama biz xizmatchi farishtalarning ishini qiyinlashtirgani qiyinlashtirgan!

Ammo farishtaboshi joyidan jilmas, tagʻin oʻyga tolgandi.

– Eʼtiborli boʻlish va qoʻriqchi farishtalarning nazoratida sobit turish burchimizdir, – deb qoʻydi u ham ichida.

Haykal

Ancha zamonlar burun tog‘ bagʻrida bir kishi yashar, uning hovlisida qadim zamonlarda oʻtgan dongdor usta tomonidan yasalgan tosh haykal bor edi. Oʻsha haykal togʻlik kishining eshigi oldida yuztuban yotar, egasi unga umuman eʼtibor qilmasdi.

Bir kuni uning eshigi oldidan shaharlik kishi oʻtib qoldi. Shaharlik zukko odam edi, yerda yotgan haykalni koʻriboq, haykal sohibidan sotishini iltimos qildi.

– Bu almisoqdan qolgan palid toshni kim ham sotib olardi? – dedi sohib kulgiga olib.

– Haykal evaziga bir kumush tanga beraman, – dedi shaharlik.

Bunday taklifdan haykal sohibi garangsib, ogʻzi qulogʻiga yetdi. Qanday rozi boʻlganini oʻzi ham bilmay qoldi.

Haykalni filga ortib, shaharga eltdilar. Oradan oylar oʻtib, togʻlik kishining yoʻli shaharga tushdi; koʻchalardan oʻtib borarkan, bir doʻkon oldida toʻplangan tumonat odamni va olomon oʻrtasida tomogʻini yirtib javrayotgan kishini koʻrdi.

– Keb qoling, olam-jahondagi eng goʻzal va eng gʻaroyib haykalni tomosha qiling!  Shunday muhtasham sanʼat asarini koʻrish atiga ikki kumush tanga, kep qoling!

Togʻlik kishi ikki kumush tanga toʻlab, ancha ilgari oʻzi bir kumush tangaga pullagan sanʼat asarini koʻrgali doʻkon ichiga kirdi.

Jubron Xalil Jubron

(1883–1931)

Ingliz tilidan Shohrux Usmonov tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025-yil 6-son.