O‘qituvchi bergan uy vazifasini bajargan oʻgʻil yo qizini “charchab ketdi”, “muncha koʻp vazifa berishadi”, deb boladan koʻproq noliydigan, farzandining sogʻligini oʻylab emas, uning xohish-istaklariga qarab taomlantirib, kiyinradigan, qoʻyib bersang kuni boʻyi oʻynab, yugurib charchamaydigan oʻsmir farzandi oʻtirib ketishi uchun avtobusda kattalar bilan joy talashadigan, balogʻatga yetgan nuridiydasining paypogʻigacha yuvib berishni oddiy holat deb bilgan ota-onalar (va hokazo) oz emasmiz.

Aslida, toʻrt muchasi sog‘, aql-u hushi joyida tugʻilgan bolaning jismoniy, aqliy imkoniyatlari biz oʻylagandan ancha koʻproq. Tuproqni yorib chiqqan giyohda lahza sayin oʻsib gurkirash ehtiyoji boʻlganidek, inson bolasi jismi, fitratida ham ulgʻayish ehtiyoji va bunga imkoniyatlar jam.

Yodimdan chiqmaydi: tugʻruqxonada 40 yoshida oʻgʻil koʻrgan ayol hamxonam uzoq kutilgan farzandi tugʻilgach, qattiq hayajonlanganmi, suti kelmay qoldi. Shifokorlar goʻdakka barmoqdekkina shishachada sunʼiy ovqat berib turishni aytishdi.

Oʻsha kuni yarim kechada hamxonamning chaqalogʻi bigʻillab yigʻlay boshladi, murgʻakkinaning lablari koʻkarib ketgandi. Maʼlum boʻldiki, kecha onasi chaqaloqqa shifokorlar aytganidek ikki emas, uch mahal sut bergan ekan. “Nimaga unaqa qildingiz?” degan savolga lablari titrab: “Bolamning qorni yaxshi toʻysin dedim-da”, – deb javob berdi.

Asalni ham meʼyorida yegan yaxshi. Hayotda hamma narsa, jumladan, mehribonchilik ham oʻz oʻrnida, meʼyorida, toʻgʻri maqsadga yoʻnaltirilgan boʻlsagina, kutilgan mevasini beradi.

***

Doktor Muhammad Xoniy hikoyasi:

Bir kuni mashinada oʻtirgandim. Bir bola kelib “Old oynangizni tozalab beraymi?” dedi. Ajoyib qilib yuvdi. Unga 20 dollar bergandim, bola:

– Amerikadan keldingizmi? – deb soʻradi.

– Ha.

– Tozalash haqini olmay, evaziga Amerika universitetilari haqida soʻrasam maylimi? – dedi.

– Yoshing nechchida? – deb soʻradim.

– Oʻn oltida.

Arab mamlakatlari maktablarida oʻqitiladigan fanlarning murakkabligi oʻquvchilar yoshiga qarab turlicha boʻladi. Bu bolaning yoshi kichik boʻlsa ham, barcha fanlardan baholari besh boʻlgani uchun bir necha yil oldin katta bolalar oʻqiydigan maktabga oʻtkazishgan ekan.

Otasi ikki yoshida vafot etgan, onasi bir xonadonda xizmatchi ekan. Bola bilan singlisi koʻchada ishlasharkan.

– Eshitishimcha, Amerika universitetlarida aʼlochi talabalarga stipendiya berilar ekan, – dedi.

– Bu yerda senga yordam beradigan odam bormi, – deb soʻradim.

– Oʻzimdan boshqa hech kim.

Ovqatlanishga birga borishni taklif qildim. “Orqa oynani artib berish sharti bilan”, deb rozi boʻldi u. Oshxonada taomni oʻzi yemadi, onasi va singlisiga olib borish uchun xalta keltirishlarini soʻradi.

Ingliz tilida ravon gaplashishini sezdim. Bola hamma ishni mahorat bilan chiroyli bajarardi. Hujjatlarini menga yuborishini, men ularni Amerikaga joʻnatishga urinishimni kelishdik. Olti oy oʻtib, u Amerika universitetiga oʻqishga qabul qilindi. Oʻshanda menga qoʻngʻiroq qildi: “Allohga qasamki, biz uyda quvonchdan yigʻlayapmiz”.

Ikki yildan keyin “The New York Times” gazetasida zamonaviy texnologiyalar sohasidagi eng yosh olim sifatida uning nomi chiqdi. Oilam bilan bundan juda xursand boʻldik. Ayolim bildirmay bolaning onasi va singlisi uchun viza yuboribdi. Bola ularni Amerikada koʻrib, na gapira olardi, na yigʻlay olardi.

Bir kuni u tashqarida mashinamni yuvyapti. Kutilmagan holdan uni quchoqlab oldim va “Nima qilyapsan?” dedim. Shunda u: “Oʻzimning qanday ahvolda boʻlganim va siz men uchun nimalar qilganingizni unutmasligim kerak”, dedi.

Falastinlik bu yigitning ismi Farid Abdul Oliy boʻlib, bugun u AQShdagi Garvard universitetining eng afzal va mashhur professor oʻqituvchilaridan biri.

Oʻz xalqimiz orasida ham bunaqa ibratli taqdir sohiblari oz emas. Texnika fanlari doktori Abdurashid Otaxonov (Alloh rahmat qilsin!) oʻtgan asrning urushdan keyingi yillarida maktabni aʼlo baholarga bitirgach, radiotexnikaga juda qiziqqani uchun otasi Namangan temir yoʻl vokzalidan bir quti pomidor bilan (sotib tirikchilik qilishi uchun) Toshkentga kuzatgan ekan.

Toshkent aloqa texnikumiga kirib oʻqiyotgan Abdurashid ham Sankt-Peterburg radiotexnika institutiga oʻqishga tavsiya etiladi. U shunday eslardi: “Pochalari yirtilib ketgan bittagina shimim bor edi, shuni kiyib Sank-Peterburgga borganimizda, bizni kutib olgan rus kishi hammaga qarab chiqib, men tomonga ishora qilib nohush kayfiyatda rahbarimizga nimadir deganini koʻrib, sezib turganman”.

Bir yil ham oʻtmay, kelganida rus tilida tuzuk-quruq gapirishni bilmagan shu yigit kursdoshlari ichida, ikki-uch yilda esa institutda eng iqtidorli, ilmiy izlanishlari bilan tanilib qolgan talabaga aylanadi. Institutni bitirib, texnika, kosmonavtika sohasida nomdor, obroʻli rus olimlarining beayov soʻroq-savollari elagidan oʻtib texnika fanlari nomzodi, doktori ilmiy darajalarini oladi.

Yoshi kattalar yaxshi eslaydilar: televizor chiqqan dastlabki oʻn yilliklarda ekranlardagi tasvirlar xira, nuqta-nuqta dogʻlar bilan koʻrinardi. Abdurashid Otaxonov kashf etgan texnik moslamalar yordamida ana shunday noqisliklar yoʻqolib, ekrandagi tasvirlar tiniq koʻrina boshladi.

Sobiq sovet tuzumi davrida bir necha kosmonavtlarning fazoda uchishini kuzatib oʻtirgan olimlar orasida oʻzbek farzandi Abdurashid Otaxonov ham bor edi. Otaxonovning kashfiyoti tufayli yerdan fazoga uzatilgan videotasvirlar sifati ortgan, tasvirlar tiniq koʻrinadigan boʻlgan.

Texnika fanlari boʻyicha xalqaro ilmiy akademiyalarning muxbir aʼzosi boʻlgan Abdurashid Otaxonovning ixchamgina jussasidan hamisha gʻayrat, koʻzlaridan samimiyat-u jiddiyat yogʻilib turardi. Bu kamtar insonning toʻrt oʻgʻil va bir qizi bir necha tilni yaxshi oʻrgandilar, dunyoning eʼtiborli universitetlarida puxta bilim olishdi. Hozir kenja Sharof Otaxonov Amerikadagi universitetda dars beradi.

“Bola hech qachon bekor turmasligi kerak. Uning qalbida tinmay oʻqish, mehnat qilishga ehtiyoj barqaror boʻlmaguncha, ota-ona nazorat qilishi, bolani bekor qoʻymasligi, mashgʻulotlaridan boxabar boʻlib turishi kerak” – Abdurashid Otaxonovning shiori shunday edi. Uning farzandlariga nisbatan talabchanligi, qattiqqoʻlligi, qatʼiyatini koʻpchilik dastlab shafqatsizlik deb baholagan boʻlsa, natijalarni koʻrgach, undan ibrat ola boshlaganlar.

Yuqoridagi hayotiy misollardan dilbandining kelajagi oʻzi hamda xalq-u Vatan uchun xayrli, baxtli-saodatli boʻlishini chin dildan istagan ota-onalar xulosa chiqaradilar, degan umiddaman.

Zero, haddan ortiq erkalatishlar, quruq maqtovlar, kerak-nokerak ragʻbat-u sovgʻalar, avaylashlar yosh qalbni eʼtibortalablik, oʻzini boshqalardan balandroq tutish, doimo faqat maqtov eshitishga talabgorlik tuygʻusiga qul qiladi.

Muhtarama ULUGʻOVA,

Oyina.uz