Insonni hayratga soladigan narsalar juda koʻp. Ayrimlari oʻtkinchi, baʼzilari umrboqiy, kishilarga ham hayrat, ham hikmat boʻlib xizmat qiladi, asrlar osha yashab kelaveradi.

Men sportning badiiy gimnastika turi boʻyicha afsonaga aylangan Oksana Chusovitina haqida oʻylaganimda hamisha hayratlanaman va uning faoliyatidan ibrat tuyaman. “Oʻzbekiston iftixori”, “Mehnat shuhrati” kabi nufuzli mukofotlar sohibi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Oksananing faoliyati ushbu rivoyatni yodimga soldi.

Shohning huzuriga bir yigitni juda gʻaroyib hunar sohibi deya olib kelishibdi. Yigit oʻn besh qadam joydan turib shiftga osilgan uzukning teshigidan ignani bexato otib oʻtkazar va ignani istagan nuqtasiga qaday olar ekan. Rostan ham ajablanarli natija, gʻaroyib kasb. Buni uddalashning iloji yoʻqdek, goʻyo... Ammo bu yigit shuni eplabdi.

Yigitning mahoratini koʻrgan dono podshoh oʻzining taassurotini yashirgan holda qovogʻini uyib, shunday amr qilibdi:

– Bu nodonga qirq darra urilsin! Amrim hoziroq va shu yerda ado etilsin!

Shohning vajohatidan qoʻrqib ketgan aʼyonlar noiloj buyruqni bajarishga majbur boʻlibdi.

Yelkasidan qirq darra yeb holdan toygan, qoʻrquv va zarbalardan qaltirab turgan yigitni kuzatib turgan shoh qah-qah urib kulibdi-da, oʻzi kelib yigitni oʻrnidan turgʻazibdi. Yuzida tabassum va muloyimlik bilan endi boshqa farmon beribdi:

– Bu yigitga bosh-oyoq sarpo, egarlangan ot berilsin, xazinadan katta mukofot ajratilsin!

Shubha yoʻqki, shohning bu amri ham soʻzsiz bajarilibdi.

Shunda podshohning kayfiyati yaxshiligini koʻrgan vaziri aʼzam shohga savol beribdi:

– Hukmdorim! Bu yigitni oldin qirq darra urishga amr qildingiz, soʻng esa qimmatbaho sovgʻa-salomlar bilan siyladingiz... Bu ishlaringiz maʼnosi nedur?

Shoh javob qilibdi:

– Qirq darra urdirishimning sababi shuki, uning bu ishidan el-u xalqqa hech qanday naf yoʻq. U shu bemaʼni ishni oʻrganish uchun shuncha vaqtini behuda sovuribdi. Sovgʻa-salom berib izzat qilishimga sabab esa uning bu ishini hech kim qilolmaydi. Buni bajarish uchun ham koʻp mashaqqat tortish kerak...

Bu rivoyatni bejiz keltirmadim. Insonga Olloh taolo turli kasblarni berib, shuning ortidan tirikchilik ravishini ato qilgan. Bandasi dehqonmi, nonvoymi, ustami, sportchimi, bu uning rizqi qoʻshilgan soha, kasbidir.

Oksananing rizqini esa taqdir sportga, sportning sanʼat bilan, goʻzallik va latofat bilan uygʻun turiga sochgan. Ammo uning hayoti va qizgʻin faoliyati ibratga toʻla, rivoyatdagi shoh taʼbiri bilan aytganda, “el-u xalqqa foydasi yoʻq” emas. Aksincha, juda bisyor.

Oksana Chusovitina nomini eshitganimizga 32 yil boʻlibdi. Bu raqam mamlakat mustaqilligi bilan egiz sana. Shuncha yil avval u gimnastika boʻyicha kerakli yutuqlarni qoʻlga kiritib, Olimpiada oʻyinlariga yoʻl olgan edi. Televizor ekranida kichik jussali, koʻzlari porlab turgan oʻn olti yoshli qizni koʻrsatishgan edi. Bir yil ham oʻtmay Oksana Olimpiadada zafar quchdi. Oltin medalni qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston bayrogʻi Oksana sharafi va zahmati evaziga baland koʻtarildi.

Uning tanlagan yoʻli va hayotiy maqsadi, erishgan ilk katta natijasi mamlakatimizda va Oʻzbekistonda juda katta aks-sado berdi. Minglab-millionlab yoshlarning qalbiga sport mayogʻini yoqdi. Bitta katta sportchining taʼsiri shunday boʻladi. Uning faoliyati xalqqa juda katta umid va gʻurur bagʻishlaydi. Oksana Chusovitina nomi sportning ayni shu turi mamlakatimizda keng yoyilishiga katta hissa qoʻshdi.

Oksanadan qiziqishlari, hayotiy qarashlari haqida soʻraganimizda u shunday javob berdi:

– Men poklikni sevaman! Hayot goʻzalligini, insonning ichki kuchini oʻzimda ham, boshqalarda ham koʻrgim keladi! Poklik ham jisman, ham maʼnan boʻlishi kerak! Poklikka erishmagan inson, ayniqsa, badiiy gimnastikada yulduz boʻlolmaydi! Bundan tashqari toʻxtovsiz mehnatning ham oʻrni beqiyos!

– Oksana, xudodan qoʻrqasizmi, umuman, ilohiy rishtalar, taʼsirlarga qanday qaraysiz?

– Xudodan qoʻrqishdan ham koʻra unga koʻproq ishonaman... U bizni hech qachon tashlab ketmaydi.

Poklikni har narsadan ustun qoʻyish eʼtiqodiga aylangan, taqdirga umidi va ishonchi barqaror boʻlgan bu inson ixchamgina jussasida juda katta matonatni jamlagan.

Baʼzan shoir Shavkat Rahmonning sheʼrlaridagidek insonning parvozi haqidagi xayol koʻpchilikning ruhiyatida kechsa kerak. Parvoz qiladigan valiy zotlarning hayoti mutlaq poklikka, oʻzni yengishga, xolisonillo tavakkulga qurilganini bilamiz. Shuning uchun ham inson uchishi kerak degan umidli sado koʻnglimizni mudom bezovta qiladi.

Oksana maydonga tushganida, yugurmaydi, sakrab intilmaydi, baayni uchadi...

Uning parvozi uchun hayot qoʻygan minglab toʻsiqlar, sportdagi raqobat va qarshiliklar pand berolmadi. U bularning barchasini insoniy aql, kuch va mehnat bilan yengib oʻtoldi. U badiiy gimnastika turining kashf etilmagan choʻqqilarini zabt etdi.

U bilan telefonda suhbat asnosida oʻzbekcha lutf qildim:

– Bilasizmi, oʻzbekchada Oksana soʻzi bilan uyqash boʻlgan afsona degan soʻz bor. Ruschada bu soʻz legenda degan maʼnoni anglatadi...

Qoʻngʻiroqning u tomonidan uning bolalarcha samimiy kulgusi, “Rahmat, rahmat!” degan ovozi keldi...

* * *

Bundan roppa-rosa 48 yil avval Buxoro shahrida tugʻilgan Oksana gimnastikadagi faoliyatini 1982-yilda boshladi. 1988-yilda – 13 yoshida u oʻsmirlar oʻrtasida  SSSR chempionatida mutlaq gʻolib boʻldi.

Bu uning birinchi katta zafari edi. Oʻtgan vaqt mobaynida sportchidan juda katta matonat, did, intizom, parhez talab etadigan gimnastika sohasiga yuzlab sportchilar kirib keldi va faoliyatlarini tamomladi. Ammo Oksana haqida Ginnesning rekordlar kitobiga oʻtgan yilda shunday soʻzlar bitildi:

“U dunyo boʻyicha sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachidir!”.

Bu mashaqqatli, muntazam qunt va mehnat talab etiladigan yoʻlda Oksana oʻzi uchun yaratgan qoidaga qatʼiy amal qiloldi. Bu qoida oddiy va loʻnda: “Ortga qaramayman! Oldinga intilaman!”.

Istaymizmi-istamaymizmi, inson oʻz hayotida eng katta kuchni oilasi bagʻridan oladi. Agar shu neʼmatga erisholmasa, jahoniy yutuqlarga erishishi mushkul.

Oksananing eri ham mashhur sportchi, Olimpiada ishtirokchisi Bahodir Qurbonovdir. U Oksananing yutuqlari uchun, uning kelajagi uchun katta sportni tark etdi. Uning bu saʼy-harakati Oksanada oʻziga boʻlgan ishonchni oshirdi.

Sidneydagi Olimpiada oʻyinlari tugagach, yigirma besh yoshli Oksana katta sportni tark etishi mumkin edi. Ammo qoʻlidagi goʻdagining saratonning ogʻir koʻrinishi – oqqonga chalingani sportchining yashirin matonatini ochib yubordi. Oʻgʻli Alisherni davolatish uchun nemis diyoriga kelgan Oksana Germaniyadagi musobaqalarda qatnashib, yutuq pullarini oʻgʻlining muolajasiga toʻlay boshladi...

Har ishning ortida xayr bor deganlaridek, xudo Oksanaga ham oʻgʻlini qaytarib berdi, ham bugungi kungacha uning nafis sport osmonida tanho yulduz boʻlib turishiga zamin yaratdi. Vaholanki, oʻsha vaqtda – Oksana sportni tark etish haqida oʻylab turgan pallalarda 2000 yilning kuzi edi. Oradan oʻtgan yigirma yildan ortiq faoliyati davomida Chusovitina oʻzbek sporti uchun olamshumul natijalarni qoʻlga kiritdi.

Oksananing oʻzi, oilaviy muhit haqidagi suhbatidan olingan quyidagi parcha ham sportning oddiy jismoniy yetuklik manbai emas, balki insonning ichki kuchlarining yuzaga chiqishi, maʼnaviy qudratining timsoli ekaniga guvohlik beradi:

“Men baxtli insonman deb bemalol ayta olaman, negaki hech qachon men boshqa ish bilan shugʻullanishim yoki boshqa yoʻlni tanlashim kerak degan xayolga kelmaganman. Bolaligimda politsiyachi boʻlishni xohlaganman, biroq bu uchun insonning “alohida” hayoti boʻlishi kerakligini tushungach, gimnastikachi boʻlishga qaror qildim.

Maktab davrida jismoniy tarbiya darsini unchalik ham xushlamasdim. Sevimli darslarim esa matematika va adabiyot boʻlgan.

Otam doimo “yaxshi taʼlim olmasang, sportda ham yutuqlarga erisholmaysan” der edi. Chunki miya ishlab, aqlni charxlab turmasangiz, sportda ham natijalar boʻlmaydi.

Oilamizda sportchilar yoʻq. Onam sportni tanlaganimda juda hayron boʻlgan edi. Katta opam – haykaltarosh, oʻrtancha opam – tibbiyot sohasi vakili, akam – aloqa muhandisi.

Ota-onam menga hech qachon baqirishmagan, aksincha, biror ishni notoʻgʻri bajarsam, yotigʻi bilan tushuntirishardi. Aslida men yoshlikdan juda faol va harakatchan boʻlganman. Masalan, koʻchaga chiqib kuchuklarni bir joyga toʻplardim va aravachaga oʻtkazib, uyga olib kelardim. Onam har doim sport bilan shugʻullanishimga qarshi boʻlgan. Hatto menga pianino olib berishgandi. Maʼlum vaqt raqs toʻgaragiga olib borishga ham harakat qilishdi.

Menda sportga qobiliyat boʻlgan deb aytolmayman. Men shunchaki tez yugurardim va yaxshi sakrardim. Sport mashqlarini maromiga yetkazib bajarish katta mashaqqat talab etardi. Otam “biror ishni boshladingmi, oxiriga yetkaz” deb taʼkidlardi.

Meni shunday tarbiya qilishgan: murabbiy biror mashqni 10 marta qilishni buyursa, 12 marta bajarardim, shpagatda 5 daqiqa oʻtirish kerak boʻlsa, koʻproq oʻtirardim. Mashgʻulot zalida murabbiy doim haq va u eng asosiy odam hisoblanadi.

Agar murabbiy senga ahamiyat bersa – bu yaxshi, demak, u sendan harakat va muvaffaqiyat kutadi, bordi-yu, sen uning eʼtiboridan chetda qolsang, ana shunisi yomon.

Murabbiy doimo sportchining imkoniyatlarini koʻra biladi va behuda tanbeh bermaydi. Ota-onalarga esa farzandi va murabbiyning oʻrtasidagi munosabatga aralashmaslikni maslahat beraman. Masalan, farzandingizni jarrohga olib borsangiz, uni qanday davolash kerakligi haqida aytmaysiz-ku? Har birimiz oʻz vazifamizni bajarishimiz lozim.

Agar hayotimni yana boshidan yashash imkoni berilganda, men yana xuddi shunday yashardim. Faqat oʻgʻlim kasal boʻlmasligini va otam mening Olimpiadadagi yutuqlarimni koʻrishini istardim.

Mening medallarim mehnat, qatʼiyat va baʼzida toʻkilgan koʻz yoshlardan yasalgan.

Men uchun eng esda qolarli Olimpiada Pekin-2008 boʻlgan. Biroq men u oʻyinlarda kumush medal sovrindori boʻlganim uchun emas, Pekindan qaytgach, oʻgʻlim bilan shifoxonada navbatdagi tekshiruvdan oʻtishimiz lozim edi. Xayriyatki, shifokor Alisherning sogʻlomligini va biz boshqa shifoxonada qolishimiz shart emasligini aytdi.

Oʻgʻlim uch yasharligida leykemiya bilan kasallandi. Avval bu kasallik haqida eshitmagan ham edim, oʻgʻlimning xastaligiga ishonolmadim. Biroq turmush oʻrtogʻim bilan tezda oʻzimizni qoʻlga olib, qayerda va qanday davolash, kasallik bilan kurashish haqida oʻylay boshladik. Barcha yaqinlarimiz bizga yordam qoʻlini choʻzdi.

Kasallik statistikasini koʻrdim, biroq ichimda barchasi oʻtib ketishi va farzandim tuzalishiga ishonardim, doimo oʻgʻlim bilan hammasi yaxshi boʻlishini bilardim.

Kasallik bilan toʻqnashgan insonlarga esa internetdagi turli manbalarga ishonmaslikni va oʻzboshimchalik bilan davolanmaslikni maslahat beraman. Albatta shifokorlarga murojaat qilish kerak. Oʻgʻlim xastaligida kasallik haqida hech qanday maʼlumot oʻqimasdim, bunday narsalar insonni xavotirga soladi. Shifokorlar oʻz vazifalarini bajarishiga xalaqit bermaslik kerak deb oʻylayman.

Hech qachon ortga qaramayman. Nima boʻlsa ham bari ortda qoladi. Menga oldinga qarab yashash, intilish yoqadi.

Qoʻlga kiritgan medalim bilan gʻururlanaman, chunki unga oʻzim yetishdim, uni menga hech kim sovgʻa qilmagan va sotib olib bermagan.

Menimcha, sportdagi eng katta yutugʻimga hali erishmadim. Men bu yutuq sari odimlayapman. Bu mening orzum va maqsadim. Ayol sifatida men judayam baxtiyorman, negaki meni qoʻllab-quvvatlaydigan oilam bor.

Men sportchilik faoliyatimni davom ettirishim uchun erim sportni tark etdi. Men undan butun umr minnatdorman, bilmadim, men ham shunday yoʻl tuta olarmidim? Bu qarori bilan turmush oʻrtogʻim menga butun umrga tatigulik quvonch hadya etdi.

Muvaffaqiyatlarim kaliti – meni qoʻllaydigan oilam borligida. Sevimli umr yoʻldoshim va farzandim. Har bir musobaqamdan soʻng oʻgʻlim menga qoʻngʻiroq qilib “Oyijon, yaxshimisiz, hech qayeringiz lat yemadimi?” deb soʻraydi.

Oʻgʻlim mustaqil yigit. Ota-ona sifatida biz maslahat berishimiz mumkin, biroq tanlash huquqi farzandimda, uning oʻzi qaror qilishi kerak.

Men hech qachon Olimpiya oʻyinlari chempioni boʻlishni orzu qilmaganman. Hatto yoshligimda televizor orqali gimnastikachilarning chiqishlarini tomosha qilgan paytlarimda ham. Mashgʻulotlarni boshlagan paytim mashhur gimnastikachilar haqida hech qanday maʼlumotga ega emas edim. Lekin terma jamoa tarkibiga kirgach, barchasini bilib oldim.

Faqatgina yakshanba kuni dam olaman, agar tugʻilgan kunim yakshanbaga toʻgʻri kelmasa – demak men zalga, mashgʻulot oʻtkazish uchun boraman.

Tan olaman – yugurishni unchalik yoqtirmayman. Undan koʻra sakrash koʻproq yoqadi.

Barcha narsani isteʼmol qilishim mumkin, lekin meʼyorida. Har kuni bir boʻlakdan shirinlik yeyman.

Karantin davrida muzqaymoqdan turli xil kokteyllar tayyorlashni oʻrgandim, hatto kafe ochsam ham boʻlsa kerak (kuladi).

Kelajakda bolalarga murabbiylik qilishni, ularning yuragida sportga mehr uygʻotishni xohlayman. Nafaqat gimnastikaga, balki umuman sportga”.

Buyuk sportchi Muhammad Ali islom dinini qabul qilganidan soʻng unga shunday savol berishadi:

– Siz musulmon boʻldingiz. Endi boksga munosabatingiz oʻzgardimi, maydonda birovning yuziga musht tushirishni yana istaysizmi?

Muhammad Alining javobi esa juda ibratlidir:

– Men ringda hech kimni urmayman. Oʻz nafsimni, kibrimni kaltaklayman!

Oksana Chusovitina degan nomni dunyoga tanitib, munosib himoya qilolgan, vatanimiz sharafini koʻp marta yuksaltirgan sportchining tabiatidagi eng katta fazilat uning kamtarin insonligidir. Bu xususiyat nafaqat sportchi uchun, balki barcha uchun namunadir.

Parvoz qilish darajasiga yetgan buyuk zotlar ham eng avval oʻzlarini tuproqdek xokisor tutgani uchun ularga parvoz imkoni berilgan.

Qolaversa, parvoz qilish uchun albatta osmonga qush kabi uchish shart emas. Yerda yurib ham uchsa boʻladi, xuddi Oksana Chusovitina kabi.

Shodmonqul SALOM

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2013-yil 3-son.

“Inson uchishi kerak yoxud Oksana afsonasi” maqolasi

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!