Bugun 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Xoʻsh, bu kunda taqvimlar yarqiraydimi yoki qaltiraydimi? Xarakteri soatlab tahlil qilinadigan murakkab personajlar – jurnalistlar bilan hazilona soʻrovnoma oʻtkazdik… Bir qarashda mashhur askiyani eslatadi:
– Men sizni oʻxshatdim!..
– Nimaga oʻxshatdingiz?
Lekin savol bu safar biroz boshqacharoq: Siz jurnalist sifatida oʻzingizni nimaga oʻxshatasiz? Bir-biridan qiziq javoblar va aynan jurnalistlarning bayram qiyofalarini sizlarga ulashamiz, maxsus fotosuratlarni bonus sifatida qabul qiling.
Men qalamman!
Sindirishsa, ikkita qalamga aylanaman. Lekin oʻchirgʻich bitta qoladi-da...
Hamza Jumayev

Men soyabonman!
Lekin jurnalist hech kimni hech narsadan himoya qila olmaydigan soyabonga aylanmasligi kerak...
Sharifa Murod

Men taroziman!
Doim muvozanatni tutib turishga harakat qilaman. Baʼzan tarozi bo‘lganimdan, ikkita pallaning birini kesib tashlamaganimdan afsuslanaman. Lekin ikki tomonni ham “oʻlchay olish” allaqachon mening xarakterimga aylangan.
Shohira Hamro

Men Duracellman!
Uzoq yillardan buyon dam olmasdan ishlayman. Aslida Duracell oʻchib qolsa ham, jurnalist ishlab turishi kerak!
Nasriddin Asriddinov
Men olovman!
Jurnalist qismatiga yonib yashash bitilgan! Bu olov xalqqa xizmat qilish bilan yanada alangalanadi.
Yulduz Fayziy

Men kamonning o‘qiman!
Oʻychi oʻyini oʻylaguncha sayyod kamondan oʻq otib ulguradi. Jurnalist sifatida tavakkalchiman va nishonni to‘gʻri ko‘zlay olaman!
Sardor Kamilov

Men ilonman (Ophidia)!
Ha, ilon qoʻrqinchli, eshitganda seskantiruvchi va unchalik yoqtirilmaydigan jonzot. Ammo unutmaslik kerakki, ilonning zahri tibbiyotda juda muhim davo hisoblanadi. Kimyogarlar haligacha ilon zahari uchun sunʼiy oʻrinbosar topa olishmadi.
Jurnalist ham shunday, achchiq yozadi, ammo uning yozgani bilan koʻplab bemor sohalar davo topadi (oʻldirishi ham rost).
Afsuski, bugun hukumatda “ilonlar”ga nisbatan faqat zaharli degan qarash kuchayib bormoqda. Davo xususiyati esdan chiqarilmoqda. Bu ketishda “zaharli ilonlar” tugab, faqat “suv ilon”lar qoladi, shekilli.
Ilyos Safarov

Men sharsharaman!
Koʻrinishimdan suv taftni bosgandek vaziyatlarni sokin tahlil qilsam-da, shashtim, mehrim va qahrim toshni yoradi…
Navbahor Karimova

Men koʻzoynakman!
Koʻpincha boshqalar ilgʻamagan jihatlarga bamisoli koʻzoynak orqali yaqindan eʼtibor qaratishga harakat qilaman.
Yulduzxon Olimova

Jamoatchilik va xalqimiz uchun xizmatda boʻlgan faol jurnalistlarimiz juda koʻp. Sharoit, iqlim, mavsum, davr va zamon tanlamas noyob soha egalarini bugungi ayyom bilan chin dildan tabriklaymiz! Oʻzini aynan oynaga oʻxshatadigan “Oyina.uz” jamoasi har biringizga yorqin va haqqoniy faoliyat yoʻlini tilaydi: adashmang, adashtirmang!
Aytgancha, “oʻxshatish” chellenjiga Siz ham qoʻshilishingiz mumkin. Surat va izohingizni Facebook ijtimoiy tarmogʻiga Oyina.uz portalini belgilagan holda joylang va #jurnalistningbayramqiyofasi heshtegini qoldiring.
Sirojiddin RUSTAMOV tayyorladi.