Barcha bayramlar bilan bogʻliq xotiralarim bor. Biri biriga oʻxshamaydi. Gapirib bersam boʻyi boʻyim tengi qizimning kulgisi kelaveradi. Uning yoshida onam yoki buvimning bolalik xotiralari hayratimni oshirsa oshirardi-ki, aslo kulgimni qistamagan. Qizimning bu holatiga ajablanmayman. Negaki, mening bolaligim mustaqillikning ilk yillariga toʻgʻri kelgan. Shu yillar orasidagi olamshumul islohotlar barchani hayratlantirishi va oʻsha ilk yillardagi voqealar bugunning bolasini ajablantirishi (hatto kulgisini keltirishi) tabiiy.
Bir necha yildir-ki, mustaqillik bayrami tadbirini oilaviy teleekran orqali qoldirmay tomosha qilamiz. Bu yil Prezidentimizning xalqimizni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, yoʻllagan nutqi bolalik va soʻnggi yillardagi xotiralarimni yana bir bor esga soldi.
1998-yil. 10 yoshli qizaloq edim. Mahallamizda barpo etilgan guzarning ochilishi katta bayramga aylanib ketdi. Tadbirda oʻsha paytdagi viloyat hokimi – Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham ishtirok etdilar. Tantanaga “Ravalliq” mahallasi aholisi, qolaversa, qoʻshni mahallalar, viloyat boʻyicha mehmonlar ham kelishgan, katta sayl tashkil etilgan edi. Hokimning aholi bilan suhbati, mahallani rivojlantirish borasidagi takliflari dadasining qoʻlidan mahkam tutib olgan qizaloqning qulogʻi ostida hali hanuz jaranglaydi.
Prezidentimiz tabrigida taklif etilgan yettita milliy dasturning biri – mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yoʻnaltirilishi, bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanayotgani meni yana-da quvontirdi. Bu oʻsha – 10 yoshli qizaloq xotirasidagi mahallani sevish, uni rivojlantirish kerak, degan tushunchani bergan takliflarning yangi va baland yoʻsinda boʻy koʻrsatayotganidan dalolat, desam yanglishmayman.
“Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir”, deya alohida taʼkidladi davlatimiz rahbari. Ayni paytda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya aʼzolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Shu bois yana bir milliy dastur – Oʻzbekistonning tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat ekanligi aytib oʻtildi. Bu tashabbusni eshitarkanman, bolaligimdagi yana bir voqea yodimga tushdi.
Hovlimiz katta, shunga yarasha yumush ham koʻp edi. Biz toʻrt opa-singil hali roʻzgʻor ishiga qoʻlimiz kelishmaydigan payt. Dadam kuni bilan ishda, ayam esa uy ishlari bilan ovora boʻlardilar. Bu yumushlar, ayniqsa, chorvaga qarash onamga ogʻirlik qilmasligi uchun Valentin amakini biznikida yashash va hovli ishlariga yordamlashishga koʻndirdilar. Dadam avvaldan tanib, yordam berib kelgan amaki eski ijara uylarda yashab, kunlik ogʻir yumushlarni bajarib yurgan ekan. Shu bois bog‘ toʻridagi uyga barcha sharoitni qilib, amakini koʻchirib keldik.
Valentin amaki qarib qolgan boʻlsa-da, uy ishlarini yaxshi bajarar, bizga esa oʻz bobomizdek ardoqli boʻlishga ulgurgandi. Dadam doim amakini hurmat qilishimizni tayinlar, mehnatlariga yarasha haq toʻlab, har bayramda sovgʻa berishni odat qilgan edi. Oʻylab qarasam, boshqa millat vakillariga boʻlgan mehr va hurmatni bolaligimdan dadam ong-u shuurimizga singdirgan ekan.
90-yillarning oxirlarida mahalla va qishloqlardagi kam taʼminlangan oila farzandlariga qishlik kiyim-boshlar berilganini koʻpchilik yaxshi eslasa kerak. Ayrim sinfdoshlarimiz ham mana shu roʻyxatda turar va yiliga davlat tomonidan berilgan kurtka, etiklarni kiyishardi. Oʻziga toʻq oilada yashaydigan aksar sinfdoshlar oʻsha bolalarni masxara qilar, men esa bola aqlim bilan negadir bu holatdan achchiqlanardim. Insonni boy yoki kambagʻal deb ajratmaslik kerakligini aytib, ularni koyib beraverardim. Bu kuyunchaklik, kelgusida ijtimoiy himoya yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishini olib borishimga turtki boʻlgandir, balki...
Prezidentimiz nutqidagi quyidagi jumlalarga eʼtibor beraylik: “Kambagʻallik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining taʼlim olishi va yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimini yoʻlga qoʻydik. Izchil saʼy-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambagʻallik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida roʻzgʻoriga baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuygʻulari mujassam”.
Faxrlansa arziydigan ushbu fikrlarni eshitib buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning bir bayti yodimga tushdi:
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay…
Yurtboshimiz oʻz nutqida “Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon boʻlishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan gʻoyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik”, deya taʼkidladi.
Bu gaplarga hamohang yana bir voqea yodimga tushadi: 2000-yillarning boshi. Sentyabr kelishi bilan hali yangi kiyimlarimizni kiyib ulgurmasimizdan barcha yuqori sinf oʻquvchilarini paxta dalasiga olib ketishdi. Katta yuk mashinasining orqasiga dugonalari yordamida arang chiqib olgan mendek nimjon qizning dalada javlon urib paxta terishiga hech kimning koʻzi yetmasdi. Hatto oʻzimning ham. Shunday ham boʻldi. Har dushanba ertalab soat 7:00 dan maktab direktori “lineyka” oʻtkazar, paxta sarhisobi qilinardi.
– Mahkamova, paxta terish sheʼr yozish emas, – deb gap boshladi maktab direktori dafʼatan.
– Nega ustoz? – dedim 500 nafar oʻquvchi orasidan chiqarkanman, noqulay boʻlib.
– Tengdoshlaringizdan eng kam siz tergansiz, umuman barcha oʻquvchilardan sizning koʻrsatkichingiz past…
Sinfdoshlarim kulib yubordi. Alamdan koʻzimga yosh keldi.
Oʻsha kuni kechgacha kayfiyatim boʻlmay yurdim, uyga kelib, dadamga boshqa dalaga chiqmasligimni aytib, yigʻlab yubordim.
– Paxta terishdan koʻrsatkiching past boʻlsa ham, oʻqib, bilim olishdan natijang yuqori boʻlsin. Men kelajagingni paxta dalasida emas, kasbining yetuk egasi sifatida koʻrgim keladi, deb ovutdilar dadam sochlarimni silarkan.
Oʻylab qarasam, dadam oʻshanda kelajakda inson qadri ulugʻlanib, majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan voz kechilishiga umid qilgan ekanlar.
Paxta terimi desa, yana bir voqea koʻz oldimga kelaveradi:
Katta opam Jizzaxdagi industrial kollejiga oʻqishga qabul qilingandi oʻshanda. Maktabda kunlik paxta terimiga olib chiqilsa, kollej, texnikum va oliy taʼlim muassasasi talabalari uzoq tumanlardagi yotoqxonalarda yashab, ikki yarim oylab paxta terishardi. Mendan koʻra baquvvatroq va chapdastroq opam barcha kerakli narsalarini olib, kursdoshlari bilan paxta terimiga ketdi. Oradan 2 hafta oʻtib, yakshanba kuni buvim, dadam va men undan xabar olish uchun olis tuman tomon yoʻl oldik. Yotoqxonada opamni ancha kutib qoldik. Terim dalasi yashash joyidan birmuncha olisda, talabalar piyoda dalaga qatnasharkan. Bizni uzoqdan koʻrgan opam yugurib keldi-yu, oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi. Sababini soʻrasak, oshqozoni ogʻrib qolgani, ammo shunda ham yotoqxonada qolishga ruxsat berilmagani, talabalarga berilayotgan ovqatlar haminqadarligi, yashash joyi zaxligi va boshqa sabablar haqida uzoq gapirdi. Dadam kollej direktoriga opamni shifokorga olib borishini va sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etishini aytib, opamni uyga qaytarib olib keldi…
Yozgan xotiralarimdan “mehnatga boʻyin bermaydigan, ishyoqmas qilib tarbiyalangan ekan-da”, degan fikr xayolingizdan oʻtishini istamasdim. Onam bizga barcha roʻzgʻor ishlarini mukammal oʻrgatgan, dadam esa “ayol kishi qora mehnat bilan emas, bilimi, salohiyati bilan shu yurt rivojiga hissa qoʻshishi kerak”, degan qatʼiyat bilan tarbiyalaganlar…
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomida prezidentimiz “Katta siyosiy iroda koʻrsatib, Oʻzbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi oʻrnimizni 80 pogʻona yaxshilab, “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik” deb alohida taʼkidlab oʻtdilar. Shu oʻrinda soʻnggi yillarda valyuta ayirboshlash boʻyicha erkinlik berilgani haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. “Qora bozor” degan “tizim” koʻpchilikni “chuv” tushirgani ayni haqiqat. Hozir esa “valyuta soxta emasmikan” degan oʻy xayolimizga ham kelmay qoʻygan. Banklar ham bu borada hech qanday muammosiz faoliyat yuritmoqda. Ammo talabalik yillarimizda... 2008-yilning qishi kuchli va toʻxtovsiz qor yogʻishi bilan koʻpchilikning yodida qolgan. Beruniy metrodan “Talabalar shaharchasi” tomon kursdoshlar bilan qor yoʻlaklar boʻylab, bir-birimizni yetaklab piyoda qaytardik. Qish kuni bir tutam – amaliyotga borgan kunlarimiz ancha qorongʻi tushib qolardi. Shunday kunlarning birida shamollab qoldim. Dadam xavotirga tushib, qoʻshimcha qalin kiyimlar olishim uchun Jizzax–Toshkent yoʻnalishida qatnaydigan qoʻshni haydovchidan pul berib yubordilar. Qarasam, xorij valyutasi. Pulni oldim-u, darhol “Ippodrom”ga shoshdim. “Dollar olamiz” deb yonimga bir necha kishi keldi. Sovuqda koʻchada koʻp turib qolish yoqmay, amaki bergan pulni oldim-u, sanamay, bozor ichiga urdim oʻzimni. Bir kurtkani tanlab, pulini sanarkanman, dovdirab qoldim. Pul aytilgan miqdordan ancha kam, orasida yaroqsiz va mayda pullar koʻp edi. Noiloj, boshqa – arzonroq kiyimni olib, boʻshashgancha ortga qaytdim.
Boʻlgan holatni dadamga aytganimda, hayot – katta maktab ekani, inson har bir holatdan xulosa qilishi, birovning haqqi hech qachon buyurmasligini uqtirgandilar.
Bir necha soat yoki bir necha kun vaqtimizni oʻgʻirlagan ayrim yumushlarni soniyalarda amalga oshirish imkonining qadrini menga oʻxshagan “eski” odamlar koʻproq his qilsa kerak. Bugun elektron tizim shu qadar rivojlandi-ki, na ota-ona, na talaba avvalgidek sarson boʻlmaydi, kontrakt toʻlashda qiynalmaydi – toʻrtga boʻlib toʻlash imkoni bor. Natijada shartnoma puli oʻrtacha daromad topayotgan oila uchun ham unchalik qiyinchilik tugʻdirmaydi. Foizsiz “Taʼlim krediti” ham ayni muddao. Talabalarning darsdan tashqari ishlab, daromad topishi uchun ham imkon bisyor.
Prezidentimiz nutqida Oʻzbekiston “iqtisodiyoti moʻtadil erkin” davlat ekanini taʼkidlarkan, “Eʼtiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy oʻzgarishlarni har bir inson, har bir oila oʻz hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qoʻshilasiz, albatta” deya qoʻshimcha qildilar. Darhaqiqat, bu islohotlarni bir oilaning farzandi va bir oilaning bekasi sifatida oʻz hayotimda chuqur his qilyapman.
Nutqni qayta oʻqib chiqarkanman, deyarli har bir fikrga aks voqealar xayolimda charx aylanaverdi:
- Toʻyim kunlari arafasi Jizzaxga qaytganimda, kontraktim toʻlovi bir necha haftaga kechikkani bois universitetda oʻqishdan haydaladigan talabalar roʻyxatiga qoʻshib qoʻyishgani;
- uzoq yillar avval Yunusobod bozoridagi bankomatdan pul naqd qilish uchun 123-oʻrindagi navbatga yozilganim;
- “propiska” tizimi sabab 11 yil oʻz uyimizda “birovning mulki”dek qoʻrqib yashaganimiz va hokazo.
Bayram nutqida keltirilgan oliy taʼlim tizimidagi islohotlar haqidagi faktlar ham ayricha eʼtiborimni tortdi: “Oliygohlarda oʻqish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy maʼlumotli qilish faqat orzu emas, erishsa boʻladigan maqsadga aylandi. Ayniqsa, talabalarning yarmidan koʻpini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning oʻziga xos qiyofasi, desak, toʻgʻri boʻladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va maʼrifatli jamiyat deganidir”.
Bunday ishonchdan faxrlanmay boʻladimi?
Yurtboshimiz “Bugun biz tarixning yana-da masʼuliyatli va hal qiluvchi pallasida turganimiz, mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻyayotganini, kelgusi oʻn yillik – biz uchun milliy yuksalish davri boʻlishini” alohida taʼkidlab oʻtdi. Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali oʻzimiz bunyod etishimizga ishonilib, kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu dasturlarning har biri oʻzbekistonliklarning farovon turmushi, kelajak maqsadlarini roʻyobga chiqarishi uchun muhim vosita boʻladi, desam adashmayman.
Bayram tadbiri tugashi bilan dadam bizga yuzlanib, “Eʼtibor berdingizmi, toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga qaratildi. Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovi 100 foizga olib chiqilarkan”, dedilar quvonib. Ularning hayajonini tushunib turardim: umrining 25 yilini qishloq xoʻjaligi sohasiga bagʻishlab, yurt dasturxoni toʻkin boʻlishiga sidqidildan hissa qoʻshgan, oʻz yerini, tabiatni sevadigan dadam uchun men ham quvondim. Yoshi 63 ga yetsa-da umri, mehri singgan dalasini boshqaga bergisi kelmay, yosh yigitlardek javlon urib mehnat qilayotgan bir yurt fidoyisi uchun quvondim. Ayniqsa, Yangi Oʻzbekiston nafasi, mustaqillik qudrati oilamiz hayotida tub burilish yasagani, shu aziz neʼmatdan bahramand etgani uchun oʻzimga sigʻmay yashayotganim sevinchini his qildim ich-ichimda. Shu rizolik ichida Prezidentimiz nutqidagi ushbu fikrni baralla ovozda aytgim keldi: “Bizga mustaqillik neʼmatini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar boʻlsin!”
Dilfuza MAHKAMOVA,
Oyina.uz