Qadim Sharqda azaldan hukmdor qabulida hozir boʻlmoqning maʼlum tartib-qoidalariga amal qilinganini bilamiz. Yaʼni huzuri muborakda beizn soʻz aytilmagan – soʻralgandagina aniq, muxtasar javob qilingan; bunda har xil tama yoki igʻvo alomatlari aralashsa, tegishli yoʻsinda jazoga mustahiq etilgan. Albatta, bandasi xom sut emib katta boʻlganki, unaqa holatlar ham kam uchramagandir. Biroq biz hozir muddaomizdan yiroqligi bois, ul xususda soʻz yuritmoqdan tiyilamiz.
Bugun boshqa zamon, rahbar bilan raiyat oʻrtasidagi muomala-munosabat xiyla erkin, demokratik, hatto doʻstona bir tus olgan. Bugun har kim majlis-marosimda soʻz olib, dilidagini emin-erkin bayon qilishi, zarur kelganda “katta”ning fikriga asosli eʼtiroz bildirishi ham ayb sanalmaydi va buning uchun biron bir tukiga ziyon yetmas, goho esa ana shu dadilligi uchun rahbarning olqish-eʼtiboriga sazovor boʻlgusi.
Yashirmaylik, davlat boshligʻi qatnashadigan katta yigʻinlar oldidan koʻpincha ayrim ehtiyotkor xodimlar soʻzga chiqadigan kishiga “gʻoyaviy ishlov beradi” – nimani aytish kerag-u nimadan “qaytish” kerakligi xususida. Biz bu tartibni hoshakallo bekor qilish tarafdori emasmiz, rahbarlarning vaqti ziq boʻladi, mavzudan tashqari har xil luqmalar-u behuda soʻzamollik bilan ularni band etish odobdan emas. Bir kun kelib soʻzlovchilarimiz ham, tinglovchilarimiz ham maxsus “muallim”larsiz gapning marom-meʼyorini bilib olar, shunga muvofiq goʻftugo‘ qilinar, lekin hozircha...
Kuni kecha oʻtkazilgan maʼnaviyatchi va maʼrifatchilarimizning katta yigʻinida biz bunga amin boʻldik. Kengash raisi hisoblangan Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼruzasini yakunlab, qatnashchilarga soʻz berarkan, boyagi “muallimchilik” tajribasidan xabardor ekanini aytdi, bugun shu tartibdan voz kechib, xohlagan odam soʻzga chiqishi, koʻnglidagini baralla bayon qilishi mumkinligini taʼkidladi, anjuman ahlini ochiqlikka, dadillikka daʼvat etdi.
Avvalo shuni aytaylikki, davlat rahbarining mufassal maʼruzasida maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizning barcha muammolari tilga olindi hisob, har tomonlama tahlil qilindi, yechim va istiqbollari bir-bir koʻrsatib berildi. “Jadid” atalmish yangicha gazeta, ulug‘ ajdodlarimiz nomida xalqaro mukofotlar taʼsis etish, noshirlarga soliq imtiyozlari, muzeylar, teatrlar taʼmiri, maoshlar masalasi, xullas, dagʻalroq tuyulsa-da, nonsizga non, oshsizga osh degandek...
Bunday olganda, kun tartibidagi masalalar hal, izoh-izhorlarga hojat yoʻq edi. Qoida boʻyicha esa, anjuman ahlining oldidan oʻtib, ularga-da soʻz bermoq lozim. Bu yogʻi, soʻz olgan muzakkirlar oʻrtaga qoʻyilgan vazifalar yuzasidan aniq-loʻnda fikr bildirsa kifoya. Qayoqda deysiz, bir-ikki notiqni istisno qilganda, hamma oʻz dardiga tushib ketdi. Dardi – yuksak nazarga ilinib qolish, “men ham borman, haliyam borman”, bahonada aravasini yurgizib olish, toʻymas ilinj, oshkora tama... Bunga oʻxshash katta-kichik yigʻinlarda qatnashib koʻrgan odam – shaxsan men xijolatlarga chulgʻanib oʻtirdim...
Toʻgʻri, maʼruzada aks etgan masalalar boʻyicha fikr bildirish, uni qoʻllab-quvvatlash va koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik uchun minnatdorlik izhor etish, hatto uncha-muncha lutf qilish ham ayb emas, albatta. Ammo gapirgan gapimiz boshdan-adoq hamd-u sanodan iborat boʻlsa, boz ustiga unda riyokorlik manaman deb tursa, ishni yurishtirishga doir biror jonli fikr oʻrtaga tashlanmasa... Maʼnaviyat va maʼrifatning chin homiysi sifatida bagʻrikenglik qilib, koʻngilda borini baralla soʻzlamoqqa qayta-qayta daʼvat etib turganiga qaramay, esli-hushli mardum davlat rahbarining har daqiqa vaqti hisobli ekanini his etmogʻi darkor. Bunday choqda masala harqancha murakkab boʻlmasin, aytilayotgan fikr imkon qadar qisqa va loʻnda ifoda etilmogʻi lozim. Qarang, yon-veringizda oʻtirganlar ham sodda-anoyi emas, har biri oʻz sohasining bilimdoni, piri degulik! Ular qolib (balki turli andisha bilan), aynan siz soʻz soʻradingizmi, marhamat, el-ulusga manfaatli biror gap bilan oʻzingizni koʻrsating, tahsin aytaylik!
Bunday chuchmallik, yumshoqsupurgilik yoshi kattalarimizga kechagi zamondan ilashib kelayotgan illat-da desangiz, bugungi yoshlar-chi?! Qatorlashib soʻzga chiqqan bir talay uka-singillarimizning huv bir vaqtlardagi komsomollar singari oʻktam va biyron xitoblari-yu chiranishlarini (ha, shunday, boshqa ifoda yoʻq!) koʻrib, ulug‘ shoirimizning pushaymonlikka toʻliq nadomatli satrlari yodga tushib ketadi:
Endi sen bobolar shavkatiga boq,
Aktyordek soxtakor shavqlarga toʻlma.
Men hayot qoʻlida boʻldim oʻyinchoq,
Baxtsiz yashab oʻtdim, sen baxtsiz boʻlma.
Prezident nutqining avvalida besaranjom zamonda yashayotganimiz, bu koʻhna dunyo hamon zoʻr-u zar oʻrtasida talash ekani, ayniqsa, soʻnggi kunlarda ogʻziga kuchi yetmagan ayrim “vatanparvar” nusxalar oʻz yurtining holiga boqmay boshqa yurtlarga egalik daʼvosi bilan chiqayotgani borasida fikr yuritib, shunday nozik va qaltis damlarda ziyolilarimiz birdam va mahkam turmoqlari zarurligini taʼkidladi.
Ajabki, minbarga chiqqan voizlarimizning birortasi ana shu muhimdan-muhim, hayot-mamot degulik masalani loaqal bir eslab qoʻymadi. Bizningcha, kun tartibidagi eng dolzarb mavzu shu edi. Xoʻsh, oʻzing-chi, oʻzing nega mum tishlab oʻtirding deyishlari mumkin. Aybimiz boʻyinda, har maʼno istiholalar girdobida biz ham majlisxonani toʻldirgan koʻpchilik qatori tomoshabin boʻlib oʻtirganimiz rost. Bunga endi oqlov topib boʻlmas!
Ana shunday behuda chaynash-chaynalishlar, uzundan-uzoq daromad-buromad soʻzlari hisobiga mashvarat besh soatga choʻzildi. Bu fursatni majlisda oʻtirgan har bir kishining umr muddatiga zarb bersangiz!.. Chorakam bir asr burun 350 kilometrli Katta Fargʻona kanali sodda qoʻl mehnati bilan atigi 45 kunda qazib bitkazilgani biz avlodlarga atalgan anchayin choʻpchak, afsonamikan?..
Xoʻsh, shunday qilib, kaminangiz erkin minbar – minbar erkinligiga qarshimi? Zinhor-bazinhor, yoʻq! Nihoyati aytmoqchi boʻlganim – katta minbarlar sari yoʻl olganda million-million qorakoʻz eldoshlarimiz, kelajak bizga koʻz tikib turganini unutmasak bas! Chinakam insoniy burch-masʼuliyat deganimiz ham, milliy gʻurur deganimiz ham ana shunda yuz koʻrsatadi.
Erkin AʼZAM,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi